Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 21.11.2024

Nilufar Umarova
Bobom aytgan dostondek shingil,
Tez o‘qildi yillarning ismi.
Dunyo mening nazdimda, singil,
Qirq yoshlidir – kelishgan jismi.

Hayot misli qadimiy urchuq,
Xayolimning ipin yigirar.
Tomchilagan so‘z osmonida,
Kamalaklar chaqib ulgurar.

Yurakning tor qafaslaridan,
Uchib chiqar tuyg‘ular bari.
Shabbodaning nafaslarida,
Varaqlanar qalbim daftari.

O, she’riyat, bedor qismatim,
So‘zlarimga nil tortgan qalam.
Xayolimdan to‘kilgan xatim,
Dardlarimni ko‘rganim baham.

Goho ilhom yoshlari bilan,
Majnuntolning sochlarin yuvdik.
Umr oqib o‘tar, ko‘ngilning
Hovurini bosmagan suvdek.


* * *

Bir qo‘shiq boshlaydi bag‘rimda to‘lib,
Nastarin hidiga chayilgan shamol.
Parishon ruhimni tebratmoq bo‘lib,
Belanchak soladi horg‘in keksa tol.

Osudalik istar uvishgan qalbim,
Atrof tashlanadi yamlab yutgudek.
Rangpar yulduzchalar kuzatadi jim,
Masofa bir qadam – qarab yetgulik.

Tunning ko‘zlariga keltirmay malol,
Ko‘zimda lovullab so‘nayotir cho‘g‘.
Ketarga rag‘batim bordir ehtimol,
Afsus, boshim og‘gan biror tomon yo‘q.


* * *

Gul o‘stirmay qo‘ydim ayozdan cho‘chib,
Tariq ekmaydi deb, chumchuqdan qo‘rqqan.
Bag‘ridan iforlar ketganda ko‘chib,
Gultuvak qo‘qqayib qoldi daf’atan.

Umrlik do‘stidan bo‘lib-da judo,
Naqadar zerikdi sho‘rlik deraza.
Quloqqa chalinmay qolganda sado,
Ko‘chaga termuldi ochganday aza.

Nahot, qaytmas bo‘lib ketgandir bahor,
Nahot, baxt gullarin aylamas ehson.
Yo‘llarga termulib kutayotir zor,
Bag‘ri bo‘sh deraza, qo‘li quruq rom.

O, gullar bo‘yini qo‘msagan xonam,
Titroq tarqaladi sog‘inch aralash.
Faqat yurak ichra bitta yupanch bor,
O‘zni guvoh sanab, qishni qoralash.


YOSHLIK

Yillar devor osha ko‘cha hatladi,
Sho‘xchanlik yarashar yoshingga chunon.
Sen mening yonimda qo‘l yetmas bo‘lding,
Men sening yodingda hur qizman hamon.

Ulgurmay yumilgan ko‘zni ochmoqqa,
Yonimdan lip etib o‘tding-da ketding.
Kelding-da yuzimga sepkil sochmoqqa,
Qadringga yetmasdan, sen kimga yetding.

Men-chi, o‘zib ketdim uquvsiz yildan,
O‘zin oqlamoqchi bo‘lar beboshlik.
Ota uyim qolgan bag‘ri keng yo‘ldan,
Bugun bolam bo‘lib o‘tasan, yoshlik.


* * *

Yomg‘irlar zaminga ato etdi jon,
Bulutlar tarqadi yuvib dog‘larim.
Daraxt do‘stlarimning boshin egmay ham,
Ko‘zimda barg yozib qoldi bog‘larim.

Yo‘llarning vahmini suv kabi yutdi
Nigohimni ortgan avtoulovlar.
Yuragim daryosin qumlari yitdi,
Qulaganday bo‘ldi oldinda g‘ovlar.

To‘lqinda chalinmas hislar qoldilar,
Shamol yelkanlari bag‘ridan bo‘ylab.
Mangulikning uzun kuyi oldida
Tiniq ovozlarda o‘z so‘zin so‘ylab.

Nachora, shu yukni ko‘tarmoq taqdir,
Azal tiriklikning bog‘i so‘limdir.
Faqat o‘zin o‘ylab, o‘zini tinglab,
Uzoq yashamoqlik og‘ir o‘limdir.


UYQUSIZLIKDA

Bunda butun borliq uyquga cho‘mgan,
Yolg‘iz sezmagayman o‘zimni biroq.
Uni ham sokin tun xayolga ko‘mgan,
Mijjasini qoqmas moviy tunchiroq.

Soat ta’qib qilar qoq tun mahali,
Tobora singiydi miyamga "chiq-chiq".
Eshik ahyon-ahyon qo‘yar qarsillab,
Go‘yo shamol imlar: tashqariga chiq.

Qararga bir nuqta topmas ko‘zlarim,
Shu damda yorug‘lik balki nokerak.
Halima Ahmadning so‘zin eslayman:
"G‘ijimlab tashlangan qog‘ozdir yurak”...


MAVZUSIZ SHE’R

Men bu she’rni qachon yozaman,
Sig‘mayapti notaga kuyim.
O‘g‘irlangan tush kabi cheksiz,
Adog‘iga yetmaydi o‘yim.

Yengolmadi qog‘oz va qalam,
Bino qo‘ygan menga qaysarlik.
Tugamadi xayol dashtida,
Mag‘lubiyat, ham dardisarlik.

Nuqson bordir oyda hattoki,
Hech bir narsa yaralmas tugal.
Hayot xuddi jumboqqa o‘xshab,
Mavzusi yo‘q she’rimdek chigal.
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (27.12.2013)
Просмотров: 981 | Рейтинг: 0.0/0