Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Muhammad Olim Labib
ONA TUPROQ

Qush har qancha uzoq uchsa ham,
Adashmaydi oshiyonidan.
Qish gullarni parpar qilsa ham,
Bulbul kechmas gulistonidan.

Xohi kuzda, xohi ko'klamda,
Unutmasa bulbul bog'ini.
Qanday qilib odamiyzoda
Unutadi o'sgan tog'ini?!

Andxuyim*, ona tuprog'im, 
Sen chiqmaysan esimdan bir dam.
Seni yo'qlab, vasfing yozgani,
Oldim yana qo'limga qalam.

Sendan buyuk, sendan go'zalroq,
Dunyoda ko'p shaharu qishloq.
Biroq, mening ko'zimga ular,
Qaydadiru senga yetishmoq?

Senda tilim so'zga qovushgan,
Orzularim tug'ilgan senda.
Sen tufayli hosil bo'lgandir
Har nimaki bor erur menda.

Ko'klamingning ko'k nafasidan,
Maysa o'sib, kular lolalar.
Chuchmomalar terib yuradi,
Ko'm-ko'k dalalarda bolalar.

Dashtlaringda turli-tuman gul,
Ochiladi qizil, sariq, oq.
O'tloqlarda bolari o'ynab,
Qazir jag'ashi va yer yong'oq.

Bog'u chamanlaring siriga,
Yashil kiyib kelganda bahor.
Qushlar sayrashini sahar chog'
Eshitishning ajab kayfi bor!

O'likka ham jon bag'ishlarsan,
Mushkim havong bu so'zga guvoh.
Sening dalalaringda o'sgan,
Ming bir dardga davo har giyoh.

Mevalaring vasfini yozsam,
Qalamimning tili shiralar.
Bir xum asal har bir qovuning
Har bir tarvuz bir ko'za shakar.

Bog'laringda sochini yoyib, 
Yotgan har yon ko'k o;rimli tok.
Bir-biridan totliroq senda
Pishgan olma, uzum, o'rik, nok.

Sensan uzoq o'tmishga ega,
Tarixing ham jahonga ravshan.
Senda o'tgan buyuk olimlar,
Rivojlangan ilm, adab, fan.

Bor ishonchim bu yangi zamon,
kim sanoqli oyu yil o'tar.
Burungidan ming barobar ko'p,
Xalqim seni yanaor yashnatar.

Xalqimning mehnati tufayli,
Kahkashondan oshar shavkating.
Doim yashab erkin va obod,
Bu dunyoni tutar shuhrating.

Omon-eson yasha har doim,
Sendan mening erkin, jon sog'im
Tinchlikda yashnab olg'a bor,
Andxuyim, ona tuprog'im.
____________
* Andxuy - shoir tug'ilgan joy nomi.


OTA

Qancha muqaddasdir ota degan so'z,
Oliy tushuncha bu haqiqatda ham.
Tilda majoli yo'q uning sharhiga,
Sifatin yozgali ojizdir qalam.

Shunday ham bo'lsa bu mavzu bilan so'z
Ochibsan-ku deya mendan so'rarsiz,
Netay, bu nom juda qalbimga yaqin,
Ko'ngildan, hayotdan, jondan azizroq,
Haqiqatning buyukligi bilan teng,
Deya beraman javob.

Oxir tuyg'ularin o'z majolicha,
Tasvirlashga haqqi bor-ku shoirning.
Shu kabi mening ham ehsos-fikrimni
Aytilgan tushuncha o'rab olgan chun,
Ota deb boshladim o'z dostonimni.

Ota - er orqasi, er takyagohi,
Ota - farzandining pushtu panohi,
Ota - dil quvvati, ko'z oydinligi,
Ota - mehr bulog'i, muhabbat koni,
Ota - baxtu tole' gulining bog'i,
Ota - farzandining ruhu ravoni.

Ne uchun Vatanni, bu keng tuproqni,
Bunchalik qirg'oqsiz katta bo'lsa ham,
Cheksiz boyliklari, konlari bilan,
O'rmonlari, bog'-bo'stonlari bilan,
Noz-ne'matga to'la xonlari bilan,
Ota Vatan, ona Vatan deydilar?

Bu uchun kim haqiqatda ota ham,
Mehrga kon bo'lgan qalbi ona ham,
Vatandek muqaddas, Vatandek ulug',
Vatan qo'yni kabi qo'yni jonparvar,
Balki rostin desam undan muqaddam,
Ne uchunkim Vatanning haqida ham,
Ular tufayli bo'larsan boxabar,
Vatanparvarlikka ular o'rgatar,
Seni yosh boshingdan aytib maqollar:

"Bulbul agar chamanni sevar bo'lsa,
Odam og'li, bali, Vatanni sevar".
Vatansevarlik ham ona shu uchun,
Ota-ona mehri bilan boshlanar,
Ota-onasini sevmagan kimsa,
Bo'la olmas hech qachon vatanparvar.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1100 | Рейтинг: 0.0/0