Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Воскресенье, 24.11.2024

Ikrom Iskandar
BIR SAHAR

Bu gulshan ne yanglig‘ bog‘ edi,
qaysiki, bir sahar chog‘ edi,
xayolim bunda yo‘qotmishman,
nogoh bir tosh kabi qotmishman.
Bog‘ ichra bir pari-paykardir,
unga sara gullar navkardir –
bosh egib etmish bardor-bardor,
ul husn mulkida tantanavor,
etti iqlim aro yaktodir,
ne yakto, guli nur, dur nodir.
Bu gulning kim ekan bog‘boni,
qay tarz o‘stirmish charog‘boni.
Bilmam, bu yo jonbaxsh musiqa,
yoki jon olg‘uchi vasiqa –
ilkida cholg‘u, kuy taralgay,
ne navo, bir olam yaralgay.
Bo‘lsaydim qo‘lida cholg‘uday,
oh urib, olamni olg‘uday
va yo cholg‘usining bir tori,
bir tori demakim bor tori,
zorakim, ko‘nglim bo‘shatgaydim,
ko‘nglidan bo‘lak ushatgaydim.
Bag‘riga olsa ul shikasta,
siymin bo‘yiga men havasda.
Menga dil ochsa ul sozim deb,
men dilim kuylasam rozim deb,
bulbullar tinglab lol bu rozni,
tanisa dard to‘la ovozni.
Ham chalib-tinglab ul to‘ymasa,
qo‘ymasa, bag‘ridan qo‘ymasa...
Ammo bu barisi xayoldir,
yoniga bormoq ham maholdir,
behuda o‘y surib yotmishman,
qotmishman, tosh kabi qotmishman.


YUZINGNI KO‘RGALI

Yuzingni ko‘rgali oy uyolmishdir.
So‘zlaring inju, lablaring bolmishdir.
Agarki husn mulkida bahs etsalar,
Layliyu Shirin poyingda qolmishdir.

Bu ne holmishdir, vasling umidida
ko‘zlarim yo‘llaring poylab tolmishdir.
Orzum ro‘yobi ro‘yo, necha vaqtkim
betin vaqt kabi tinchim yo‘qolmishdir.

Bu ne lashkar kabi oh emish, mudom
ayriliq ko‘ksima lak-lak solmishdir,
kim, hajringda gar bir oh ursa Ikrom
Iskandar kabi dunyoni olmishdir.


* * *

Sen tomon borar bo‘lsam,
yo‘llar o‘zi yo‘l boshlar,
girdida poyandoz gul
shakliga kirgan toshlar.
Semirgayman simirgan
sarim – sarrin havolar.
Daraxtlarning mavjida
avjlanadi navolar –
chamamda, daraxtlar ham
sen haqda o‘ylagaydir.
shoxlarida jon qushi
vasfingni kuylagaydir.
Yaqinlashar olislar,
bir g‘ubor yo‘q orada.
Olam chiroyga, nurga,
sirga to‘lib boradi.
Shabadaning qatida
chorloving ilg‘ayurman.
Yuragimni shabnamning
suvlariga chayurman.
Ko‘kayimni sog‘inchlar
selday yuvar guldirab,
oqib ketar g‘am-qayg‘u,
yo‘qoladi kudurat.

Ko‘zida quyosh kulgan,
sochi tun, qoshi qamar,
sensan borar manzilim,
oshiqman, oshiqaman...


* * *

Oyparcham, gulistaram,
nafasi yalpiz islim.
Sochlari taram-taram,
o‘ynoqi irmoq mislim.
Tug‘yon bordir tinida,
boqishidan nur olay –
kipriging epkinida
soyalar juft quralay.
Gullayotgan bog‘larning
quvnayotgan jarangi
yuragimga bog‘landi –
oppoq kulgungning rangi.
Tegramda namoyishsan,
ko‘ksimdagi g‘uluvu
hayratimga boissan,
tarchechak, kunsuluvim.


* * *

Yoz oqshomi osmonning
oqarishib darasi,
dalalarga quyilar
yulduzlar sharsharasi.
Yorishadi ko‘nglim ham,
yo shunday tuyuladi,
xayoling yulduzlarday
shovullab quyiladi.
Menga shuning o‘zi bas,
shuning o‘zi baxt kabir,
faqat oqimga qarshi
sakragan baliq kabi
o‘ying bilan qonmagan
sog‘inch o‘rtar gohida...

O‘yinqaroq bir yulduz
sakrar terak shoxida.


* * *

Sevmasingni aytdingmi,
kelmasingni aytdingmi,
yoki ko‘zguga qarab
aytayapsanmi hamon –
boqib biror teshikdan
ovozingni eshitgan,
har qalay, bir nimani
bilib olgan bu shamol.

O‘lay seni sevguncha,
sevay seni o‘lguncha,
odam degani shuncha
qiynarmi oshig‘ini...
Ko‘cha-ko‘yda uvillar,
uvillar tom boshida.
Dil huvillar eshitib
shamolning qo‘shig‘ini.


* * *

Seni bir bor ko‘rdimu,
men ayrildim hushdan, gul,
osmonlardan yurakni
poklash uchun tushgan gul.
Ey, egnida libosi
yurakdan rang olgan gul,
gulzor emas, men bilan
sahrolarda qolgan gul,
seni sevib qalbimdan
ardoqlashni qo‘ymadim,
har dam yonimdasan, lek
visolingga to‘ymadim.

Ey, yuzlari farishta,
ey, ma’sumu biyron gul,
sen ko‘kda oy, men yerda
gungu lolu hayron, gul.
Ey, qalbimga baxt bergan,
ham ayirgan hushdan, gul,
osmonlardan yurakni
poklash uchun tushgan gul,
seni o‘ylab dilimni
bir savol ezar karaxt:
men sen bilan baxtliman,
sen topdingmi mendan baxt?


HANUZ

Qalbing – qoyadagi mustahkam qal’a.
Hanuz chog‘lanurman zabt etmoq sari...
Shaxdam qadam tashlab, saf bo‘lib
o‘tib borar Vaqtning lashkari.


* * *

To‘kiladi lak-lak yulduz,
bo‘shar qora ko‘k elagi.
Chekinadi junjikib tun
yangi kun havosidan.
Saharni bog‘ uzra sohir
ovoz yetaklab keladi –  
uyg‘onadi gird-tevarak
bulbulning navosidan.

Necha vaqtki kutib-kutib,
mushtoq yuragim anglagan
bir haqiqat shu bo‘ldi va
men ishondim, ne tongkim,
kunim, bulbulzabonim-ay,
ohang kabi jaranglagan
so‘zlaringsiz yorishmaskan,
o‘zing ekansan tongim.

Kutaman ming ta’ma bilan –
kun chiqarmi... Dilda sanchiq,
o‘zimning-ku sening sari
haddim sig‘mas borishga...
"Keldim” degan so‘zing tanqis,
"Sevdim” degan so‘zing tansiq.
Kutilgan so‘z tilga chiqsa –
izidan kun yorishgay.


* * *

Xayolimda chorlasam gar,
eshitmagin nolamni,
chunki menga sening o‘ying,
xayol ham bir olamdir.
Bu olamda sening rasming
parilardan qolishmas.
Bu bir lof yo mubolag‘a,
gapni katta olishmas,
xayolimda sen bir hilol,
nur taratib turgaysan,
malaklarga malohatdan
saboq berib yurgaysan.
So‘zlarimni simillatib
sog‘inchlaring balqisa,
tomirimga mador kirar
har o‘yingdan. Alqissa,
xayolimda chorlasam gar,
kelib qo‘yma tag‘inay,
seni to‘yib o‘ylab olay,
mazza qilib sog‘inay.


* * *

Sahardan kechga dovur
quvonchga to‘lib-toshgan
tashna vujudi bilan
bahra olar quyoshdan.
Quyosh bilan birga u
osmonlarda sayr etar –
tongda tutgancha qo‘lin,
kunbotar qadar ketar,
chopqillaydi, bu visol
yuragiga zavq solar,
unga hech g‘ala-g‘ovur
va tiqilinch avtolar.
Kun botganda qorong‘u
o‘ylar o‘rtab ko‘ksini,
katta ko‘cha bo‘yidan
qaytar ekan o‘ksinib,
taqqa qotar va nogoh
tasavvurga qorishar –
kun aksi ko‘z o‘ngida
chiroq kabi yorishar...

Sen ketganda sog‘inching
qadalganday yurakka,
shaharning chiroqlari
uyqu bermas terakka.

BAHORDA

Gullar kiprik qoqmay
osmonga boqar,
osmonni to‘ldirib
uchar
edi
qanotlari siniq qush
ovozi.


*   *   *

Bahor. Terak barglarin
halovatsiz, hayoli,
tuyg‘ularni to‘lg‘otgan
shitirlagan nolishi
tevarakka taralar,
tag‘in to‘zg‘ir xayoli —
azoblar bu tun beor
ellar bipan qolishi.

Bahor. Terak barglarin
saltanati tintilgan,
tag‘in osmon poyida
tuyg‘ulari yanchilar —
yosh va ko‘rkam terakning
vujudiga intilgan
yomg‘ir hirsi barglarga
xanjar kabi sanchilar.

Bahor. Terak barglarin
shitirlagan nolishi...


KAPALAK

Hovlida xush havoda
kun nuriga bo‘y cho‘zgan,
ozoddil turnalar-la
lak-lak falakka palak
otgan gullar bo‘yini
to‘tiyo aylab ko‘zga,
qo‘shiqlarin tinglagan
o‘yin tushgan kapalak,
o‘yingga ham olmaysan
osmonsizlik qa’rida
hatto bir titroq shamning
quyosh kabi yonishin,
tinglamassan huv pastak
derazadan narida
tuvakdagi gullarning
xonanishin xonishin...

O‘ynab uchar kapalak.


*   *   *

Qayg‘u kezgan,
Baxt sezmagan
Bir o‘lkada
Shamol esar.
Daraxtlarning yaproqpari to‘kiladi.
Xarsanglar gung,
Ko‘zlarida na sevinch bor,
na hasrat, mung.
Faqat esnoq tasavvuri
O‘ylariga urinadi—
Daraxtlarning faryodlari
Baxtga o‘xshab ko‘rinadi.
Shamol esa,
faqat, esar...


QIRDA

Maysalar nazarida:
Biz baxtli yashayapmiz.
Biz baxtli yashayapmiz maysalar nazarida
Maysalar nazarida:
Bizdan baxtli odam yo‘q.
Bizdan baxtli odam yo‘q maysalar nazarida.
Masrur kezdik maysalarning
yam-yashil nazarini...
Bizga ko‘klamga go‘sha maysalarning nazari.


*   *   *

Ko‘nglimga yo‘l topmoq bo‘lib o‘ksinma,
yig‘lama,
tushun, qancha ojiz bu irmoq-ko‘zyosh...
Yo‘liga g‘ov bo‘lib yotar ko‘ksimda
yurak hajmicha keladigan ulkan Tosh


AVGUST

Tog‘larning ko‘ksiga suyanadi ko‘k.
Xayolday sokin
jilganing mashqi sust—
ko‘klam kabi ko‘m-ko‘k
va jimjit jimirlash
yuzida yuzadi...
Jilg‘a (o‘zanday o‘ramish hasratlar)
tip-tiniq va holsiz osmonni kuzatib,
o‘ylar: «O‘ylar osmonning tubi...
o‘, bahor, ishq kabi sachratar —
tanini toshlarga uradi jilg‘a,
gullarning yuzida jilg‘aning tani...
Butun olam mushtoq — ko‘k buni ilg‘ab,
guldiros va sharros kuylaganida...
Bahorgi sharqirab o‘ynashlar qani!»
Osmon keksaning aqliday tiniq
va yana... va yana... va yana...
(nahot shul mo‘ysafid ko‘klamgi oqin?)
tog‘larning ko‘ksiga holsiz suyanar...
Bahorni tush ko‘rib ichi qizigan
tosh kabi
jilg‘a
jimirlaydi xayolday sokin.
Avgust.
Yomg‘ir yog‘ar
Quloqlarga qochib kiradi
shitirlab, yomg‘irda ivib ketgan
bir Tovush.


CHUMOLI HAQIDA SHE’R

Donsiz ketayotgan Chumoli
Maqtanchoq bo‘ladi:
«Yer sharini yumapatib ketayapman»,
Deb o‘ylaydi u.


IXTIRO

Men «yo‘q» dan «qo‘y» qildim,
«yo‘q» so‘zini teskari o‘qib.

«Ovsar» — «rasvo» bo‘ldi.

«Nodon» esa ...
Baribir «nodon»ligicha qoldi.

AZA 

Itimning oti 
Qayg‘u edi...
Qayg‘usiz odam kabi
O‘lik endi 
Zanjir.

HOLAT

Ko‘nglim
Ko‘ngil
Larzaga
Tushar 
Darajada
Xotirjam.
 
     
 * * *

Butun umrim sening yoningdan o‘tdim.
Xayoling olishga yetmadi umrim -
bir oniy lavhaday yodingdan o‘tdim.
               
* * *

Tashqarida oppoq qor,
qish kechasi uzundir.
Sog‘inchli suhbatimiz
kechadan ham uzundir.
Pechda gurullar olov,
sog‘inch yonar yuzingda —
qizib borar tomirim,
qarog‘ingga cho‘g‘ inggan...

Hech kim halal bermagay,
tuman bizga sarkarda — 
derazaga tashidan 
tortadi qalin parda.

TOSHOXUR SHAMOLI

Bir juft sadaqayrag‘och
shoxlarini qizlarning
sochiday taraganda
ko‘rinadi kamoli
tog‘dan quyulib kelgan
xuddi chaqmoqday ildam,
o‘jar va o‘yinqaroq
Toshoxurning shamoli.

Ulovlarning ortidan
chang ko‘tarib yugurar
qishloq ko‘chalarida
to‘zg‘itadi izlarni,
qizlar taniga chippa 
yopishar ko‘ylaklari —
Toshoxurning shamoli 
qattiq quchar qizlarni.

Kechalari visolga 
oshiqqancha oshiqlar
sho‘x hushtak chalganicha
devordan mo‘ralarkan,
bir dardga chalinganmi
Toshoxurning shamoli
muncha g‘amgin bir kuyni
chaladi mo‘rilardan.

Sevarmidim men uni
xayolimday, tushimday
had bilmas vaqt qa’tida
betinim yelmasaydi,
Toshoxurning shamoli
boladay o‘jar va g‘o‘r,
men kabi jahongashta,
sarsonu telba, daydi...
  
G‘allaorol va Baxmal tumanlari chegarasidagi qishloqlarda qishin-yozin betinim esguvchi Toshoxur shamoli tepa Oqcho‘g‘ol tog‘ida oxur shaklli ulkan toshdan tushib keladi, deyishadi.

* * *

Asov otda o‘tib borar
kuzning bir parcha kuni
hilpiragan etaklari 
birrov tegar yuzimga,
quruqshagan shoxga mezon
ilinadi yukunib,
xazonlar jon qadar issiq
ko‘rinadi ko‘zimga.

Bu to‘rt kunlik dunyosida
sensiz bir on yashashdan
topolmasdan hech bir ma’ni
ko‘nglim yer ich-etini.
Beshafqat Vaqt beozorday
ko‘rinsada tashidan,
ochiq taqvimning betini
varaqlaydi betinim.
Intiq yurak xatto bir so‘z
aytishga hayiqadi,
ayriliqning dengizida
suza olmasang yomon.
Shamol suvni to‘lqinlatar 
va haydaydi qaygadir,
mavjlantirib dilni sog‘inch
boshlab ketar sen tomon.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 1065 | Рейтинг: 0.0/0