Gulchehra Shahobiddin qizi
Darvesh bo‘lib darvozangni chertib borsam Eshigingni ochasanmi men g‘aribga? Non bahona ko‘rsam bo‘ldi diydoringni So‘ngra ketgim Mashriqqami yo Mag‘ribga. Ishq tilanib yor vaslingda gado bo‘ldim, Seni izlab qaddim egik, sato bo‘ldim. Gado bo‘ldim, ado bo‘ldim, fido bo‘ldim Yoki taqdir yozug‘ida xato bo‘ldim. Darvozangni taqillatsam, egasi bor, Uy ichinda baxt talashgan bekasi bor. Gado bo‘lsang ana non- suv, deya ko‘rma, Sen baxtimsan desam, bu baxt- chegasi bor. Chegalangan baxtimga baxt bo‘lolmassan.. Darveshingman sendan baxtlar tilab borgan. To‘rvadagi kulcha nondek to‘lolmassan, Baxtsizligim badalini - to‘lolmassan. ..Sen deb baxtli- baxtsizingman, bilolmassan *** SOG‘INTIRAMAN "Meni izlab toqqa chiqasiz”, do‘lanani izlagan kabi. Kerak bo‘lsa boqqa chiqasiz Naqsh olmani ko‘zlagan kabi- SIZNI SHUNDAY SOG‘INTIRAMAN.. Kelishimni mushtoq kutasiz, "Ko‘zlaringiz qop-qora bo‘lib”.. Firog‘larni ichga yutasiz Yuragingiz xo‘p pora bo‘lib- SIZNI SHUNDAY SOG‘INTIRAMAN.. O‘ngingizda, so‘lingingizda – men, Rashk o‘tida kuyasiz xali. Har bir yurgan yo‘lingizda –men Meni shunday suyasiz xali - SIZNI SHUNDAY SOG‘INTIRAMAN.. O‘zim sizni sog‘inganimday, devonalar bo‘lasiz ishqdan. O‘shal so‘zga topinganimday, Parvonalar bo‘lasiz ishqdan- SIZNI SHUNDAY SOG‘INTIRAMAN.. Sabrlarning sabrin sindirib, Xat yozasiz : "SOG‘INDIM, KEL”, deb Sizni shunday ishqqa ko‘ndirib Javob bitgum: "holimni bil”, deb ..O‘zim sizni sog‘inganimday - Rosa Sizni sog‘intiraman. SIZNI SHUNDAY SOG‘INTIRAMAN.!. SOG'INTIRAVER Rosti sog‘inganman, sog‘intiraver, Xajringda bu dilni og‘rintiraver. Izlaring to‘tiyo- sig‘intiraver.. Sen shunday jabrkor, sitamgar, bedil... Mayli zoriqtirgil, zorlar bo‘layin, Ishqda toliqtirgil xorlar bo‘layin. Najot ber vaslingga yorlar bo‘layin- Dardini ichiga yutgan Men- betil.. Nechun ko‘rinmaysan- ko‘zim taskini, Xajrlar buzmoqda ko‘nglim ashkini Sezmaysan, bu dilgir dilning rashkini Sen shunday bilmassan Men - za’faron gul... Bilmaysan, dardbonim, menda ehtiyoj Ilinjim ishqdandir, boshqa yo‘q iloj Bu hajr dashtida ochib keng quloch Boryapman sen tomon ..kuymoqda ko‘ngil.. ..Bilmaysan dardimni, deysan-ki, ko‘ngil! Qaqnusdek yonaman,umidlar chil-chil.. Yonsamda, Kuysamda, Bo‘lsamda Kul-kul Men endi ortimga qaytmog‘im mushkul! Men miskin-yo‘lovchi, taqdir esa yo‘l, Ishq otliq kajraftor yo‘linda men –gil.. Ko‘zimning quvonchi-topintiraver Sog‘indim, sog‘inib, sog‘intiraver.. QIZG‘ALDOQ BARGIDEK TO‘KILGAN ONAM Ayriliq zarbidan ko‘ngillarda dog‘, Dardlaring men kabi bo‘lmasmi adog‘? Sen mening Onamga o‘xshaysan buncha.. To‘kilib ketmagin jonim QIZG‘ALDOQ.. Yo‘q, Onam lolaga o‘xsharlar asli, To‘kilib bitdilar ayni gul fasli.. Ming bitta azobga chidagan Onam Bir darddan to‘kilib ketgani bahsli.. Yashagan ekanlar bilsak qon yutib Olisda farzandlar mehrini kutib.. Men esam andarmon o‘z ishim bilan Qo‘yibman Onajon Sizni unutib.. Endi hech o‘rniga tushmas pushaymon, Borlig‘im oliblar ketibdi ummon Daraxtman ildizlar otmog‘im gumon Yuribman o‘zligim yo‘qotgansimon.. She’rim ham o‘zimdek nochor va g‘arib Dardlarim ketmaydi yurakdan arib MEN SIZSIZ HECH KIMMAN, SINDIM ONAJON..., Nahotki bu g‘amga ko‘nsam onajon.. KEL ENDI Kel endi, mag‘rurim, mag‘lubing o‘zim, Kel endi, mahbubim, maftuning o‘zim, Kel endi, masrurim, majnuning o‘zim Ko‘nglim xazon bo‘ldi seni sog‘inib.. Kel endi, ado-yu, devonang o‘zim, Kel endi, fido-yu, giryonang o‘zim, Kel endi, judo-yu, begonang o‘zim, Ko‘nglim xazon bo‘ldi seni sog‘inib.. Xajringda kul bo‘ldim, obodim o‘zing, Sadqai gul bo‘ldim, dilshodim o‘zing, Ko‘ngilga qul bo‘ldim, ozodim o‘zing, Umrim xazon bo‘ldi seni sog‘inib.. Senga uvol bo‘ldim, hilolimsan- sen, Senga malol bo‘ldim, savolimsan-sen, Ishqim zavol bo‘ldi, halolimsan-sen, Ko‘nglim xazon bo‘ldi, seni sog‘inib.. Ko‘ngling osmon bo‘ldi, senga yetmadim, Ishqim yomon bo‘ldi, sendan ketmadim, Yoshim ravon bo‘ldi, senga aytmadim, Ko‘nglim vayron bo‘ldi, Sendan qaytmadim. ..Umrim xazon bo‘ldi, faqat sog‘inib. MEN SENI BILAMAN ..GA Men Seni bilaman, najot, yo iltifotga mukofot va imdodga emassan muhtoj! Men Seni bilaman o‘rlik, mag‘rurlikdan, g‘urur va masrurlikdan kiygandirsan toj. Men seni bilaman bo‘lsang-da muhtoj chekib mingta ranj topasan iloj. Men Seni bilaman mayus qaldirg‘och ochib keng quloch kel.. ko‘nglingni och Ayt, qayda topilar Ishqsiz bir rivoj Mehrimga ilingil Mehringdan bir boj Ko‘nglingning ko‘ngliga kiydirib bir toj bir senda topilmas Menga ehtiyoj.. ..men seni bilaman, bilmagan – U- SEN!. KOSHKIYDI BILSANG Ruhan tushkunlikdan ruh ham chalajon, Umid bor ko‘ksimda, umidsiz, nimjon. Ul xira oynadek xotiralardan Qachondir yo‘l topib boraman, ishon.. So‘ng yana andisha, ..o‘yga tolaman, Manziling bilsaydim, seni ko‘rsaydim.. Bugun shabbodaga sirdosh bo‘laman, Sen bor ko‘chalarda sarson yursaydim. Seni borligingni o‘zi bir taskin, Seni hayollaring borim, yupanchim. Biz nechun ajraldik bunchalar keskin, Sendan qolgan shu ishq ovunchim, ganjim.. Ko‘nglim xasratingdan parcha-parchadir, Koshkiydi sevmasni sevdirib bo‘lsa? Qalbim sen tomonga ochiq darchadir- Najot- SENDALIGIN sezdirib bo‘lsa?!.. Sen koshki bilsayding, koshkiydi bilsang... KO‘ZLARINGGA TERMULIB O‘TURSAM (qo‘shiqdan) Sen toshsan bilmadim qanaqangi tosh Xarsangmi, qayroqmi va yoki chaqmoq . Hissizsan, ishqsizsan, loqayd, beparvo Senga shaydo bo‘lgan ko‘ngil go‘l, axmoq. Senga lozim faqat- so‘zsiz qaramoq, Jimgina termulmoq kerakdir faqat. O‘zgasi ortiqcha, o‘zgasi tashvish, Sevib qolish esa.. sevganga- kulfat.. Bemehr, bag‘ringtosh, qalbing to‘la muz, Eritmoq ne darkor, taftni sezmas ul. ..Senga lozim faqat so‘zsiz termulmoq Senga qo‘lim yetsa, YETMAYDI KO‘NGUL Sen… balki gavxar tosh, olmos tosh, noyob… Qiymating ne bilsin suyguvchi bebosh?!.. O‘zga so‘z mumkinmas, tosh qadri tushar, Bilganim indamay termulmoq yakkash… Sen toshsan, bahosi bir menga ayon… Senga lozim faqat so‘zsiz termulmoq... UMR O‘TMOQDA Goh dolg‘ali, goh sokin, Goho olmay biror tin, Kimda armon, kimda kin, Umr o‘tib bormoqda... Kimdir mag‘lub, kim g‘olib, Kimdir ildam, kim tolib, Kimdir ortda kech qolib Umr o‘tib bormoqda... Kimdir g‘amdan egilgan, Kimdir yo‘lga tikilgan, Kimdir darddan to‘kilgan Umr o‘tib bormoqda... Kimdir baxtdan mastona, Yana kim shod, mardona, Hayotga olmay qona Umr o‘tib bormoqda.. Kim mehrga zor bo‘lib, Kimdir ishqda xor bo‘lib, Kim sevmasga yor bo‘lib, Umr o‘tib ketmoqda.. Kimdir uzr so‘rolmay, Kim oyog‘da turolmay, Kimdir bir uy qurolmay ..Umr o‘tib bormoqda.. Kimdir qo‘pol, kimdir o‘r, Kimning qalbi so‘qir ko‘r, Kimning ishi doim zo‘r, Umr o‘tib ketmoqda.. Kimdan ketgan oqibat, Kimdandir ketgan quvvat, Kimdir izlab hamon baxt Umr o‘tib bormoqda.. Umr ketib bormoqda... BEVAFONING QARINDOSHI, EY DUNYO (Xalqona...(cha)) Alamlari bo‘g‘zimgacha to‘ydirdi, Onam bo‘lsa, qo‘y yig‘lama, qo‘y derdi.. Mish-mishlari pichoqsiz ham so‘ydirdi, Bebosh ko‘ngil, .. suymay o‘lsin kuydirdi!.. G‘amning kelar eshiklari ko‘p ekan, Birin yopsang, biri ochiq qolarkan. Bugun mening bo‘ylarimni dard eggan Tovonimga botib borar xas, tikan.. Sevgi agar bo‘lsa edi, topardim, Yo‘q bo‘lsaydi, yo‘q deb eshik yopardim.. Sevmasa ham go‘rga edi, bilsaydi, Ortdan qolmay soya kabi chopardim.. Bisotingda bitta chimdim or bormi? Kuydirmajon, kuygan mendek xor bormi? Buncha sovuq, nigohingda bir cho‘g‘ yo‘q, Xovurimni bosib olay, qor bormi? ..o‘lanchi qiz, aytmay turgin yor-yorni, ..yo‘llarida mendek ishqqa zor bormi? Bevafoni qarindoshi ey dunyo, Ayrilganni osguvchi bir dor bormi?.. ..o‘lanchi qiz aytmay turgin yor-yorni. ishq yo‘lida mendayin bir xor bormi?..
| |
Просмотров: 1044 | |