Alisher Narzullo
Gullashi mumkin oh, bodomlar, Tog‘larning boshida hali qor. Bir yengil shabboda esadi, Qaydadir bir ko‘ngil yig‘lar zor... Bodomlar gulladi o‘ngurda Sen g‘amgin o‘ylarga botibsan. Ilonlar g‘imirlay boshlagan Zaminda nega sen yotibsan?.. * * * Qopog‘on itmidi yo‘limdan to‘satdan chiqdi, o – yoqmadi. Bir burda non tutsam na qiyo... hattoki, qayrilib boqmadi. Dedim: ey, yonimda bori – shu... Bilmadim, sho‘rlik gap uqmasmi? indamay jim o‘tib ketsam gar oldimdan boshqa it chiqmasmi?.. * * * Ko‘zlarim ichida qalqidi Dilimda qo‘zg‘algan unlarim. Qarshimdan o‘tyapti indamay Ham shirin, ham achchiq kunlarim. Kun kelib eshikdan bir zarba, Tanimni ko‘chaga otmasmi?.. Dunyoning hasrati banogoh Suyakka pichoqdek botmasmi?.. * * * Kechir, dedim Sen: zinhor, deding, Qarg‘amoqni qilmading kanda... Oyog‘ingga yiqilmoq bo‘ldim Eslaysanmi, o‘ksib... o‘shanda. Ammo, endi... Ko‘ngul ozurda, yayramoqqa qolmagan holi. Menga endi do‘st ham kerakmas, suyansam bas Bo‘lsa... chumoli. SAHRODA Shamollar kezinar begona Yomg‘ir savalaydi qumlarni. Junjikib sanayman men bu dam Har lahza, har soat... kunlarni. Shamollar qaytmaydi ortiga Bu dayri dunyoda kenglik yo‘q. Men yo‘lga chiqqanman bilaman... Bilaman hech qachon tenglik yo‘q... * * * Bu gaplarni shivirlab ham aytsam senga yetardi, Ammo, dildan tomirlar uziliblar ketardi. Ichkaridan bir vulqon otiladi, qaramas. Otilmasa bugun u, bir chaqaga yaramas... Ko‘zlarimni yumaman ruh uyg‘oq – so‘lmaganman. Nechun shivirlay axir men hali o‘lmaganman... * * * Nima edi bu talash, kim edi u, ayt, bebosh? Peshonamga qarsillab tekkan nahot... edi tosh? Endi bir qadam nari yursam men yurak sari, kimdir shu dam atayin ketib qolsa teskari... Qon silqigan boshimni boshlayman xush damlarga. Mening gapim bor axir hali bu odamlarga... * * * Parvoyi palakmi bu odam, – Borman, deb qo‘yishni Ko‘zlamas... O‘zining borligi haqida shivirlab bo‘lsa-da so‘zlamas. Qushlar: – Bormiz, deya jar solar, bir tongda o‘rik ham gullaydi... Uyg‘onmasa agar shunda ham, Tangrim uni qanday qo‘llaydi?.. * * * Chumchuqlar chug‘urlar shoxlarda don sepib qo‘ymabman negadir, Yomg‘ir, so‘ng maydalab yog‘ar qor achchiq qilgandayin samo kimgadir. Qop-qora qarg‘aning hurpaygan vujudin qor lekin ko‘mmaydi. Bu oppoq kenglikda neki bor, Negadir ketishga ko‘nmaydi. Chumchuqlar shoxlarda vaqtincha, Vaqtincha dillarda bir xuruj... Atigi bir kunga cho‘zilar e’lon qilinmagan bu urush... * * * Senga qaray olmadim bu dam, Balki yetar, bo‘ldi, yetgani... Ammo kimga men achchiq qilib Cho‘g‘landim, o, u kun ketgani... Ochdim, mana – yurak zormanda Ichkariga kirdi do‘st, ham yot... Bir dunyo g‘am-anduhlar ichra Tanidingmi, meni o, hayot... * * * Yuzlarimga boqmagil endi Qilma endi zarra andisha. Men o‘zgarib ketganman butkul, Sen-chi, hamon farishta – o‘sha... Sen olovning yolqinidansan Chiqishmaysan bu olam bilan. Nega axir yashayapsan jim Nari borsa bir odam bilan.
| |
Просмотров: 850 | |