Azizulloh Foryobiy
TURKISTONIM Bobom yurti Turkistonim, oydin jahoningni ko'ray, Yer yuzida chiroy ochgan yashil bo'stoningni ko'ray. Jilva yoygan, chaqnab turgan, bog'u rayhob so'lim, Bulbul bo'lib sayrab yurgan so'zchi g'azalxoning ko'ray. Sen orimsan, sen borimsan, vijdonimsan, iymonimsan, Sen jonimsan, sen qonimsan, shavkatu shoningni ko'ray. Ohu hasrat chekib qotting, alam ichra to'la botting, Sotqinlar qo'lida yotting, sodiq o'g'loningni ko'ray. Chin yurakdan aylab xizmat, sevib seni qilsa hurmat, Vafoli farzanding bo'lib, bir yosh sorboningni ko'ray. Bu charchagan yo'llaringda, ma'yus tolgan cho'llaringda, Tanti o'g'lon olg'a tortgan, katta karvoningni ko'ray. Elin suygan, yurtin tuzgan, adolatdan qasr qurgan, O'z jonini qurbon qilgan, Sohibqironingni ko'ray. Navoiydek navo aylab, elgan ezguliklar tilab, Eli uchun navosi bor bir bililmdoningni ko'ray. Tuyg'ularim ko'pdur mening, ko'ngil doim qo'msab seni Yulduzlaring porlab turgan, yorug' osmoningni ko'ray. Onam yurti Turkistonim, tur endi sen, tur endi sen, Endi yoshlar zamonidur, yangi davroningni ko'ray. ULUG' NAVOIY Ulug' elning ulug'idir Navoiy, Yil faslining bahoridur Navoiy. Turk xalqining osmonida Navoiy, Porlab turgan quyoshidur Navoiy. Chekdi xizmat, yozdi ona tilida, Turkiy tilning merosidur Navoiy. Har bir so'zi chaqnab turgan gul kabi, So'z bog'ining bog'bonidur Navoiy. Yozgan so'zi hikmat bilan o'ralgan, Yer yuzida hikmatlidur Navoiy. Injulardan terib tuzgan har she'rin, Shoirlarning sultonidur Navoiy. Tilga bo'lsa jonkuyari har elning, So'zsiz, til va el jonidur Navoiy. Barcha umrin elga bergan tinmasdan, Ulug' elning eng faxridur Navoiy. Qutlug' bo'lsin, ulug' yoshi bobomning, El boy bo'lsa, ko'p yashaydur Navoiy. RUHIM BOG'CHASI Tongda ertalab turdim, ruhim bog'chasi tomon. Sekin-sekin men yurdim Ko'z tashladim to'rt tomon, Yashil bog'cha burchagi Iprisqilarga* to'la Iflos va sassiq hidlar burqib ketar bir yo'la. Men to'xtadim o'yladim qachonlardir tashlaganman, kimlardan men olgangan, esimga kelib ketdi. Yig'gan edim yoshlikda hammasin beboshlikda. Supurgi qo'lga oldim, ketmonni ishga soldim. Barchasin yig'ib terdim, katta qanorga urdim. Boshga qo'yib qanorni, Necha yil yo'lga yurdim. Oxiri yetib bordim. Nilga qarab baqirdim! Yerga qanorni qo'ydim. Suprindilarni olib, bitta-bitta uloqtirdim har birini yutdi Nil. Hidin olib ketdi yil. Havodek yengil bo'ldim, Nilga qarab men kuldim Ruhim bog'chasi toza, Ong va uyim pokiza. | |
Просмотров: 992 | |