Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Пятница, 22.11.2024

Safar Olloyor
KO‘ZGUSIZ GO‘ZAL

U hammaning ko‘zi o‘ngida
Uyg‘onar va kiyina boshlar.
Inja hayo bo‘zlar ko‘nglida,
Yuragidan g‘ayrati toshar.
Naki tani, har bir tukiga
Guldor ko‘ylak kiygizar birdan.
Hech kim daxl qilmas mulkiga,
Chunki Haqdan inoyat bo‘lgan.
Hayajondan titrab, iymanib
Ta’rifiga chog‘lanar so‘zlar.
Ishonmaysan — bo‘lmaydi tanib,
Olazarak boqar lol ko‘zlar.
Ko‘lmaklar ham tiniqmas axir,
Loyqalanib oqadi anhor...
Qaray desa, ko‘zgusi yo‘qdir —
Go‘zalligin bilarmi bahor!

PARIRO‘

Qizlar bor, bozorga soladi o‘zin,
Qizlar bor, farq qilmas
xonaki guldan.
Ochib yuborasan hayotning ko‘zin
O‘n sakkizga kirgan
shu chehrang bilan.

YASHASH SHAVQI

Yashasang, odamga o‘xshab yashagin —
Ko‘ngil koshonangni bezab yashagin.
Ajdodlar orini caqlagan bo‘lsa,
G‘ururli otangga o‘xshab yashagin.
Ustuni mustahkam ayvonda yasha,
Tuynuksiz chodirlar —
betavfiq go‘sha.
Sobitlik — eng ulug‘ ziynat,
Hamisha
Musulmon odamga o‘xshab yashagin.
Ariqqa boqsang-chi, soyin sevadi,
Hatto qaro tunlar oyin sevadi.
Chin inson tug‘ilgan joyin sevadi,
Pokdomon odamga o‘xshab yashagin.
Bu yurtning sha’nini
shamollar siylar,
Madhini humoyu bulbullar kuylar.
Yurakdan kuylaydi zo‘r mug‘anniylar,
Begumon odamga o‘xshab yashagin.
G‘amning o‘lchami keng,
kuyning — ko‘lami,
Dillarga malhamdir elning o‘lani.
Holbuki, bu dunyo — sinov olami,
Bearmon odamga o‘xshab yashagin!..

FURSAT

Olis manzillarga chorlayverar yo‘l,
Chiniqqan desantday
shay turar mador.
Nechun yaqinlashmay uzatasan qo‘l,
Bunda ojizlikning alomati bor.
To‘g‘ri, mag‘rurlikning
o‘rni kam juda,
Saxovat xokisor turobdan ibrat.
Ortiqcha urinish, bil’aks, behuda —
O‘z vaqtin kutadi
har qaysi fursat.
Umr — mashaqqatli yo‘ldir sarosar,
Qismatdan umidvor
Insonning mayli.
Fursat ham nozikta’b
mehmonga o‘xshar:
Hurmatin qilmasang —
qaytib kelmaydi.

JUMBOQ

Ko‘nglimda bemaslak,
notavon g‘ashlik,
Ichimdan nimadir g‘ajir etimni.
Biz istak bog‘ida birga adashdik,
Dilim, ko‘tarsang-chi
kayfiyatimni!
Sizlarni angladim O‘zim deganda,
Balki bu aldovdir,
balki rost — bilmam.
Jumboqlar uchrar-ku
har qanday fanda,
To‘la anglashilmas hali bu olam.
Men kimman...
Mensiz ham dunyo tinch yashar,
Beshak, yangrab turar salom-aligi.
Lekin nega uni bunchalik ezar
Ozurda ko‘nglimning bezovtaligi?!

YAXSHILIK FALSAFASI 

Mahmud Sa’diyga

1

Dunyoning bori shu: siru tilsimot —
Kim birovning, kim o‘z g‘amini yeydi.
Mahmud Sa’diy degan ulug‘sifat zot
"Yaxshilik jazosiz qolmaydi” deydi.
Bu gapga unchalik
parvo qilmasdim,
Qaysidir kitobdan o‘qigandir, deb.
Chunki har xil to‘plam
chiqar betinim,
Shaksiz, turfa fikr unga bergay zeb.
Yanglishgan ekanman, yaqinda chindan
Shu gapning o‘rnini
bilib qoldim, voh.
U hayotdan yulib olingan ekan,
Sizni ham shu sirdan aylagum ogoh...

2

Lekin ikkilanib o‘ylandim rosa,
Bu — yangi g‘oyami, yo naql fanga?!
Holanki, yuzlandi teran xulosa:
Yaxshilik qilish shart — 
Biladiganga!..
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 981 | Рейтинг: 0.0/0