Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Hol Muhammad Hasan
Musicha

Musicha mo‘y keltirur,
Behishtdan bo‘y keltirur.
Iniga un sepsa kim,
Mo‘l rizqi ro‘(y) keltirur.

Musicha mo‘y keltirur,
Bo‘y qizga to‘y keltirur.
Qo‘ralarin to‘ldirib,
Quyruqli qo‘y keltirur.

Musicha mo‘y keltirur,
Ko‘ngilga o‘y keltirur.
Kaftida don tutsa kim,
Ketmas obro‘y keltirur.

Musicha mo‘y keltirur,
"Ku-ku”lab kuy keltirur.
Kuyib yurgan yigitga
Bir pariro‘y keltirur.

Musicha mo‘y keltirur.
Uylarga to‘y keltirur...


Chorlov

Nafas qisib agarda,
Sig‘may qolsang shaharga,
Tushib otdan, egardan
Tog‘larga kel, tog‘larga.

Oshna, jo‘ra, ulfatlar,
Suyuq, siyqa suhbatlar,
Jonga tegsa "osh”, "gap”lar,
Tog‘larga kel, tog‘larga.

Tog‘da sir bor, haybat bor,
Yuksaklikda hikmat bor.
His bor, katta hayrat bor –
Tog‘larga kel, tog‘larga.

Bunda "mish-mish”, g‘iybat yo‘q,
Tijorat yo‘q, rag‘bat yo‘q,
Yozuv-chizuv, tuhmat yo‘q,
Tog‘larga kel, tog‘larga.

Qo‘l silta kam-ko‘stingga,
Dastingni cho‘z Do‘stingga.
Pastlar qolsin pastingda,
Tog‘larga kel, tog‘larga.


Sehr

Tog‘lar to‘shiga chiqsang bas,
Ular past ketishga qo‘ymas.
Sehrlab qo‘yar, sehrlab,
Bunday hilqatni kim suymas.

Kakligi kakir-kakirlab,
Kiyik ulog‘i dikirlab,
Qo‘shiqlar aytib qaynaydi
Bulog‘i biqir-biqirlab.

Burganlari bo‘y taratar,
Shuvog‘i tanni yayratar,
Nar bedanaday sayratar
Kavragi kasir-kasirlab.

Tumanli tovlar – o‘tovlar,
To‘zg‘itib tibit sobovlar.
Oq qosabali momolar
Sirlashar pichir-pichirlab.

Kamarda zovlar, ungurlar,
Tosh ko‘chsa yomon gumburlar.
A’zoi badan jimirlar
Yuraklar dukur-dukurlab.

Qotlarda o‘tlar olqori,
Qoyada qiyg‘ir patlari.
Suv sachratar sangloqlari
Birgina so‘zni zikrlab.

Darasi – daryo o‘rasi,
Sharopasi – sharsharasi
Yo‘nar qilovli qirrasin
Qayroqtoshlari to‘g‘irlab...

Haydar kokulli shamollar
Yax cho‘qqilarni "yomon”lar.
Huchchiga uchar xayollar
Chukrilar totin o‘g‘irlab.

Tuyatobonning ta’mi xush,
Tomirin kavlar kalamush.
Nimaga urdi kirpi nish
Andizlar shitir-shitirlab?

Toshbaqa toshga pusinib
Go‘llikka solar o‘zini.
Qidirar rizqi ro‘zini
Qurtu qumursqa qimirlab.

Ko‘zlar qamashar ko‘rkidan,
Do‘lana, uchqat, zirkidan.
Abrik ifori burgida
Archalar shoxi g‘ichirlab.

Chakamuk, hululi pishgan,
Ayiqlar yeyishga tushgan,
Zamburlar chippa yopishgan
Kuylashib "ming‘ir-ming‘ir” lab.

Quyonning qavmi tovushqon,
Sug‘urga yumron tug‘ishgan.
Tulkiman tozi quvishgan
Tishlari takir-takirlab.

Tunlari to‘lin oyni ko‘r,
Ming qo‘yli manov boyni ko‘r.
Childirma chalib to‘kar qo‘r
Yulduzlar bijir-bijirlab.

Jumurda qorin moylari,
G‘orda saqlangich joylari,
Boybicha kelinoylari
Kubilar pishar gusirlab.

Qishini kuzga muhrlab
Bahor ham borar oxirlab.
Ta’rifga boshqa Holim yo‘q
Tilimni tiygum "uzr”lab.

Sehrlab qo‘ydi-da sehrlab...


Maydanak

Qiziqmiz tabiatan,
Qishda xunob yutamiz...
Kuydiradi saraton,
Yozda sovuq kutamiz.

Cho‘lda hozir ellik bor,
Turib terga botamiz.
Qirga chiqsak... cho‘lliklar
Choponda sovqotamiz.

Oshiqib tog‘ – daryoga,
Otga qamchi chotamiz.
Har aziz avliyoga
Ta’zim qilib o‘tamiz.

Ruhi pokiga duo –
Hazrat Langar Otamiz.
Ko‘kabuloq – ko‘k ma’vo...
Hislarni uyg‘otamiz.

Mana, Maydanak – maydon
Ko‘zga durbi(n) tutamiz.
Pasayib kelar osmon,
Borliqni unutamiz.

Harsangtoshga yonboshlab,
Tumanlarni titamiz.
Semiz bulutni ushlab,
Sog‘ib sut ivitamiz.

Oy bo‘yniga solib qo‘l,
Oq o‘tovda yotamiz.
Bu yerdan eng yaqin yo‘l
Yur, yulduzga ketamiz.

O‘lan

Otam ot surgan adirlar –
Qirlar jon qadar qadrli.
Do‘mbirasiga jo‘r bo‘lib,
O‘lanlar aytsam arziydi.

Oylardin oydin o‘ylari,
Karvonlar kutgan boylari.
Ordona qoldi o‘tgan so‘ng
Tuyalar oqqan soylari.

Tuyalar boqsam "hala”lab,
Oldimga solsam galalab.
Ursam norining bo‘yniga,
O‘lsam parining qo‘ynida.

Oyning qo‘tonlab og‘ishi,
Oyda bir yomg‘ir yog‘ishi,
Qo‘rani nurga belabdi
To‘lning surteri tug‘ishi.

Gazalar boshi qoraymish,
Dahnalar og‘zi toraymish,
Boslig‘ib chiqqan boybicha
Tushlarin yo‘lga yo‘raymish.

Yarqirovuq yarqirasa,
Boriblar holin so‘rasam.
Sog‘inganini bildirib,
Jobsorlar ochib qarasa.

Sochbovlarini sochoqlab,
Jo‘malagini munchoqlab,
Choshgohda o‘tar otarga
Qo‘shkadisini quchoqlab.

Kiygan haqqari kovushi,
Toshlarga tegib tovushi.
Zovlarni olar zabtiga
"Chiriy”lab chibich sog‘ishi.

Ko‘ganda gaba qo‘zilar,
Iydirib bo‘yni cho‘zilar.
Jamrashganida mangrashib,
Emacha bovring ezilar.

Qog‘anoq, gilagay ichib,
Jegda – kebanagin yechib,
Cho‘lig‘i chalar sibiziq
Masirqab, dunyodan kechib.

Bir tutam soqol iyakda
Taka torig‘ar kiyakda.
"Bobov”laringni bas qil-ey,
Hali senga ro‘z qayoqda.

Havolar yog‘ar tov-tovg‘a,
Tuyalar kelar motovg‘a.
Murtini surtib "boy” ota,
Kiriblar ke-etdi o‘tovga...


To‘rtliklar

* * *
Er kishining erkaligi kuchdadir.
Belin bukar kushandasi uchtadir.
Boshi uchun yetar ba’zan biri ham:
Biri namdir, biri g‘amdir, biri kam...

* * *
Ming yillardan beri jo‘ram Isoq To‘ra
She’r qadriga ko‘proq yetar mendan ko‘ra.
Ko‘zlaridan ko‘rsa bo‘lar yuragini
Har soniya vijdonidan so‘rab urar.

* * *   
Yuzda ham yoshlarni ko‘rsa,
yuzingiz yorishib tursin,
Ko‘rolmasdan kampiringiz
kunora urishib tursin.

* * *   
Qo‘shnilar kirishib tursin,
lablarin burishib tursin,
Ichingiz yurishib tursin –
ishingiz yurishib tursin

TENGLAMA

Kimki baxtsiz – erur serxotir,
(kasrin tortib yashar odamlar)
Yodi yo‘qlar butun – baxtlidir,
Vaqt – Hakam hisoblansa gar.

Zanglab yotgan o‘qdir – xotira
(yo qora kun mahraji – zahar 
Yoxud ildiz chiqargan yara) –
Vaqt – Malham hisoblansa gar.

Lolga suvrat, ko‘zdir basirga
(yurak haydolmagan xira qon
Oqib kelar milyon asrdan) – 
Vaqt – Raqam hisoblansa gar.

Demak, ehtimolda turmas Baxt – 
Xotiraga ters – ko‘paygich son.
Mavhumotning isbotidir Vaqt,
Dunyo – bir kam hisoblansa gar.

 
 VATAN

Shafaqu shaftoli gulidan xushro‘y,
andalib navosi – tilidan xushro‘y,
nazmgo‘y xomaning yo‘lidan xushro‘y
xilqat bor – 
Bir aziz. Bi-ir aziz...

Zamburug‘ning zaxira ganjidan shirin,
Arazkash suluvning ranjidan shirin,
Hur go‘dak "inga”sin avjidan shirin
Xilqat bor – 
Bir aziz. Bi-ir aziz...

Kapalak qanoti patidan mayin,
ohuning, olqorning sutidan mayin,
chohda chog‘ kabutar xatidan mayin
xilqat bor – 
Bir aziz. Bi-ir aziz...

Ilk rozni rad qilgan qo‘shni qiziday,
ko‘ngilni ko‘targan folbin so‘ziday,
dabdurust ochilgan basir ko‘ziday
xilqat bor – 
Bir aziz. Bi-ir aziz...

Beminnat yashirgan bor gunohimiz – 
Bu xilqat – MUQADDAS SAJDAGOHIMIZ. 


 * * *
She’riyat, bunchalar shirinsan,
shirmisan, bolmisan, tilim lol
onamning ovunchli allasin
quvonchli qo‘shig‘i, daldasin
orzui armoni – hammasin
jam qilib jonimda turibsan.
Sevgiday suyuksan, sirlisan
satrlar bamisli musalsal
sehrgar sozlarning sadosin
sa’vayu qumrilar navosin
yovvoyi hur hislar havosin
tuydirib ko‘ksima kiribsan.

She’riyat, bedavo dardmisan
kasringda ne kaslar bemajol
diydasi suv bo‘lib silqigan
siyrati ko‘zidan balqigan
to‘kilib tutdayin qalqigan
hasratga, hayratga to‘liqsan.

Ma’nolar mujassam manbasin
muqaddas misralar mukammal
suralar saj birla har oyat
shoh baytu – shohista bag‘oyat
ezgu so‘z o‘zidan inoyat
Ki ulug‘lardan-da ulug‘san.

She’riyat, na xilqat ma’nosan
raqibmi rafiqqa ravosan
ziyosan, zebosan, a’losan
ba’zida boshga ming balosan
bilganim bir kam bu dunyoda
kamida biri ko‘p dunyosan. 


 * * *

Do‘stim, chiqqanmisan cho‘qqiga hech bir
ko‘rganmisan qorning qurtini,
na daraxt, na buta bitmas tap-taqir
supada xarsanglar yurtini.
Quyosh bir chiroyli chiqadi tog‘da
Tumanning ustidan kuzatsang
qoyadan qatim nur quyilgan chog‘da
qo‘ling kuyib qolar uzatsang.
Quyida kirpinish archalar quyuq
bulutlar yirtig‘i – pistoqi...
yuraging tirnar, goh uyushar, uyib
toshib ketar qafasdan gohi.
Dimog‘ing qitiqlar giyohlar isi
kiyik kabi sakra der nedir,
quloching qanotday silkib, sen esa
burgut bo‘lavergung baribir.
Sug‘urning sap-sariq bolasi – yumron
baqrayib boqadi hayiqmay
tutishga yo‘q sira hafsala, imkon.
Kurtiklab qolgan och ayiqday
burama shoxinimi qayraydi olqor
mo‘miyoli qot qirrasiga.
Sharshara – ishlari chiyralgan chiltor
ko‘lning kumush kungurasida,
oyog‘ing ostidan ko‘chib tosh-qiyir
borliqni bosadi guldirak,
ko‘zingga tahdidli tikilar g‘oyir
kecha tuxum yorgan qiyg‘irak
esingdan ayirar bir zum sehrlab.
Zar to‘la barkashdek oftob,
silab-siypalaysan tog‘ni mehr-la.
Hayot totli tuyular shu tob
childirma misoli chalging keladi
barkashni botirib ziyoga
oltinchi kun yashab qolging keladi.
Ishqing tushib bir kam dunyoda
do‘stim, chiqib ko‘rgin cho‘qqiga sen bir...

 
 OYKUMUSH

Oykumush oydinda soyga
Tushdi bir cho‘milgani.
Cho‘zdi qo‘l shotut shoxiga
Shohisini ilgani.

Titrayur yolborsa dur – 
Tugmasiga tegmasi.
Yopishub yolborsa dur – 
Yoqut yoqoda o‘lgani.

Emranib tebrandi soy,
Kordek badanga urdi yax.
Abraro burkandi oy,
Yoshruncha yuzin yulgani.

Sho‘x shamol o‘ynatsa shoxin
Mushku anbar anqitib.
Baridin tutmish shotut,
Qirmiziga ko‘milgani.

Sumbula-sumbul kokil
Suv yuzida ko‘rsatsa yuz.
Yuzdi yuzlab ajdaho
Ganjini ko‘z-ko‘z qilgani.

Chiqmadi yulduz yonib
So‘ng so‘ndi topmay bir iloj,
Olmosini olmosi-la
Na kesib, na tilgani.

Shohining ol dog‘ini
Odam xuni deb oldama,
Ol dag‘i may kim, ma’qul
Har kim Holini bilgani.
 

SIBIZIQ

Boybuvamning qizi – Suluv,
Ismidan ham o‘zi suluv.
Karashmali qarashlari
Ko‘nglimga solar ko‘p g‘ulu.

Suluvning yoshi o‘n beshda,
Yeng, yoqolari chimkeshta.
Qo‘lim uzatsam qunishar,
Qarchig‘aydan hurkkan qushday.

Quralaydi ko‘z, qosh... suluv,
Ko‘ksida muzdan tosh, Suluv.
Toshbag‘irligi mayli-ku,
Toydan asov – bebosh, Suluv.

Suluvni soyga endirsam,
Harsangtoshlarga mindirsam.
Sibizig‘amga sel qilib,
Kelinliklarga ko‘ndirsam...

Osmondagi, hoy, Oy suluv,
Yulduzlaringni yoy suluv.
Bu dunyolarda bormikan
Mendan ham o‘tgan boy, Suluv.

Suluv, suluvim, jon Suluv.


 BOYBICHA

Bog‘chasida boybicha
Sayr etar o‘z zaylicha.
Qushchaga aylansamu
Sayrasam ucha-ucha:

– Boybicha, ay, boybicha,
Bo‘zami bu ko‘zacha...
Esim og‘ib borodur,
Suvsablar icha-icha.

Boybicha, hey, boybicha,
Hozir kunduzmi, kecha?
Aqlu hushdan adashdim
Quyosh necha, oy necha?

Boybicha-ey, boybicha,
Rahming kelmaydi hech-a.
Nazzora qilsang netar
Bir bora o‘zdan kecha...

Boybicha, jon, boybicha,
Qushga karam qil picha.
Poyingni tavof etsin
Tuzog‘in yecha. Yecha...

Boybicha, voh, boybicha,
O‘zim to‘q, ko‘zim och-a.
Ko‘z oldingda jon beray
Ko‘zangni qucha-qucha.

Boybicha, oh, boybicha...


 SHUVILLAK

Shuvillagim shuvillar,
Ovozi guv-guvillar.
Tovushidan olar tin
Olis-yaqin ovullar.

Tinglar dara, ungir-g‘or,
Tog‘ to‘shida to‘nggan qor,
Junbishdagi har jondor,
Jo‘r bo‘lishar uvillab.

Zovlardan sado qaytar,
Qosag‘a qo‘shiq aytar,
Chalsam qayta va qayta
Ichim bo‘shar huvillab.

Shuvillagim shuvillar,
Zombirlar zuv-zuvillar.
Saqlayolmay sirlarin
Gullab qo‘yadi gullar.

Toshdan toshga sachrar suv,
Archa burgin to‘kar duv,
Bo‘y tarqatib charchar, huv
Shamol – kenja dovulga...

Oq o‘tovdan bir oqqiz,
Chiqar og‘zida saqqiz.
O‘n yetti yo o‘n sakkiz...
Bir-bir bosib himillar.

 
QIZ QO‘SHIG‘I

Bek bolasi betayin
Esa ena, netayin.
Qulog‘im qonatkanin
Qandayam unutayin.

Ovulni oralatib,
O‘tovdan mo‘ralatib,
Saman otin silaydi
Yuragim yaralatib.

Bo‘yi bo‘yimdan o‘tdi,
Bir o‘y o‘yimdan o‘tdi.
Bir ovuz gap qotolmay
Tilin chaynadi, yutdi.

Bek bolasi betayin,
Sadag‘asi ketayin.
Tushunmaydi ichimdi – 
Yo sinaydi atayin.

Sinasin-a sinasin
(Itam bir pas tin osin).
Hayit o‘tib ketgan so‘ng
O‘zi qo‘ysin xinasin...

Dardi dagar go‘shida,
Go‘shidamas, to‘shida.
Kunlar solay boshiga
Har kun kirib tushiga.

Bek bolasi betayin,
Gunayidan o‘tayin.
"O‘pka-gina” ginamdi
Olib ortga otayin.

Bo‘z-bo‘zgina, bo‘zgina,
Chalay chanqovuzgina.
Gumon tarqab tumanday,
To‘ylar bo‘sin tezgina.

Bek bolasi bo‘z bola,
Qurg‘ur qiyg‘irko‘z bola.
Kutib ko‘zi to‘rt bo‘ldi
Netay, menday qiz bola.

Bek bolasi betayin,
Sadag‘asi ketayin.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1062 | Рейтинг: 0.0/0