Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Kenjabiy Qo‘ziyev
SO‘ZLASAM

Lab ocholmam biror so‘zga,
devona derlar so‘zlasam,
Gap-so‘zlari haqdan yiroq,
afsona derlar so‘zlasam.

Biri ko‘zu, birisi qosh,
birisi ko‘ngilga tutosh,  
Debon yaqin olmay o‘zni,
begona derlar so‘zlasam.

Yetti iqlim bosh egarmish
so‘zlarimning sehriga, hey,
Lek o‘zdan o‘zga anglamas,
mastona derlar so‘zlasam.

Bir qora qoshli izidan
o‘tdi deb umri nolavor,
Hamonki uzmay umidin,
parvona derlar so‘zlasam.

Dalolat qilmoq istasam
gap-so‘zlarim haqligini,
Labi-labiga tegmas hech,
so‘zona derlar so‘zlasam.

Yurt-elatlar bir qadamdir,
yo‘talsang yetgay ovozing,
Zamonadan ortda qolg‘on
sharqona derlar so‘zlasam.


AZIZIM

Davralarda bo‘lar-bo‘lmas
so‘zlayverma, azizim,
Sal g‘amga-da tushib cho‘kka,
bo‘zlayverma, azizim.

Dunyosining ishlari ham
bir qolipdir bilsang gar,
Har sohada haqiqatni
izlayverma, azizim.

Seningsiz ham bu dunyoning
qalbi to‘la jarohat,
Ko‘ksidagi yaralarni
tuzlayverma, azizim.

Imkoningdan tashqari bir
imkon bo‘lmas hayotda,
Hech ushalmas orzularni
ko‘zlayverma, azizim.

Dinu iymon bobida gar
sobitdursan azaldan,
Haqning yuzin so‘lg‘in ko‘rib
muzlayverma, azizim.

Qiroatu tilovatlar
o‘z yo‘liga, Kenjabiy,
Qalbing kirin tozalamay
tizlayverma, azizim.


* * *
Mening aytarim shu har qora ko‘zga:
Mayliga kiraylik to‘qsonga, yuzga.
Lek hayot atalmish karvonsaroyda,
Shunchaki yashamoq o‘limdir bizga.

* * *
Dil qushim parvozi yuksakdir g‘oyat,
Osmonning yuziga yozmishdir oyat.
Barchasin zaminda boshlamoq uchun,
Birgina ishora, imo kifoyat.

* * *
Yerdami, ko‘kdami va yoxud oyda,
Istasin Ka’bada – muqaddas joyda.
Bo‘lmas ekan til va dilning birligi,
Har qanday g‘oyadan chiqmas bir foyda.

* * *
Jahon sahnasiga tashlasang nazar,
Ko‘plar o‘z rolini o‘ynar munosib.
No‘noqroq o‘ynasa mendeklar agar,
Nomin devona deb qo‘yarlar osib.

* * *
Kimni qiziqtirar o‘ylayotganing,
Tafakkur ummonin bo‘ylayotganing.
Esdan chiqarmasang bo‘lgani, shoir,
Kimning surnayiga o‘ynayotganing.

* * *
Ko‘kni qulatgudek aytar so‘zida,
Kimlarning poyida ne jahoniy taxt.
Lek ko‘kka bo‘y cho‘zgan maysa yuzida,
Bitta shabnam bo‘lmoq o‘zi katta baxt.

* * *
Ko‘ngillar mulkidan olib men taskin,
Xudoni qalbimda kashf etdim qayta.
Turmushim nechog‘li bo‘lmasin miskin,
O‘tib bormoqdaman shukrlar ayta.

* * *
Kecha go‘dak edik, bugunda yigit,
Erta aylanarmiz mo‘ysafid cholga.
Lekin yo‘limizda uchragan har it,
Ko‘p hollar tishlashi kelmas xayolga.

* * *
Kichik bir quvonchdan osmonda boshing,
Quvonching aralash to‘kilar yoshing.
Kattaroq ochmasang ko‘zlaring agar,
Oyoq osti qolar bir kuni loshing.

* * *
Nechun hayrondasan ibodatimga,
Yurakdan qilingan qiroatimga.
Men siru amaling bilmayman, biroq
Talpinib yashayman xayolotimga.

* * *
Nomimni el ichra qilib ovoza,
G‘iybat ahli yurar aqldan oza.
Og‘zida qanchalik chaynalsa otim,
Suvda chayilgandek bo‘ladi toza.

* * *
Ruhimda mavhum bir ma’yuslik hokim,
Qancha haydamayin ketmaydi sira.
Qalbim darchasidan boqib allakim,
Yoshlik yillarimdan tinglar xotira.

* * *
Tilingning uchida aylanar bir co‘z,
Zanjirband qilingan bir sher misoli.
Tishdan hatlab o‘tsa basdir, o‘sha kez
Necha bir jonlarning topar zavoli.

* * *
Umring bahorini sovurib ko‘kka,
Orzu-umidlaring chiqarma yo‘qqa.
Umrimiz kamondan otilgan bir o‘q,
Kimning qo‘li yetgay otilgan o‘qqa?

* * *
Umid g‘unchalari so‘lmagan hali,
Sabr, paymonalar to‘lmagan hali.
Kun botmasdan qilaverma xarxasha,
Qiyomat kunining kelmagan gali.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 919 | Рейтинг: 0.0/0