Rustam Musurmon
YURAK Yurak - mening duldulim, Ko‘kragimda qozig‘i. Beda emas, yem emas, Mehrdandir ozig‘i. Pishqiradi depsinib, Qon quyilar ko‘ziga. Mendan boshqa odamning Ko‘rinmaydi ko‘ziga. O’zim bersam yemaydi, Yemishlarning gulidan. Oziqlanib o‘rgangan Suluvlarning ko‘lidan. Ko‘zlar oyu yulduzli Arg‘amchining dastidan. Ko‘pchib ketti ko‘kragim Tuyoqlari ostida. Oxiri bir parini Olib qochar yugurib. Meni sudrab ketadi Qozig‘ini sug‘urib... BOZBARAK Inson yer sharini ko‘tarolmasmish, Tayanch nuqtasini topmasmish... Biroq mening bir qo‘limda zamin chirparak Barmog‘im uchida aylanar falak - Bozbarak, bozbarak, bozbarak... Tugma qadab bo‘lmas emish shamolga, Qo‘lga tushmas emish hech qachon... Biroq Men esa shamolning ikki betiga Tortib yuborgaiman ikki shapaloq - Bozbarak, bozbarak, bozbarak... Hech kim ucholmasmish oyog‘i bilan, Parvoz qilolmasmish osmonga... Biroq Mening oyog‘imda tolmas qanot bor, Mening oyog‘imga joylangan yurak - Bozbarak, bozbarak, bozbarak... Umr daryosidan kechdi bolalik, Shul daryo girdida qolgan charxialak, Qamishday bo‘ynimga qo‘ngan ninachi, Gulday hayotimdan uchgan kapalak – Bozbarak, bozbarak, bozbarak... QO’RIQCHI Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Karkas keldi bir gala-aaa... Mening bog‘im kichkina-a, Katta bog‘larni tala-aaa... Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Uzumzor orasinda Tunu kun poylab yottim. Yurakni palaxmonga Tosh qilib joylab ottim. Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Kiygizdim vujudimni To‘rt tayoqning ustiga. Boyladim jon rishtasin To‘rt-t-a-yo-g‘i - dastiga. Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Cho‘p chayla - usti jonsiz, Pasti jonli ustunlar. Olib qochar chaylani Birin-birin ustunlar. Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Bir kafan so‘ngaklarim Ishkom ostiga ildim... Haydash-chun karkaslarni Shaqurr-shuqqurrdoqq qildim. Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Qalbimdan qaqnus qushi Uchib chiqar bir gala. Bog‘ ichra ming ko‘ngilga Tuxum qo‘yar ming gala. Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Hoy gala-gala, hoy gala-aaa!!! OSHI HALOL Poda qaytdi, Qirda yonadi gulxan. Podachi gulxanga yotib biryonbosh Xurjundan chiqardi bitta ko‘pgannon - Ufqqa yonboshlab mudraydi quyosh... Oshi halol, Podachi, Oshi halol! Sovliqlar sog‘ildi, Qo‘zilar yotdi. Eshiklarni yopdi qo‘rayu qo‘rg‘on. Ovloq daralarning ko‘zlari yondi - Tosho‘choqda qaynar bir qora qumg‘on. Oshi halol, Podachi, Oshi halol! Rizqu ro‘z beradi buloq, tog‘u tosh, Odamning mol boqib topgan noni bol! Osmonda porlaydi yulduzlar bosh-bosh, Ko‘kda poda boqib yuribdi hilol! Oshi halol, Podachi, Oshi halol! PAXTA GULI Har kim sevsa o‘z yurtu o‘z elini, Ikki qilmas dili bilan tilini, Bu dunyoda xushbo‘y, rangdor gullar ko‘p, Men sevaman oppoq paxta gulini. Nomozshomgul kun botganda kuladi, Qizg‘aldoqlar bahordayoq so‘ladi. Qor ostidan qatrab chiqar boychechak, Paxta guli issiqqa o‘ch bo‘ladi. Xalqni mehnat har tomonga yo‘llaydi, Kim bog‘laydi, kimlar dala-cho‘llaydi. Paxta o‘zbek kabi sevar quyoshni, Paxta yozning chillasida gullaydi. Qadri bo‘lak g‘alla, boshoq, donani, Biroq paxta dehqon yori, jononi. Suvchi tunda egatlarga suv tarab, Kunduz sanar g‘o‘zadagi shonani. Paxta guli dehqon yaktagidek oq, Paxta guli pushti yaproq, qiz yanoq. Paxtazorda porlagaydir yulduzlar, Paxta odam panjasidek besh chanoq. Sevsang, paxta hosilni mo‘l beradi, Qadoq qo‘lingga momiq qo‘l beradi. Paxta xirmon yulduzlarga tegadi, Koinotga eltuvchi yo‘l beradi. Har timsolning o‘z mazmuni, tili bor, Har elga xos ramzlarning har xili bor. Non-nasibam to‘kin dasturxonimda — Choynak-piyolamda paxta guli bor. Dunyo chopon kiyar o‘zbek qo‘lidan, Boshda do‘ppi, belbog‘i bor belida. Deydi shoir: o‘zbekcha so‘zlar paxta, Yer yuzini sevar o‘zbek tilida. MUSTAQILLIK DARSI Birinchi qo‘ng‘iroq jaranglab shodon, Darsxonaga chorlar o‘quvchilarni. Buyuk cho‘qqilarga boshlaydi karvon Ilm tog‘idan kon kashf etuvchilarni. Mustaqillik darsi — birinchi soat, Bu saboq jondan ham aziz insonga. O‘qiymiz, singdirib olamiz albat Vatan, Xalq, Ozodlik so‘zlarin qonga. "O‘qish”, "Ona tili”, "Vatan tarixi”... — Ilm o‘rganamiz soatma-soat. Yulduzga yetadi chinorning shoxi, Albatta ildizi bo‘lsa baquvvat. O‘quvchi bolalar hozircha — nihol, Muallimlar esa — mirishkor dehqon. Muallim mehnati topmagay zavol, Muallim Marsda ham ko‘targay xirmon. Birinchi qo‘ng‘iroq zang chaldi shu on, Muallim ilk so‘zni yozdirdi. Mana: "Birinchi sentyabr!” — Assalom, Vatan! Assalom ozodlik tug‘ilgan sana! SAMARQANDIMSAN Samarqand shahrining 2750 yilligiga Alp Er To‘nga — Afrosiyob zotingdir, Turkiy shajaramda ulug‘ bandimsan. Yer yuziga sayqal bo‘lgan otingdir — San’at shahardirsan, Samarqandimsan. O‘chog‘ingda Zardusht olov yoqqandir, Vatanimsan, ezgu so‘zim — ontimsan. Zarafshondan to‘lib oltin oqqandir, Quyosh ko‘zin qamashtirgan kentimsan. Qahramonsan, mag‘rur So‘g‘diyonasan, Ajdodlarim qilichisan — qahrimsan. To‘marissan — qasos olgan onasan, Iskandarga panja urgan shahrimsan. Islomdirsan, muqaddassan, imonsan, Minorlarga naqsh etilgan Qur’onim. Dunyodagi shaharlarga sultonsan, Sohibqiron — Amir Temur hoqonim. Jamolingga boqib lol qolur olam, Mo‘’jiza yaratgan hunarmandimsan. Bino etding buyuk ajdodlarni ham, Ilohiy me’morim Samarqandimsan. BOBIL QAND Bolaligim — yashin xotiram, Ko‘zim olov, nigohim chaqnoq. Tuyg‘ularim beg‘ubor osmon, Mangulik ongimda bir chaqmoq — Bobil qand. Qandga tarix nomini bergan Mening ona xalqim donishmand. Labimda bir shirin so‘z bo‘lgan, Tilimda eriydi Bobil qand. Bobildan ham ko‘hna diyorim, Yechilmoqda tarixdan tugun. Bobil qandning shirin ta’mini Shuurimda shimiyman bugun. Asli savdogarlar Kitobdan Holva eltgan Bobil ahliga. Qaytishida bolalariga Qand keltirgan Bobil shahridan. BOZORTEPA Poda. Bozortepa mol boqar, Dashtni kesib yugurar Sho‘rob. Yakkatut keng dalaga chopar Charxariqni beliga o‘rab. Yassi yayloq. Issiq, jingirtob, Zorillaydi jizillovuqlar. Chanqab qolgan govmush — Sangirtog‘ Sho‘rob suvlariga yovuqlar. Bo‘rttiradi qomatin tarang Shamol pirpiroqqa o‘ralib. To‘zon — raqsga tushadi satang Buralib, buralib, buralib... Bozortepa o‘ngirin qoqib, Podani haydaydi qishloqqa. Tun osmonda chiroqlar yoqib, Qorovullik qilar yayloqqa. NOZIMA Nozima, Nozima, She’r yozdim qog‘ozima, Xat berdim sen tomonga Uchgan oqqush-g‘ozima. Nozima, Nozima, Qanot ber parvozima. Kulib "yo‘q-yo‘q” deganing Qiz bolaning nozima? Nozima, Nozima, Tosh qo‘ygin tarozima. Bol shirinma, ishq shirin? Ko‘pima yo ozima? Nozima, Nozima, Quloq sol ovozima. Seni menga berishga Ota-onang rozima? Nozima, Nozima, Taqdir hukmi qozima? Hayot bilan o‘ynashgan Morbozma, dorbozima? Nozima, Nozima, Go‘zalsan, mumtozim-a. Qo‘shilib kuy chalaylik, Tor bog‘lagin sozima. Nozima, Nozima, Hamroz bo‘l diz rozima. Bir bo‘sa ber, so‘ng meni O‘ldirsang ham roziman.
| |
Просмотров: 1066 | |