Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Asror Mo‘min-She’rlari
DAVRA QO‘SHIG‘I

Qo‘rg‘oni but Vatan bizniki,
Jannatmakon chaman bizniki.
Ota meros or-sha’n bizniki,
Yoshlikdayin mahzan bizniki.
Qadam tashlang, yor, yor, yoroni,
Qo‘shiq boshlang, yor, yor yoroni.
Porloq ertam bedor posboni,
Ogoh yashang, yor, yor, yoroni.
Er boshida — askariy xizmat,
Burchni anglash o‘zi fazilat.
Yer yuzida boqiy shu hikmat:
Tinchlik madhi yangrasin faqat!
Qadam tashlang, yor, yor, yoroni,
Qo‘shiq boshlang, yor, yor yoroni.
Porloq ertam bedor posboni,
Ogoh yashang, yor, yor, yoroni.
Omon-omon kunlar keladi,
Jumla jahon nurga to‘ladi.
Hali oldda iqbol kuladi,
Yurtim buyuk davlat bo‘ladi.
Qadam tashlang, yor, yor, yoroni,
Qo‘shiq boshlang, yor, yor yoroni.
Porloq ertam bedor posboni,
Ogoh yashang, yor, yor, yoroni.


OHU

Muhib nigohidan hayiqma, ohu!
Uning nigohidan yaxshi panoh yo‘q.
Yillar o‘tib, nogoh ushaldi orzu,
Tevarak-atrofda biron ogoh yo‘q.
Muhib nigohidan hayiqma, ohu!
Uning panohidan yaxshi panoh yo‘q,
Hamisha boshingda bo‘ladi posbon.
Notavon sayyodlar uzsa nihon o‘q,
O‘qlarga ko‘ksini aylaydi qalqon.
Uning panohidan yaxshi panoh yo‘q,
Yillar o‘tib, nogoh ushaldi orzu,
Bir nafas eshitgin dil izhorini.
Bir nafas bo‘ylasin pokiza tuyg‘u,
Bir nafas his etsin ishq iforini.
Yillar o‘tib, nogoh ushaldi orzu,
Tevarak-atrofda biron ogoh yo‘q.
Hayrat vodiysida o‘zingiz xolos,
Zangori osmonda quyosh-u Moh yo‘q,
Hattoki sabo yo‘q o‘g‘irlashga roz.
Tevarak-atrofda biron ogoh yo‘q.
Muhib nigohidan hayiqma, ohu!
Senga ravo ko‘rmas zarracha ozor.
Agar qayrilmasang, chekadi yohu,
Yana izlaringni izlaydi zor-zor.
Muhib nigohidan hayiqma, ohu!..


SIZ BORSIZ!

Qolmadi yashashning ma’nosi,
Qachondir yiqitar alamlar.
Tinmaydi hayotning daryosi,
Dunyoda siz borsiz, odamlar!
Tugaydi qayg‘uli dostonim,
Garchi ko‘p yonimda qo‘ldoshim.
Yashnaydi tug‘ilgan bo‘stonim,
Elimda siz  borsiz, eldoshim!
Har yongan javdirar qarog‘im,
Qanchalar ezmasin armonlar.
Uyimda porlaydi chirog‘im,
Izimda siz borsiz, yoronlar!
Yoqmasin muhabbat firog‘i,
Yangrasin baxtiyor qo‘shiqlar.
Visolga ko‘milsin ishq bog‘i,
Qatorda siz borsiz oshiqlar!
Sevgimni baralla kuyladim,
Avj chog‘i uzildi dil torim.
Umidvor yillarga bo‘yladim,
Yozmada siz borsiz ash’orim!
Bitta yor qalbiga sig‘madim,
Men uchun endi tor olamlar.
O‘zim o‘z qadrimga yig‘ladim,
Holimni tushuning, odamlar!


SEVGI

Firoqda ahvolim nochordan nochor,
Falakka o‘rlaydi fig‘onimdan dud.
Ayo, dilda sevgi, arshda Olloh bor,
Ne uchun bunchalar bo‘ldim noumid?
Bilaman, o‘zimda yo‘q erur imkon,
Nahotki, ko‘yida qolsam intizor.
Olloh quratiga keltirib iymon,
Senga muhabbatim ayladim izhor.
Balki umrim bo‘yi chekarman jafo,
Boshimdan aylanar tegirmon toshi.
Tirikman, amalim ishqingga vafo,
Tirikman, botmaydi ishonch quyoshi.
Kulga aylanmayin hijron dog‘ida,
Meni qaytarmagin sevish ahlidan.
Benasib qilmagin ramaq chog‘ida,
Ismini pichirlab aytish baxtidan!


IYMON VA MUHABBAT

Shirinso‘z sanamni shunchalar sevdim,
Hattoki, kelibdi Ollohning rashki.
Tavba qilib, boshim sajdaga egdim,
Hamisha balanddir Xalloqning ishqi.
Yo Rab! So‘ra, degan inoyating bor,
Shirin so‘zni so‘rab o‘tindim takror.
Samimiy sevgimni aylab istig‘for,
Marhamating bilan etgin baxtiyor.
Sen o‘zing azaldan sohibi qudrat,
Bo‘l, deyishing hamon bajo bo‘ladi.
Dilimda sobitdir imon, muhabbat,
Bo‘l, degan chog‘ingda tole kuladi.


BOQIY ISHQ

Sev, yon, yasha fidoyi,
Madad ol muhabbatdan.
Qaysday atal savdoyi,
Yuksalgin sadoqatdan.
Sevgi bermas imtiyoz,
So‘rar u qahramonlik.
Yorga boring et inyoz,
Iziga bo‘l qurbonlik.
Faqat visol ko‘zlama,
Adolar bilan sirlash.
Yerdan malham izlama,
Samolar bilan sirlash.


VISOL OQSHOMI

Shoir ahli bo‘lganda biyron,
Boqiy ishqni kuylar kalomi.
Dunyoni ham aylagan hayron,
Layli-Majnun visol oqshomi.
O‘shal tundan aylanar falak,
Ko‘z yumolmas, yo‘qdir oromi.
Qancha bedor izlasin halak,
Ko‘rmas totli visol oqshomi.
Ammo bizni uchratgan kunda,
Sho‘x yangradi dunyoning jomi.
Demak, bizga toleli tunda,
Kulgay shirin visol oqshomi.
Yana dunyo qolgaydir hayron,
Shoirlarning toshgay ilhomi.
Oydin kecha qaytgaydir ayon,
Layli-Majnun visol oqshomi!

 

MEN SENI UCHRATDIM... 

Ilohiy nur singgan azalda,
Unda mavjud hidoyat, dalda.
Qo‘lga olsam ilhaq mahalda,
Sabru to‘zim bo‘lar she’riyat.
Najot izlab hijron baloga,
Nochor boqdim foniy dunyoga,
Dardim aytsam Arshi a’loga,
O‘tinch so‘zim bo‘lar she’riyat.
Daraxt kuysa qolar ildizi,
Qalbda bitmas ayriliq izi.
Porlab chiqsa ilhom yulduzi,
Ko‘rar ko‘zim bo‘lar she’riyat.
Torim bevaqt uzmasa firoq,
Kuylar edim balki yaxshiroq.
Yozmishimdan tushmaydi yiroq,
Mening o‘zim bo‘lar she’riyat.

TO‘LQIN

Dunyo butun, Ollohga qasam,
Hatto beiz yo‘qolmas ovoz.
Sog‘inchimni so‘zda yo‘llasam,
Qanot yozib aylaydi parvoz.
Paydo bo‘lar havoda to‘lqin,
Darhol yelday izlab ketadi.
Qo‘yilmagan osmonga to‘sqin,
Dil toringni asta chertadi.
Pichirlaysan rozingni asta,
To‘lqin esa ortga qaytadi.
Huzurimga kelib birpasda
Rozginangni menga aytadi.
Sirlashishga topganmiz chora,
Yashayapmiz taratib to‘lqin.
Baxtimizni etganlar qora
Qo‘ya olmas osmonga to‘sqin.

ISHQ ROZI

Azaldan koinot cheksiz, bepoyon,
Hatto sayyoralar uchrashmas unda.
Olloh qudratiga keltirdim imon.
Men seni uchratdim ushbu zaminda.
Aziz zamin uzra qancha rasullar,
Bir-birini ko‘rmay o‘tdi armonda.
Biz yurgan ko‘chada ochildi gullar,
Shukr, yashayapmiz bitta zamonda.
Qancha sayyoralar, zamonlar oshib,
Sevgilim, uchrashdik toleli kunda.
O‘quvchim, iltimos, o‘qima shoshib,
Azaliy Ishq rozi bitilgan unda.

* * *

Yusufning ko‘rkini bermasin Xudo,
Zulayho ishqimda yonganligi rost.
U o‘ylab topmishki shundayin ig‘vo,
Hatto ojiz qoldi haqli e’tiroz.
Shukr, Yusuf ibrat hayot yo‘limda,
Tuhmat balosidan qutuldim omon.
Ayo, boylik yo‘qdir ochiq qo‘limda,
Ammo ishq mulkida erurman hoqon.
Dunyoda iznsiz uzilmas barg ham,
Zulayhodek yorim intiq kutarman.
Imon-sadoqatim bo‘lsa mustahkam,
Shirin visoliga bir kun yetarman.

* * *

Askar yuragiga qadaldi bir o‘q,
Yaratgan, jonini saqladi omon.
Bu o‘qni olishga sira hojat yo‘q,
Yurakka qo‘rg‘oshin yetkazmas ziyon.
Hijron yuragimga qadadi bir o‘q.
Yaratgan, jonimni saqladi omon.
Yorni unutishning hech iloji yo‘q,
Yuragimni o‘rtar qo‘rg‘oshin armon.

* * *

Ikkimiz bor edik uchrashmasak ham,
Sevgi jo she’rlarim hali yo‘q edi.
Uchrashdik va seni yonib sevgan dam,
Sevgi jo she’rlarim dunyoga keldi.
Boqiylikka da’vo qilmasman aslo,
Netay, shum ayriliq jonimni olar.
Biroq, yuragimda bordir tasallo,
Sevgi jo she’rlarim dunyoda qolar.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (21.10.2013)
Просмотров: 1415 | Рейтинг: 3.7/3