Rauf Subhon
UMR («Hurriyat qo‘shig‘i» turkumidan) Sen alqab payqamay qolgan bu dunyo Payqamas so‘nishin yonguvchi sha’mning, Ishqu munojotdan fasli almashar Oyog‘ing ostida aylangan g‘amning... Poyingta tashlansa lo‘ppi-lo‘ppi qor, Izingdan lovullab yulqinsa gullar, Bu dunyo daryoday sochsa hamki zar, Ajrini olgaydir talpingan qo‘llar. Biz yondik, deganda bo‘lgan sabrsiz, Qadrsiz ilinjdan madad kutganlar, Sevib-sevilmagan tun-ku qadrsiz, Kunduz ham ne’matdir og‘riq yutganlar! Gunohkorning umri shaylanib o‘tar, Senga yorug‘ amal tilayman Sabr! Har kim aytib o‘tsin Mangulik so‘zin, Dunyo bu nafs emas, emasdir qabr... Bongtim bo‘l, ichimda jim otgan tonggim, Nigoh so‘zim bo‘lgin, saqlagan to‘zim. Men ba’zan shoshsam ham, shoshmaydi ko‘zim, Mangulik - o‘zligim, o‘tkinchi o‘zim. KUCHLI ODAM Farhod Fayz o‘g‘liga 1. Tilimni yettiga bo‘lgan xudoyim, Yetti xil o‘yinga tushaman har kun. Til uchi achchiqni sezadi doim, Tanglay shirinlikni qiladi talqin. Til qisqa masofa - nafs va halollik, Achchiq va chuchukning yo‘li ham bir xil. Sinamay chaynasang, achchiq - malollik Shirin ko‘p bo‘lsa, u qiladi bir hol... Yettiga bo‘lingan balki umr ham, Yetti yo‘l, yetti baxt, yetti g‘am kelar. Umr boshi shirin va yo intiho – Buni yaratganning bir o‘zi bilar... Lekin shukr qilgum, garmdorini Tanglayda sinamoq to‘gri kelmaydi. Aqlimga solgandir yo‘g‘u borimni, Buni birov bilib, birov bilmaydi. 2. Mehrimni avvalo Allohga bergum Va keyin ochunga teng taqsim qilgum... 3. Yoshlik davrim o‘tar, suronim o‘tar, Halollik istagan bo‘ronim o‘tar. Qaerga keldimu, qayoqqa ketgum, Ko‘ksimga ko‘milgan armonim o‘tar. Buzilgan ko‘prikka o‘xshaydi dunyo. Kim buzib o‘taru, kim yamab qo‘yar... Ko‘prikning holiga tushaman go‘yo, Bilmayman, ko‘rganim tushmi yo ro‘yo... 4. Oyning oydinida shukr va imon, Quyoshsiz bo‘y cho‘zmas bironta yaproq. Tongning zarrasidan umidim, umrim, Har bir nafasimga guvohdir tuproq. Taassub sololmaymiz hech bir narsaga Aslida inson ham taassubga loyiq. Payg‘om keltirganga imon barchada, Yaratgan oldida har kim ham suyuk. Buyuklar ham o‘tgan dunyodan ko‘plab, Ruhin yog‘dusidan jismu tan bardam. Yong‘oq po‘chog‘iday razolat singan, Lek hayot mag‘izin asrashgan har dam. Mening ham zirqirar jismu tavonim, Bas, omon bo‘lsin bu ruhi ravonim... * * * Bu qaro ko‘zlarni o‘ynatib ketding, Bog‘im bulbullarin sayratib ketding. Atirgullarimni yayratib ketding, Mudragan yo‘llarni uyg‘otib ketding. Bog‘larimning tongda to‘qding yoshini, Rauf Subhon yengdi cho‘ng bardoshini. Uying qayda, aytgin, rangin kapalak, Yo‘llar ostonangga ko‘yar boshini... * * * Kimning so‘ragani kimgadir javob, Hayotim u qadar falsafa emas. Kimga pul keragu, kimgadir savob, Istagim savobdir, nafs-balo demas. Nurdan-da ingichka ishqning tolasi, Haq - ishqim topinchi, tilovatimdir. So‘zlarimni qarzlarimga sarflayman, Umrim mening qarzim - ibodatimdir. * * * Sen hali yalpizi ketmagan uvat, Har tong aylanarding shabnam - sadafga. Sen hali otingni bilolmasdan bot, Qarab qo‘yar eding ko‘klam tarafga. Hamma takrorlardi... seni takrorlar, Yana termularding, jisming gul - quloq. Anglash oson emas, fursat qaramas, Endi.. bahormassan, yoz bo‘lding ko‘proq. * * * Ko‘qda muallaqman, tuning yetar menga, Yo‘qda najotimsan, unim yetar senga. Men betob emasman, tobing yetar menga, Benishon shon topgum, ko‘nglim yetar senga. BAXSHIYONA «... Quyosh bilan Oyni ajdaho yutib yuboradi. Uni bir botir qutqaradi...» Ertakdan Gul bargi tomchilaydi, Tol bargi qamchilaydi, O’lan ayting, baxshilar, Kuy bilan g‘am chiroyli. Yurt qorong‘u tor bo‘lsa, Botir ko‘ksi yer bo‘lar, Quyosh yutgan, Oy yutgan Ajdaho bedor bo‘lar. Tun uxlaydi, kun uxlar, El bo‘g‘zida un uxlar. El-yurt ajdar og‘zida, Bu qorong‘u dun uxlar. Bu ertakmi, ermakmi, Bir o‘lib so‘ng turmoqmi, Barcha yaxshi-yomonni O’z-o‘zidan so‘rmoqmi... Harna ko‘kdan sir bo‘lar, Botir ko‘ksi or bo‘lar, Oy, Quyoshni qutqargan El og‘zida zo‘r bo‘lar. Gul bargi tomchilaydi, Tol bargi qamchilaydi, O’lan ayting, baxshilar, Kuy bilan g‘am chiroyli. * * * Sevgilim, Qor bo‘roni Qadamlarni sekinlatdi-da, Yur, g‘orga kiramiz, Ajdaholar uxlab yotgan asriy jimlikda Muhabbat haqida suhbatlashamiz... OHU Tog‘lardan termildi, bog‘dan kuzatdi, Botqoqlik ortida to‘kislik, ko‘klik... Haydasa o‘tmaydi agar yuz otni... Orin bermaganday bironta haqli... Hayotda boshqa bir qoida yo‘qday, Bir sakrasa go‘yo to‘lardek bag‘ri, Botqoqlik ortida hayvonlar to‘qday O‘tib olsa yasharmi ishonchi, ori?! Ortiga qaraydi, odamlar o‘qday, Poylaydi, sayyodlar kun ko‘rsatmaydi. Hech bir jon tinch o‘tmas, botqoqlik yutgay, Bu hududda bo‘lmas ko‘ngilning mayli... Ko‘ziga ko‘rindi rohat, farog‘at, O‘zimcha yashayman, dedimi ohu?.. Bir joyga kelganda yutdi-ku botqoq, Ko‘zida jim ketdi xayoli, ohi!.. AROSATDAGI ODAMGA Aslida ichingda chiroq yonmaydi – Yoritgin, hammabop bo‘lmog‘ing uchun... Fe’lingga-ku, oqu qaro ko‘nmaydi, Birovga ko‘rsatma bu kibr-kuching... Arosat bosgansan, axir yoshmassan, Yer yutmas ko‘lmakday, parcha osmonsan!.. RIZQ HIKMATI Bu bog‘ juda erta gullaydi, Mevasi ham pishib-pishmaydi. Yer sohibi har yil pullaydi, Qo‘lga tushar, yerga tushmaydi... Bolalari to‘yib-to‘ymaydi, Kelgan pul g‘isht yo og‘och bo‘lar. Sohib shu kasbini qo‘ymaydi, Rizq bermasa tog‘ ham och qolar... Ish rohatin ko‘rmoq bo‘lsangiz, Kuchga to‘ling, bog‘day yetiling, Bog‘ qolibdi, desin o‘lsangiz, Baxt degani mehnat betinim. Hay-hay zamon yaxshi, albatta, Har bir onning o‘z hikmati bor. Shukronasiz qolar g‘urbatda, Kelajakka bugun poydevor!.. SO‘NAYOTGAN KO‘Z XASRATI 1 Qullik Qilgan bilan Daraxt ko‘karmas, Doimo egilib turasan banda! Pullik Ado etgan Ibodat bo‘lmas, Yuzingni ko‘rishga shubha bor menda! Tullik Qildingmikan Yuzing burasan, Seni do‘st ko‘rsatmas bu yolg‘on xanda! Yillikmisan, Asrlikmi, bilmadim, Qiliqlaring nishonlatding amallab, Qanday tik boqasan VATANga! 2 Ko‘zlaringni Chorlab turgan Rishtalar-da, uzilsa, O‘rtalikda Kimdir qurgan Ko‘prik, devor buzilsa, Qadamingga Intizordir Qaytar yo‘lda xas yo cho‘p... Atrofingda uchmay qo‘ysa Qushlar g‘ujg‘on, tala-to‘p... Seni bir zum tark etmagan NAFAS — O‘LIM yashaydi, Qurgan bo‘lsang hayot yo‘ling, Ekkan guling yashaydi!.. * * * "Oynai jahon” ishqi Farhodu Shirindandur, Bu dunyoning kam-ko‘sti Fosh qilgan siringdandur... * * * Ey do‘st, jimligimdan Senga ne foyda? Aql ta’ma bilmas Kuylanar joyda. Tobora yer quchar: Tun cho‘kar, qo‘nar... Toqqa boshin qo‘ygan Ufq-chi, yonar!.. Jim, deysan, boqaman Yana tong otar, Qadim tuproq gullar, Bearmon boqar!.. Bearmon gullaydi Bosgan qadamlar, Qay qatlam qorong‘u Bilmas odamlar... Quyosh tortqilaydi Yer qulog‘idan, Qushlar potirlaydi O‘z qo‘nog‘ida... Sukunatni tinglash Naqadar og‘ir!.. Ko‘rdim, tosh ham gullar – Bag‘r... toshbag‘r... Ey do‘st, jimligimdan Senga ne foyda? Aql ta’ma bilmas Kuylanar joyda... * * * Qismat har xil Qadr har xil Rang har xil Rang ko‘ru Hol so‘r demoq Emas bekor Illo bir rang Farq talab Turfa xildir Yaxshi yomon Ajrim-ajrim Tarxi bor Bir kimsaning Necha yuzlab Sharhi bor Kimda chehra Kimlarningdur Turqi bor Odob har xil Sabr har xil Fe’l har xil Kimlar ahil Kimlar yolg‘iz Kim baxil Dunyo borki Oqning oqdan Farqi bor Ilm olmoq Shu sababmi Madad yor Yaxshilikning Turi ko‘pdir O‘ng ishda Yaxshilikdan Nishona bor Ong ishda Shundoq bo‘lmas Jaholat ham Ot minar Har yaxshida Bir yomonlik Yot minar Qismat har xil Qadr har xil Rang har xil
| |
Просмотров: 932 | |