Zebo Rahimova
Sen yana kelmading, labimni burdim, ko‘nglimdan suv ichdi g‘ussaning shomi, yana tun umrimga qaro sharpaday kirdi ayriliqning uzun oqshomi. Bu shom ajab sokin, qayg‘umand, dardmand, u kuyuk ko‘nglimni shamchiroq bilib, quyuq ko‘lkalarga tashlagancha band, dahr bog‘lariga kirmoqda yelib. Surmarang osmonda arg‘imchoq tashlab oy kumush kokilin o‘ltirar tarab, xazon shitiridan hurkkan chashmalar jildirar kimsasiz bog‘larga qarab... Tiriklik – bezabon oqar bir daryo... jimgina oqarar sochim tolasi, chanqovuz chaladi lablarim aro hayot – tiriklikning uzun nolasi. Fasllar almashar tashrifing kutib, yurak quloq osmas, ne qilmay amr, tun ta’na-dashnomin ichiga yutib g‘amzada ko‘nglimni etmoqda ta’mir... * * * Men seni ayadim, «xayr» dedim, yoz, qirovli kunlarning baridan tutdim, yomg‘irli oylarning silsilasini jimgina yig‘ladim, jimgina yutdim. Farahsiz tonglarning iskanjasida eng sodiq bir do‘stga maktublar bitdim. G‘ussalar bitmadi. Begona kabi na siz bor, na men bor kunlardan ketdim. "Nega bu kunlarning yuzi yo‘q, nega?!" – shu bilan tugadi boshlangan xatim, manzilga yetmagan maktub singari unutilib ketdi mening ham otim. Vaqt esa o‘lchovli, o‘rgimchak kabi o‘tmishga o‘radi kunlar tizimin, umrimga bostirib kirgan bu yillar supurib tashladi yozning izini... * * * Daraxtlar yil bo‘yi ismingni aytdi, ko‘chalar yil bo‘yi ketdi sen tomon. Kun ham o‘tib borar, u kelmas qaytib, biz bugun omonmiz, begumon omon. Jildirab oqqan suv ismingni so‘ylar, maysalar jon berar ismingni aytib. Ming yil umr ko‘rsak ko‘rarmiz, ammo, omonat bu kunga kelmaymiz qaytib. Zumrad badanida tilla yopinchiq, zarhali shabnamga yuzini chayar, nomingni yil bo‘yi bexato aytib, tong tasbeh o‘girib Senga jilmayar. G‘animat jonimga g‘animat ko‘nglim azaliy muhabbat haqida so‘ylar, daraxt barglaridek yuksalar ko‘kka Sen va Ishq haqdagi qadimiy o‘ylar. Har bitta hujayram hujrasi guvoh, olamlar aro haq yozgan qismating, bu kunning borligi eng kichik saboq, bu ishqning pokligi Sening ismating. ...Yongan yuragimdek dard chekmoqda shom, qizargan havoda ming o‘y, ming mavzu, ey, jonim tanigan abad, bardavom, Sening rizoliging eng ulug‘ Orzu! 1. Ko‘z yoshi misoli yomg‘irlar yog‘ar, yuvar yaproqlarning yuzini, shamol bulutlarni erkalab sog‘ar, yig‘latib ko‘nglimning ko‘zini. Majnuntol ho‘ngranib tebratadi bosh, sumbul sochlarida shalola, tuyg‘u-yuragimni ezayotgan tosh, yurak – ko‘ksimdagi majnuna lola. Shamol selpinadi, yomg‘ir aralash adirlar hidini urar yuzimga, ...men ham shamol edim, sel edim sarkash, qaytib kelolmadim o‘zimga... 2. Ketdim, endi qaytolmayman hech, aytolmayman buni yurakka, kulfat tortib yashab bo‘lmas tinch, g‘amni yengib bo‘lmaydi yakka. Tiriklik komida o‘ldim tikkalay, yillarcha so‘z demay ko‘nglimni ochib, yillarga uloqdim yurak tilkalay, yana qayga boray o‘zimdan qochib... Ko‘zimning ichiga yomg‘irlar yog‘ar, yuvar yaproqlarning yuzini, shamol quchog‘ida ulg‘ayar bog‘lar yig‘latib ko‘nglimning ko‘zini... * * * Yupanch, qayerdasan, xushbaxtlik, sendan darak yo‘q. Oy yo‘q sumbulaning oyiday suluv va menday sevguchi bir jonsarak yo‘q. Rangiga qora yugurgan rayhon sim-sim sochlarini taraydi, o‘zingga oro ber, deb avraydi tun, yalinchoq it kabi oyga qaraydi. Bu hijron oqshomni qizg‘anar mendan, tumanlar to‘ldirar tun quchog‘ini. sumbula, qayerga berkitib qo‘yding sog‘inch ko‘zlarimning ko‘zmunchog‘ini?!... * * * Senga bir arzim bor, aytsam botinib, aytmasam ko‘nglimdan toshadi sellar, yuragim og‘zimdan ketar otilib, ko‘zimning yoshida yayraydi yellar. Senga bir arzim bor, aytsam botinib, elkamni tegirmon toshi sindirar. Suyganim ko‘nglimdan ketar yot bo‘lib, bu achchiq ayriliq meni o‘ldirar. Senga bir arzim bor, aytmasam bo‘lmas, aytsam-da bo‘lmagay, karami kengim, en bo‘lish orzusin vasvasa qilar qo‘llarimni yopmagan yengim. Yo Rab!... arz aytishga sig‘armi haddim, dunyodan kechdimu dunyodir dardim... * * * Bir quyuq daraxtzor, daraxtzor – qaddi tik shoxlarda oxirgi yaproqlar sayraydi azonlar, behiday sarg‘aygan bog‘larda qizarib pishadi xazonlar. Bir quyuq daraxtzor, daraxtzor – bezovta uchadi qag‘illab chorbog‘dan chorboqqa qarg‘alar, qish kelar yo‘llarni bo‘ylaydi, daraxtlar – yelkansiz darg‘alar. Bir quyuq daraxtzor, daraxtzor- poyida mudraydi shamollar, uylaridan termiladi jim tiramohga o‘xshash ayollar. Ey-y! Suluvim! Yoyilib kuladi oftobning ilitmas nurlari, iyiydi bog‘larning fotiha tilab osmonga uzatgan qo‘llari. Tiramoh. Bog‘larning tushiga gurkirab kiradi mevalar, Kitobda qish yaqin, otlanar qantarilgan bog‘lar – kemalar... * * * Siz yo‘qsiz. Yuragim g‘ash. maysalar ham siniqar, sog‘inib sarg‘aygan dasht izg‘irinda chiniqar. Sunbula yig‘ar sepin, har ishi faslga mos, o‘rgimchak qilib epin mezondan to‘qir libos. Negadir yuragim g‘ash, xazondek dilgir dilim, marvarid tut qilib rashk menga uzatar yelim. Garchi kuz, garchi sokin xazonrez, xazon sayli, bog‘da qarg‘alar Majnun, bog‘da qarg‘alar Layli. Behudlik, begonalik ezar, esmoqda buyug‘, qip-qizarar xazonlar ko‘zlarimga bosib cho‘g‘. Mezonlar imosida qattiq qishdan bashorat, xas ostida shoshilar ming jonzot, ming hashorat. Onam yo‘q, vafot etgan, kuz yolg‘iz, yuragim g‘ash, kengliklarga solib ko‘z sog‘inib sarg‘ayar dasht. Ruhu jon, jonu ruhim, bu qay kun, qaysi kuzak, nega ko‘ksimda sim-sim yupanchsiz singrar yurak... * * * Dilo, dardim aritmas tashqarida yoqqan qor, garchi pinhon xavotir, garchi pinhon umid bor. Dilo, seni injitdim, yana sizdi ko‘zga yosh, huv... ko‘ngil degan yoqqa ketib bo‘lmas olib bosh. Kuz havosi keltirar turnalardan xayr-xo‘sh, yuragimni qiymalar qaldirg‘ochlar urib to‘sh. Suratlaring iviydi, qalqiydi qarog‘imda, suvdan, o‘tdan, samodan, tuprog‘dan so‘rog‘imda. Baytul ahzon ichinda ko‘nglim bo‘ldi basira, nay bo‘ldim navosiga ikki dunyo asira. Ko‘nglim buzilar, goho diydam yumshar, to‘liqar, qachon sendan bir jazba men baxtsizga yo‘liqar... * * * Yana kuz... Kunlar sog‘inadi seni jimgina, yo‘llar sog‘inadi beun, beo‘ylov, ko‘zingning yoshini artgin, qizgina, eshikda senimi yo‘qlaydi birov... Yana kuz... Bog‘lar sarg‘ayadi oftobda yona, ko‘chalar xayolchan tashlaydi nigoh, tuproqqa aylangim keladi, ona, yaproqqa aylangim keladi goh-goh... Yana kuz... Osmon bezovtadir, qushlar betinim issiq o‘lkalarga ketadi uchib, kunlar yuraklardan topadi qo‘nim qo‘llar yelkalarni jimgina quchib... Yana kuz... * * * Ko‘ngilda ruh qushin otdim, jismimni tark etdi sarbonim. Ki ishqning ko‘ziga botdim, na armonim, na armonim... Ko‘zim ko‘nglim bila yig‘lab, yurib, sabrim sari yetdi. Meni yaproq kibi o‘ynab, bu ishq ketdi, bu ishq ketdi. Yurak tanda xarob bir yurt, bu tong – orzu, bu shom – taqdir. Umidli kun – ilinj dilda, u ham Sendan, muvaqqatdir. Nimam bordi, nimam qoldi, qafasman, ichkarim bo‘m-bo‘sh. Kimi yo‘q kimsasizlarning kimi... xush, marhabo, ey, Do‘st...
| |
Просмотров: 1056 | |