Hamroqul Asqar
Bunda barcha notiq, aqlli, Oshkora aytadi har kim so‘zini. Ma’ruzalar tagdor, naqllik, Arbob sanar endi barcha o‘zini. Kimdir tosh otadi olis tarixga, Kimdir shu bugundan so‘zlaydi yonib. Vo ajab, tang kelsa ne ulug‘ zotlar Bergan va’dasidan ketarkan tonib. Nodonlar ilkida orif qismati, Ruhsiz surat kabi tebranar hayot. Imon cho‘g‘i o‘chgan, yuraklar beo‘t, Ahli jamoani bosmish xurofot. Ming xil nag‘masi bor so‘zamollikning, Oqillar avomga boqar jovdirab. Ustasi faranglar faylasuf yurtda Haqiqat daraxti qolar qovjirab. Har kas muammoni hal etar o‘zga, Go‘yo bo‘lmaganday hech bir talofat. Go‘yo aldamagan hech kimsa bizni, Kapalak berganday filga kafolat. Jaholat kaltagi tanlamas odam, O’zini bilganga najotdir uzlat. Barcha xoinlikka ko‘nikkan damda Oddiy odamlik ham buyuk fazilat. * * * Ikki oraliqda charchadim, toldim. Ikki oraliqda qiynaldi jonim. Bir-birin tan olmas bu ikki taraf, Kimniki bo‘lursan endi, imonim. SHAHAR Kezdim — shaharlarni sarson, sargardon, Menga sog‘inmoqni o‘rgatdi shahar. Musofirman deya hayqirdim nolon, Ona qishlog‘imni ko‘rsatdi shahar. Dedi: qishloqqa bor, yurma sarg‘ayib, Shudgor qil, ekin ek, uyingda yasha. Shahar ulkan edi, qoldim mung‘ayib, Javob qilolmadim unga yarasha. Balki, men holimni bilmasman ayon, Tomirda Mashrabmi, Furqatning qoni. Ko‘rdim, umri uysiz o‘tgan shoirlar Nomiga qo‘yilmish shaharlar nomi. * * * Sen meni erkala Dunyoning eng go‘zal so‘zlari bilan, Sen meni erkala, Sen meni qizg‘on Eng rashkchi ayolning ko‘zlari bilan. Bir seni sevdim de, shivirla bul qovjiroq quloqlarimga. Sen meni quchoqla, Sen meni o‘pgil. Saboday singib ket quchoqlarimga. G’arib bir titroqda vujud yonmoqda, Meni bag‘ringga bos, Erkala, gulim. Men hayotni sevaman juda, Men mehrga zorman, sevgilim... * * * Eng toza ko‘ylaging egningda, Eng totli so‘zlarni so‘zlading. Bilmadim, ne kechdi ko‘nglingda, Yernimi, falakni ko‘zlading? Sen zaminda tug‘ilib o‘sgan, Samovatda yayragan malak. Mayli, jahon hajringda kuysin, Chunki sening o‘rningdir falak. Fazolarni kezsang yarashar, Boqma bu dunyoning erkaklariga. Qo‘lingni ber, olib ketayin Muhabbat mulkining ertaklariga. Kunlar chiqsin ko‘nglingga qarab, Oylar botsin ko‘nglingga qarab. Shabbodalar quvonchdan tolsin Sening sunbul sochlaring tarab. Kel, bir nafas yonimda o‘ltir, Ko‘zlaringdan o‘payin suyib. Vohki, qalbi toza insonning Diydoriga bo‘lmas hech to‘yib. TOPDIM Mavlon akaga Eng og‘ir chog‘da ham bir panoh topdim, G’animlar ichra ham xayrxoh topdim. Dedim: qoldim do‘stsiz, beimkon, g‘arib, Shunda ham holimdan bir ogoh topdim. OTLIQ AYOL Otning tuyoqlari, qayroqday sag‘rinlari, ot ustidagi ayolning kibrli iyaklariga mos tik va mag‘rur qomati, jilovni jahd ila tutgan oppoq qo‘llari, go‘zal juft cho‘qqi yanglig‘ ko‘kraklaridan shavq ila bexavotir o‘rmalayotgan nigohlarim quyoshga topinayotgan otashparastdek uning ko‘zlari sohilida benajot yiqildi... Men uyat va ojizlikdan o‘girilib — ot minib borayotgan ayolning ko‘zlariga tikilishga botinolmayotgan minglab odamlarni ko‘rdim ortimda. XOTIRA O’sha tun barcha aqllar yuraklar ishlab chiqargan iztiroblardan unumli foydalanish haqida bosh qotirar edilar. O’sha tun beg‘amlik va ishratda semirib ketgan hilol madhiyaboz yulduzlar iskanjasida sarmast edi. O’sha tun quyosh qaylardadir shug‘ullanardi oltin savdosi bilan, O’sha tun butkul oqarib ketdi mening qalbimdagi ayol sochlari... SAMARQAND ZIYORATI Miltiq ushlamadik, osmadik qilich... qurollanib qaytdik qoshingdan. * * * Nega buncha fig‘oning falak? Bu gaplaring odobdan emas. U o‘zini baland olmadi, Sen sha’ningni past tutding xolos. MIRTEMIR O’GITI ...Yassaviy mozorin ziyorat etdik, Yurakni g‘ijimlar poyonsiz kadar. Aslida biz sening ushog‘ing edik Seni tan olmadik, ey buyuk padar... Adolat dunyoning qiblasi erur, Bo‘g‘zimda jon berar haqiqat, og‘riq. Endi ko‘ksimdagi muzlarim erir, «Falak bog‘chasining gullari sarig‘...» Sen aslo gullarga tegmagin, o‘g‘lim, Ko‘zlaring hamisha hayqirib tursin. Gar shoir zotini qo‘rqitsa o‘lim, Uni qog‘oz ursin, uni so‘z ursin. Mening ham sochlarim gulladi shu tob, Ildizga aylandi shu vujud, shu tan. Yana kun chiqardan porlaydi oftob, Uyg‘ona boshlaydi qadim Turkiston. Ey, sen shu Vatanning umidi, ko‘rki, Mening bolajonim, mening tirnog‘im. Kimlarga ishonib yuribsan o‘zi Mening Oltibegim, mening Qarnog‘im. Qaysi inoyatdan buncha shodmonsan, Kimlarga bosh urib izlarsan taskin. Qaysi g‘alabadan ko‘ksi osmonsan, Qaysi musibatdan bunchalar g‘amgin. Do‘stlar boshi egik, dillari siniq, Siniq ko‘ngillarga chega bo‘l, bolam? Ortiq toptalmasin bu ona tuproq, O’z elingga o‘zing ega bo‘l, bolam. Ey, ulug‘ Vatanning umidi, ko‘rki, Mening bolajonim, mening tirnog‘im. Kimlarga ishonib yuribsan o‘zi, Mening oltibegim, mening qarnog‘im...
| |
Просмотров: 860 | |