Davron Rajab
MANZARALAR Gulbarglarni yeldirib uchayotgan nasim Navosi bilan Buzib yuborarar Po‘stlog‘iga sig‘magan daraxt jimligin Manzaraga qo‘shilar Yashil rangda un bergan chim Va xiyobondagi nurlar tovushi QO‘SHIQ Hujramning o‘ng derazasida Musicha — ovozidan taniyman Chap tomonda shahar chumchug‘i, Va chinor barglari ichida Men ismini bilmaydigan qush sayrog‘i BOLALIKDAGI UY (turkumdan) Qaytishni eslayman Bu uyga Olis — olis-da Boshqa shahar Boshqa uy Eshik tirqishidan Qo‘limni uzataman Bolalikdagi kiyimlarim Nur taratib turar Olis — olis-da * * * Bolaligimdagi palto Juda kiygim kelar uni Biroq sig‘may qolaman. Dardlarim Qarzlarim Gunohlarim Ko‘payib ketgan Unga kira olmayman * * * Ikki do‘st Ko‘rishishdan oldin Bir-birini tavof qilarlar Ikki do‘st bir-birini mazax qilgandek Ko‘rinar Ikki do‘stning samimiyligi Kulgisini qistatar boshqalarning * * * So‘zlardan to‘kilib oldim Qutulgandek ko‘p darddan Hech nima qilganim yo‘q SOG‘INCH Boshqa shahar Yarim tunda Maktabdosh do‘stim telefon orqali buyurtma berar Men yaxshi ko‘rgan suratni chiz, deb Keyin birdan jim bo‘lib qolar Hayajonli nafasi eshitilar Mayli chizib ham o‘tirma O‘zim boraman deydi u Chizishimni istar O‘ttiz yil oldingi manzaralarni Men u yoqqa o‘ta olmayman. * * * Shunday so‘z topsam o‘zgarmaydigan, vaqt ham daxl qilmasa unga Shunday so‘z topsam ma’nolar yo‘qotmasa ifodasini Shunday so‘z topsam shakli o‘zgarib qolsa-da hayotimdan iborat bo‘lsa * * * Qish uyqusiga ketib hamon uyg‘ongani yo‘q Daraxt gapirmayapti Endi bu daraxt yog‘ochga aylanganini Anglab turibman Derazamdan ko‘rinib turgan shunday daraxtdan Sulaymonning hassasi yasalgan Balki bu daraxt tik turganicha Tark etmas derazam manzarasini Buni bilib bilmaydi Atrofda Daraxtning do‘stlari shoxlarida yashil sado un berar Xiyobon larzaga tushmoqda Maysa o‘smayapti Bu Bahor kelganiligi Haqidagi So‘z Ana shivirlab Nish urib borar: "Daraxtjon, Nahot yetib kelolmading..." * * * Yarim tunda Nurli so‘zlarni Yozaman uchsiz qalam bilan. GUJUM (uchbitik) 1 Ranglari olisda qolgan Yaprog‘ini ko‘rishim uchun Bolalikka borishim kerak Manzil o‘tmishda 2 Bu daraxt osmonda o‘sar Xayolimda in qurgan qush singari shox-shabbadan ranglarini yig‘ishtiraman 3 Qo‘lim yashillanib qolar Surat chizsam Surat chizsam Bolalikka yuqib qolgan Bu yaproq rangi Men endi qaytib borolmayman Uyg‘onganda eslayman Gujumning izlarini * * * Maqsadsiz jiddiylik Maqsadsiz jilmayish Kezib yurar qirq yildan beri * * * Yonimdan bir yaproq uchib o‘tdi So‘zlarini sig‘dirolmagan Kuzning so‘nggi maktubi * * * Sening nigohingda bo‘lsam Jamlana boshlaydi barchasi Sening nigohingda aks etib Yodimga tushadi kimligim Sening nigohingga kelsam Kuchim yetmay qolar qaytishga * * * (1983 yil) Onajon Siz bu suratimda sumka ko‘tarib turgan bo‘lasiz unda tiqilinch olomon orasida ko‘zlaringiz nimanidir sotib olishni unutganingizni aks etib turadi... yodingizdan chiqqan narsa mening hozirgi sog‘inchimdir mana men sizsiz yillar ichida ko‘tara olmayapman og‘ir yuklaringizni vaqt o‘tgan sayin vazni oshib borayotgan bu tugunlarni ko‘tararkanman sizga og‘ir botib ketayotir men emas siz meni yo‘qotib qo‘ygandaysiz tiqilinch olomon orasida meni izlab men tomonga o‘ta olmaysiz Onajon Bu suratda sizni odamlar orasida yana ko‘rgandayman 1995 - 2008 * * * Uning yonida bo‘sh joy bor Biroq hech kim sig‘mas u yerga Bu joy u doim suhbatlashishi lozim bo‘lgan odam uchun ajratilganday Tashqaridan qarasang unga hech kimning keragi yo‘qday Uning yonida doim bo‘sh joy bor Faqat o‘zi sig‘ar o‘sha joyga! * * * Tushimda o‘rik gullabdi Atrofni tutganmish ifori Bog‘larda bolari ovozi Qo‘shiqday uyqumni buzganmish Tushimda olxo‘ri ukpari Qor kabi yog‘armish boshimga Bayramga bormagan boladay Ko‘zimga yosh olibman Tushimda chor atrof yo‘l emish Men esa yuribman adashib * * * O‘zingdan tashqariga chiqsang Yer ostida yashayotgan xasta yurak yorug‘likka chiqqanday Ichingda Paydo bo‘lasan boshqatdan Boshqa odam siyratida Tashqaridan qarasa Shu qiyofa Asling niqobdek qaerdadir unutib qoldirilgan. JIYDA GULLARI (xoykular) * * * Gulbarg to‘kilar Tomda o‘sgan qizg‘aldoq Kuylar ol rangda * * * Bahor boshlandi Kurtak otgan novdalar Shivirlab qo‘yar * * * Jiyda gulidan Sariq ifor taralar Yashirib bo‘lmas * * * Bolari uchar Gulzor ichra taralgan So‘zdanda mitti * * * Gulga qo‘nganda Asalari sasidan Taraldi ifor * * * Gullab qo‘yganidan Ichi qora lolaning Yuzi qizardi * * * Men bir qumlikman Quchma singib ketasan Sen axir shabnam * * * Kutsam so‘nggi yo‘q Olisda chiroq yonar Muhrlangan vaqt * * * Daraxt shoxi Samoga tomir tortgan Chaqmoqqa o‘xshar * * * Meni tashlab ket Meni sevib o‘ldirib qo‘yma Qo‘lingdan kelsa * * * So‘z muzlab qoldi Endi tomosha qiling Xayollarimni
| |
Просмотров: 1134 | |