Farida Afro'z
Sendan sh a f q a t kutgandan ko‘ra, Qurigan daraxtga yig‘layman, Etagim olmaga to‘ldirar. Sendan m ye h r kutgandan ko‘ra, Ajdahoga borib bo‘zlayman, Bag‘rimda bolamday uxlaydi. Sendan v a f o kutgandan ko‘ra, Ko‘ksimga xanjarlar ekaman, Bexato ko‘karar, gullaydi! * * * Men o‘zi kimman tashlandiq quduq, yomg‘irlarning esidan chiqqan, baliqlari tashna, jon bergan, qamishlari o‘yib naylangan tashlandiq quduq. Sen o‘zi kimsan, suvga cho‘kkan tosh, qoyalarning yodi o‘chirgan, zilzilada to‘qilgan duv-duv, cho‘qqilardan mangu haydalgan suvga cho‘kkan tosh. Ishq o‘zi nima, eski tegirmon, dunyolarning xotirida yo‘q, boyo‘g‘lilar in qurgan unda, shapalaklar yayragan makon, ikkimizni donday yanchigan eski tegirmon. * ** Ruh shamoli tanni qaqshatdi, Chaqmoq vujud olov sachratdi, Kecha yoqqan yomg‘ir charchatdi, Kel, bugunni bayram qilaylik. O’tgan kunim nadomat, armon, Orom bilmas sargardon bu jon, Esiz, umr o‘rtada sarson, Kel, bugunni bayram qilaylik. Azal jonga zavol andesha, Bu dunyoda yolg‘iz ishq pesha. Ayrilmoqqa o‘chmiz hamisha, Kel, bugunni bayram qilaylik. O’pib tursa sochlaringni nur, Baxt neligin kapalaqdan so‘r, Ne bo‘lsa ham tur, o‘rningdan tur, Kel, bugunni bayram qilaylik. Axir seni ko‘rganim tushmas, Xayolingsiz hushlarim qushmas, Osmon sinib, zaminga tushmas, Kel, bugunni bayram qilaylik. Bir xo‘rsinsam, qaytib kelar soy, Ayt, tilaging ayt, deb kelar soy, Qaytib jonni qay yerdan olay, Kel, bugunni bayram qilaylik. Tongim balki armonlarga soz, Ishq qismati ikkimizga rost, Men entikib chorladim, xolos, Kel, bugunni bayram qilaylik. * * * Ayolni sev, ayolga yolbor, Ming bir kecha ertaklaring ayt, Alpomishlar tug‘ib beradi. Ayolni sev, ostonasin o‘p, Qasr qurma, ko‘nglini so‘ra. Balo kelsa, turib beradi. Ayolni sev, o‘laman degil, Ishq yaratgan parvardigordan, Senga umr so‘rab beradi. * * * Yuragimning qaeridir kuyadi, Simillaydi, charsillar, sanchar, Go‘yo ming yil yuraksiz yashab. Bir qadoq og‘riqqa kunim qolganday... Seni sog‘inganman... Ko‘zimda daryolar jimirlar asta, Ufuradi, bug‘lanar, toshar, Go‘yo ming yil toshqinsiz yashab, Bir tomchi iqrorga kunim qolganday... Seni sog‘inganman... Hushyor tortar ruhim - imtihon berar, Qaltiraydi, dildirar, titrar, Go‘yo ming yil ko‘ngilsiz yashab, Bir ahmoq aqlga kunim qolganday... Seni sog‘inganman... Derazamni yopaman, etim uchadi, Jondan o‘tar izg‘irin, shamol. Go‘yo ming yil quyoshsiz yashab Bir nuqra cho‘g‘ingta kunim qolganday... Seni sog‘inganman... Seni sog‘inganman, oh, nima qilay, Nima qilay, axir, ayt, nima?! Go‘yo ming yil seningsiz yashab, Bir yutim ajalga kunim qolganday... Seni sog‘inganman...! * * * Ona yer - tufroq qolib, osmon bilan ovvoramiz, Jon berib, joning olar, jon bilan ovvoramiz. Ko‘zlaringta jovdirar, sarson visol, sargashta ishq, Yosh to‘kib, yirtib yaqo, hijron bilan ovvoramiz. Tegramizda hur malaklar, biri singil, biri yor, Insof qolib, inson qolib, shayton bilan ovvoramiz. Otamiz mezbon edi, oh, onamiz mezbon erur, Zor etib har ikkisin, mehmon bilan ovvoramiz. Har nafas yoningda dildosh, har mushkulotingga yechim, Yaxshilar bunda qolib, yomon bilan ovvoramiz. Chin haqiqat yo‘li boshqa, chin vafoliq o‘zgadir, Haq qolib, iymon qolib, yolg‘on bilan ovvoramiz. Ko‘ngli ummon kimsalarning jilg‘asidin suv ichib, Roz qolib, e’zoz qolib, to‘g‘on bilan ovvoramiz. Har kishiki, ko‘zi ochdir, ko‘r qilar, to‘zoni ganj, Yo‘l ko‘rsatar sarbon qolib, karvon bilan ovvoramiz. Bizni Haq hur ayladi, nur ayladi, ozod etib, Har tarafga qulf urib, qo‘rg‘on bilan ovvoramiz. Kimki bizga intizordir, Farid Afro‘z chin so‘zim, Jonim nisor, chin do‘st uchun qurbon bilan ovvoramiz. * * * Kirib keldi yana yangi yil, Senga yana battar bog‘landim, Battar zorman eski yildan ham. * * * Bugun tongda tirik uyg‘ondim, Bir kosa suv ichdim... Shukr... * * * Sen menga hech do‘st bo‘lolmaysan, Aytchi, qachon, qanday chumoli Ko‘tarolgan filning yukini?! * * * Men seni aldadim: "Sevmayman!”dedim. O‘zimga esa kuchim yetmadi. * * * Do‘stlarimga doim ilhaqman, Ko‘nglim to‘qdir dushmanlarimdan, Chunki ular juda ham inoq. * * * Sen meni izlading, Men seni topdim. Chindan ham yer shari yumaloq ekan. * * * Kimdir seni g‘iybat qilmoqda, Yana kimdir maqtaydi chunon, Demak, sira yolg‘iz emassan. * * * Ilk bora sevgisin izhor etgani Uyaladi u, hech kimdan emas, Oppoq sochidan... * * * Men seni juda ko‘p axtardim, Dunyoni gir kezdim, tashna, bemajol, Oldimdan oqqan suv. * * * Mehmonlar ketdi, Horigan dasturxon ustida Anor po‘chog‘i-yu g‘iybatlar qoldi. * * * Bu daraxtlar mevasiz, ma’yus, Qarolmaydi kuzning ko‘ziga, Bolasidan tongan onaday... * * * Aravaga osilib kelar Eskifurush cholning ortidan Maktabidan qochgan bolalar. * * * Sen ham juda toza emassan, Xojang shuncha yalagan bilan, Itning yalog‘i. * * * Tuhmat, buncha toshlaring zil, Axir nedan yaralgansan, ayt, Og‘irdirsan Yaratganga ham. * * * So‘zga chiqdi so‘zomol to‘ti, Bulbul bo‘ldi, sayradi, chunon, Ammo ismi hamon To‘tixon. * * * Do‘stni faqat o‘zing topasan, Dushman esa o‘zi keladi. Ikkovisiz yashab ham bo‘lmas. * * * Senga bir so‘z demog‘im qiyin, Yarimta so‘z lug‘atlarda yo‘q. Baliqlarga qanday yaxshi-ya! * * * Uxlayotgan erkak boshida Sayrayotgan bulbul — Baxti qaro Ayol! * * * Besh yuz yildan keyin Arofatda Topishdilar Odam va Havvo. Havvo o‘shanda ham arazladi. * * * Bu daryoda hurlar ham, Itlar ham cho‘milaveradi. Shunday buyuk daryodir bu Ishq. * * * Bu zohidlar bilsalar edi, Bu porsolar tanisa koshki, Xudodan keyin... Ayolni... * * * Har kuni, har sahar, O‘zga dargohda, Taqdirning hovlisin supirar qizim. * * * "Men ajdarman!” — deydi Ilonning bolasi. Burgut tumshug‘ida ketayotib ham. * * * Men ketaman... Kuzatasan jim... Ortda gumbirlaydi yuraging darzi. * * * Kelsang, kel, Qariy olmayapman, Seni kutib. * * * Sen mendan nari yur, uzoqroq turgin, Oyog‘im ostida o‘ralashma, qo‘y, Dumingni bosib olmayin tag‘in... * * * Jismingni kiyib ketasan nochor... Ammo, qaytib kelar darhol yonimga, Menga o‘rgangan ko‘ngling. * * * Ular birga yashaydilar, to‘q, Sizlaydilar bir-birovlarin, Har nesi bor, SYeVGIdan boshqa. * * * Senga juda ishongim keldi, Inongim kelyapti juda ham, ammo, Muzga gul ekdim... * * * Bulbuljon, kechir, Bizning bog‘larda faqat Soat sayraydi. * * * Sen unchalar badbaxt emassan. Tanimaysan, Baxtingni xolos! * * * Oltmish yoshga to‘ldi bu ayol, Hamon go‘zal, hamon hurliqo, Qulog‘ini tishlab qo‘ygan baxt. * * * Hali seni boplayman rosa, Hali shunday o‘chim olaman, Seni unutib... * * * Sen kelding, Chinni do‘koniga, Fil kirganday bo‘ldi. * * * Tong berdi Xudo, Tun berdi Xudo, Yana kimdan va qanday, ayting, Bundan ortiq mukofot kutay?!. Mening sochim qaro edi, qarolarga boylandilar, Adolarga, sazolarga, jazolarga boylandilar. Yetti osmon, yetti iqlim, yetti qabat zamin aro, Maloiklar, farishtalar, sabolarga aylandilar. Tilimning bolimi yoki yuzimning xolimi yoxud, Bu ikki xol ila boshim balolarga boylandilar. Hamma istar bu ochunda, faqat bir yor, faqat bir yor, Hamma "Yorman!” dedi, ammo, xatolarga boylandilar. Senga jonni qilib qurbon Farid Afro’z qilur faryod, Jism xoku bu xayli dun matolarga boylandilar. * * * Sensiz o’tgan umrim mening saroblarga o’xshaydir, Qirq yil qurgan qasrim, ey voh, xaroblarga o’xshaydir. Sening yoding mayxonadir, kunlar o’tar mastona, Hijroningda ichgan zaqqum sharoblarga o’xshaydir. Senga yorlar, sumansolar kecha-kunduz diloromdir, Menga esa mahrami jon azoblarga o’xshaydir. Tonglar otar, kunlar botar, xazon bilmas bahoringda, Sen yo’llagan abri nayson guloblarga o’xshaydir. Sabr qayda, to’zim qayda, junun jonu jahonimdir, Tomirimda oqqan qonmas, zardoblarga o’xshaydir. Bu savdolar bari bekor, osmon yaqin, yer ham yumshoq, Ishqdan boshqa bari yolg’on, huboblarga o’xshaydir. Ki hasratda kuyib o’tdi, necha hofiz, necha mutrib, Farid Afro’z bu dardi dil bob-boblarga o’xshaydir. * * * Boshingni toshga ur ming bor, o’zidan o’zga Yor yo’qdir, Tunu kun yig’lagin abgor, o’zidin o’zga yor yo’qdir. Ko’zingni tikmagil, ey do’st, ko’ngil g’ordir, ko’ngildir g’or, Na tubi bor, na nuri bor, o’zidan o’zga Yor yo’qdir. Yaqosi g’unchaning chok-chok, labidin qon oqar chak-chak, Chamandir ming agar gulzor o’zidin o’zga Yor yo’qdir. Diling vayronalar etma, dili mayxonalar ichra, Dilingni chal qilib dutor, o’zidan o’zga Yor yo’qdir. Sotar do’sting, olur ag’yor, Farid Afro’z fig’on chekma, Bu dunyo bir qo’hna bozor, o’zidin o’zga Yor yo’qdir. * * * Bilsang edi ketmas eding bir qadam ham sochlarimning soyasidan. Bilsang edi topar edik hatto qorning qalovin ham. Bilsang edi o’tar edik bu tog’larning, bu tig’larning orasidan. Bilsang edi, berar edik, munkar-nakir savoliga javobni ham. So’ngra… So’ngra… Ketar edik, sochlarimdek tun oralab. Ketar edik bu dunyoni boshdan adoq ovvoralab… * * * "Mehribonim, men sizni topdim…” Xazonrez bog’larning, kuzli, ayozli, Huvildoq tunlari yomg’ir, shamolli, Xo’rlikdan ivigan umidlar ichra, men sizni topdim. Topdim, derazamga kakliklar qo’ndi, Sayradi, sayradim jon chiqar qadar. Do’l yoqqan qahraton yolg’iz kechalar Bebahor gulladim, barg yozdim samar, men sizni topdim, Mehribonim, Bu ne ko’rgilikdir, bu qanday savdo? Bu shirin jonimdan o’kinmay topdim, Bu ne saodatdir, bu nechuk g’avg’o, O’z qonimni o’zim ichdim-da, qondim, men sizni topdim. Topmasam, ko’zlarim yo’lga to’kardim, Har zarra tuproqni sizlab o’pardim, Bu yorug’ dunyoda nursiz, benavo Izillab-izillab, izlab o’tardim, Mahrami asrorim, Mahrami jonim, Men sizni topdim. * * * O’kinma. Ollohning qudrati cheksiz. Sen bilan menga ham topilar panoh. Ko’ngilmi, so’rama, hali ham erksiz, Gunohdan gapirma! To’kilma, Bo’g’zimni yondirgan kalom, Sensiz ham dunyolar ostinu ustun. Tiriklik tongiga salom qil, salom. Yiroqdan gapirma! Sitilma, qanoat, chok-choklaringdan, Iztirob ko’ylagi pora-poradir. Ko’ngildan so’z ochgil, ko’ngildan so’yla, Firoqdan gapirma! Tikilma, ko’zimda yoshlar qolmadi, Men endi boshqaman, men endi o’zga, Xayollar osmondir, ruhdir osmonda, Tufroqdan gapirma! GAVHARSHOD BEGIM Saltanat tojining duru gavhari, Malohat arshining shmasu qamari, Hidoyat ahlining sohib nazari, Avliyo begimsiz, Gavharshod Begim. Hirotning samoviy minoralari, Temurbek naslining chinoralari, Mirzo Ulug’bekning sitoralari,- Sohira begimiz, Gavharshod Begim. Bildingiz ma’rifat elning ko’zidir, Bilimsiz jaholat chohning o’zidir, Bu Xudo rasulin barhaq so’zidir, Bokira begimsiz, Gavharshod Begim. Mashhadda jome’lar qurib naqshinkor, Hirotni olamga qildingiz oshkor, Xuroson ahlini aylab minnatdor – Oliha begimsiz, Gavharshod Begim. Ammo bu olamda nima ko’p- nokas, Oyoqqa chirmashar har dam xoru xas, Joningni sug’irib oladi besas, Mahkuma begimsiz, Gavharshod Begim. Ezgulik esa-da asli ahdingiz, Ming erkak jur’ati-zarbu shahdingiz, Dunyoni larzaga soldi qatlingiz, Ojiza begimsiz, Gavharshod Begim. Boysung’ur yoniga ketdingiz mahzun, Ulug’bek arvohi qaqshadi dilxun, Bir buyuk saltanat sindi sizdan so’ng, Shahida begimsiz, Gavharshod Begim! * * * Balki davralarda kulganim rostdir, gul kiyganim, gullaganim, gul bo’lganim rostdir, kuylaganim, kuydirganim, kul bo’lganim rostdir, Ammo, Sizsiz Hech kimman! Bildim! Bildim, xuddi tonglar otgani kabi, Quyosh horg’in botgani kabi, Osmonda oy sho’rlik, benavo, Ovloqda ohular yotgani kabi, bildim! O’n gulimdan o’n gulim ochildi, so’ldi, Yaproqlarim sarg’ayib sochildi, so’ldi, Ishq deganga kafanlar bichildi, so’ldi. Essiz. Sizsiz Hech kimman! Bildim! Bildim, qanoatning manzili Xudo, Bildim, saodatning tunlari yaldo, Tomirda ishq degan alam uyg’onsa Boshingga balodir, balodir, balo bildim! Ehtimol, sochlarim shabnamga yuvdim, Tong chog’i, gul chog’i, dil chog’i sarmast. Har tola domiga ko’ngilni ildim, Hushsiz. Sizsiz. Hech kimman! Bildim! Bildim, yo’llardadir yillarim joni, Bu ulug’ Tangrimning uzun arqoni, Bu mening Ishqimdan bir ohdir so’zon Ki yoqib yuborar oxir dunyoni… Bildim. Bildim, soyalarda jon bor, alam bor, Bildim, tog’larni-da diydalari g’or, Bu sho’rlik dunyoning qismatidir xor, So’zsiz. Sizsiz Hech kimman! Bildim! Bildim, armonlarning umri uzoqdir, Poyandoz solingan yo’llar tuzoqdir, Bildim, xiyonatning yo’li charag’on, Bildim, bo’ynimdagi marjon-firoqdir, Bildim… Balki, davralarda kulganim rostdir, Gullaganim, gul bo’lganim rostdir, Kuylaganim, kul bo’lganim rostdir, Osmonda oy kabi tul bo’lganim rostdir! Sizsiz, Sizsiz Hech kimman! * * * Yo, Rabbim! Hech kima Xor aylama, Sendek sharid sulton turib, Kam aylama, ko’st aylama, Sendek haddi vulqon turib. Yo, Rabbim! Sargashta jon, Ishqi jonon Daryosidan suvlar ichay, Qaqradi, lab tashna bo’ldi, Sendek Eram bo’ston turib. Yo, Rabbim! So’z ber menga, Ishqim senga, Aytarimni aytib o’tay, Notavon qilma meni, Sendek latif doston turib. Yo, Rabbim! Charxi falak, Zoru halak, Savdosidan to’ydim, to’lib, Qullaringga qul aylama, Sendek qodir hoqon turib. Yo, Rabbim! Ko’ngiltaroshim, Ko’nglima O’t qo’ymish junun, Bitta dunyom kuysa, kuysin, Sendek ikki jahon turib. * * * Ona yer – tufroq qolib, osmon bilan ovvoramiz, Jon berib, joning olar, jonon bilan ovvoramiz. Ko’zlaringga jovdirar, sarson visol, sargashta ishq, Yosh to’kib, yirtib yaqo, hijron bilan ovvoramiz. Tegramizda hur malaklar, biri singil, biri yor, Insof qolib, inson qolib, shayton bilan ovvoramiz. Otamiz mezbon edi, oh,onamiz mezbon erur, Zor etib har ikkisin, mehmon bilan ovvoramiz. Har nafas yoningda dildosh, har mushkulotingga yechim, Yaxshilar bunda qolib, yomon bilan ovoramiz. Chin haqiqat yo’li boshqa, chin vafolik o’zgadir, Haq qolib, Haqqon qolib, yolg’on bilan ovvoramiz. Ko’ngli ummon kimsalarning jilg’asidan suv ichib, Roz qolib, shukron qolib, to’g’on bilan ovvoramiz. Har kishiki, ko’zi ochdir, ko’r qilar, to’zoni ganj, Yo’l ko’rsatar sarbon qolib, karvon bilan ovvoramiz. Bizni Haq hur ayladi, nur ayladi, ozod etib, Har tarafga qulf urib, qo’rg’on bilan ovvoramiz. Kimki bizga intizordir, Farid Afro’z chin so’zim, Jonim nisor, chin do’st uchun qurbon bilan ovvoramiz. * * * Kechiring , Dutorim uzildi tori, Baayni avjida, qo’shiq avjida. Ehtimol, Ishq umri shugina bori, Ehtimol, dur yo’qdir, ko’ngil ganjida. Kechiring, Tog’larning toshi quladi, Kiyiklar yayramas, hurkadi endi. Ehtimol, Buloqlar ko’zi ko’r bo’ldi, Ehtimol, ko’z yoshday tuproqqa indi. Kechiring, Qilichning dami keskirdir, Boshini qo’yganlar qolmaslar omon. Ehtimol, Bir so’zning tig’i taqdirdir, Ehtimol, beqismat yashamoq oson! * * * Aka, senga juda ham og’ir, aka bo’lmoq, peshonasi tor, baxti qaro, ko’zlari qaro, ko'ngli yaro singling- Ayolga! Uka, senga juda ham og’ir, qoshlari qalam, to’shaklari tosh, yostig’i bardosh, hurlarga sirdosh opang- Ayolga! Dunyo, senga juda ham og’ir, dunyo bo’lmoq, yolg’iz ayolning nomardingga xor, nolalari zor, yegan noni or onang-Ayolga! * * * Tashlab ketma Bir kun ham meni, yostig’imga tushlar to’ladi. Yolg’iz ayol to’shaklariga, tuhmat kirar, yolg’on kiradi. Tashlab ketma bir soniya ham, ruhim uchar, hushim tinadi. Azal-avval bergang qovurg’ang, ming mayishib, ming bir sinadi. Tashlab ketsang, dunyolar vayron, boyo’g’lilar inlar quradi. yolg’iz ayol erkaksiz jangda tirik turib, o’lmay o’ladi. * * * Tig’lasak, jonni biz, yor deb tig’ladik. Dunyoni bedavo, dor, deb ilg’aladik, Nafsimiz yo’lida gul bo’lmadik , yo’q, Xazon bo’ldik, ammo, or deb yig’ladik. Yig’ladik, biz qilni qirqlarga yordik, Chorlasa, har xoru zorlarga bordik, Ko’nglimiz ko’chasin toshlarin terib, Gullar ekdik, gulzorlarga bordik. Bordik, eh , qadrimiz beqadr bo’ldi, Bu dunyo saylini qildik besamar, Aql shoshdi, yurak besabr bo’ldi. Bo’ldi, peshonamiz toshga urildi, Har qadam tashladik jarga burildi, Qirq kecha, qirq kunduz ibodat uzra, Armonlar o’ldilar, alam tirildi. Tirildi, oh dilda tug’yonlar, salom, Qonimiz yelpigan bo’ronlar salom, Ayt, kimning ko’ksidan itargaydir ishq, Bizni degan yor-u giryonlar, salom. Tig’lasak, jonni biz yor deb tig’ladik….. * * * Bir ko’ylak ichinda yuz sehr-vujud, Bur halim barmoqda farovonlik qut, Mingta masjid ichra abadiy sujud, Ayol! Oh, ayol! Sultonlar ilkida bir kosa sharob, Ey, banda, ey zaif, ey xor-u xarob, Yashading yengilmay xomush, beitob, Ayol! Oh , ayol! Tun nuri, oftobi ko’zingdir sening, Shafaq shovillagan yuzingdir sening, O’zingdan o’zingga-o’zingdir sening, Ayol! Oh, ayol! Depsinib aylanar bu charxi davron, Ishq erur bu olam boqsang-da, qay yon, Baloga giriftor, ey muslima jon, Ayol! Oh, ayol! Termulding, ko’zingga kirdi xoralar, Bir yonda majnunlar va bechoralar, Bir yonda munofiq, yuzi qoralar, Ayol! Oh, ayol! Bosh egding, yutganing qahr bo’ldi-ku, Osh berding, qaytgani zahr boldi-ku, Haq eding va haqqing mahr bo’ldi-ku, Ayol! Oh, ayol! Titraydi kemalar so’l-u sog’ingda, Bir xushbo’y taralar pok dimog’ingda, Necha bosh sargardon voh, oyog’ingda, Ayol! Oh, ayol! Beshikda zurriyod, chinorlaring bor, Mozorda ham bo’y-u iforlaring bor, Ro’zi qiyomat ham xushtorlaring bor, Ayol! Oh, ayol! * * * Sog‘inib kelasan yonimga, Ketasan, yana ham sog‘inib... Yo‘lingga termulib yashayman, Men g‘arib, men g‘arib, men g‘arib. Sog‘inib yozasan maktublar, O‘qiysan, javobim sog‘inib... Yo‘lingga ko‘z tikib yashayman, Ranglarim sarg‘arib, sarg‘arib. Sog‘inib, tiz cho‘kib poyimga, Termulib ko‘zimga – sog‘inib... Shu yo‘sin armonga bo‘y bermay, Yashaymiz sen g‘olib, men g‘olib – SOG‘INIB... * * * Bugun men chiroyli bo‘lishim kerak, Hammadan go‘zalu hammadan ko‘rkam. Allohim, bir kunga shavqimni qaytar, Baxtim yuzin ko‘ray, bir bora men ham – Bugun men, uni ko‘raman. Atirgul, ko‘ylaging berib tur menga, Sochlarim to‘zg‘itma ey, daydi shamol. Allohim, bir kunga husn ato et, Oy, nuring qizg‘anma, bo‘lay oyjamol – Bugun men, uni ko‘raman. Yuragim hapqirar – sog‘inchga to‘la, Qushlar, chug‘urlashma, nasihat sig‘mas. Allohim, bir kunga olov qil meni, Ko‘ksimga bosh qo‘ysin, quyosh qil, so‘nmas – Bugun men uni ko‘raman. Jaranglab ochilsin, sir sandiqlari, Sharqirab toshsin-ey, ehtiros-daryo. Allohim, bir kunga devona qilgin, G‘amlaring unutgil, kulib tur dunyo – Bugun men uni ko‘raman. O, sen, ishq, muhabbat, jununvash tuyg‘u, Shijoat, samoviy parvozga shaylan. Allohim, bir kunga aqlimni olgin, Bir kun yashab kelay, shu ko‘ngil bilan – Bugun men uni ko‘raman. * * * Yuragim, sanchima, og‘rima, Bo‘lar ish bo‘larkan, bizsiz ham. Ishtirok etmoqlik shart emas, To‘linoy to‘larkan, tunsiz ham. Azaldan taqdirlar bitilgan, Biz esa misoli qo‘g‘irchoq. O‘zmoqchi bo‘lamiz vaqtdan ham, Yonamiz, kuyamiz – shamchiroq. Ko‘nglimiz biladi, sezadi, Lek aql takabbur, mustasno. Xayolning cho‘llari bepoyon, Orzuning bog‘lari tamanno. Yuragim yig‘lama, o‘rtanma, Vujudim, ruhimga sultonsan, Sen borsan, quvonch bor, iztirob, Sen alam, armonga vatansan. Yuragim, sanchima, og‘rima, Bo‘lar ish bo‘larkan, bizsiz ham. * * * Nima qilib qo‘yding meni, Misli naqqosh o‘yding meni, Sehrgarim, o, muhabbat, Mendan ortiq suyding meni. Nima qilib qo‘yding meni, Yuragimga bir o‘t tushdi, Xayollarim qushday uchdi, Sehrgarim, o, muhabbat, Qadim tog‘lar, qoya ko‘chdi... Yuragimga bir o‘t tushdi. Ishqim bilan ko‘ksim yoray, Sharob bering, oh, sipqoray, Sehrgarim, o, muhabbat, Kech kuzimda bir ko‘karay, Ishqim bilan ko‘ksim yoray, Endi g‘amlar gardday uchar, Ko‘zim dunyo rangin ichar, Sehrgarim, o, muhabbat, Endi meni baxtlar quchar, Endi meni baxtlar quchar.... * * * Tun... Yomg‘ir.. Sehrli kecha... Qurbaqalar misoli hofiz... Jo‘rovoz kuylar.... Tun... Yomg‘ir.. Sehrli kecha... Issiq bag‘ir... Qaynoq bo‘sa, Labni kuydirar... Tun... Yomg‘ir.. Sehrli kecha... Yurak chopar misli chavandoz, Qon ko‘pirar, tomirga sig‘mas, Evrilishlar go‘zal, bepardoz. Tong... Quyosh.. Sehrli sahar... Yomg‘ir tinar, tinar ehtiros, Erinib uyg‘onar to‘xtab qolgan vaqt... * * * Quriyotgan daraxtning shoxlariga gul bitdi, Qushlar kelib sayradi, qoq yog‘ochga til bitdi, Sensiz yashab bo‘lmaydi, sensiz endi kunim yo‘q, Har po‘stlog‘in qatiga muhabbatim – dil bitdi. Xayollaring shavqidan to‘lib-toshib yashayman, O‘sha mag‘rur boshingga bag‘rim bosib yashayman, Sensiz yashab bo‘lmaydi, sensiz endi kunim yo‘q, Kelar yo‘ling poyiga jonim to‘shab yashayman. Shamol yelar betinim, jimirlaydi yaproqlar, Yomg‘ir yoqqan sahroday, huzur qilar tuproqlar, Sensiz yashab bo‘lmaydi, sensiz endi kunim yo‘q, Ming bor otash o‘tida kuydiradi titroqlar. Endi sening bo‘yningda bilaklarim gullaydi, Bellarimga chirmashib, gul pechaklar bo‘ylaydi, Sensiz yashab bo‘lmaydi, sensiz endi kunim yo‘q, Bo‘lmaydi, hey, bo‘lmaydi, sensiz yashab bo‘lmaydi!
| |
Просмотров: 1305 | |