Axtamqul Karim
XOTIRAMNING MUNGLI OHANGI Kuz... Otamning ko‘hna kitobi, Sarg‘ayibdi o‘tgan umrlar... Tun... Ko‘zlarim yig‘gan javobi, Quyoshini izlagay ular... Oy... Onam quvlab ado bo‘lgan non, Oqarmadi qismat tandiri. Bizlar esa yo‘ldamiz hamon, Bo‘ynimizda hayot zanjiri... Osmon... Osib qo‘yilgan qozon, Qaynamaydi quyosh taftidan. Yangrayapti qaydadir azon, Tahoratsiz qoldik aftidan... Dala... Bobom topib bergan yo‘l, Dehqon undan chiqib ketmagan. Nihollarni e’zozlagan qo‘l, Chanoqlarni chetlab o‘tmagan. Yo‘l... Qarang yana qancha olomon, Tomoshadan zavqlanib qolar. "Ov” qilishga chog‘langan juvon, Gunohiga ko‘milib borar... Qishloq... Darvozaning qoshida chollar, Quvonchini kutishdan tolgan. Bulutlarni mingan shamollar, Yalpizlarning ko‘rkini olgan... Zamin... Yelkasida hayot to‘rvasi, Yuzlarining tanobi qochgan. Tiriklikning yovg‘on sho‘rvasi Bag‘ridagi sirlarni ochgan... Xotiramda mungli ohanglar, Tirnayverar nuqul yaramni. Qog‘ozdagi pinhona janglar, Ado qilgan unsiz qalamni... Gullab ketdi, bildirmay shahar, Dilxush kezdim, qushlar bazmida. Quvonchlarga to‘lib har sahar, Bayt to‘pladim qalbim nazmiga. Imoratlar boshi falakda, Quruvchilar, sizga qoyilmiz. Biz uy qurdik mudom yurakda, Ijarada turgan shoirmiz... Charchab qoldim jumboq yechishdan, Minib keldim shijoat otin. Nima foyda tinmay ko‘chishdan? To‘nimni ol, ketaylik, xotin!.. * * * Keldim, meni qutlar tog‘u toshlarim, Yillar peshonamga g‘ildirak surdi. Dardimni uqmagan qarindoshlarim, Dunyo ayvonida dardsiz yugurdi. Osmon osilibdi borliqni quchib, Cho‘qqilar kaftida titraydi najot. O‘tdim so‘qmoqlardan burgutdek uchib, Dilni sog‘inchzorga bog‘ladi hayot. Onam olib ketdi sarg‘aygan kuzni, Qog‘ozlarda g‘amgin baytlarim undi. Otam quvlayapti qaltirab yuzni, So‘nggi tanholikka sirdosh tutindi. Quvnoq bolalikning totli damlari, Meni xotiralar domiga otdi. Oqizgan kulchamning shirin ta’mlari, Topgan halovatim zavqin yo‘qotdi. Hanuz balandlarda yuribman bepo, Shamol uvlayapti qayrab izimdan. Yulduzlar yo‘limda yog‘ilgan duo, O‘zib ketayapman so‘zsiz o‘zimdan. Qog‘ozga to‘kaman tunning rangini, Oymomo o‘ylovdan ozib ketadi. Qalamning she’r so‘rab qilgan jangini, Falak manglayimga yozib ketadi! SIRLI BULOQ Dardlarimni maydalaydi tun, Oy mo‘ltirab turar qoshimda. Osmon ko‘nglim ko‘tarmoq uchun, Yulduzlarni sochar boshimga. Qog‘ozlarga muhrlangay so‘z, Misralarga tizib jonimni. Atrofimda behisob dilso‘z, She’r qurshadi to‘rt tomonimni. Qo‘rg‘onini buzib ketar dil, To‘siqlarga bo‘y bermas mutloq. Xayolimni aylaydi chil-chil, Olislardan imlagan qishloq. Suyunchiga oshiqar shamol, Tinchin buzib uxlagan bog‘ning. Ko‘z oldida tursa ham hilol, Qabog‘idan qor yog‘ar tog‘ning. Sog‘inchimga sog‘inch qo‘shadi, Bobom bilan sirlashgan buloq. Xarsanglarim qalbga ko‘chadi, Vujudimga to‘ldirib titroq. Cho‘qqilarni quvib izimdan, Orzularim uchar falakka. Borliq buni kuzatib zimdan, Vatan mehrin qo‘shar yurakka. Nihondara quchoq ochadi, Quvonchlarim boshlab borar yo‘l. Tun chodirin sudrab qochadi, Otam deydi: – Bolam, hushyor bo‘l! OQQUSHLARGA QILDIM ILTIJO Zuhro, meni unutdi osmon, Boshim uzra qirov sochdi tun. Yo‘llarimni ayla charog‘on, Yuqorilab bormog‘im uchun. Cho‘qqi, tubsiz ko‘nglimni ko‘tar, Burgutlarga bo‘lay hamsoya. Dunyo charxi guldurab o‘tar, Kunlarimni etmay himoya. Daryo tinim bilmas chavandoz, G‘amlarimni qamchilab borar. Yuragimda bong urgan ovoz, Baytlarimga andoza olar. Ona, oyni ko‘tardim boshga, Yulduzlarim uchdilar qayon? Unib chiqar har tong quyoshga, Dilni o‘rtab yangragan azon. Vatan, bobom mehrini yozgan, Kaftlarimni kuydirgan duo. Go‘zallikka intilib ozgan, Oqqushlarga qildim iltijo. Ota, otdan tushmaganim rost, Suyaklarim maydonda qotdi. Shivirlayman qalbimda "Ixlos”, Izlarimni bo‘ron yo‘qotdi. Bolam, bedil otangni kechir, Yuragini yedirdi she’rga. Sog‘inchimni bildirmay ko‘chir, Onang quvonch o‘stirgan yerga...
| |
Просмотров: 1120 | |