Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Salim Ashur
SIZ ERTAGA KELASIZ

Siz ertaga kelasiz,
Hozir
Xabarini yetkazdi simlar.
Bu xatarnok yo‘lda karvonni
yutgan vabo -
ohangdor qumlar. Siz ertaga kelasiz -
Salimga ham guloblar quydi. 
Ko‘zingizdan o‘pdim. 
Lablarim 
Yulduzlarga tekkanday kuydi. 
Labingizda - beshikda jahon,
Jahonlarni suydim mastona.
Siz ertaga kelasiz, 
Bugun 
Yangi ranglar kiyar ostona.
Siz ertaga kelasiz
«1»day, Odamlarga noma’lum sirday. 
Ko‘rasiz -
Sevgimni ilib qo‘yibman –
Yakshanbada yuvib
yoyilgan kirday. 
Siz ertaga kelasiz, 
Hozir
Yuragimni qo‘ydim o‘rtaga. 
Agar tuzlar yutib olsalar, 
Topolmaysiz meni ertaga. 
Siz ertaga kelasiz, qochib 
Ta’qib etgan farangi kuydan. 
Siz kelasiz shoshib, ammo men 
Chiqib ketgan bo‘laman uydan.
Siz ertaga kelasiz... 
Boqqa
Liboslarni xazonday tashlab. 
Bugun mening cho‘llik qishloqqa 
Ketgam kelar
ko‘zimni yoshlab. 
Siz ertaga kelasiz, 
Biroq
Bugun tushub qoldim men asir. 
Bu dunyoda nima bo‘lsayam, 
Menga hozir kerakdir,
hozir. 
Siz ertaga kelasiz, 
Bugun
Oy nuriga lim-lim to‘laman. 
Siz ertaga kelasiz, 
Ammo 
Ertaga men o‘lgan bo‘laman...

* * *

Ishoning, bir umr sodiq qolaman, 
Sizni avaylayman men cho‘kayotib. 
Men sizdan og‘ushlar sotib olaman, 
Sizni qutqaraman o‘zimni otib, -
Men sizga bir umr sodiq qolaman. 
Tursangaz - men sizga panoh bo‘lgumdir. 
Yursangaz - men sizga bo‘lgum posbon. 
Sizni sevib o‘lmoq - go‘zal udumdir, 
Sizni sevmay yashash - o‘lim begumon, -
Men sizga bir umr sodiq qolaman. 
Askarning darg‘aga sadoqatidek,
Siddiqligi kabi tomchining toshga, 
Oftobning har kungi sayohatidek, 
Tayyorliga kabi ko‘zimni yoshga, 
Nega bundoq, nima, nechun demasdan, 
Bog‘liqligi kabi kiyikning toqqa, 
Men sizni har kuni yonib sevaman, 
Men sizni har kuni sevaman boshqa. 
Falak egalari qilmasdan amr, 
Farmonlar chiqarmay hali podshoh, 
Qalbim siniqlarin etmasdan ta’mir, 
Hali tuzalmasdan buzilgan dunyo, 
To‘g‘ri yo‘lga kirmay toki odamzot, 
Toki tarqaguncha hayotdan tuman... 
Bir umr, bir umr itingaz kabi 
Sizga xizmat qilay sadoqat bilan.

* * *

Yodga soldi o‘pichlaringiz 
Sizdan oldin o‘pgan ayolni. 
U ham sizga o‘xshab berardi 
«Sevasizmi?» degan savolni.

Kecha uni sevganligim rost, 
Bugun sizni sevganim ham chin. 
Unutaman sizni ertaga,
O’zga uchun ertaga sevgim.

Siz-da xuddi shundoqsiz, 
biroq O’zgalarni eslaysiz. 
Shundan Joningizga kiradi titroq. 
Titroq emas, aldoq bu, jonim,

Men sizdan ishq qilmayman talab. 
Ko‘pdan buyon unutdi mehr –
Muhabbatni mendagi bu qalb. 
Bizni nima bog‘laydi, bilmam,

Ehtimolki, siz-da bilmaysiz. 
Sizga fido bo‘lolmam, siz ham 
Menga jonni fido qilmaysiz. 
Tunda ikki yokdan keldik va

Quyildik bir olov ummonga. 
Tongda xayr deymiz shivirlab 
Va ketamiz ikki tomonga. 
Yodga soldi o‘pichlaringiz

Sizdan oldin o‘pgan ayolni. 
U ham sizga o‘xshab berardi 
«Sevasizmi?» degan savolni.

* * *

Mana gugurt, mana tosh, mana 
Bitta zarb. Va tugaydi umr. 
Faqat chaqmoq - cho‘g‘ oshiqona –
Faqat chaqmoq olovni emar.

Faqat chaqmoq gapiradi rost, 
Faqat chaqmoq kesadi to‘gri. 
Dil, o‘zingni o‘z doringga os, 
Dil, xayr de to‘lg‘onib, og‘rib.

Dil, o‘prilgan qirg‘oqlaringga 
Izlarini otdi nilufar. 
Dil, chayqalgan charchoqlaringdan 
Baxtsizlikning isi ufurar.

Dildaraxtning shoxlaridan 
Bosh ko‘tarar hurkovich firoq. 
Dilni chaqmoq yoqalarida 
Chaqmoq, chaqmoq va yana chaqmoq.

Dil, nilufar kaftlari bo‘ylab 
Anor kabi tilgil, sitilgil. 
Sochlarining har torin kuylab, 
Qaro, qaro to‘kilgil, ey dil.

Qoshi - osmon. Osmon ostida 
Bir juft qarg‘a. Qop-qora, chaqnoq. 
Qarg‘a qarg‘ar. Qarg‘ish dastidan
Kiprigida tirilar titroq.

Men ham qadim osmon tagida 
Ming bir toshga urib to‘zimni, 
Xayr degan qir etagida 
Chinor yanglig‘ yoqdim o‘zimni.

Bu dunyoga bo‘lolmadim en, 
Daryo kabi quridi diydam. 
Senga bo‘y ham bo‘lolmadim men, 
O’qlar tegib yiqildim men ham.

Men ham kirib chikdim olamning 
Bor ko‘chasi, xilvatlariga. 
Yuragimni kesib berdim men 
Yuragimning ulfatlariga.

Chaqmoq faqat gapiradi rost, 
Dil, danakday chaqilgil, chaqna. 
Dil, o‘zingni o‘z doringga os, 
Mana gugurt, mana tosh, mana...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1204 | Рейтинг: 0.0/0