Hasanboy G‘oyib
NAVOIY 1 Ishq barqidan tushdi mening jonimga o‘t, Jon nedirki tushdi xonumonimga o‘t. Navoiyni mutolaa aylab erdim, Hokim o‘ldi xar lahzayu onimga o‘t. 2 Vasl umidi yuragimni g‘arq ayladi, Umidsizlik vujudimni tark ayladi. Yor singari yolg‘izligin najot yo‘li, Anglab yetgach Yor xam meni dark ayladi. 3 Ham tanu ham jondan murod Yor vaslidir, Bu g‘animat ondan murod Yor vaslidir. Ro‘zi mahshar maqsading ne deb so‘rsalar, Men degayman chekib faryod: Yor vaslidir. OSHIQONA Visoliga mushtoqmanu ko‘ray desam ko‘zim yetmas, Jamoliga oshiqmanu ta’riflashga so‘zim yetmas. Bunchalar ham ko‘p bo‘lmasa Yorning nozu adolari, Sevganimni bilib turib bir ishora, imo etmas. Tonglar kutdim zor- intizor, yo‘llarmi deb bir xushxabar, Sahar kezgan nasimlar ham ahvolimga parvo etmas. Shunchalar ham ko‘p erurmi mening jurmu gunohlarim, Yolborsam ham ertayu kech, dargohiga zorim yetmas. G‘oyib doim duo ayla, duo ham bir ibodatdir, Hadislardan dalil borkim duolar besamar ketmas. SHU VATANDA O‘LMOQ BAXTIN BER! Bir kun biz ham o‘tib ketamiz Bu hayotga qoniqmay, to‘ymay. Qaro yerga eltadilar tez, Uyimizga bir kun ham qo‘ymay. Ozod bo‘lgan ruhimiz sekin Parvoz qilib ketadi ko‘kka. U barchani ko‘rib turadi, Parvo qilmas hech kim sho‘rlikka. Shunda birdan ayon bo‘ladi. Kim haqiqiy do‘stu yorimiz. Do‘stlar ko‘zi yoshga to‘ladi, Xursand bo‘lar ag‘yorlarimiz. Ne bo‘lsa ham yaratgan Egam, Shu Vatanda o‘lmoq baxtin ber! Shod bo‘lardim gar yoza olsam Shu Vatanga arzigulik she’r! YIGIT BO‘LSA Yigit bo‘lsa, shijoatli, mard bo‘lsin, Yuragida o‘ti bo‘lsin, dard bo‘lsin. Do‘stu yovning ko‘zlariga tik qarab, So‘zlolmasa rangi xazon, zard bo‘lsin. Yigit bo‘lsa iymon unga yor bo‘lsin, Haq sevgisi qalbida tumor bo‘lsin. El duosi bilan ko‘karar odam, El uchun tog‘ bo‘lsin, chinor bo‘lsin. Yashar bo‘lsa haq, adolat talashib, Yigitlik ham ketar unga yarashib. Raqiblar ham tan bergusi oqibat Yurar naslu nasabini so‘rashib. Yurtim bag‘ring to‘lsin mard o‘g‘lonlarga, Xizmatingga bel bog‘lagan jonlarga. Sening ona tuprog‘ing obod aylab Dovrug‘ingni yoysin keng jahonlarga. ENG ULUG‘ NE’MAT Turfa odamlaru tashvishlar aro, Yasharkan fikring ham borar o‘zgarib. Onging ham o‘sadi lahzama lahza, Ochilib boradi qalbing ko‘zlari. Erishday tuyular ba’zan o‘zingga Yuksak ohanglarda yozgan she’rlaring. Mas’ullik sezasan har bir so‘zingda, Anglaysan ko‘pligin qalbi ko‘rlarning. Ba’zan oyog‘ingdan chalmoqchi bo‘lar, Nomard raqiblaring mayda gap do‘stlar. Maqsad yuksak bo‘lsa, kim bo‘pti ular Qalbingda yashashga ishtiyoq o‘sar. Dunyoga boqasan tiyran ko‘z bilan, U ham jaholatdan juda charchagan. Endi muhabbatu shirin so‘z bilan Dalda bermoq kerak barcha-barchaga Sen teran anglaysan najot ishqdadir Endi har bir fursat senga g‘animat. Alloh rizosi ham ezgu ishdadir, Haq rizosin topmoq - eng ulug‘ ne’mat. DUNYO Dunyo yolg‘onchidir, dunyo ishvakor, Rom etar o‘ziga, makkordir juda. Kecha mo‘min edik hamda beg‘ubor, Bugun yuguramiz nafs ilinjida. Balog‘at pallasi yetgani sayin, Ulg‘ayib bormokda nafsimiz guyo. Asl maqsadimiz bo‘lsa ham tayin, O‘tyapmiz dunyoga bo‘lib mahliyo. Mansab talashamiz, sha’n talashamiz, G‘iybatu fasodga boydir suhbatlar. Ey yurak, biz qachon qaynab, toshamiz, Ayt, qachon topamiz savob, rahmatlar?! O‘ylagin, borishing O‘ziga qaytib, Oqizib ko‘zlardan zardobli yoshni. Ey yurak, tavba qil, istig‘for aytib , Toshga ur kibrga berilgan boshni. Oldinda qiyomat dahshati yotar, Qara, qo‘rinmokda alomatlari: Tunlari qo‘rquvdan shiddat-la chopar, Samoda tangrining olov otlari. UNUTMAGIN Unutmagin, bir kuni kelib, Omad sendan yuz burib ketsa; Tark etsalar do‘stlaring bir-bir, Sochlaringga oq qirov insa. Xush ko‘rmasa hatto xotining, Bor dunyongdan bo‘lsang ham judo. Unutmasang sen o‘zligingni, Demak, seni sevadi Xudo! SHAVKAT RAHMON XOTIRASIGA Muqaddas aylagan Xudo bu yerni, Bu yerda ulug‘lar arvohi kezar. Erk qushi boylangan po‘lat zanjirni, Qilich kesolmasa, o‘tkir so‘z kesar. Zulfiqor ruh bilan yashadingiz siz, Mudom dilga tugib yorug‘ niyatni. Hatto so‘nggi yo‘lga ketar ekansiz, Uyg‘otib ketdingiz buyuk millatni. RAUF PARFI XOTIRASIGA Bu yurt bag‘ri g‘am -qayg‘u bori, Kunduzlari farq etmas tundan. Bor edi bir darvesh shoiri, Bugun qoldi ayrilib undan. Yetti qavat yer borar zaxlab, Osmon tinmay to‘kar yoshini . Shoirini sevgan daraxtlar, Yashar mangu egib boshini . Dilga joylab Vatan yodini, Ozodlikning timsoli so‘ndi. Kuylarmikan elning dardini Biror shoir uningdek endi. Shoirlik qismatdir, kasb emas, Dard, alam bor har bir harfida . Samolardan turnalar hatto Vido aytar Rauf Parfiga!
| |
Просмотров: 1025 | |