Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Xoldor Vulqon
YOZ OQSHOMI
 
Olovi tortilgan o‘choqday dunyo,
Oqshom qashshoq emas, tovushlarga boy.
Hademay yorishar oydin sukunat,
Yorishar kimsasiz, ovoz yetmas joy.
Hayratdan ag‘rayib qoladi gullar,
Ruhimga bahsh etib halovat, huzur.
Gulni ag‘raytirib qo‘ygani uchun, 
Oy so‘rab o‘tirmas bizlardan uzr.
Oydinda oqargan sokin dalalar,
Osmon gumbazida tamosha tekin.
G’amlari uxlagan mudroq dunyoda, 
Men seni sog‘ina boshlayman sekin.
 
2003 yil, 29 iyul.Ertalabki soat 9. Maslahat qishlog‘i.
 

IMLO

Daraxtlar qoqsuyak qo‘llarin cho‘zib,
Qishdan so‘rar oppoq lungilik, shimlik.
Shamollar quvonsa chanqovuz chalib,
Chiroq shu’lasida yig‘laydi jimlik.
Quyuqlashib borar sokin tumanlar,
Kimsasiz yo‘llarda tahayyuul tutqun.
Qor shamoli yolg‘iz yurgan yo‘lchining,
Sochu kiprigiga qo‘ndirar uchqun.
Bo‘ronli zulmatda chirpiraydi qor,
Qarayman qorlardan oqargan yoqqa.
Shudgor qing‘ir - qiyshiq qoralamasin,
Ohista ko‘chira boshlaydi oqqa.

2001 yil. 9 dekabr. Tong. Maslahat qishlog‘i.


HAMQISHLOQLARIMGA
 
G’ing‘illaydi iskabtoparlar,
Daryo yoqda dalalar jimdir.
Uzoqlarda tom taxtasiga,
To‘qillatib mix qoqar kimdir.
Shovqin solar oqshom qushlari,
Bog‘lar kiyar qoramtir po‘stin.
Ufq ortiga berkinar quyosh,
Sotgan kabi dushmanga do‘stin.
Miltillagan ko‘k to‘la yulduz,
Son – sanoqsiz yoqilgan shammi?
Yolg‘iz qoldim qog‘oz dashtida,
Shuncha azob chekkanim kammi?
Oqshom chog‘i ochilgan gulga,
Oy termulib aqldan ozdi.
Men oydin she’r yozmoqchi edim,
She’r yozmadim, she’r meni yozdi.
Ko‘klam chaqmog‘idek jimgina,
Zulmatlarni yoritib o‘chdim.
Ruhim g‘urbat etdi ixtiyor,
Hijrat qildim qog‘ozga ko‘chdim.
Endi mensiz kelsa bahorlar,
Qizg‘aldoqlar bossa tomimni,
Kapalaklar tentirab uchgan,
So‘qmoqlarga qo‘ying nomimni!
 
2001 yil, 9 noyabr. Kech soat 6 dan 50 minutu 15 sekund o‘tdi. Maslahat qishlog‘i. 


SADOQAT
(Epifaniya)
 
Qachon qarasam shu joyda turganing turgan. O’tgan safar oppoq gulli ko‘ylakda eding. Naqadar yarashar edi senga o‘sha ko‘ylak! Mana oradan shuncha kunlar, shuncha oylar o‘tibdi hamki, sen hamon o‘sha joydasan. Faqat ko‘ylaging boshqa. Quloqlaringda qizil baldoqlar. Kimnidir kutasan. U esa kelmaydi. U haqda shunchalar og‘ir hayollarga cho‘masanki, la’ldek tovlanayotgan qizil baldoqlaringni qushlar cho‘qib ketsa ham e’tibor bermaysan. Uni shunchalar qattiq sevasanmi? U kim? Kimni bunchalar qattiq sevib qolding, derazam yonida o‘sgan gilos?..
 
1994 yil, bahor.Maslahat qishlog‘i.
 

YULDUZ
(Epifaniya)
 
Qarashlaring nega bunchalar ma’yus, jim – jit kechada tomim uzra porlayotgan yulduz? Sevib qolgan odam ko‘zlariday bedor nigoxingda xorg‘inlik shu’lasi.Sen bolalikning oydin kechalari men yotgan so‘ri ustidan esgan sarrin shabboda shashtida titrayotgan va oy shu’lasida kumushdek yaltirayotgan yaproqlar aro shunday termular eding. Seni tungi daryo sohillaridagi baland jarlar poyini yalab oqayotgan shiddatli oqimda, to‘qayzor tamondagi daryoning toshlari ko‘rinib yotgan sayoz kechuvida, oydin sholipoyalarning oynadek tiniq suvlarida, iskabtoparlar g‘ing‘illab "Yor-yor” aytayotgan o‘tloqlar aro oqqan ariqning billur mavjlarida ko‘p bor ko‘rganman. Qadimiy kitob varaqlariday qizg‘ish yaproqlarni sarosar shamollar noma’lum yoqlarga uchirib ketgan hazonrez oqshomlarda juldur bulutlar tirqishidan mo‘ralagan ma’sum, osoyishta onlaring hamon yodimda.Qaxrli qish kechalari paqirga magnitday yopishgan alyumin cho‘mich ichidagi muzlagan suvda bir dona tuz zarrasiday g‘amgin shu’lalar taratgan chog‘laringni yolg‘iz qolgan kezlarim derazadan qirov uvildiriqlari qoplagan kimsasiz daraxtzorlarga termulganimcha sog‘inib eslardim. Ayniqsa, tungi ayozdagi simdorda muzlab qotib qolgan ko‘ylagimni simdan ajratib olib uni taxtadek qo‘ltiqlaganimcha yolg‘izlik egallab olgan xonamga kirib ketayotib qarasam o‘shanday porlab turgan eding. Sen hamon olmos zarrasiday tomim uzra porlab turibsan. Eshik-derazasiz, mo‘risiz uyimning tipratikanlar teshib tashlagan temir panjarali tuproq tomi uzra.
 
 
XOTIRA
 
Unutmayman endi hech qachon,
O’sha qayg‘uli tongni.
O’chgan chiroqlarni,
Oqarishib kelayotgan
Olachalpoq osmonni,
Yiroqlarni.
Fil suyagi kabi 
Oppoq qo‘llaru
Shunday jussani.
Muyulishga yetganimda
Ko‘zim girdobiga 
Cho‘kkan g‘ussani.
Endi u joylarga bormayman,
Borsam
Shamollar yig‘laydi
Qamish tilida.
 
 
SIRDARYO
(Sohiba Ashurovaga)
 
Suv ichgani kelgan kiyikdek,
Oyoq qo‘yding toshli sohilga.
Va termulding g‘alayon solib,
Toshlarga bosh urgan johilga.
Qatra – qatra ko‘z yoshing to‘kib,
Xasratingni suvlarga aytding.
Sirlarimni saqlagil, daryo –
Deb sohildan ohista qaytding.
Bu dunyoda yolg‘izgina men,
Xasratingni tushunib yetdim.
Va ayrilmas sodiq do‘st bo‘lib,
Sirlaringni oqizib ketdim.
 
1996 yil, kuz. Andijon shahri.
 
 
MEZBON
 
Soatiga oltmish km. tezlikda,
Sharqdan esayotir qushlar bo‘roni.
Ko‘zlarim suv ombor, kiprigim to‘g‘on,
Olisda o‘rmalar poezd iloni.
Daryo lablarida chiridi naylar,
Hayratdan osmonga baqraydi dala.
Jannat qushlariday bargi hazonlar,
Uchib o‘tib ketdi gala va gala.
Za’faron tanazzul, hazon chervoni,
Namchil oynalarga yopishgan yorliq.
Daraxt olomoni – vaxshiy g‘alayon,
Yomg‘irlarda shishib yig‘laydi borliq.
Vaqt botqog‘ida chirigan yillar,
Sokin tumanlarning og‘ir savoli.
Ko‘nglim oynalarin sindirdi yana,
Sovuq zulmatlarda hijron shamoli.
To‘lqinlar yig‘laydi qumloqni yalab,
Chorloqlar chiyillab shovqin soladi.
Qayga shoshilyapsan, biroz o‘tirgin,
Hademay ko‘zyosh ham qaynab qoladi.
 
12 noyabr, 2004 yil. Yarim tun. Andijon shahri.
 
 
BOLALIK
( Tuxfa xola xotirasiga)
 
Chetan bilan o‘ralgan bog‘lar,
Giloslarning bag‘ri qonaydi.
Yilg‘inzorlar tamonda Kakku,
Mening qolgan umrim sanaydi.
G’urillaydi tolzorda g‘urrak,
Traktorlar tashlaydi langar.
Ko‘z ilg‘amas poyonsiz osmon,
Muzlatgichi buzulgan Angar.
Tirillaydi olisda moped,
Dala yo‘lda ko‘tarilar chang.
Odamlarni choyga chaqirib,
Oshpaz xotin ura boshlar zang.
Tang! Tang! Tang! Tang!
 
 
QO’SHIQ 
(Sherali Jo‘raevga)
 
Yulduzlar yaraqlab porlayveradi,
Ularning changini xech kimsa artmas.
Daraxt malakasin oshirish uchun,
Xorijiy davlatga jo‘natish shartmas.
Zaminning eng go‘zal daraxti uchun,
O’tkazilsa agar tanlov, ko‘riklar,
Birinchi o‘rinni olardi albat,
Jo‘r bo‘lib gullagan bizning o‘riklar.
O’rik gullayverar oppoq qo‘shiqni,
Qarsagu olqishlar qilmaydi talab,
Shon so‘rab markazga yo‘llamas maktub,
Kanvertga surtilgan yelimni yalab.
Bu gala kontsertga kirishing mumkin,
Bo‘lmasa ham chiptang, puling yo tillang.
Oppoq qo‘shiqlardan ochilar hatto,
Ruhing kapalagi berkingan pillang.
 
2004 yil, bahor Andijon. 
 
 
TAZARRU 
 
Men osmonni ikkiqat debman, 
Kechiringlar, yettiqat ekan.
Sanchilar deb bulutlar, qo‘rqar,
Iyagimda o‘stirsam tikan.
Kechiringlar, mening ko‘zimga,
Ko‘rinibdi misoli bezak.
Sigirlarning nodir asari,
Atirgulga o‘xshagan tezak.
Uzr, pisand etmagan bo‘lsam,
Nazokatli kimsalar didin.
Ustun qo‘yib Farang mushkidan 
Daladagi Burganlar xidin.
Ma’zur tuting, o‘xshasa agar,
Barmoqlarim semiz qurtlarga.
Va kuzatsam sizdan beruxsat,
Turnalarni olis yurtlarga.
Uzr, odam xisoblab sizni.
Borgan bo‘lsam ba’zan topinib.
Xayr endi, Vaqt kech bo‘ldi,
Men uxlayin yerni yopinib.
 
 
KUZATISH 
 
Jilmaygancha ko‘z yoshlaringni, 
Yashirasan, aldab netasan?
Men perronda qolaman yolg‘iz,
Sen poezdda yig‘lab ketasan.
Jiqqa yoshga to‘lgan ko‘z bilan,
Yo‘l olasan uzoq ellarga.
Yugiraman poezd ortidan,
So‘zlar uchar sovuq yellarga.
Chirpiraydi poyimda xazon, 
Dekabrning bodlari yelar 
Xuvillagan perronda turib,
Poezd kabi chinqirgim kelar.
 
1992 yil, dekabr, Toshkent. Talabalar shaxarchasi 
 
 
ADIBA UMIROVAGA
 
Ko‘kda bulutlarning oltin po‘stagi,
Ruhimda sog‘inchga o‘xshash kechinma.
Senga nima bo‘ldi, hayosiz daraxt?
Mening ko‘z o‘ngimda bunday yechinma!
Dala so‘qmog‘ida yolg‘iz yo‘lovchi,
Uning kimligini qayoqdan anglay.
Bo‘ynimga chirmashar yillar iloni,
Osmon - tanglay, qaro shudgorlar - manglay.
Xamdarlik bildirib pichirlar yomg‘ir,
Bo‘ysunmas vujudga mustaqil poyam.
Tuyoqlarga o‘xshar tuflilar, yo, Rab,
Nega yig‘layapsan, bukchaygan soyam?
Majnuntol kokilin o‘rganda shamol,
Chittaklar o‘qirdi bog‘larda bayoz.
Olmos oynalarga endi, extimol,
Muzdan asar ishlar musavvir ayoz.
Fonar shu’lasida qor qo‘zg‘aloni,
Shamollar borliqni varaqlab o‘qir.
Zexnlari o‘tkir, tirishqoq, lekin,
Sho‘rlik shamollarning ko‘zlari so‘qir.
Muvaqqat dunyodan o‘tib boramiz,
Loqayd zulmatlarda charog‘on kunsiz.
Tilsiz poyafzallar ostonalarda,
Og‘zin ka - a - atta ochib yig‘laydi unsiz.
 
5 iyun, 2005 yil. Andijon shahri

 
SADOQATLI CHIRILDOQ 
 
Oqshom. Dala xovli, o‘yga cho‘masan,
Xonang derazasin bog‘larga ochib.
Menchi kiprik qoqmay turaveraman.
Ering kelganda ham ketmayman qochib.
Esingdami, seni firoq o‘tida,
Kuydirib bir zamon ketgandim o‘lib.
Mana, tag‘in qaytib keldim yoningga.
Qaytadan tirilib, chirildoq bo‘lib.
Xovlingda buncha ko‘p bo‘lmasa gullar? 
Yo bugun bayrammi? Gullar saylimi?
Sevgilim, shu gullar ochilib yotgan,
Xovlingda chirillab yursam maylimi?
 
 1999 yil, avgust, Toshkent, tunggi soat 12 yarim. Do‘rmon. 
 
 
QADRDON QIRG’OQLAR
( Bolalikdagi qo‘shnimizning qizi Guliga )
 
Oqar edi daryo yoyilib,
Sensiz go‘yo yashardim xumda.
Oyog‘ingni o‘pardi suvlar,
Erir edi izlaring qumda.
Uchrashganda telbalar kabi,
So‘zlasholmay qolardik tildan.
Yo‘llaringda muxtoj nigohim,
Uzoq edi sekundlar yildan.
La’l, javoxir yulduzlar ila,
Tun osmoni ketganda boyib.
Uxlar eding baland so‘rida,
Sochlaringni daryoday yoyib.
Dalalikda kesishgan yo‘llar,
Ko‘zlarimdan mixlagan xoching.
Qirg‘oqlarim qo‘porgan daryo - 
Yot yostiqqa yoyilgan soching.
Balki hamon bizsiz sohilning,
To‘lqinlari bir - birin quvar.
Qoradaryo oy laganida,
Yulduzlarni oltindek yuvar.
 
2006 yil, 8 iyul, soat 14 dan 41 minut o‘tdi. Bishkek shahri 
 
  
 DERAZA ORTIDAGI ODAM
 
Qish kechasi, tinmay yog‘ayotir qor,
Borliq sukunatga, hayolga tolgan.
Maylimi darchadan qorga qarasam?
Bu deraza shaxsiy, otamdan qolgan,
Yorug‘ bilyardxona sharlar tovushi,
Mening o‘ylarimga uradi darra.
Derazamga qo‘nib erib ketdiku,
Buncha oz yashadi beg‘ubor zarra? 
Mastona qiyqiriq yangrar qaydadir.
Bir odam chayqalar sarmast yalanib,
Telpagin ko‘ziga bosib yig‘lar u,
Oppoq chivinlarga talanib.
Yorug‘ bilyardxona, sharlar tovushi,
Borliqqa qo‘shilib o‘yga tolaman.
Otamdan esdalik derazamni jim,
Buklab, cho‘ntagimga solaman.
 
 2004 yil, 22 fevral. Yakshanba, kechki soat 5 minuti kam 5. Maslahat qishlog‘i.
 
 
QISH SIMFONIYASI 
 
Yop - yorug‘ zulmat ichra,
Qora rangli qorlar yoqqanda.
Men qorong‘i xonaga kirib 
Pechkaga qalayman 
Oppoq ko‘mirni.
So‘ngra yog‘ayotgan qora qorlarga,
Derazadan g‘amgin termulib,
Sen yomon degan.
Yaxshi odamlar haqida.
Sen yaxshi degan 
Yomon odamlar haqida 
O’ylay boshlayman.
Shunday qarshilayman 
Qora tonglarni.
   
1992 yil. Kuz.
 
 
INTIZOR 
 
Qarshimda lallayar vaxshiy sukunat,
Uzoqlarda kuyib tugamoqda kun.
Olisda onamday qo‘l siltayotgan,
Daraxtlar panjasi uzilar beun.
Oq chiziq umurtqa pog‘onalari,
Ajdarho ilonday cho‘zilgan yo‘lim.
Mening ko‘zlarimni yeydi ko‘chalar,
Yillar to‘rvasida ugulgurji o‘lim.
Bizlarni ichikib sog‘inar Toshkent,
Xaloyiq metrodan chiqadi bizsiz.
Xazonlarni yulqib keng - mo‘l shamollar.
Odamlar ortidan ergashar izsiz.
Hayolingdan asta yorisha boshlar,
Nursiz xilvatlarda qadam yetmas joy.
Sen soqov jimlikda sokin ruhimning,
Qorli dalasidan ko‘tarilgan oy.
Chiroqlar limonday yetildi yana,
Yorug‘ qovoqxona, mastona g‘ovur.
Gulim, unitmasman munis chehrangni,
Toki mavjud ekan ko‘zguda xovur.
 
2003 yil. 27 noyabr. Erta tong. Maslahat qishlog‘i.
 
 
SAYG’OQ 
 
Yovuzlardan bezib chekingan joying,
Jazirama saxro, bepayon qumlik.
Quturgan ajdardek goxida quyun,
Yaydoq kengliklarda qilarmi shumlik?
Zavr qumtepalar ortida oqshom.
Ochqagan qashqirlar galasi uvlar,
Shifobaxsh shoxlaring sabab ovchilar,
Qiyqirib miltiqdan o‘q uzib quvlar.
O, sayg‘oq, begunox, quvg‘indi jonvor,
Qismatlar mushtarak, ketaman o‘ylab.
Meni xam quvlashar saxrolar aro,
Chopaman sen kabi ufqlar bo‘ylab.
Zafaron ufqlarda chopaman badar,
Quvg‘inga sababdir botinim, g‘aybim.
Seni shoxing uchun ovlashar, mening 
Boshimda shoximning yo‘qligi - aybim.
 
 2000 yil,11 iyul, oqshom.  Maslahat qishlog‘i.
 

SIRLI MAKTUBLAR 
 
Daraxt menga yo‘l bo‘shatadi,
O’tganimda shu yo‘ldan doim.
Va daraxtning sarg‘ayib ketgan 
Xatlariga ko‘milar poyim.
Daraxt sho‘rlik maktublarini 
Kimdir olib o‘qishin poylar,
Maktublarin olis - olisga 
Olib ketar po‘chtachi soylar.
Sevib qolgan kimnidir daraxt,
Sevgan yori yozmaydi javob,
Xatlarini yashirib o‘qib 
Yig‘lab - yig‘lab etmaydi tavof.
Daraxt har yil yozaveradi,
Siyox, dastgox, qalam, dovotsiz,
Xatlarini xech kim o‘qimas,
Uning sevgilisi savodsiz.
 
1991 yil, kuz, Toshkent shahri.
 
 
TOSHBITIK 
 
Faqat osmon bilan tirikmas inson,
Yashab bo‘lmaydiku qadrdon yersiz.
"Yashasa bo‘ladi" deyishing mumkin,
G’arlar yashaganday jaxonda ersiz.
Yashab bo‘lar dersan quyoshsiz xatto,
Oydin dalalarsiz, tumansiz, qorsiz.
Vatansiz va Erksiz, tutqun qul bo‘lib,
Yashash ham mumkindir g‘urursiz, orsiz.
Xatto xudosiz ham yashash mumkindir.
Yashashing mumkindir olamda mensiz.
Qabrtoshim urib qarg‘ama, chunki,
Men yashay olmadim dunyoda sensiz.
 
2000 yil, 8 iyul, Maslahat qishlog‘i.
 

ZOR - INTIZOR 
 
Qurg‘oqchilik kunlari keldi,
Saxro kabi qaqragan ko‘zga.
Bu dunyoda bilsang sevgilim 
Go‘zal so‘z yo‘q ismingdan o‘zga,
Kengliklarga chiqib ketaman 
Sog‘inchlaring qiynasa yomon,
So‘zanaklar tentirab uchgan 
Jim, kimsasiz dalalar tamon.
Oqshom tushib yaraqlaydi oy 
Shu’lalarga belanar kiftim 
Yulduz to‘la poyonsiz osmon 
Dur - javoxir qadalgan shiftim 
Qurillaydi baqalar ma’yus
Soxilda tun etagin teshib 
Yuksaladi ko‘klarga ruxim 
Oy nuridan arqonlar eshib.
 
1999 yil, avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
 BALKI 
 
Kuzgi shamol va maxzun hayol,
Yetim kunlar qayg‘usi o‘zga.
Cho‘kar moviy dubulg‘a - osmon,
Kuzga o‘xshab ketguvchi ko‘zga.
Ko‘rdim ko‘zing tubida g‘amni,
Arzir edi yig‘lasam uvlab.
Yupun bog‘lar bag‘ridan uchgach,
Barglar ketdi shamolni quvlab.
Sochlaringday uzun dardlaring,
Qoshlaringda yillar kuyasi.
Ko‘zing qiri xanjarday o‘tkir 
Kipriklaring ko‘zyosh uyasi.
Balki sen ham muxojir qushday,
Uchib ketib qolarsan zumda.
Izlaringda daryolar ingrab,
Suvlar yig‘lar yugirib qumda.
Balki endi sensiz o‘larman,
Balki o‘lmay kirarman yuzga.
Termularman balki sog‘insam,
Ko‘zlaringa o‘xshagan kuzga.
 
2001 yil, avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
APREL 
 
Quyosh botib, g‘amboda, g‘arib,
Ufqlarning gulxani so‘nar.
Erigan qor suvlarin ichgan,
Bir to‘p chumchuq tolzorga qo‘nar.
Billur qandil kabi osilgan,
Sumalaklar tushar uzilib.
Chakillagan iliq oqshomda,
Uyqularing ketar buzilib...
 
1990 yil. Bahor. Andijon shahri.
 
  
YOLG’IZLIK QO’SHIG’I 
  
To‘qilar poyonsiz g‘iybat gilomi,
Namchil zulmatlarda zanglaydi hilol.
Psevdoxudolar jovdisin ko‘rib,
Rangi oqarmagan muazzin Bilol.
Bahor ham ba’zida ruxsat so‘ramay,
Ish qilar biz tuzgan qonunga xilof.
Tunda chegaradan o‘tib bog‘larga,
Kiydira boshlaydi yam-yashil g‘ilof.
Zil - zambil qo‘rg‘oshin tumanlar aro,
Bosib o‘tdim yo‘llar ilonin qancha.
Kitoblar ko‘chkisin ostida qoldim,
Yulduzlar kiprigin ko‘ksimga sancha.
Vaqtning och qolgan bolasin yeydi,
Yelimgul Maddoxi - soqov bulbullar.
Oqshom derazani ochsam, jo‘r bo‘lib,
Intervyu so‘raydi mikrafon gullar.
Bo‘rimikan deyman va yoki shamol,
Yilg‘inzorlar aro mungli uligan.
Sovuq oynalarga buncha bosh urding,
Uxlasangchi axir, shamol xuligan.
Achchiq chiqillaydi devorda soat,
Keyin esa birdan jiqillay boshlar. 
Namchil xilvatlarda hiqillar yomg‘ir,
Darchalarning so‘qir ko‘zida yoshlar
Uzoq - uzoqlarda chopar pishqirib,
Temir yo‘lning uchqur po‘lat samani.
Qop-qorong‘i olis dashtlar ortida,
Ma’yus chiroqlarning olmos chamani.
 
2006 yil, 26 may, yarim tun, Bishkek shahri.
 
 
YO’LOVCHI 
 
Zulmatlarda ozodlikning,
Mash’alasi chorladi.
Unga tamon yursam, tunda,
Suyaklarim porladi.
Aybmidi, zulmatlarda.
Chaqmoq kabi shoxlasam?
Kengliklarda ozod esgan 
Shamollarni xoxlasam? 
Qonsiz labi sarg‘ish so‘lak,
It tishladi oyog‘im.
Oqsoqlanib ketaverdim 
She’rlar qo‘ltiqtayog‘im.
Yov yetkazgan jaroxatni 
Davoladim, tuzladim.
Ko‘z ilg‘amas olislarda,
Mamont kabi muzladim!
 
2001 yil, yanvar, choshgoh. Maslahat qishlog‘i.
 
 
MEVALAR 
 
Sarg‘ayib pishgan bexi mevalari,
Odamzod mushtiga o‘xshasayu 
Ularni kimlardir yesa, bilginki, 
Mushtlar xam odamning pishib yetilgan.
mevalari erur shubhasiz. 
Demak ularni ham 
Kimlardir, qachondir yeyishi kerak.
 
 
ABDULLAGA 
  
Kimlardir madhiya odalar yozib, 
Vatanni maqtasa, ko‘kka ko‘tarsa, 
Xushyor bo‘l, o‘g‘lim.
Chunki odatda 
Narsani maqtarlar 
Sotish oldidan.
 
  
QISHLOQ SOG’INCHI 
 
Gavjum Toshkent, sartaroshxona,
Ko‘zguda yo‘l, shoshqin olomon.
"G’iyt-g‘iyt" sayrab qaychi - qaldirg‘och,
Sochlarimni qilar talomon.
Somong‘aram singari uylar,
Sochim yerga to‘kilgan pichan.
Tom ustida antenalarmi,
Yo so‘zanak galasimikan?
Ko‘cha daryo - qizlar baliqday,
Suzib o‘tar rangin tovlanib.
Yigitlarning qayrilib ketgan 
Kiprik qarmog‘ida ovlanib.
Ko‘zgu ko‘lday, boshim qarmoqning.
Po‘kagiday yaltiroq tusda,
Po‘kak uzra omonat qo‘ngan,
So‘zanakka o‘xshaydi usta 
 
2001 yil, yanvar. Andijon.
 
 
UMR 
(Marhum, iste’dodli shoir Ravshan Fayz xotirasiga ) 
 
Gullar yerning tabassumlari,
"Qayda?" - deya berma savollar.
Dala orti tikanzorlarda,
Guvillaydi vaxshiy shamollar.
Bosh uradi ular ko‘ksimga,
Zulmatlardan topolmay uyin.
O’xshashi yo‘q qor zarrasini,
Sochlarimga qo‘ndirar quyun.
Qor uchquni erib ketarkan,
Kiprigimda eng so‘ngi karra.
Deyman: - Buncha oz umr ko‘rding ?
Alvido, ey beg‘ubor zarra !
 
2003 yil, 27 noyabr. Tungi soat 9 dan 30 minut o‘tdi. Andijon. 
 

SENI UNUTMAYMAN 
 
Tumanlardan chiqib kelasan 
Lek kirmaysan ostona xatlab,
Men bir umr yeta olmagan 
Olis orzu, muqaddas matlab.
Sen o‘tasan ortinga boqmay 
Tashlab asta iloxiy odim,
Izlaringda men emas, go‘yo 
Qolar ruxsiz yuz yilgi yodim.
Yuksalganday bo‘lasan ko‘kka
Dalalarni yoritgan oydek.
Men bir chetda qolib ketaman 
Oy yorug‘i tushmagan joydek.
Termulaman seng ketgan yo‘lga,
Tumanlarga belanar jisming,
Derazaning oynasin kuxlab 
Xovurlarga yozaman isming.
 
1989 yil, dekabr. Toshkent.
 
  
KANGLUM
(Ikrom Otamurodga )
 
Kanglum cho‘kib ketgan 
Ko‘hna go‘r kabi.
Uni ko‘tarolmas 
Endi hech kimsa.
Ana, kanglumga yo‘l topmoqchi bo‘lgan,
Yovlarni ortidan ergashtirgancha 
Shoshib kelayotir sotqin extiyoj.
Nega o‘ldirmadim extiyojimni?
Nega o‘ldirmadim?! - dedimu,
O’t qo‘ydim jar uzra lapanglab turgan 
Kanglumning omonat ko‘priklariga.
 
1995 yil,avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
ZIYORAT
 
Qarovsiz qabrimda ajinagullar,
Ozod shamollarda chayqalib yotar.
Yolg‘izlik va jimlik saltanatida,
Qaro shomlar tushib oq tonglar otar.
Qirda qizg‘aldoqlar dengizi notinch,
Dalalar ortida chaqnaydi chaqin.
Telba oshiqlardek shivirlaguvchi,
Yig‘loqi yomg‘irlar mavsumi yaqin.
Simda qaldirg‘ochlar notasi qator,
Striptiz bulutlar to‘dasi shoshqin.
Negadir yig‘laging kelar baxorda,
Ruhingda sel kabi talotum, toshqin.
Yig‘lab termulasan ajinagulga,
Unga nelarnidir kelar so‘ylaging.
O’rningdan turasan ketmoqchi bo‘lib,
Tikonga ilinib qolar ko‘ylaging.
 
1998 yil, bahor. Andijon.
 
 
OY KEMADA
(Alisher Navoiy g‘azaliga Xoldor Vulqon muhammasi)
 
Yor ketar chog‘inda ma’yus jilmayib jonim olur,
Ketma yor – deb izlarinda termulib ko‘zlar tolur.
Charx urib sohilda daryo qushlari yig‘lab qolur,
Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur,
Mavjlug‘ daryo kabi oshufta ko‘nglim qo‘zg‘olur.
 
Men ovutgayman o‘zimni ey ko‘ngil, g‘am yema deb,
Qaytarur ul kemani tez ortga to‘lqin teva deb,
Chun tovush qo‘zg‘otmasinkim, kemani so‘z dema deb,
Yig‘lama ey ko‘z, nedin sohilg‘a chiqmas kema deb,
Kim yoshing daryosidir har sorikim el ko‘z solur.
 
Qo‘rqamen erk bergali bir laxza bir on og‘zima,
Chinqiriq bo‘g‘zimda og‘rib, kelsa ham qon og‘zima,
Shul sababdin elu xalq termuldi hayron og‘zima,
Titrabon siymobdek ko‘nglim, yetar jon og‘zima,
Tund yel taxrikidin har damki daryo chayqalur.
 
Soqchi to‘xtat, kor – hol yuz bermasin, hoy, kemada,
Yursa bo‘lmas kiprigi o‘q, qoshlari yoy kemada,
Qaytaringlar yorni, yo‘q deb ketgali joy kemada,
Sabr ko‘nglimda, ko‘ngil ul oyda, ul oy kemada,
Vahki, borib telmurib ko‘z, mungrayib jonim qolur.
 
Ko‘zlarimdan oqdi yosh seldek, yetibman o‘lgali,
Yo‘q jahonda mendagi fe’ldek, yetibman o‘lgali,
Cho‘lda bir bor esmagan yeldek, yetibman o‘lgali,
Dam tutulg‘ondin o‘lar eldek yetibman o‘lgali,
Surmasun deb kemasin baskim, nafaslar asrolur.
 
Jon iping tortib tarang chalganda davron udkim,
Jilva aylab etsa marjon dur seni maxdudkim,
Ehtiyoj kashkulidin olamni bossa dudkim,
Kirma savdo baxrig‘a olamdin istab sudkim,
Siymi naqdi tushsa lekin umr naqdi siyg‘olur.
 
Yig‘lama bag‘rimni o‘rtab, yaxshi bor, ey yor, hayr,
Gul yuzin so‘ng bor ko‘ray yel, tim qaro sochin qayir,
Rashk o‘ti Vulqonni qiynar yorga hamroxdir g‘ayr,
G’arq etar bahri fano g‘am zavraqin ey, piri dayr,
Ilkiga chunkim Navoiy boda kishtisin olur.
 
  
YAXSHIMASMI 
 
Olloh dilingda bo‘lsa hamxona yaxshimasmi, 
Haq yo‘lida qamalsang zindona yaxshimasmi.

Masjidda ahli johil mashg‘uli g‘iybat o‘lsa, 
Ul joyi xonaqodan mayxona yaxshimasmi. 

Boshinga tushsa kulfat asqotmasa qarindosh, 
Unday xesh - aqrabodan begona yaxshimasmi.

Iblisga do‘sti sodiq yolg‘onchi olimingdan,
Xilvatda haqni sevgan devona yaxshimasmi.

Haq nuridan yuzingni zulmat tomon o‘girding, 
Sendan qanoti kuygan parvona yaxshimasmi.

"Vulqon sotilmagan" deb "Bejiz otilmagan" deb 
Yig‘lab ko‘mishsa tunda pinxona yaxshimasmi.
 
1996 yil, yoz. Andijon shahri.
 
 
AKME
 
Jimirlaydi xazina osmon,
Osmon "O" simon.
Yo‘qlik ramzi nol raqamiday.
"O" simon ummon.
Unda miltillaydi
Yulduzlarning sonsiz uvildirig‘i.
Uvildiriqlar aro suzar.
Ko‘zlari o‘yilgan,
Tili kesilgan,
Zulmatni yoritgan oyning kallasi.
Siz aslo qo‘rqmang,
O’zingizni qo‘lga oling.
So‘ng o‘zingizni o‘zingiz 
Xonaga qamab 
Eshikni zanjirlab
Tongacha uxlang.
Tongda tirikligingizni
Anglamoq uchun 
Devordagi ko‘zguga kuxlang.
Agar paydo bo‘lsa ko‘zguda xovur 
Qo‘ni-qo‘shnilarni chaqiring.
So‘ng ularga: -Garov o‘ynaysizlarmi,
Men tirikman! - deya baqiring.
Lekin Baxt qushining tuxumidan,
Quymoq qilmang zinxor ba zinxor.
Tuxumlarni bostiring.
Ochib chiqsa
Qirg‘iylardan qo‘ring ularni.
Baxt qushining jo‘jalari
Ko‘payib ketsin.
Hamma baxtli bo‘lsin Vatanda.
Baxt nolib yurmasin baxtsizligidan,
Hafa bo‘lib yurmasin shodlik.
Ovqat och qolmasin,
Kiyim yalong‘och.
Suvlar chanqamasin.
Olov sovqatmasin qaltirab toki!
 
 
SOVG’A 
 
Qutlayman tavallud ayyoming bilan,
Sen quvnoq yashading gullarni hidlab.
Quruq kelganim yo‘q men ham yoninga,
Kutilmagan sovg‘a keltirdim didlab.
Hayoting sayoxat, taoming asal,
Senga yot achchiqlik - qalampir -quzoq.
Ozor ne bilmading, ozor bermading,
Yashading dunyoda juda ham uzoq.
Ko‘rinsang havasga aylanar xasad.
Qarshingda jallod ham yig‘laydi aytib.
Tozarib qon to‘la qotil ko‘zlari,
Pashshaga ham ozor bermaydi qaytib.
Sen oppoq kiyimli so‘fiydek yuvosh,
Hatto miq etmaysan ketsalar yanchib.
Men seni shaharga olib ketaman,
Keltirgan "SOVG’AM" ni miyyanga sanchib.
 
23.01.2007. Soat 13 dan 24 minut o‘tdi. Bishkek shahri. 
 
 
QIZIQ DUNYO 
  
Qorong‘udan chiqib qorong‘ulikka,
Ketguvchi umrlar aylana chiziq.
Sirkulga o‘xshaysan buning ustiga,
Shar ustida yashash undan ham qiziq.
Qiziq tuyularkan yer - bepul uchoq.
Doim xizmatingga tursa shaylanib.
Sen borib yurmasang. o‘zidan - o‘zi,
Fasllar yoninga kelsa aylanib.
Qiziq, tonglar oqlab ketmasa ranging,
Tunlar yuqtirmasa senga kuyasin.
Yana bog‘lab olsang qo‘rqmay bilakka,
Umring kushandasi - vaqtning uyasin.
Qiziqda, bir umr koinot bilan,
Qo‘shilib aylansang, aylansang yerga.
Undan ham qizig‘i, bu voqeani.
Kimdir aylantirib yuborsa she’rga.
 
2000 yil 28 iyul, yarim tun. Maslahat qishlog‘i.
 
 
MAQSUDGA
  
Sheriyatning cho‘llaridan,
Men boshpana qidirdim.
Jigarimni qafasdagi,
She’rlarimga yedirdim.
Bu cho‘llarning giyoh unmas.
Barxanlari mengadir.
Bunda faqat yuvindixo‘r,
Qullar meni yengadir.
Atrofimda qashqirlarning,
Ko‘zi yilt - yilt yonadi.
Tegib qashqir tishlariga 
Oyoqlarim qonadi.
Shu qon izdan bir kun meni,
Izlab, izlab top bolam.
Bu dunyodan ochiq ketgan 
Ko‘zlarimni yop bolam! 
 
1988 yil, avgust. Maslahat qishlog‘i.
 
 
MABODO
 
Men bir it bo‘lsaydim
(Laycha yo ko‘ppak)
Zulmatli kuz kechasi
Daryo ortidagi "Lattaqishloq"da 
Bo‘g‘iq akkillardim 
Go‘yo xum ichida xurayotganday.
Tovushimni tinglab,
Uxlab qolarding 
Ilinardi ko‘zinga uyqu 
Yoxud bo‘lsam edi sassiqpopishak 
Pupupub - pupupub - pupupub
Pishsh - sh! - deya 
Olis uvotlarda sayrardim uzoq 
Dexqonlar ishlashdan to‘xtab, jilmayib
Bir zum quloq tutardi menga.
Yo bo‘lmasa omadim chopib,
Chigirtkaga aylanib qolsam 
Oy porlagan oqshom 
Yozgi "Qirg‘izxoji" dalalarida 
Tunni zirillatib chirillar edim.
Yoki deylik falokat bosib,
Odam bo‘lib qolsam kutilmaganda 
Katta - kon odam 
Bolaligim kechgan 
Qoraqolpoqlar xutoridagi 
Cho‘chqaxona xarobasidan
Qarardim bepoyon mangu osmonga 
O’zimning naqadar muvaqqat, ojiz
Zarra ekanimni anglamoq uchun.
 
15 oktyabr, 2006 yil, yakshanba. soat 13 dan 58 minut o‘tdi Bishkek.
 
  
HIJRAT
 
Uzoq tayyorlandim, nihoyat,
Devorni teshishning
Vaqti ham yetdi.
Devorni teshdimu,
Yorug‘likdan ko‘zim 
Qamashib ketdi.
Endi shu olamga 
- Cheksiz kengliklarga ketaman,
Xayr, dushmanlarim,
Xayr do‘stlarim!
Xayr senga uyim, xayr o‘chog‘im!
Xayr, Xoldor Vulqon -
Mening po‘chog‘im!
 
1987 yil, aprel. Maslahat qishlog‘i.
 
 
 AYRILIQ
 
"Yoqmasam, ka - a -a - atta ko‘cha" deding,
Ko‘chaga chiqdim.
Ko‘cha jim - jit edi, kimsasiz, oydin.
Men avvallari bilmas ekanman,
Ko‘chaning bunchalar 
Katta bo‘lishin,
 
2002 yil, 2 oktyabr. Yarim tun. Andijon shahri

 

SHUKRONA 
 
Ollohim, anavi yon qo‘shnim borku,
O’shandan degin, 
Belkurak oluvdim yer ag‘dargani.
O’sha qo‘shnim bir soat o‘tmay,
Bergan belkuragin so‘rab chiqibdi.
Sen bo‘lsang 
Tug‘ilganimdan beri ishlatib yurgan 
Belkurakdan afzal qo‘llarimni 
Mana, qirq yetti yildirki 
Qaytarib ber deya qistab kelmaysan,
Yaqinda Komxozdan, B.T.I dan,
Gorgazdan, Elektrosetdan,
Soliq idorasidan 
Odamlar keldi 
Semiz - semiz popka ko‘tarib.
To‘lov miqdorini eshitgach,
Xushdan ketay dedim, ko‘karib.
Ollohim,
Yaxshiyamki farishtalaring,
Semiz - semiz popka qo‘ltiqlab,
Quyosh, yomg‘ir,shamol xaqini 
Surishtirib kelmas uyimga 
Yaxshiyamki nafas yo‘limga 
Havo xisoblagich o‘rnatmagansan
 
 
BAHOR HAQIDA
(Chori Avaz xotirasiga)
 
Bahor kelayotir.
Hali hech kim yashamagan bahor.
Bultur sening izlaring qolgan,
So‘qmoqlardan kelayotir ul.
Ochiladi shubhasiz endi,
Hali hech kim o‘pmagan, 
Hali hech kim xidlamagan gul.
Bahor kelayotir,
Hali hech kim o‘lmagan bahor.
 
 1993 yil. Toshkent shahri. 
 
  
 
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1175 | Рейтинг: 0.0/0