Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Sirojiddin Sayyid
ILINJ

Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan, 
Kipriklarim o‘psalar bas gardlaringdan. 
Men bir nasim bo‘lib keldim, men bir nasim, 
Aytib o‘tsam deyman ko‘hna dardlaringdan.

Almashdilar seni nomu rutbalarga, 
Munglug‘ bo‘lib qolding botib shubhalarga. 
Hilollaring qaytar yana qubbalarga, 
Moziylarga so‘ylab-so‘ylab zorlaringdan.

Menga qadim minorlardan bir sas yetar, 
Shul sas mening ko‘nglim oxir serfayz etar. 
Menga dunyo kerak emas, bir xas yetar 
Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan.

Oqsaroyga qay kunki yuz burgandim men, 
So‘nmish shonu shavkating deb kuygandim men. 
She’r aytishni sal-palgina o‘rgandim men 
Chinorlarda yig‘lab yotgan barglaringdan.

Bu dunyoda ko‘ngillarga chirog‘ yoqsam, 
Mozorlaring sukutidan saboq olsam, 
Tiniqqina buloq bo‘lib oqib qolsam 
Olloyorlar nazar qilgan jarlaringdan.

ALAMLI DUNYODA

Qo‘llarim shoxlarday zor qolgan kunlar, 
Dil ketib, valekin or qolgan kunlar 
Sen ketding, muzladi o‘ng ila so‘lim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Suvlarda sadosiz sindilar oylar, 
Afsunday jim, sokin okdilar soylar. 
Tugunlarin ochib yillar va oylar 
O’tdilar, sen hamon tili tugunim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Sendan so‘ng ko‘nglimni beomon yanchib, 
Ne suluvlar o‘tdi o‘zicha ranjib, 
Baland poshnalarin ko‘ksimga sanchib, 
Bevaqt so‘ldirdilar sehru jununim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Mung‘ayib qoldilar umid bog‘lari, 
Mangu zirqiraydi bag‘ir dog‘lari, 
Bog‘larning dudlari hamda zog‘lari 
Mening fig‘onimdir ham mening kulim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Bu holim ko‘rganlar taqdir, deydilar, 
Taqdir azal-azal hakdir, deydilar, 
Chin qalblar hamisha toqtsir, deydilar, 
Qanday san’atdir bu, qandayin ilm? 
Alamli dunyoda alamli gulim.

Senga shamim shomlar munglar keltirib, 
Menga tiriklikdan aytib, bildirib, 
Kuygan ko‘klamlarning o‘rnin to‘ldirib, 
Ko‘ksimda yashaydi eng go‘zal o‘lim, 
Alamli dunyoda alamli gulim.

* * *

Teskariga oqqan daryolar qaytdi, 
Tog‘larda yo‘qolgan sadolar qaytdi, 
Meni izlab ketgan nidolar qaytdi, 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.

Somonlar yanchilmay qolgan kuz payti 
Adirlar za’faron alvido aytdi. 
Meni olib ketgan podalar qaytdi, 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.

Bu ko‘cha, bu hovli, bu uy, bu tandir 
Bir kun seskanadi, sassiz siqtaydir: 
O’n yil g‘oyib bo‘lgan olapar qaytdi! 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.


Qoldirib ketdimmi uni dashtlarga? 
Yoki topshirdimmi shiddat, shashtlarga? 
Bo‘zlab chorlasam-da, bitib xatlarga 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.

Qaldirg‘ochlar qaytdi. Toylar ot bo‘ldi. 
Yurtning tog‘u toshi menga yod bo‘ldi, 
«Uh» deganim mening xotirot bo‘ldi, 
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi...

PAHLAVON MAHMUD

Sening hasratlaring uzun, 
She’rlaring qisqa. 
Ne-ne gado ko‘rding,
ne sulton ko‘rding. 
Nuh ming yil yashadi –
Ko‘rdi bir to‘fon. 
Sen
Nuh bo‘lmasang ham,
ming to‘fon ko‘rding. 
Birovdan taxt qoldi, 
Birovdan - daraxt.
Sendan meros qolmish baytlar -
tug‘yoning. 
...Gar ko‘ylak tiksalar armonlaringdan, 
Egni but bo‘lardi yupun dunyoning.

* * *

Birodar!
Qo‘lda jom, ko‘zda yosh nadir?
Savdolar ichinda yolg‘iz bosh nadir?
Nasihat nimadir?
Bahs-talosh nadir?
Fano darvozasi abad yopilmaydi.
Dunyo topiladi,
Odam topilmaidi.

Birodar!
Oshiqlik bahordir - o‘tgay.
Bu toshqin tuyg‘ular daryodir - o‘tgay,
Goh ko‘ngil berganing xatodir - o‘tgay,
Umid g‘unchalari doim ochilmaydi,
Dunyo topiladi,
Odam topilmaydi.

Birodar!
Umrni farzona etgil.
Neki dardmandliqdir darmona etgil,
Neki armonliqdir tarona etgil,
Har dil ham she’r bo‘lib nur socholmaydi,
Dunyo topiladi...
Odam topilmaydi.

Birodar!
Dunyodan nechun shikoyat?
Nechun bu tuganmas mahzun hikoyat?
Tiriklikning o‘zi buyuk inoyat.
Shudir o‘tganlarning eng komil bayti:
Dunyo topiladi,
Odam topilmaydi.

* * *

Men ishq elining nolayu afg‘onida kuydim, 
Ko‘ngil uyining otashi armonida kuydim.

Mehrin tilabon o‘tsa agar oshiqi zorlar, 
Mehrimni berib men esa tovonida kuydim.

Mushkul edi yo‘l, ranj ila izhoriga yetdim, 
Sizlar ko‘yida, men esa domonida kuydim.

Do‘st kim, raqib kim, haq birla hakim kim, -
Bilmay aslin lol ila hayronida kuydim.

Har yon sado berdi maning zori dilimga, 
Intildimu lekin dag‘i har yonida kuydim.

Dunyoyi azalning g‘azaliy matla’i buldur: 
Boshlab hama ishni ani poyonida kuydim.

Ham maksadu, ham matlabu, ham dardu va ham ishq, 
Ham ishq elining nolayu afg‘onida kuydim.

* * *

E, Xudoyim, dushmanim mard bo‘lsa bas, 
Ko‘ksim ichra otashin dard bo‘lsa bas. 
Kiprigimga Mavlaviydan bir g‘ubor, 
Yassaviydan zarra bir gard bo‘lsa bas.

* * *

Umr desang, obu gil kuyar, ey do‘st, 
Bir onda ne oyu yil kuyar, ey do‘st. 
Ko‘kdan yulduz uchsa, yelkang kuygaydir, 
Yerga bag‘ir bersang, dil kuyar, ey do‘st.
DIYDOR

Ota uyimizda yozu kuz, bahor,
Aka-ukalaru opa-singillar,
To‘plangan paytlari takror va takror,
Porlaganday bo‘lar o‘nlab qandillar.

Quyuq xotiralar piyolasidan
Esdaliklar ichib o‘tirar onam.
Diydoru shodliklar shalolasidan
Barcha xandon bunda,
Do‘stu yoron jam.

Tinib qolgandayin go‘yo atayin
Yog‘och so‘rimizning tepasida oy.
U ham sovub borar tun o‘tgan sayin,
Misli bir piyola to‘la sariq choy.

Bahor kelaversin takror va takror,
Bizning tongimizni g‘arib shom qilma.
Davom etaversin hayot va diydor,
Xudo, shu damlarni parishon qilma.


VATAN

Dil porasi, ko‘z qorasi sen o‘zingdirsan,
Mening ko‘nglim sen aslida, sen ko‘zimdirsan.
Tomirimda tomir yoygan ilk so‘zimdirsan,
Ilk og‘rig‘im, ilk yomg‘irim, naysonim, Vatan.

Qir ustida yonboshlagan bobom chaylasi
Bu dunyoda kimlarningdir orzu-havasi.
Dimog‘imda — yulduz isi,shabnamlar isi,
Momom ekib ketgan kashnich, rayhonim, Vatan.

Quloq solsam shivirlagay hatto toshlaring,
Oyu quyosh, kamalaklar ko‘zu qoshlaring.
Beshigimni tebratgandir qaldirg‘ochlaring,
Oyu quyosh ko‘rpa solgan ayvonim, Vatan.

Bo‘ronlari tulporlarga tunlar yol bo‘lgan,
Bir o‘g‘loni chinor, biri majnuntol bo‘lgan.
Temurlari ot minganda jahon lol bo‘lgan,
Jahonlarga timsol shohu sultonim, Vatan.

Valilardan ibrat so‘ylar qadim sahrolar,
So‘ndi qancha saltanatlar, qancha tug‘rolar.
Maqbaralar aytsin lekin, aytsin Zuhrolar:
Yer ostidan suhbat aylar hanuz Kubrolar,
Termiziylar bedor yotgan qo‘rg‘onim, Vatan.

Ne tong edi — izg‘irinlar zahrini totding,
Dasturxonda muztar qoldi qandu naboting.
Shahidlaring nomlaridir har bir raboting,
Abadiy yod erur asli adabiyoting,
Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy ham Usmonim, Vatan.

Gard qo‘nmasin toki sening kipriklaringga,
Kipriklarim kiprik qilay ko‘priklaringga.
Malham bo‘lmoq uchun asriy og‘riqlaringga
Bulutlaring suzib yurar ko‘k, qirlaringga,
Uyg‘oq ruhlar osmonida posbonim, Vatan.

Naqshlaring qutuldilar kishan-bandlardan,
Xatlar oldim yuragimga Naqshbandlardan,
Afrosiyob bilan tengdosh kuy, ohanglardan.
She’rlarimga ranglar oldim Samarqandlardan,
Gohi moviy, gohi zangor dostonim, Vatan.

Ulug‘laring xokini men yuzlarga surtay,
Dilimdagi eng muqaddas so‘zlarga surtay,
Onamdayin aziz nonu tuzlarga surtay.
Ozod bo‘lgan oyatlarin ko‘zlarga surtay,
O‘z yurtiga qaytib kelgan Qur’onim, Vatan.

Men dunyoni ne deb aytay? Bu bir ko‘hna bog‘,
O‘z bilganin sayrar bunda har qumri, har zog‘.
Aslo sening bag‘irlaring ko‘rmayin men dog‘,
Yulduzlarga osmon bo‘lgan ey nurli tuproq.
Osmonlari yer-u, yeri osmonim, Vatan.

So‘qmog‘ingda men bir epkin yo bir nasimman,
Yaproq sening, xas bo‘lsam gar sening xasingman.
Jayronlaring ko‘zlarida qolar so‘zingman,
Mening borim sen bilandir, yo‘g‘im sen bilan,
Katta yo‘lga chiqqan ulug‘ karvonim, Vatan.
1994, 2007


* * *

Navoiyning g‘azallari –
            So‘zdan ungan vatanlar,
Dil qonidan, ko‘z yoshidan 
            sug‘orilgan chamanlar,
Bunda bulbul o‘lsa agar — 
            gul qoniga yuvgaylar,
Bunda oshiq o‘lsa agar 
            guldin bo‘lur kafanlar.


DARYO

Kim shamol,
Kim otda uchib yelishdi,
Peshinmi, shom chog‘i va yo ertalab
She’riyat shahriga kirib kelishdi.
Men To‘polondaryoni keldim yetaklab.

Sehrli bu shahar,
Go‘zal bu shahar
Va’da aylar edi jozib ertaklar.
Zangor davozasin ochib bir sahar,
Men To‘polondaryoni kirdim yetaklab.

Bir paytlar hazrati Xizrlar yanglig‘
Kezgan ustozlarning qutlug‘ makoni.
To‘tilar yurardi vazirlar yanglig‘,
Men yurdim yetaklab To‘polondaryoni.

Nozik guloyimlar tashbehlar uzib,
Chalg‘itib yurardi o‘ngu ro‘yoni.
Tonggi ko‘chalarning sukutin buzib,
Yetaklab keldim men To‘polondaryoni.

Yarim oshqozoni yo‘q bulbul bilan 
Do‘st tutindik keyin to‘shab bo‘yroni.
Men unga termuldim,
U menga diltang:
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?

Ulug‘ ummonlarning tovush, sasiga
Dil berib, o‘rgandik nazmiy dunyoni.
So‘ngra Yozuvchilar uyushmasiga
Yetaklab keldim men To‘polondaryoni.

Hay’at qabuliga kirdik so‘ng sekin,
Hay’at bizga, biz ham hay’at hayroni.
– Sizni qabul qildik mayliga, lekin
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?

Uyli-joyli bo‘ldi shoirlar qator,
She’r axir ko‘ngilning erka jayroni.
Bizning ham endi o‘z ro‘zg‘orimiz bor,
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?

She’riyat, she’riyat –
Yoddir, faryod ham,
Ne zotlar dil aro yosh olib ketdi.
Men olib kelganim toshqin daryo ham
Bir tong xayrlashmayin bosh olib ketdi.

Balki chidolmadi hasadgo‘ylaru
Men tanishtirganim do‘stu yorlarga.
Bir-birin ko‘rolmay yurgan ko‘zlaru
Ko‘ngli qarolar ham ichi torlarga.

Loyqa davralardan g‘amlarga to‘ldi,
Ketdi. Yillar o‘tdi. O‘zgardi zamon.
Bugun To‘polondaryo suvombor bo‘ldi,
Men uni yetaklab yuribman hamon.


MIR TEMURIY QOVUNLAR

"Sayhun suyining shimoli tarafidagi qasabalar: bir Axsidur. Kitoblarda Axsikat bitirlar... Umarshayx mirzo muni poytaxt qilib edi. Sayhun daryosi qo‘rg‘onining ostidin oqar... Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir nav’ qovundirkim "Mir Temuriy” derlar, andoq qovun ma’lum emaskim olamda bo‘lg‘ay”.
(Zahiriddin Muhammad Bobur. «Boburnoma», sakkiz yuz to‘qson to‘qqizinchi (1494) yil voqealari).

Men baxtimdan mudom yurdim ilgari,
O‘tdi yana ramazonu iydlari.
Dimog‘imdan hargiz ketmadi nari
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

O‘z bobomdan yodgor qolgan ziroat,
Anglarmidi buni Hirot, hindlari.
Bu ne sog‘inch erur, ne sir-sinoat —
Mir Temuriy qovunlarning hidlari?

G‘urbat otim jilovini qo‘yvormay,
Bayram qildi dardu hasrat itlari.
Esib turdi qay yergakim men bormay,
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

Achchiq chog‘ir berdi menga davronim,
Kosa tutdi doim hijron rindlari.
Bu dunyoda endi yolg‘iz armonim —
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

Past ketsa charx, ko‘rsatsa-da ming o‘yin,
Baland bo‘lgan sultonlarning didlari.
Tark etmasin seni, o‘g‘lim Humoyun,
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

Saltanat ham tutab bitdi ohimdan,
Duo aylang beklari, sayidlari.
To qiyomat anqir endi xokimdan
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.


KALLA HAQIDA YALLA

Olam ichra olmas orom kalla bu,
Bir ajib qopqog‘i bor jom kalla bu.

Qo‘sh quloq — tutqichlari bordir ajib,
Gohi nobop, gohi nokom kalla bu.

Odamizot miyasiga ul panoh,
Gohi-gohi ketguchi tom kalla bu.

Aylanur charxi falakday, dahr aro
Gohi paydo, gohi gumnom kalla bu.

Umr shomida oqargay tong misol,
Umr tongida qaro shom kalla bu. 

Kechalar qo‘yning aro yaltiragan
Tarvuz ermas, ey dilorom, kalla bu.

Moshqovoqdir pishsa mosh birlan qovoq,
Oshqovog‘i pishmas hech, xom kalla bu.


ALLOMA BILAN SUHBAT

Fikr etsang asta-asta muk tushib bo‘yroga ham,
Asta-asta borgung oxir ko‘kdagi Zuxroga ham.

Ey hilolning sen qulog‘iga azon aytgan Zamin,
Senga tug‘ro berdi ko‘k, ko‘rk berdi u tug‘roga ham.

Bu tafakkur olamidir, bu — tasavvur olami,
Ham tasavvuf, ham taassuf, o‘xshagay ro‘yoga ham.

Bir tomondan yastanibdir Yassaviy hikmatlari,
Mengzaru karvon o‘tar so‘ngsiz kuyuk sahroga ham.

Bir tomoni Mir Alisherdek ulug‘ ummon erur,
Bir tomoni o‘xshayur Jayxun misol daryoga ham.

Suhbat etsang asta-asta Najmidin Komil bilan,
Asta-asta yetgung oxir Najmidin Kubroga ham.

 

USTIMIZDAN O'TGAN OYLAR

"Ustimizdan o'tgan oylar"
Yarim edi, to'lin edi.
Ko'nglim edi, ko'ngling edi
Ustimizdan o'tgan oylar.

Suvlar u payt billur edi,
Ketmasak ham bo'lur edi.
Bir narsani bilur edi,
Ustimizdan o'tgan oylar.

Kiyik ko'zing-suzuklaring,
Sirg'alaring, uzuklaring,
Sening bilakuzuklaring -
Ustimizdan o'tgan oylar.

Keyin olam rangga to'ldi,
Qancha qizlar yanga bo'ldi.
To'ylaringda tanga bo'ldi,
Ustimizdan o'tgan oylar.

1990

YOG'OCH SO'RI

Yog'och so'ri, bu dunyoda nima ko'rding?,
Nima ko'rdim bu dunyoda, yog'och so'ri?
Kechalar sen yolg'izgina o'ylar surding,
Mening esa ado bo'ldi qalbim qo'ri.

Onam yanglig' mushfiq oylar yorug'ida
O'qimagay endi singlim yozgan xatim.
Qay bir aziz devorlarning yorug'ida
Xazon yanglig' qolib ketdi muhabbatim.

Boshing uzra oltin to'kkan o'rik qani?
Qani otam o'tqizgan ul toyfi uzum?
Mung'aytirmish yillar yomg'irlari seni,
Ariqlarga ko'milmishdir maning yuzim.

Mana bu-men onam bilan tushgan surat,
Otam bilan suratlarga tushmabman ham.
Umr nadir? Bir lahzalik suhbat faqat.
Bu suhbatga men bir hikmat qo'shmabman ham.

Kuz kelganda hovlimizga ochib eshik,
Ne so'ylading diydiragan chumchuqlarga?
Men ko'nglimni g'oz-g'oz etib, ipday eshib,
Topshirmishman bir shafqatsiz urchuqlarga.

Bolalik yo'q. Yo'qdir sirli qutichalar,
Qayda qoldi bahorimning jolalari?
Hovlidagi pastu baland musichalar
Musichamas, bu akamning bolalari.

Bunda o'sgan gullar har qayga sochilgan,
Sen alarni mahzun, xomush o'yladingmi?
Bir kechada hovlida oppoq ochilgan
Olcha guli opamning chit ko'ylagimi?

1995

BAG'ISHLOV

Uzun-uzun karvonlar,
Hazin-hazin zamonlar,
Zarbof-zarbof choponlar,
Qator-qator a'yonlar,
O'tdi ketdi hoqonlar
Qancha beku boyonlar,
Bir el qoldi dunyoda,
Bir el qoldi yoronlar!

Halolligu poklikdan
Uyiga eshik etgan.
O'zi erday, er ishlab
Tuproqni qo'shiq etgan.
Ko'kda oy,quyoshlarni
Ko'rkiga oshiq etgan,
Yuragida tog'laru
Ko'kragida osmonlar.

Xudo o'zi hohlasa
Imkonlarga yetkizgay,
Daryolarga mavj berib,
Ummonlarga yetkizgay.
El qadriga yetguvchi
Sultonlarga yetkizgay,
Toleiga bitgaydir
Ulug' davru davronlar.

Dilbandlari o'smoqda,
Ko'zlari jonga jondir.
Birlari Jaloliddin,
Birlari Shohjahondir.
Har biri bir qo'rg'ondir,
Qilich birlan qalqondir
Bu qadu bu qomatlar,
Bu qoshlar, bu mijgonlar.

Farzand bo'lsang, elga boq,
Elni ko'r, elga aylan.
Olamda nokas ham ko'p
Elu dinidan qaytgan,
So'z qadriga yetkuvchi
Zotlar ham bilib aytgan:
Qaydan bilsin el qadrin
El ko'rmagan nodonlar!

2000

ODDIY TILAKLAR

Ko'ngillarga safo bergil,
Soflik beru oqlik ber.
Muhabbat ber, muruvvat ham
Mehr ber, mushtoqlik ber.

Otalarga farog'at ber,
Va rohat ber bus-butun,
Onalarga saodat ber,
Umr beru sog'lik ber.

O'g'lonlarga iqbol bergil,
Iymon bergil salomat,
Shijoat ber, oru nomus,
Doim ko'ksi tog'lik ber.

Latofat ber qizlarga ham,
Malohat ber, sadoqat,
Yana husnu chiroyiga
Baxtini ham bog'liq ber.

Yor ko'ksidan panoh bergil
Sevib sevilganlarga.
Sevganlarga yor zulfidan
Dorlik ber, sirtmog'lik ber.

Ayvonlarga munavvarlik
Oy va quyosh mehridan,
Har bir uyga beshiklik ber,
Allalik, uyg'oqlik ber.

Kim bo'lmasin, to'kis ayla
Rizqu nasibasini,
Chekkan ranju zahmatidan
Har on vaqtichog'lik ber.

Do'stlar safin mastahkam et,
Ahil etgil, ittifoq.
Dushmanlarning qatoriga
Toqlik ber, tarqoqlik ber.

Havolanmoq nechun axir,
Insonmiz-ku hammamiz,
Har kimga ham insof bergil,
O'zingdan qo'rqmoqlik ber.

Jilg'alarga javlon bergil,
Chopsin qo'zichoqlarday,
Cho'qqilarga zalvor bergil,
Qorlik ber, viqorlik ber.

Sen qo'llading,keldi oxir
Chechaklarga bul Vatan,
Endi ketmas haqiqatga
Elimga dilxohlik ber.

Endi aytmoq uchun uning
Dunyoda borligini,
Mening shoir dillarimga
Dardkashlik ber, dog'lik ber.

1998

MANGU NOMLAR

O'chmas Yer yuzida Buxoro nomi,
Toki yashar ekan Buxoriy nomi.

Mangu esaverar Termiz ellari,
Toki nur taratgay Termiziylari.

O'pdi bu tuproqdan neki jon border,
Hazrat Yassaviy bor-Turkiston bordir.

Amudaryolari abadiy azim,
Manguberdilari mangu Xorazm.

Ulug' Temurxonning shavkatu shoni,
Shahrisabz, Samarqand-jahon ayvoni.

Dunyo g'urbatiga nazar tashlablar
O'tdi Boburlaru o'tdi Mashrablar.

Garchi osmon qadar afg'on etdilar,
Ular Vatan nomin osmon etdilar.

Uzilmas bu yurtdan iymon torlari,
Toki hikmat so'ylar Olloyorlari.

Ey, boshidin oyog'i ruh va yod, Vatan,
Ulug' siymolari barhayot, Vatan.

Sening dovrig'ingu shoning o'chmagay,
Abadiyat qadar noming o'chmagay!

2000

MIR ALISHER

Tiriklikning bongi Navoiy,
Buyuklikning rangi Navoiy.

Bir yorishdi zim-ziyo olam,
Turkiylarning tongi Navoiy.

Besh asrlik ro'yodur dunyo,
Besh asrlik o'ngi Navoiy.

Bir ummonkim, ibtidosi yo'q,
Yo'qdir uning so'ngi-Navoiy.

O'tgan sayin ildamlab ketgay,
Borgan sayin yangi Navoiy.

Vatan kabi poyoni yo'qdir
Vatan kabi mangu Navoiy.

2000

KO'NGIL

Ko'ngil bu-ko'ngildan yulish demakdir,
Yulib yana unda qolish demakdir.

Ko'ngil degani bu-cheki yo'q sog'inch,
Bir umr sevinish, nolish demakdir.

Unda Jomiy yashar, Navoiy yashar,
Ko'ngil-shu zotlarni bilish demakdir.

Ko'ngil ishq uchundir, muhabbat uchun,
Agar unda ishq yo'q, kalish demakdir.

2000

TO'RTLIKLAR

Men bunda har dildan navolar oldim
Har giyoh,har guldan sabolar oldim.
Oq fotiha oldim oppoq tog'lardan,
Azim chinorlardan duolar oldim.

* * *

Ko'ringan tog'larning qoyalaridir,
Ul ota-bobomning soyalaridir.
Osmonga intilgan baland cho'qqilar,
Erk deya yuksalgan g'oyalaridir.

* * *

Vatan,bo'stnlaring ozoda bo'lgay,
O'g'il ham qizlaring jonzoda bo'lgay.
Sultonday qad rostlar har bir daraxting,
Ochilgan har guling xonzoda bo'lgay.

* * *

Mening Vatan ichra vatanlarim bor,
Mangu zavol bilmas chamanlarim bor.
Termiziylar yanglig' xazinalarim,
Buxoriylar kabi ma'danlarim bor.

* * *

Ota,bu dunyoda har so'z sotildi,
Begona sotildi ham do'st sotildi.
Yaxshilik istabon o'tgan umringiz
Choponday eskirdi, to'zdi, sitildi.

* * *

Yarim minorlarim yer ostidadir,
Men deb yonorlarim yer ostidadir.
Sening chinorlaring yer uzra, ey do'st 
Mening chinorlarim yer ostidadir.

* * *

Qabrlar-elning jim naqllaridir,
Asli tiriklikning maqollaridir.
Ungan maysalarni yulib tashlama,
Bu-ota-bobongning soqollaridir.

2000

BIR SOG'INCH

Manguberdi tug'ilgan kunda
(Bu bir doston bo'lar ehtimol)
Xorazmda yo'llar qurildi,
Yo'llar jahon bo'lar ehtimol.

Vatan bo'lgan ming bir ajdodga
Yana kelar ming bir avlodga
O'sha kunda qurilgan uylar
Ota makon bo'lar ehtimol.

So'rab ko'rsang gar bir maysadan,
Raqam so'ylar yuz ming nayzadan.
Maysadagi shabnam larzadan
Shonlar ummon bo'lar ehtimol.

Mangu kuyga chulg'angan diyor,
Bir soz tinsa to'lg'ongan diyor.
Komiljonlar uyg'ongan diyor
Mangu bo'ston bo'lar ehtimol.

Bunda har dil kuy to'liq ziyo,
Tug'ilgan har o'g'il-bir dunyo.
Feruz bo'lar, Ogahiy va yo
Omon Matjon bo'lar ehtimol.

Bir sog'inch bor-gulning rangida,
Torlar titrar ko'ngillarimda.
Bu she'rim ham singillarimga
Bitta mujgon bo'lar ehtimol.


Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1519 | Рейтинг: 1.8/5