Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

O‘ktam Mirzayor
ZAMONDOSHLARGA

Vatan — mening ko‘nglim,
Vatan — sening ko‘ngling,
Vatan obod bo‘lar,
Ko‘ngil obod bo‘lsa!
Tobora yuksalar,
Orzular  narvoni.
Tinch bo‘lsa, yashnasa,
Vatan qo‘rg‘oni.
Belingni bog‘lagin,
ko‘nglingni chog‘la.
Mehr qo‘y Vatanning
har giyohiga.
Vatan obod bo‘lar,
Ko‘ngil obod bo‘lsa!
Do‘stim, yelkadoshim,
Saflarda bor bo‘l.
Ulug‘ Istiqlolga
Boshladi Sarbon.
Ko‘nglimizda hurlik,
elkamizda  hurlik.
Istiqlol tug‘ini
ko‘tardi karvon.
Bizlar karvon bo‘ldik,
Safdosh— bearmon!
Obod vatanlarda 
obodlik — bayram.
Ozod vatanlarda
ozodlik bayram.
Chehrangda tabassum
Ko‘rsam, zamondosh,
ko‘nglimda bayramdir,
ko‘nglimda bayram.
Baxting shu — Istiqlol
Oftobi boshda.
Qalbingdan taft olar
hatto quyosh-da!
Minnat yo‘q,
eganing-bir cho‘qim osh-da,
Vatan  obod bo‘lar,
Ko‘ngil obod bo‘lsa!

G‘ALABA

Shamol  turdi,
Davrin surdi.
Yomg‘ir yog‘di.
Sabr qildi yer.

Shamolning ko‘ziga
Tuprog‘in sochdi.
Bulutga ko‘ksini kerdi, bepisand.
Yomg‘irni irmoq qildi ayamay,
Bardosh bilan yer.

Asradi gullarni sag‘rida,
Ana, ko‘ring, qizg‘aldoqlar — 
To‘p, to‘p qizaloqlar.
Qiqir-qiqir entikar,
Onasining bag‘rida.

YER

Yer, o‘g‘limsan, bo‘zatoyimsan,
Quchog‘imga sig‘magan bolam.
Yer, qizimsan, gulchiroyimsan,
O‘zing bo‘lib ko‘rinar olam.

Qani, jilg‘a bo‘lsam-da chopib,
Yuzlaringni yuvsam erkalab.
Qani, bir bor imkonin topib,
Peshonangga qo‘ya olsam lab.

Tumorimsan, yurakka osgan,
Ardoqlovchi  dil oromimsan.
Horib kelsam, bag‘riga bosgan,
Yer,  onamsan — mehribonimsan.

YURAK

G‘alaba nash’asi baribir shirin,
Ayovsiz kurashdan tolib chiqsang ham.
Atrofi burqsigan  fasod dunyoda,
Tuhmat, malomatga qolib chiqsang ham.

Burchak-burchaklarda o‘ynab turar musht,
Nega  sen yetimsan, bechora, sag‘ir?
Har qadam poyingdan chalar beimon,
G‘alaba, bunchalar yo‘llaring chag‘ir?!

Pichog‘ini qalbga sanchib turar vaqt,
Bardoshim yetgancha oyoq tirayman.
Qaddimni rostlaydi vujuddagi shahd!
Manfur hujumlarga shunday yarayman.

Bir bora, o‘n bora — yurakda sanchiq,
Yolg‘izgina umid unga suyanchiq...

Bilaman, g‘oliblik nash’asi shirin,
Ko‘ksim tog‘lar kabi qudratli, yuksak.
Osmonning toqiga tegadi boshim.
Yana bir qaddimni ko‘tarsam beshak!

...Toza havolarda yayra ey, yurak!
Gupirib, yuzimga berolding sayqal.
Ko‘ksimda mardona urganing uchun,
Ushbu satrlardan qo‘yaman haykal!

VARRAKCHA
(Bolalik taassurotlaridan)

Hov bolalik, bolalik-a,
soddagina  bolalik.
Shokilasi jilvir, jilvir
Varrakchalar yasadik.

Quvnab-quvnab orzumizni
samolarga chog‘ladik.
Varragimiz iqboliga
Umidimiz  bolalik.

Uchdi bizning varragimiz,
Hammasidan zo‘r, baland.
Viz-vizagin vizillatib,
Dillarimiz qildi band.

Ermak bo‘lib qoldi sho‘rlik
Yelvizaklar qo‘lida.
Endi uning ovozini
Eshitamiz yo‘liga...

*  *  *

Shamol — bahorning dugonasi,
Yomg‘ir — oshiqlarning devonasi — 
Sharros izhor etar ishqini.

Lovullaydi bahorning  yuzlari,
Yalpizlar — mahallaning qizlari.

Sevgining suvrati shundaydir — 
Shamol  bahorni yetaklab daydir.
Shov-shov yomg‘ir izg‘iydi ko‘chada — 
Yolqinli hislari qalbida.

Duv-duv gap ariqlar labida.

ONAI ZORIM

Yosh qo‘shilib yoshimga,
Qirov qo‘ndi boshimga.
Qaytmas umr tulpori,
Ul navqiron yoshimga.
Istaganim ne o‘zi?
Istaganim diydormi?
Orangizda onamday
Sodda, mehribon bormi?

Dunyo to‘kilib borar,
Ko‘z o‘ngimda chokidan.
Onajonim, aylanay,
Sochingdagi oqingdan.
Biz uchun keltirganing
Anduhlar endi yormi?
Qavmu qarindosh ichra,
O‘zingdek tabon bormi?

Armonning achchiq chashmi,
Yuzlarimni tildiyo.
Egilgan kezda qaddim,
Qismat yukin ildiyo.
Oromijon suhbatlar
Endi abad xumormi?
Kezib, derman olamni, 
"Nuri jahonim, bormi?"

"Yo‘q", shovullar ko‘zda yosh,
"Yo‘q", ko‘ngilda qotdi tosh.
Qiyomatgacha bardosh,
Yetarmikan, qarindosh?
Izlariga qo‘ydim bosh,
Ko‘ngil  mehrga zormi?
Chashmai qalbim mening,
Yo‘limda intizormi?
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 939 | Рейтинг: 0.0/0