A’zam O’ktam
TARADDUD Aniq hech narsa yo‘q, har narsa tusmol, Ayblarim o‘ylasam - hushdan ozarlik. Qizlarning yuziday ochilgan osmon Bulut kelishiga ko‘rar hozirlik. Bitta sham o‘chgaydir shabboda yelsa, Kulga libos balki, asli u qayg‘u. Bosqinchi birovning yurtiga kelsa, Bir kun quvilishga hozirligi shu. Ko‘zni sovuq ko‘rdim, yuraklarni muz, Shaylandim o‘t ila o‘ynashmoq uchun. Muhit bo‘lsa qishni boshlab kelar kuz, Yuzma-yuz chiqmasang - yashamoq nechun. Yo‘l aniq, qaytish yo‘q. Men ketdim endi. Kechgan narsam - jonni o‘ylamam hecham. Bitta maydon kerak - kurashgim keldi: To‘shakda yotgulik qilmasin o‘lim! ORALIQDA Jonimga tegmoqda barchasi bir-bir, Jon esa halqumga kelar oxiri. Bitta men yo‘q bo‘lsam ne bo‘pti axir - O’zbekning kamayib qolmas shoiri. Na Toshkent, na Qo‘qon biladi meni, Axir o‘z-o‘zimni aldab, netaman? Shu oppoq qog‘ozdan yashiray neni - Bir o‘lib ko‘rmadim, xolos. Ketaman! Bir qaltis quladi kech kuzgi oftob, Cho‘qqidan cho‘qqiga urilib sindi. Kunning siniqlari bunchalar serob – Ular yulduz bo‘lib miltirar endi. Yana begonalar yanglig‘ turarman, Mezbonlarga o‘xshar otam ham onam. Qishloq ko‘chalarin kezib yurarman, Tanimas do‘stimning bolalari ham. Qiynagay har narsa yurakni ezib: Shoxi sinib qaytdi qo‘chqor podadan. Ayanchli g‘ingshiydi ko‘nglimni buzib, Itim yaralanib keldi to‘dadan. So‘ng tongda jo‘narman yana qaltirab, O’z holim o‘ylayman achchiq jilmayib. Shaharda bolalar kutar mo‘ltirab, Qishlokda volidam qolar mung‘ayib. SO’ROQ Talpinding, yig‘lading - yelding dunyoga, So‘ylagil, sen nechun kelding dunyoga, Buzildi, ayt, nima qilding dunyoga, O’zingni kim deya bilding dunyoga? Tilingni tiymaysan - besharm so‘ylar, Ko‘zingni tiymaysan - buzukqa bo‘ylar, O’zingni tiymaysan - nelarni o‘ylar, Hech jazo yo‘qmikan bunday zinoga? Malomatning toshi tegmagan boshing, Mag‘rur tutmoqlikdan tiymagan boshing, Hattoki onangga egmagan boshing – Berding bu havoyi, puchak safoga. Tengsiz ta’riflarni o‘qigan ko‘zing, Ulug‘ tarixlarni o‘qigan ko‘zing, Qutlug‘ harflarni o‘qigan ko‘zing – Ne uchun tikding bu yuzi qaroga? Qishda qushlarga don sochgan qo‘lingni, Nopok luqmalardan qochgan qo‘lingni, Olloh, deb duoga ochgan qo‘lingni – Uzatding yeyishi, ishi haromga. To‘ydirib o‘t, qonga to‘ygan yurakni, O’ldirib haq deya to‘lgan yurakni, So‘ldirib ishq ila kulgan yurakni, Sen qandoq sig‘yapsan yorug‘ dunyoga? NEGA? Kun uzun, kun issiq - malollar kelur, Tunlari qop-qora savollar kelur, Tong chog‘i musaffo xayollar kelur, Aqlim mening tiniq tortmadi hanuz. Yetti oq-qorani ajratish oni, Bu umr, bu o‘lim kimning ehsoni? Har lahza shu qarzni uzish imkoni, Bildim, chin sarvatni yig‘madim hanuz. Eng ulug‘ so‘zdan-da titramas yurak, Ko‘zimga yosh kelmas - bu nedan darak, Xalqimga ne berdim va’dadan bo‘lak, Ekkan niholim yosh, mevasiz hanuz. Mahkam bog‘lasam-da rost yo‘lga belni, Ko‘ngil ravshan emas, dog‘i bor dilning, Yurtimni tanidim, bildim-ku elni, Biroq unutmadim o‘zimni hanuz. QANOAT Asl aybim - Tekis yo‘lda qoqinmokdir. Asl baxtim - O’zing ko‘rmay sog‘inmokdir. Yeru ko‘kdan mudom izlab Xato qildim. Seni topmoq yo‘li Doim topinmoqdir. IBODAT Tog‘lar some’ bo‘lib o‘tirishar jim, Takbir aytgan chog‘i guldurab samo. U yanglig‘ munojot qila olur kim, Yomg‘ir bu pichirlab qilingan duo. Yel yig‘lar yer tirnab. tuproq seskanar, Maysalar qaltirab qilurlar sajda. Duolar ijobat bo‘lgan sanachar, Kun nurlari bundan keltirar mujda. ISHQ HAQQI Ajab, dil shod bo‘lur tinglab Qiyomatdan xabarlarni. Tobora shavqim ortgaydir Sezib kelgich xatarlarni. Na rohat, na azob bois Sen aytgan yo‘lga kirmishman. Shu ishq haqqi, xatarsiz qil O’zing sori safarlarni. YO’L Yil yiqilar yilning ustiga, Xotiralar tipirchilar xit. Yelkam og‘rir, qaqshar ustixon, Yuk ostida siltanar umid. Beraymikan taqdirimga tan, Nahot bari tugadi yohu! Yildan yilga yetaklab o‘tgan – Orzularim ushapmadi-ku?! Sergak qadam tashlayman, axir, Yurar yo‘lim - qalin tikanzor. Benihoyat uzundir umr, Bittagina oq ko‘ylagim bor. Yuksaklarga cho‘zibman qo‘lni, Omon yetay unga ishqilib. Tanladim sal og‘irroq yo‘lni, Sal yengilroq jon berayin deb. Kadam bosish tobora qiyin, Umr kiftda. Qaqshar ustixon. Olg‘a qarab yurganim sayin Yil yiqilar yilning ustiga. MUSOFIR HAYOTI Xo’rozning tomog’i ketdi qirilib, Bo’zardi, qizardi tong ham g’azabdan. Ma’radi, hangradi jonivorlar turib, Bir qimirlab qo’ydi chirik xazon ham. Makka taraflardan keldi bir nido, Istehzoli kulib ko’rindi quyosh. Neki mavjudot bor, uyg’ondi ammo Odamlar uyqudan ko’tarmadi bosh… QUTLOV Na bo’lg’ay yashashni sal oson ko’rsang, Qil sig’magan ko’ngling shul’aga to’lsin. Har namoz orasin ramazon bilsang, Bir kunda besh hayit muborak bo’lsin! BOBOLARIM Ularda har neo q, har ne nuroniy, "Qoralagan” demay qalam tek qolar. Duo birla suyab turar dunyoni Payg’ambar yoshini OQLAGAN chollar. TILIM Tilimda bol tommas, achchiq ham emas, Yaraydi qalbdagin izhor etishga. Uzunmas unchalik, qisqa ham emas, Yetadi bo’ynimdan tortib ketishga. CHORBOG’ Poklanmoqqa suv eltar ariq, Qaldirg’ochlar tushirar takbir. Sajdadan bosh ko’tarmas poliz, Tandir – yuvosh duogo’y kampir. Teraklar – sof tortgan yigitlar, Makkajo’xorilar – bir maydon ayol, Yo’rgaklangan bola quchoqlab, Shukr namoziga saflangan. BULARNI QO’Y… Bilsa bilar, chalsa chalar oyoqdan, Ayt o’zing: tashvishin chekayin nening? Har so’zu ishimga milyon guvoh-la Naq Ollohning O’zi kutayabti meni. TOBORA Zulmatga moyilroq ko’ryapmanko’zni, Moy yo’q, shisha xira, pasayar pilik. Yolchimagandek belboqqa bo’zchi, Zor bo’lganim – odamgarchilik. Har kun bir his uchar vujuddan, dildan, Har tun bir tuyg’uning o’char qorasi. Tobora yurakning tiriklik birlan Ochiq bo’layotir orasi. OTASI OQLANGAN BOLALAR Garchi bo‘lsa hamki do‘ppidek bir yer, Qishlog‘im dunyolarcha keng tuyular. Ba’zan ahvolini o‘ylasam bir-bir, Negadir ko‘zimga yoshlar quyular. Cho‘pon yo‘q, bog‘bon yo‘q — Go‘sht oz, meva oz. Kasal ko‘p, Tobora bolalar kamdir. O’ttiz yoshli juvon qilmaydi pardoz, Alpday yigitlarning boshlari xamdir. Tongdan shom — ish vaqti. Ellik so‘m — maosh. Har qalb tirikchilik deya o‘rtanar. Boqchalar eskirgan, Bolalar yuvvosh: «Biz — baxtiyor!» degan qo‘shiq o‘rganar. Jigar og‘risa ham, Nafas qissa ham Shukr qilish kerak, Baxt — tirik yurish. Tug‘ilish — bir tashvish. Temirmas odam, Katta saodatdir — oltmishga kirish. Bolalarning kamroq tug‘ilgani soz, Non, kiyim-bosh kerak, Hovli-joy darkor. Barchasin eplashga Umr yetmas, oz, Joy bermas, Qizg‘anchiq chiqdi paxtazor. Rost gapga chidamas amaldor zoti, Bir so‘z desang, Sapchir bo‘yning uzgudek — «Yakkahokim» bo‘lsa paxtaning oti, Uning kimi bo‘lar, kimidir o‘zbek? Besh yilki, Notinchdir ko‘plab xonadon. Besh yilki, Mish-mishlar seravj qishloqda. Keldi-yu, Ishlashga arzirli zamon, Usta dehqonlarning Ko‘pi qamoqda. Ishlashi shart Kuchi yetmasa-etsa, Ayolu bolaga yana gal yetdi. Yigitlari harbiy xizmatga ketsa, Otalar majburiy xizmatga ketdi. Biz ekkan jinoyat, kin urug‘lari Biri o‘lsa, Biri hanuz gurkirar. Men borsam qishloqqa — Do‘st, urug‘lari Qamoqdagi Erkin akani so‘rar. Qarashga holim yo‘q ko‘zlariga tik, Ular ham boshlarin quyi solarlar. Ko‘zlarda g‘azabmi, uyatmi, hadik, Jim yurar otasi badnom bolalar. «Yaxshi» deyman, Ammo zil ketar ichdan Uh tortib qo‘yganda kampiru chollar. Yakshanba tushdan so‘ng Ozod u ishdan, Goh kelar, Gohida bir joyga chorlar. Ruxsat tekkanda ham Bormas qishloqqa, Dushmanim holimdan kulmasin deydi. Toki sanalguncha Nomimiz oqqa, Qaydaligim birov bilmasin deydi. U halol zot edi. Ishlardi tinmay, Katta bir qishloqqa ishboshi edi. To‘yda jim turmasdi nimadir qilmay, Motamlarda elning darddoshi edi. Bas, yetar, O’zimni maqtovdan tiyay, O’ylasam chimillab og‘rir jonlarim. Men uning ta’rifin qandoq keltiray, U bir o‘zbek edi, qadrdonlarim. U ketar. Gaplarin eslab tun bo‘yi O’rtanib chiqaman, o‘ylarim og‘rir: «Zerikdim, Umrimda yakshanba kuni Ishlamagan odam emasman axir. Bobom Sibir bo‘lgan o‘ttiz yettida, Qirq uchda Kurskda jon bergan otam. Izlarini bosib kelar edim-da, O’sha taraflarga jo‘natmadi ham. Sinfboshilikka saylansa o‘g‘lim, To‘g‘rilagan bo‘lib ko‘pning xatosin — Bir qizcha aytibdi: «Nahot bu mumkin — Axir qamoqda-ku uning otasi?!» Endi mehnatsevar bo‘lgin demasman, O’zingni ayama, demasman endi. Aldasam, Adashsam odam emasman, — Ishchanlikdan boshga shu kunlar keldi. «Zangori ekran»u Gazet so‘zidan Ruhlanib ketibman «Zamon keldi» deb. Boshlabman Raisning shundoq o‘zidan, Hamma ayblarini tashlabman ochib. Bizlar-ku, o‘shandan Bir yil avval ham Sotganmiz paxtamas, g‘o‘zapo‘choqni. Ministr so‘zlashdan tinmasdi bir dam, Yo‘q deganga Ro‘kach qilib qamoqni. Men nodon: «Hammamiz ayblimiz, asli O’zim ham yomon ish qilganman», debman. Hamma tavba qilar, Debmanmi yoki, O’zimcha vijdonim g‘amini yebman. Iqror bo‘ldi deya O’z og‘zi bilan, Bo‘ynimga uch yilni qo‘yishdi ilib. Yoz bo‘yi yurishdi Jim, indamasdan, Ishni qo‘zg‘atishdi Kech kuzga kelib. Xirmon ko‘p cho‘ng bo‘ldi, Oyoq-qo‘l toldi. Balki aytishar deb, kutibman rahmat. Meni izlab keldi, Adashmay topdi — Qamoqqa olishga berildi ruxsat. Men xudbinlashibman: Gazet o‘qisam Birov qamalganin o‘qib, kulaman: Yo‘q ekan jinoyat qilmagan odam, Nahot gunohsiz yo‘q — Hayron bo‘laman. Kimdir ozod bo‘lar «Gukohi yo‘q» deb. U sho‘rlik uyiga shamoldek yelar. Men esa kutaman, Shu damda hadeb Farzandlarim ko‘zim oldiga kelar. «Yanglish qamabsan-ku?» — Demaydi hech kim, Qalbning tubrog‘iga cho‘kar nolalar. Ajab shodlanishar — Yig‘lagandek jim — Otasi oqlanib kelgan bolalar. Ammo bir yomonning Bir yaxshisi bor — Bekorga ketmadi Toshkent kelganim. Bermabman qanchalab Ishga e’tibor, Juda ham oz ekan hali bilganim. Ilgari Shaharni ko‘rardim yomon, Olg‘irga o‘xshardi hamma odami. Har joyda Bir xilda yasharkan inson, Asli bularning ham ko‘p ekan g‘ami. Talvasaga tushib Zir chopar shahar, Unutib qo‘ygancha his-tuyg‘ularni. Bizning dalalarga Purkalsa zahar, Zavod, mashinalar bo‘g‘ar bularni. Goho iloji yo‘q halol yurmoqning, Har kim o‘z egniga moslab to‘n bichar - Yeshlari bilmaydi salom bermoqni, Ayollari chekar, Erlari ichar. Dafni ham, To‘yi ham chalkashgan elning, Xar kim xohishicha to‘qiydi o‘lan. O’rganib olmasang Ikki-uch tilni, Chiqishib bo‘lmaydi qo‘shnilar bilan. Biroz itoatgo‘y, Biroz beparvo, Go‘lroqmi deyman-da qishloq xalqini. Ne aytsang, xo‘p deydi, Jilla qurganda Talab qilolmaydi halol haqqini. Shahar ahli esa Shoshqin, besabr, Tabiatdan yiroq, Tor joyga ko‘ngan. O’ylamas — Yurt nima, Millat nimadir, Yer ishqi qalblarda YO sust, yo so‘ngan. Qo‘rqaman, — Yaxshiydi dog‘da qolmasak, Tobora so‘nmoqda Shiddat va jur’at. Agar bobolarga o‘xshay olmasak, Qardosh xalq — Ruslardan olaylik ibrat. Ular hamma yerda O’z so‘zin aytar, O’tmishin ardoqlar, Kelgusin o‘ylar. O’h, yana dam olish, Iloyo, o‘lmay Bahorga yetkazsa bu qora qishlar. Qishloqqa qaytsaydim — Bir lahza tinmay Ishlardim, ishlardim, ishlardim, ishlar...» ...U ketar Gaplarin eslab tun bo‘yi O’rtanib chiqaman, O’ylarim og‘ir. Hammasi ketmas-ku doim shu ko‘yi, Bir avfi umumiy bo‘lar-ku oxir. U ham oqlanadi, Oqlanar albat, Erkin aka Erkin, ozod, shod bo‘lar. O’zimcha kulaman. Ammo shu fursat Farzandlari ko‘zim oldiga kelar. «Nega qamovdinglar?» — Demaydi hech kim, Qalbning tubrog‘iga cho‘kar nolalar. Ajab shodlanishar — Yig‘lagandek jim — Otasi oqlanib kelgan bolalar. Bod chalgan oyoqning ta’siri urgan Yurak o‘ynar. Qiziq, ko‘zim ham nam-ku? U bola — men axir — jilmayib turgan, Anov odam axir mening otam-ku?!
| |
Просмотров: 1107 | |