Eshqobil Vali
Yashay bilsam quchog‘ingda qadrga monand, Chin qadrga rutba yo‘qdir, bundan-da baland, Oliy baxtim, g‘ururim – men senga farzand, Qonima-qon, qutlug‘ makon – Samarqand bu! Qo‘llab turar topinganni pok ruhlari, Bunda unut yupunlikning anduhlari, Ertak so‘ylar buyuk moziy qoldiqlari, Sadqai jon, qutlug‘ makon – Samarqand bu! Minorida giyoh o‘sar o‘zbekona, Soyasida yulduz sanar, shoh shohona, Bunga omad izlab kelar, do‘st, begona, Rishtai jon, qutlug‘ makon – Samarqand bu! Ketolmayman, boshqa biror-bir makonga, Joy bo‘lmas-ku, qo‘sh muhabbat bitta jonga, Alishmayman shon-shuhratni Samarqandga, Jonima-jon, qutlug‘ makon – Samarqand bu! * * * Fol ochganim bolalikda bekor-bekor, Uchib ketgan orzularim turnaqator, Yetkazmasmi dilginangga zarra ozor, Ey, baxtli baxtsizim, bormisan, omon?!. So‘nmas ekan muxabbatning chirog‘i hech, Ko‘ngil porlab qolar ekan ertami-kech, Xotiramda so‘nmas bo‘lgan tanho sevinch, Ey, baxtli baxtsizim, bormisan shodon?!. Yaltiroq sarpolarning jozibasi ko‘p, Baxt atalgan ko‘shkning shohsupasi ko‘p, Endi ko‘ngillarning sohibasi ko‘p, Ey, baxtli baxtsizim, sog‘indim yomon?!. Kibor orzularning sodda hammoli, Sensiz har kunimning ortar maloli, Sen – visol, men – ayriliq, jufti haloli, Ey, baxtli baxtsizim, qo‘llasin osmon!.. * * * Biz havoda muallaq vaqtmiz: Goh ertaroq, gohida kechmiz. O‘tmish ekib ketgan daraxtmiz: Goh mevali, gohida hechmiz. ...Mart tugmasin yechar yalpizning, Ko‘k ummonga cho‘kadi taqron. Uyqulari uchar qo‘ng‘izning, O‘z holiga tabiat hayron. Aylanadi vaqt – tegirmon, Simsimlanib yonadi izlar. Vaqt tandiri uzatadi non – Diydadagi tosh qotgan hisdan. * * * Men, ishq deb yiqildim, turib ketaman, Sen tan olmasang-da, yurib ketaman. Boshi berk ko‘changning changgini yutib, Kishmishxo‘r otimni burib ketaman. Alpomish atayman, endi, o‘zimni, Boychibor bo‘ladi kishmishxo‘r otim. Tanho kezib yurgum, biyday Chambilni, Balki uchratarman Qorajon zotin. Achinmayman, aslo, achinma sen ham, Javobsiz muhabbat – bo‘lmag‘ur bir gap. Hali tug‘ilmagan Barchinoy dilbar, Hali o‘lpon so‘rash bo‘lmagan odat... Bu qishloqning ko‘chalari tor ekan... * * * Sukut-la boqaman, tevarak-yonga: Kimlardir – mug‘ambir, kimlardir – so‘zboz. Ko‘ksimda bir narsa olar alanga: Oz-oz, oz-oz, oz-oz. Kimlarga ishondim, aldadi meni, Kimlarga mehr berdim, qildi xiyonat. Xo‘rsinib eslayman, endi har kuni, Qalbimning qa’riga cho‘kib diyonat. Xomtalash tuyg‘ular zalvorli, og‘ir, Malollik keltirar yonimda so‘zboz. Ko‘ksimda bir narsa simillab og‘rir: Oz-oz, oz-oz, oz-oz... * * * O‘n besh kunlik oydin kungurak Lablaringga to‘kmish tabassum. Registonda sayr etgan malak, Men husningdan lol qoldim bir zum. Tillakori devorida naqsh, Qarog‘imga bitilgan ash’or. Buncha so‘lim, buncha orombaxsh, Izlaringdan taralgan ifor? Na mulkim bor, na yetar hukmim, To‘xtatgali seni muvaqqat. Yuragimda liq to‘la ishqim Registonga va… senga faqat! Oy rashk qilgan bu moviy gumbaz, Bibixonim to‘qigan palak. Sher quvlagan, huv, o‘shal ohu, Sen uchragach, yo‘qolgan yurak!
| |
Просмотров: 947 | |