Farida Husainova
Kuz manzarasi Qushlar tashlab ketdi daraxtni, Qalbi to‘la nolalar qoldi. Zumrad barglar sog‘inch ranggida, Qarog‘ida jolalar qoldi. Iztirobdan titraydi tani, Kiyar faqat hijronrang libos. Sog‘inchini barg – maktubiga Yozar tinmay oshiqlarga xos. Taskin berar rahmat yomg‘iri, Boshlarini mayin silaydi. Tortiq etar billuriy sirg‘a, Poklantirib baxtin tilaydi. Sinchkov shamol sirin o‘g‘irlab, Qalb izhorin o‘qiydi ochib. Haddan oshsa tortqilab olib, Zamin uzra yuborar sochib. Qaldirg‘och Hofizlar qolgaydir qaldirg‘och bo‘lib. Oydin Hojieva. Charx uradi sodiq qaldirg‘och, Moviy ko‘kning keng quchog‘ida. U sodiq do‘st, gulmi yo bo‘znoch, Muhabbatdir dil ardog‘ida. U mehrni chuqur qilar his, Bormi yoki dil tarozisi? Keng osmondan yumolmaydi ko‘z, Keng osmondir mudom orzusi. Ayriliqda bo‘zlaydi nolon, Ko‘zlariga yoshlar to‘ladi. Hatto, yovi – ayyor ilonning Qo‘ynidagi g‘ashlar o‘ladi. Charx uradi sodiq qaldirg‘och, Yuksaklarda, ko‘kning toqida. Boshlarida sadoqatdan toj, Muhabbatdir dil ardog‘ida. To‘ldirib kel hayotning kamin Ko‘zlaringday musaffo osmon, Nur sochadi ziyobaxsh umid. Nur – kamalak tortilgan kamon, Parqularin sudraydi bulut. Isming yodga soladi shamol, Quvonchingni ardoqlar ko‘ngil. Hayrat ichra quyosh turar lol, Iforlarin nisor etar gul. Gar masofa yiroq bo‘lsa ham, Ko‘ngil yaqin, axir, azizim. Armonlarin quchoqlab mahkam, Sog‘inchlarim bedordir har zum. Kim aytadi, osmon, deb, yiroq, Xayollarim qanoti uchqur. Tuyg‘ularim gul ochar bodroq, Sim qoqqanda e’tibor bir qur. Umidlarim maysasi durkun, Yumshoq tortib boradi zamin. Borliq tutar mo‘‘jiza har kun, To‘ldirib kel hayotning kamin.
| |
Просмотров: 918 | |