Zamira Ro‘ziyeva
OSHIQ ETMISH Ul yorkim safti sohir ruxsori oshiq etmish, Qarashlarinda zohir asrori oshiq etmish. Ko‘klarda erur sha’ni, fayziyobdur gulshani, Or yo‘linda jon-tani nisori oshiq etmish. Bo‘lsa hatto bir onlik vasli dilga komronlik, Yarashadi sultonlik viqori oshiq etmish. Muhabbat tilida nay, kuylayotir paydar-pay, Ming yil ham to‘kilmagay ohori oshiq etmish. Oshiqliging – tillo toj, bo‘lsa arzir jon – xiroj, Chorlagay arshu me’roj, uzori oshiq etmish. * * * Kimki Hotam, ko‘ngliga ummon nasib, Qilsa torlikdan xazar, osmon nasib. Qaysi dil pokiza bir suhbattalab, Poklanib ochsa eshik, mehmon nasib. Charxlanib kuch topgusi kun-kun sabot, Ishqi komillarga gar hijron nasib. O‘rtanur jon fidoyi oshiq uchun, Qaytsa yordin xiyonat, yolg‘on nasib. Muhabbatni xor etar kim, nobakor, Umrining borichadur pushmon nasib. Yaxshilikka zor bu ochun, yaxshiga, Benazir hurmat bo‘lar oson nasib. Qahridillik ne uchun, dilga bahor, Yarashgay nayson nasib, bo‘ston nasib. Mehribonlar ko‘p esa, yurtning yuki Yerda qolmas, dardiga darmon nasib. Ey Zamira, yor aziz, andin Vatan, Azizroq deb sev, senga imon nasib. SENINGSIZ... Ifor qani, gulzor qani seningsiz, Tanimaydi gullar mani seningsiz. Lolazorlar lovullashi na darkor, Yondirmasa gar gulxani seningsiz. Oshiqman deb gul tutgan ko‘p, vo darig‘, Yor deyolmam hech bittani seningsiz. Gahi armon, gahi sog‘inch chulg‘agay, Umrimdagi har lahzani seningsiz. O-yu oftob ilinsa-da shifo nur, Tuzatolmas men xastani seningsiz. Yuzlashganda yorab, yupanch tutolmas, Na Andijon, na Toshkani seningsiz. Senga-ku baxt tilagayman, valekin, Baxti kulmas Zamirani seningsiz. BIR GO‘ZAL BOR Bir go‘zal bor, sochin yoysa, quyuqlashib ketar tun, Gar oftobga yuzin chaysa, tiniqlashib ketar kun. Barmoqlari chertsa soz, ohangga aylanib noz, Allalab elitgaydir, ko‘ngilni sirli afsun. Yuvilib araz, g‘ashlar, yumshab borodir toshlar, Kechagi ko‘zi yoshlar, bo‘lolmas bugun mahzun. Ko‘payadi yaxshilik, sepin yoyar yashillik, Muhabbatga bosh egib, yasharar ko‘hna ochun. Sehrga, o‘tga tushdim, oshiq deb xatga tushdim, Ul go‘zalni Layli deng va meni atang Majnun. * * * Parishondur sochim sabodan keyin, Nafarmondur ochun navodan keyin. Ko‘ngil mulki ichra qimmatli ne bor, Bari sadoqatdan, vafodan keyin. Na ko‘kka, na yerga yarashmas qahr, Boychechak taratgan sadodan keyin. Xojalar ne topsin ostonasidan, Yig‘lab quruq qaytgan gadodan keyin. Muhabbatning ko‘zi ko‘r bo‘lsa netay, Men toshni sevibman Xudodan keyin. * * * Dunyoning bir kami menda ko‘rindi, Yuz-ko‘zimni topgan mungda ko‘rindi. Muhabbatning qadri to‘kilgan kunlar, So‘z topmay to‘liqqan gungda ko‘rindi. Iforlar gulniki, zorlar dilniki, Yolg‘onlarning cho‘g‘i chinda ko‘rindi. Ko‘ngilniki bo‘ldi ming bitta og‘riq, Isitmasin tafti mingda ko‘rindi. Oyday orzularni tumanlar yutdi, Izlar sarob sari qumda ko‘rindi. Kim aldab adashdi, kimdir aldanib, Tun ichra gunohlar cho‘ngda ko‘rindi. Eng avval vafolar ketdilar tashlab, Jafolari keyin, so‘ngda ko‘rindi. Darddan ogoh tushlar suvda jim oqdi, Xiyonatning hukmi o‘ngda ko‘rindi. Zamira, naql top, noma bit bugun, Dunyoning bir kami menda ko‘rindi. * * * Oshiqlikning taxti menga tayin bo‘ldi, Sog‘inchlarda o‘rtanish on sayin bo‘ldi. Sokin erdim orazin to ko‘rgunimcha, Olovlarda yonishlik so‘ng, keyin bo‘ldi. Yuzim bossam azobimdin olar bir-bir, Manga sirdosh oq terak, oq qayin bo‘ldi. Subh chog‘lar mujda kutdim nasimlardin, Menga taskin tutar barlar mayin bo‘ldi. Jafosi bor bo‘ldi-yu, yo‘q anda parvo, Nahot ishqim jafokashga o‘yin bo‘ldi. Ey Zamira, sehr topdim, sabr topdim, Faqat ul yor dilin topmoq qiyin bo‘ldi.
| |
Просмотров: 970 | |