Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Abduvali Qutbiddin
Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz, 
Kunduzi parisiz, tunda okqushsiz. 
Ruhi ravonimiz sizga baxsh etdik, 
Izingiz yoniga labni naqsh etdik.

Puflasangiz o‘chdik, silasangiz okdik, 
Ufq naryog‘iga imladingiz, bokdik. 
Qonimizni to‘kdik barmog‘ingizga, 
Ko‘nglimizni urdik tirnog‘ingizga.

Yot desangiz, yotdik suvdek jimirlab, 
Bir-bir o‘ynadingiz ko‘zlarimizda. 
Shivir-shivir kildik sizga shivirlab, 
Tosh bosib qo‘ydingiz so‘zlarimizga.

Qalqidik, yulduzga uzatsangiz qo‘l, 
Chor-atrof rasvodir, bezatmadingiz. 
Tinchlandik, boshi berk bo‘lsa hamki yo‘l, 
Biz hamon xastamiz, tuzatmadingiz.

Bizdan xafamisiz, sarvim, xomushsiz, 
Shudring oqartirdi yuzlarimizni. 
Muztog‘ni eritgan muqaddas tushsiz, 
Qaytaring, titragan bo‘zlarimizni...

* * *

Xayol kechasi



Muallif: Abduvali Qutbiddin
Hajmi: 264 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish
 
Osima,
Ne qilay ko‘nglim ushmundoq,
Bir cheti osmonu, bir cheti tuproq.
Bir tunda podshoman ikki kishvarga,
Bir kunda zordirman bir qur nazarga.
Hilvirab, simillab bo‘zardi ruhim,
Xohla portlatib qo‘y, xohla parchala,
Esiz, har tomonga urdi shukuhim,
Esiz, o‘tolmadim shum darichadan.
Osima,
Roziman, mendan asar yo‘q,
Ista, men haqimda boshqa xabar yo‘q.
Ammo dilim erka dilingni istar,
Mendek xushxabar yo‘q,
Mendek xatar yo‘q.
Osima,
Alarga ko‘p ham ishonma,
Ular qush ko‘mganlar xiyobonlarga.
Qumlari zarlangan
Bo‘lsa ham bordir,
Lek harom o‘rmalar tavonlarida...
Osima,
Sen haqsan,
Men tugab botdim,
Bu qissa so‘ngida, shudir qasida.
Men go‘zal borlig‘im maydalab sotdim,
Yo‘g‘imni qaytardim 
O’z egasiga...

NAFAS

Nafasing yuzimda uxlasin endi, 
Qaynoq so‘zlaring ham tinsin shu muddat. 
Qo‘llaring qo‘limni tinglasin endi, 
Shoshilma, muvaqqat, bari muvaqqat.

Yuragim, yuraging vasl topsinlar, 
Nigohim, nigohing yoshlansin, jono, 
Bo‘salar qadalib sabza ursinlar, 
Ohlarim ohingdan boshlansin, jono.

Marvarid qorlarga boraylik, sevgim, 
Bag‘rimiz yuksakda to‘lsin havoga. 
Cho‘qqida zumgina turaylik, sevgim, 
Suvratday qulaylik zilol ma’voga.

Yoshligim bo‘ysunmas, chiqqan izmimdan, 
Qistaydir ketmakka so‘rab ijozat. 
Xayrlashayapman lolaligim-la, 
Jonim, nafasingni yuzimda uxlat.

To‘xtamas hech narsa: uryon, lahzalar, 
Jismimda larzalar olgan halovat, 
Bu ne tilovatdir bo‘g‘zimga qadar,
Jonim
Nafasingni
Yuzimda
Uxlat...

EY, DILBARIM

Ohumiding yobonimda suv izlagan, 
Yohumiding tomonimda lab izlagan, 
Dalligina jahonimda 
Siymu zarim: - 
Ey, Dilbarim...

Chashmamiding toshlar uzra to‘kilasan, 
Ufqmiding quyosh ketgach yiqilasan, 
Yamoq tushgan hayotimda 
Sen chevarim:
-    Ey, Dilbarim...

Biy dalada quyun ila sochilding-a, 
O’rtasida yavshan ila ochilding-a, 
Yuragimga qadab qo‘ygan 
Oq gavharim:
-    Ey, Dilbarim...

Koshkiydi, to qiyomat biz yonma-yon,
Koshkiydi, to qiyomat biz jonma-jon,
Gulxan yoqib uzun tunning etagida
Bilagimiz tilib qo‘ysak ust-ustiga.
To qiyomat
Zikr aytsam,
Mohpaykarim,
To qiyomat zikr aytsam, mohpaykarim:
-    Ey, Dilbarim...

* * *

Baliqning tishi-la tilimni tildim, 
Yuragim urchuqday uch aylantirdim. 
Ko‘zimni qiynadim, Qiynog‘im qiziq...
Yayradim.

Indamay ruhimga ergashib oldim, 
Devona xayolim g‘ilmon sanadim. 
Tuf dedim botqoqqa, 
Guliston qildim... 
Yayradim.

Qaldirg‘och loisuvoq qilgan ochunda 
Sevgim yo‘llariga zor-zor qaradim.
Yoshlarim yal-yali
taraldi tunda...
Yayradim.
Majnuntol darchasin ochdi, kiritdi, 
Yuz bitta qizidan birin tanladim. 
Xivich qasrlarda 
Barglandim biram... 
Yayradim.

Dunyoni tark etdim, hur safar etdim, 
Yorim-la tuyqusu bexabar ketdim. 
O’n besh kun to‘y berdim
Dorulbaqoda...
Yayradim,
Yayradim,
Yayradimaaa!

* * *

Qora qoshing qasdima xunxorlar chaqirmishdir, 
Birlashib zulmat bilan ag‘yorlar chaqirmishdir.

Ruhi ravonim aro mijgonlar uchmish o‘q kibi, 
Etgali mahv umidim, ozorlar chaqirmishdir.

Dunyoi dun makrning sharobidin badmastdur, 
Zardobig‘a cho‘ktirib hushyorlar chaqirmishdir.

Andalib qabog‘inda jamolin ko‘z-ko‘z etib, 
To‘kilib sadog‘indin bahorlar chaqirmishdir.

Naylayin sahrodir ishq, qaqraganlar qoldimu, 
Mungragan chiltor tutib, abgorlar chaqirmishdir.

Sirim oshkor aylasam, tong yaqin bu Valiyni, 
Mash’alalar ko‘tarib bedorlar chaqirmishdir.

ARAZLABSIZ

Sarvim, arazlabsiz, hijob tutibsiz, 
Bizni qora ko'rib, simob yutibsiz, 
O'lib bo'larmidi bizsiz, bilmabsiz, 
Ahvolimiz o'xshash, hech o'ylamabsiz.

Mijgonda quyoshni bandi saqlabsiz, 
Sho'rlikni kimga asrandi saqlabsiz, 
To'zonni sovutib g'avg'oga boshlabsiz, 
Sarvim, xatomasmi, bizni tashlabsiz.

Gardun iqbol sari yurmasa yurmabdi, 
Mayxona changini qormasa qormabdi, 
Shungayam shunchami, xo'rlasa xo'rlabdi, 
Baribir ko'nmaymiz, zo'rlasa zo'rlabdi.

Oqshom kulbasida biz-da mehmonmiz, 
Avjlansak, yalang'och mohitobonmiz, 
Xijolatlar bo'lmang, gul-gulistonmiz, 
Biz shunday ayonmiz, shunday tamommiz.

Oh, orzu orzumi beomonlikda, 
Oh, darmon darmonmi bedarmonlikda. 
Sizdan so'rovimiz, ilinjimiz shu: 
Sarvim, bizga qayting - sargardonlikka.

 

CHIZGILAR

* * *

Pichanzorda yotgan tosh turdi,
Dumaladi.
Navro‘zgacha uch kun bor edi.

(Surilgisi kelardi juda...)

Qarg‘amikan tumshug‘in urdi,
Qimirlatdi,
Tosh indamadi.

(Navro‘zgacha bir kun bor edi...)

Hamma yoqda g‘imir-g‘imirlar,
Hamma yoqni to‘ldirdi izlar.
Tosh silkindi,
Uch bor silkindi.
Sakrolmadi tillaqo‘ng‘izday...

(Navro‘z kuni edi o‘sha kun...)

Ertasiga sap-sariq toshni,
Ko‘rib qoldi ivirsiq bola.
Aylantirib boqdi ichiga,
Ichkarida kuylardi lola.

(Ichkarida kuylardi lola...)


* * *

Qoratepada qora dutor chal,
Tun qizlari oyni jilovlar,
Qo‘l chiqarar qoyalar,
Besh qarsak,
Ur chapak.

O‘spirinday qichqirar keksa —
Soy, tomog‘i qurigan kesak.
Suv o‘rniga nur berding, Xudo,
So‘rasak ham, so‘ramasak ham...

Qoq bag‘rida ming bitta jilo,
Oyoqyalang qizlar shiviri.
Qayroqlari yumshaydi — halvo...
Ildizidan chiqarib novda,
Nimanidir yozadi chinor.
— Tillarimni uzdi g‘o‘r shamol...

Shiddat bilan egildi tol ham,
Uyalganday butun tanasi.
— Shir-yalang‘och bularning bari...

Qoratepada qop-qora dutor,
Simlarida tutadi shafaq.
Oyni haydab ketdi tunqizlar...


* * *

Rangsiz ovozday hushtagi,
Yozib qo‘ydi —
Orzusiday dasturxon.
Jigaridan qon silqidi —
Oppoq...

Subhidam edi u,
Fursatga cho‘ri,
Siynasin tutardi to‘ymas bog‘larga...

Shabnam oqib tushar oq ko‘zlaridan,
Jon ato etmakka 
Oq kapalakka...
 
(Chor-atrof binafsha nozidan lohas...)


* * *

Dirillar etagi o‘ralib o‘ziga,
Ko‘payib, kamayib 
Ayozning shoxlari

Chanasi yaxmalak ortgan chamasi...

Kim bo‘ldi yuzida ter hidi mushkday,
Shopirib-ko‘pirib,
Porlagan bemavrid.

Tomirim zanjirday, yuragim itday...

Sirlarim yulduzday qizara boshlar,
Barmoqlar panjara,
Nigohim tutqun. 
Timdalab tashlaydi dunyoni kulgu...

— Men senga maftun.

* * *

NOXOLISGA

Mening qiyofamga kirmoqchi bo‘lgan,
Kuyib changi chiqar va parcha-parcha.
Ko‘zlarim o‘chog‘day cho‘g‘larga to‘lgan,
Tuyg‘ular sachraydi alanga ichra.

Mening ovozimni o‘g‘irlab bo‘lmas.
Qaynar bulog‘im-da yurakda pishar.
Unda aslo g‘azab changali bo‘lmas,
Undan qalb va xayol sevgi tugishar...

Axir mazza qilib dunyongda yasha,
Neki mavjud bo‘lsa zavq bilan o‘pib.
Axir mening dunyom ostonasi ishq,
Darvozasi ruhim,
Yuborar yutib...

Balki sen o‘zingga e’zozsan, ulug‘,
Menga qizig‘i yuq, bamisli yo‘qsan.
Marra-manzilimda o‘zimman buyruq,
Tugasam bir o‘zim tushgum quduqqa...

Umuman,
Salgina bo‘lsa diyonat,
Ozgina Xudodan qo‘rqsak yomonmas.
Men senga so‘rayman sabr, matonat,
Axir
Abduvali Qutbiddin
Bo‘lish osonmas.

* * *

NAZMDAGI NASR

Erdon suvchi Oqdaryoda jon berdi

Pildirayman, chuldirayman, tizzam cho‘kkan,
Ishtixonning biqinida,
Oqdaryoda —
Quyun dunyo samaniday chopar yurak,
Qum tuproqqa yuzim tekkan,
Og‘zim tekkan,
Suyaklari churiganday —
Qaqshar ko‘krak.

Maymun bo‘lib yurganim yo‘q edi asti,
Xotinchalish emas edi bo‘yu bastim.
Miltiqdaydim, shu paytgacha sharaq-shuruq,
Ne kasofat, nafas olsam, nafas quruq.

Erdon otim, suv taradim ketmon bo‘lib,
Goho yomg‘ir, goho katta osmon bo‘lib,
Gashtaklarda gap tashladim sulton bo‘lib.
Kurashlarda qo‘l uzatdim sirtlon bo‘lib.

Endi esa suvga pishgan mushukdayman,
Ikki yog‘i nov ulangan teshikdayman,
Ajal niqtab o‘ynab turgan beshikdayman,
Atalaga cho‘kib qolgan qoshiqdayman.

O‘n chaqirim qoluvdi-ya uyimgacha,
To‘rt kun qovdi kichkinamni to‘yigacha.
O‘n bir bolam suv bo‘yiga kelarmikan,
Yo etimni epkin shimib tilarmikan.

Bu ne balo, jon tirishar Oqdaryoda,
Ikki oyoq ikki taraf ketay deydi.
Kallam toshday og‘irlashar, bedavoday
Qum kovlagan qo‘lim chuqur kiray deydi.

Olovdayin til qaytargan kalima ham.
Bolalarga tushov endi Halima ham.
Suv sudrasa. Gum bo‘lsaydim, qani tezroq,
Loyqa to‘lgan xum bo‘lsaydim, qani tezroq...

Erdon otim, pirim daryo — xizmat qilay,
Arvoyimni hazratimga xilvat qilay,
Umr ko‘ppak qanjiqligin ko‘rdim o‘zim,
Ellik beshda edi yoshim, hasrat qilay...


Oybuvi Elmurod naymanning otiga mindi

Chiyabo‘riday alaksib, qorong‘uga o‘ranib, 
Ko‘zini chaqchaytirib olib ketdi Oybuvini Elmurod nayman.
Bo‘riday uvlab bir gala yigit quvladi,
Qanoti yetti gaz burgutday uchdi Oybuvining ukasi
O‘roqni siltalab nim yashil yorug‘ni o‘rib,
Qirning o‘rkachiga o‘tirib oldi Quvondiq kayvoni:
— Quvlang, Oybuvi Elmurod naymanning otiga minmasin.


Besh tun o‘tdi, Oybuvini ukasi qaytdi,
Ko‘zi qip-qizil. So‘zi qip-qizil.
— Elmurod naymanni, Oybuvini, u mingan otni
Jar yutdi.
Shu gap. Og‘zingizda tish mixday tursin.
Guldirgup.


 Jabbor maxsido‘z iblisni tanimadi

Charmni taxtalab yangi ayolini tepganidan pushaymon tortib,
Oyog‘ini chopib tashlashga shaylangan Jabborni do‘koniga
Bir bobo kirib keldi, qoshida tuki yo‘q,

Beshta turmushim bor, beshta maxsi ber,
Kiysa tovoni qurtlasin.

Biri jafo, boshqasi karashma, o‘rtanchasi firib.
Undan keyini dev, oxiri alam.

Jabbor maxsiduz yig‘ladi:
— Qirq besh yillik vafodorimdan ayrildim.

Esim og‘ib Do‘smatni go‘rga tiqqan zormandani ovdim, bobo,
Sichqonning hidi keladi barmog‘idan.

Ertalab cho‘chib o‘yg‘onaman,
Qulog‘imda chiyillaydi tilginasi.

Bobo o‘ylanibdi, so‘ng aytibdi:
— Qo‘lqop tik. Uchiga beshta igna qo‘y.

Jabbor qo‘lqop tikibdi, qiynalib,
Adashib qo‘lini tiqib opti — Kechasi
Uchtasi miyasiga, ikkitasi yuragiga qadalibdi.

Bobo qirq kun o‘tgach Jabbornikiga kepti,
Olib ketibdi uning yangi turmushini.
Yo‘lma-yo‘lakay qulog‘iga pichirlabdi:
— Sen mening oltinchi xasmi haromim,
Yangi isming Qassob...


Sodiq sartaroshning o‘g‘li o‘g‘ri bo‘ldi

Allamahalda yuz qo‘yni junini qirqib,
Kelayotsa Hotam qusurni qizi hapriqibdi:
— Toshkentga ketaman, sochimni kesib qo‘y,
Mana toza qaychi.

Unday debdi, bunday debdi, qiz ko‘nmabdi,
Oxiri kesibdi ikki o‘ram sochni,
Qiz: — Otam ko‘rmasin, yashirib qo‘y, — deb
Unga beribdi ko‘lvor kokilini.

Sodiq sartaroshning o‘g‘li jin chalgandek
Lapanglab kiribdi uyiga,
Taram-taram sochni quchib
Uxlab qopti to subhi sahar.

Ertalab bo‘g‘zida otasi qaychi,
Hotam qusur pichoq tirab turganmish
G‘azabi mo‘riday o‘rlab.
—Buni sen o‘g‘irladingmi...

Esi og‘ibdi, esi kirgach, qarasa,
Qo‘ynida yotganmish Hotam qusurning qizi —
Ikki o‘ram sochi yoyilib...


Ali chavandozni qarg‘ish urdi 

Ali xotiniga qaradi, otini siypadi, 
O‘, xotin desa, ot kishnadi, ayoli labbayladi,
Tunda uni o‘pdi, kunda buni o‘pdi.

Ayoli chidadi, sabr kosasi to‘ldi,
Ayg‘irni zaharladi bir kuni.
Ali chavandoz otday irg‘ishladi,
Ayolini qamchinlab urdi,
Og‘zi ko‘pikladi to‘satdan.

Uzundan uzun kishnadi,
Tildan qoldi.
To‘shakka quladi.

Ayoli o‘sha qamchini olib savaladi qasdma-qasdiga.
Ali otday ihrandi.
—O‘rnidan turolmadi.
Buguningdan battar bo‘l otning o‘ynashi,
Tuf senday erga...dedi u.

Alining ko‘zidan bir tomchi yosh suvrat chizib tushdi.
Ayg‘irning ko‘ziga o‘xshagan.

Ayol uvvos solib chiqib ketdi uydan.


HIKMATOMUZ
 
Gardkam 
Kemaga tushganning joni bir lekin,
To‘fonga yo‘liqsa cho‘kmaydi tog‘i.
O‘rtamiyonani g‘arq etsa to‘lqin,
Nahangga yem bo‘lar bechorarog‘i.

Da’vo
Jilpanglab o‘tguvchi bitta mor emas,
Dil tirnab ketguvchi faqat yor emas.
Senga bas kelganlar o‘zingday filtan,
Bizdek Haq vaslida xoru zor emas.

Fosiq
Bir qo‘li doimo kovlab turadi.
Bir qo‘li hamisha so‘rab turadi,
Oyog‘i yursa ham ko‘zi chamalar,
Tili o‘ldiray deb o‘rab turadi.

Shubha
Dunyoning kiri yo‘q. Rangi bor xolos,
Masalan insonning terisi palos.
Nafs uzra to‘shalib bo‘zarar bir oz,
Bu ham meniki deb cho‘zilar bir oz.
 
Bilim 
Ko‘p ko‘rdim dononi, nodon, hayronni,
Bilmadim biror bir komil insonni .
Sezdim, notinch qalbim duduqligini,
Ko‘pchilik o‘zimday maxluqligini.
 
Ajr
Bunchalar shuhratga bino qo‘ymasalar,
Ayshu ishratu zino qo‘ymasalar.
Ko‘ngil javharini bo‘yab, turlanib,
Yo rab, yolg‘ondin xino quymasalar.

Faryod
Alar g‘unchani no‘shi lab etdilar,
Yafrog‘idan sof nam talab etdilar,
Harchandki bandig‘a soldilar tirnoq.
Bir tomchi jon chiqdi, yalab ketdilar.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1042 | Рейтинг: 0.0/0