Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Shoyim Shernazar
SARDOBA

Cho‘ng kaftida suv uzatgan sardoba,
Chanqog‘ini qondirgan ko‘-o‘p karvonlar.
Bundan o‘tgan fotih, lo‘li aroba,
Xotiraga cho‘kib ketgan davronlar.

Bunda kelgan tunda oy sirlashgani,
Cho‘pchak aytib ketgan qancha bo‘ronlar.
Mana shu yo‘l, tuproqqal’a vatani,
Yuragining bir parchasi karvonlar.


* * *

Eski qishloq, eski xotira,
Ishkom... so‘ri... bahru bayt yodi.
Olov bo‘lib yonardi misra,
Farishtalar aylar sir – jodu.

Tuyg‘ularim qishloqda qoldi,
Seni shahar olib ketganmish.
Armon meni bag‘riga oldi
Va ayladi devona darvesh...

Hali-hanuz ishkom tagida,
G‘amim mayga solib ichaman.
Yaralangan qush ahvolida,
Har kun tushlarimda uchaman.


* * *

Oromimni o‘g‘irlar tunlar,
Derazamdan oy mo‘ralaydi.
Devorsoat... aylanar millar,
G‘aflatni bir chetga quvlaydi.

Tuyg‘um tutqich bermaydi asov,
Uzo-o-oqlarda chaqnaydi chaqin.
Yulduzchalar pastlab keldiyov,
Sir aytgani yonimga yaqin.

Quvlashmachoq o‘ynar shamollar,
Yaproqchalar chaladi chapak.
Mijja qoqmas bu kech xayollar,
Derazamda yorishar falak.


* * *

Eski qishloq...
Yoshlik o‘tgan kez,
Biram so‘lim, biram beg‘ubor,
Xotiralar tashlab o‘tar iz,
U kunlarda yo‘q edi g‘ubor.
Chinni osmon...
Pistoqi dala,
Orzulardan yasalgan varrak.
Ergashtirib bir gala bola,
Attor lo‘li chaladi xushtak.

So‘qmoqlarni quchgan maysalar,
Olib borar bolalik tomon.
Ariq labi...
Kumush jiydalar,
Kutib olar eski qadrdon.

Charxpalakning paqirchasidan,
Obihayot quyilar gulga.
Sho‘xliklarning hur ko‘chasidan,
Xushbo‘y nasim taralar dilga.

Yillar karvon...
Bobo ham bo‘ldim,
Nevaramga ertak so‘zlayman.
Uning chaqnab turgan ko‘zidan,
O‘tgan yoshligimni izlayman...


DARAXTLAR HAM

Daraxtlar ham odamga o‘xshar,
G‘ururi bor, qaddin tutar tik.
Tilyog‘lama xushomadgo‘ylar,
Majnuntoldek boshlari egik.


* * *

Vafo FAYZULLOHga

Do‘st diydori...
Orziqar ko‘ngil,
Ko‘z oldimda issiq istara.
Sog‘inchlarim qarab qolar yo‘l,
Shuurimda tansiq xotira.
Jonlanadi darveshli dunyo,
Ko‘zlarimga yo‘g‘riladi nur.
Tushlarimga kirar ajabo,
Hurlar bilan sirlashgan bir hur.

Sog‘inaman, yo‘lga qarayman,
Do‘stga chanqoq yuragim mustar.
Bahorimdan uni so‘rayman,
Kelar,
Kelgan kuni turnalar...


* * *

Oy nigohin tashlaydi,
Tun ertagin boshlaydi.
Shoxda uxlar qushchalar,
Ko‘rib shirin tushchalar.
Suvda o‘ynaydi shu’la,
Soy boshlaydi ashula.
Huvv g‘ujja yulduzchalar –
Jovdiragan ko‘zchalar.
Chirillaydi chirildoq,
Zulmatga solib titroq.
Hilpirar yaproqchalar –
Ko‘kdagi bayroqchalar.
Oy nigohin tashlaydi,
Tun ertagin boshlaydi...


* * *

Hammasi o‘tadi,
Quvonch ham, g‘am ham.
Jilg‘alar daryoga,
Borib quyilar.
Faqat qolar ekan
Bo‘lib mukarram,
Yurakdan otilib
Chiqqan tuyg‘ular.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 875 | Рейтинг: 0.0/0