Vohid Luqmon
HAR NAFASDA SAMARQANDNI SOG’INAMAN! Yuragimga tushunmayman, nima istar, Ko‘kayimga botgan darddan og‘rinaman. Ko‘zlarimga qarolmayman - boqar muztar, Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. Kecha kelib, bugun yana ketgim kelar, Moshinlarda ildam-ildam yetgim kelar, Dadamga deb Siyobdan non eltgim kelar, Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. Onamdayin yo‘l qaraydi eski darcha, Zanglab ketgan zulpaklari go‘yo zarcha, Yangi shodlik bo‘lolmaskan eski dardcha, Har nafasda Samaraqandni sog‘inaman. Qaldirg‘ochning bolasidan chirqirar dil, Og‘izlari kappa-kappa - zirqirar dil, Ariq bo‘yi, qalampir o‘t, uvatli yo‘l - Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. Ishkomlarda chug‘urchuqlar hakalaklar, Handalari biram hushbo‘y handalaklar, Kamalakdek tovlanadi gulpalaklar - Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. Dimog‘imimdan ketmaydi tandir tutuni, Tushlarimga kirar har xasi, o‘tini, Ko‘rgim kelar ba’zan buvim shotutini, Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. Ko‘ksaroyning ko‘ksin teshgan yantoqlarin, Qovjiragan Afrosiyob yaydoqlarin, Shohi Zinda bag‘ridagi qadoqlarin, Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. Aytay desam, ona, ko‘nglim to‘lib ketdi, Aytaversam - yomg‘ir bo‘lib yog‘inaman. Sizni juda ko‘rgilarim kelib ketdi - Har nafasda Samarqandni sog‘inaman. *** Ko‘ylaklari xazon edi, xazon edi, Bir qo‘lida aqrab, birda mezon edi, Kulgulari qimmat, ashki arzon edi, Unga qanday sevmayman, deb aytolardim. Uzuklari barmog‘idan uzilgandi, Suman sochi tarog‘idan uzilgandi, Bu dunyodan uzuk ko‘ngli buzilgandi, Unga qanday sevmayman, deb aytolardim. Ko‘zlarini ko‘zlarimga botirgandi, Qoshlariga yoshdan o‘sma torttirgandi, O’ttiz yilda bitta dardkash orttirgandi, Unga qanday sevmayman, deb aytolardim. Ko‘rib qolsa, ko‘zlariga qochar joy yo‘q, Boladayin berkinadi, ketar roy yo‘q, Bu dunyoda undan ko‘ra go‘zal oy yo‘q, Unga qanday sevmayman, deb aytolardim. Ketar bo‘lsam xayr demay keting, derdi Bilmaydiki, ketsam boshqa qaytolmasdim. Sevmasangiz sevmayman deb ayting, derdi, Lekin seni sevmayman, deb aytolmasdim. *** Yig‘la sochlari layli, Yig‘la zulfi chiltorim. O’tkinchi dunyo sayli, O’tguvchimiz, dildorim. Yig‘la qoshlari qilich, Yig‘la qoshi kamonim. Ichsang faqat ko‘zyosh ich, Kechsang mendan kech, jonim. Yig‘la kiprigi xanjar, Yig‘la ashki sho‘ri ob. Bugun yig‘lamasang gar, Ertaga holing xarob. Yig‘la har tomchi yoshing, Nafs o‘tini so‘ndirsin. Tuproq to‘lmasdan burun, Ko‘zingni yosh to‘ldirsin. Yig‘la lablari olu, Yig‘la dudog‘i anbar. Har kulgung zaqqum - og‘u, Har yoshing obi kavsar. Yig‘la shaffof olamda Har ne abas, Umutloq. Har jarangi jolangda Takrorlansin: Yo ALLOH! *** Kim kimga xiyonat qilgani gumon, Axir ikkimiz ham Allohga qulmiz. She’rman deb mag‘rursan, men esa - inson, Aslida bir chaqa, asli bir pulmiz. Istagan paytingda kirib kelasan, Yurak degan sabil bedarvozami? Nola chekib, faryod urib kelasan, Osmon sukunatda, beparvo zamin. Kir-chir q llaringni ko‘nglimga solib, Titkilay boshlaysan egasiz uydek. Halovatim olib, xayolim olib, Aldaysan, avraysan sehrli kuydek. Istagan paytingda ketasan chiqib, Ko‘z yoshu nolamga quloq osmaysan. Yettinchi osmondan qulatib, yiqib, Ming yil ostonamga qadam bosmaysan. Yuragimni itdek ko‘chaga quvib, Dunyo ishvasiga uchaman sensiz. Ko‘nglimni ko‘sakdek ezg‘ilab - chuvib, Dunyo deb o‘zimdan kechaman sensiz. Daryodek ko‘pirib oqar odamlar, Kim o‘zarga o‘lchar bastu bo‘yini. Xirsu havasini yoqar odamlar, Boshlanadi tirikchilik o‘yini. Uchqur yuragimni qo‘shga qo‘shaman, Qamchi zarbasidan zirqirar ruhim. Ko‘ngil shudgoridan bir dam bo‘shamam, Shudgor - shodligimdir, shudgor - anduhim. Kim kimga xiyonat qilgani ayon, Ikkimiz ham qulmiz axir Allohga. She’rim sen yuksaksan, men tuban - inson, Sensiz botayapman yana gunohga. *** Chiroqlar - zulmatga sanchilgan kamon, Bu yerdan ko‘rinmas ko‘kning hiloli. Chinor yaprog‘ida kuz titrar, hamon - Meni tark etmaydi gulning xayoli. Sukunat to‘rida shahar shovqini - Baliqdek sapchiydi ko‘nglim yuziga. Yurakka sig‘magan sog‘inch shavqini Darbon kuz o‘tkazmas - qaytar iziga. Eslamaslik mahol, eslamoq malol, Hayrat bandidagi mitti yaproqni. Qanday unutayin, qiynar shu savol, Ko‘ksimga kamondek botgan chiroqni?! *** Deraza raxida tirgan qushdek tomosha qilyapman dunyoni to‘rtinchi qavatda. Qaydadir takkillar nog‘ona shamoldek guvullab o‘tar moshinlar so‘ng tinchir - muvaqqat. Charchoq ko‘zlarimni ko‘kka tikyapman - Shomni kutyapman. *** Oshiqqa uyqu bormi - halovat visoldadir, Dard bormi, qayg‘u bormi – harorat visoldadir. Hijron halokatidan tug‘yonga tushmamish dil, Ey, Gul bilsang aslida halokat visoldadir. *** Tangrim tanlab seni menga ravo ko‘rgan, Xastaligin bilmas dilga davo ko‘rgan. Nelar ko‘rding men o‘n to‘rt yil anglamadim - Men ko‘rmadim, ammo, jonim, Xudo ko‘rgan. Peshonamga kinlar chiziq tortib qo‘ydi, Yuragimni ko‘rpa kabi yopib yurdim. Qovog‘imga yillar yukin ortib qo‘ydi, Bilmam nima izlab, nima topib yurdim. O’n gapirsang bittagina so‘z demadim, Neki bo‘lsa ich-ichimga qamalgandi. Yil demadim, oy demadim, ro‘z demadim. Ko‘ngil qurg‘ur ming joyidan yamalgandi. Tuproq kechdim - qolyotgan izimga mast, Asli maqsad-muddao ne anglamadim. Kamalakka do‘ndim - o‘g‘il-qizimga mast, Biroq senga biror bir rang tanlamadim. Men sevgini kitoblardan o‘rgangandim, Ishq degani uch nuqta-yu, xitob ekan. Kitoblarda o‘rgangandek o‘rtangandim - Asli, avval hayot, keyin kitob ekan. Qirq kokiling bir ro‘molga ishongansan, Bir kuningda beshta mazmun – beshta quvonch. Yuragingni men hammolga ishongansan. Hayotingda bitta sevgi, bitta ishonch. Bir so‘z demay kostyumimni uzatasan, Men ne maxluq, bu dunyo ne dayr deyman? Qo‘llaringdan pgim kelar, kuzatasan - Haddim sig‘mas, sovuqqina "xayr", deyman. Derazadan qo‘l siltaysan, irg‘ayman bosh, Dilimdagin tilga chiq deb o‘rgatmasman. Qarolmayman ortga, sizar ko‘nglimdan yosh Balki senga bu she’rni ham ko‘rsatmasman. Ko‘ngling notinch, xavotiring ketmas hargiz, O’n to‘rt yillik visol senga hajr bo‘ldi. Qay gunohing uchun jazo bo‘ldim, Nargiz, Aytgin, qaysi savobimga ajr bo‘lding?! OTA Men kimman, qo‘nimsiz bir qushman, ota, Ba’zan tund, ba’zida sarxushman, ota. Ne da’volar bilan uchib qo‘nmadim, Pastdaman, ammo hech past tushmam, ota. Cho‘qqiga tirmashdim, to shudroq chiqdim, Chiqdim, lek zabonsiz, bot mudroq chiqdim. Uchta o‘g‘lingiz bor ertakdagidek - To‘ng‘ichi men esam - noshudroq chiqdim. Bekorman, bekorchi ro‘z topolmayman, Bo‘zchimanu biroq bo‘z topolmayman. Oyda oldingizga bir kelaman-u, Salomdan boshqa bir so‘z topolmayman. Siz mudom to‘g‘risiz, go‘yo so‘l yo‘qday, Oftobsiz - go‘yo qor, yomg‘ir, do‘l yo‘qday. Elikka elikib nima ko‘rdingiz - Maktabu daladan o‘zga yo‘l yo‘qday. Oy tinar, kun tinar, bu qishloq tinmas, Eli egiladi, bukilar, sinmas. Men ne shoir bo‘ldim, rost deyolmayman, Ota, she’r deganim bir pulga qimmat. Mening na qarorim, qoidam bo‘lmadi, Xayollarim - xo‘rjin, qaydam, bo‘lmadi. Ekiniga tushgan tovuqni quvgan - Bolachalik sizga foydam bo‘lmadi. Ota, o‘yga botdim, boshim xam bo‘ldi, Ne dam yashaganim xato dam bo‘ldi. Devdingiz: olimmas, odam bo‘l, o‘g‘lim, Ota, men na olim na odam bo‘ldim. *** Sevmaydi, deb kim aytdi, Kimga ishonding, jonim? Ko‘ngil ham misli baytdir - Goh sokin, goh tug‘yonli. Kelmaydi deb, kim aytdi, Jonim, ishonding kimga? Yo‘lar ham misli daydi - Bo‘ysinmas goh izmimga. Bilmaydi, deb kim aytdi. Kimga, jonim, ishonding? Hoh shom, hoh sahar payti, Yoding dilda nishondir. Kulmaydi deb, kim aytdi, Aytgan qaydan biladi? Biz sayyodmiz, baxt sayddir, Bir kun albat kuladi. Sevmaydi deb, kim aytdi... VATAN Shunday yashab, shunday o‘lsam bas, Cho‘ng xayollar toptamas hushni. Shundadir erk, shundadir qafas - Makoni bir qishlamas qushning. Fasllarga emasman qaram, Oy-yulduzlar olmas xayolim. Tangrim, o‘zing karam qil, karam, Ishqdan o‘zga emas a’molim. Qadahlarni sindirdim chil-chil, Odamlikning ostonasida. Ruhim, endi uzlatga chekil, Vatan degich xilxonasiga. Endi qizlar kokilin emas, Sila qadim devorlarini. Quchog‘ingga olu bo‘l sarmast Samarqandning minorlarini. Bo‘za hidli ash’orlardan kech, O’yinqaroq o‘ylaringni ko‘m. Elning taxir ko‘zyoshlarin ich, Ota yurtning tmishiga cho‘m. Tangri solgan joynamoz - tuproq Lab bos oyoq bosmasdan avval. Ajdodingdir har bitta giyoh, Tuproq - odam azaldan-azal. Kaftingni och, shukur qil, ruhim, El iymonda, millat iymonda. Tug‘ilmoq baxt, o‘lmoq baxt, illo Faqatgina O’ZBYeKISTONDA! *** Uquvsiz bir me’morman, hanuz - Na-da ruhim, na tan bitadir. Vayron bo‘lam, tiklaydi bir so‘z: Xudo barhaq, Vatan bittadir! Yurdim daryo, o‘tirdim bo‘yro, Bul dayrda bul ne sayr, o, O’zni topdim o‘zimdan ayro, Xudo barhaq, Vatan bittadir! Maysazorda qulunday chopdim, Odam Ato, ulingday chopdim, Ishq - pok mato, egnima yopdim, Xudo barhaq, Vatan bittadir! Bir yurt berdi tuprog‘i tillo, Bir el berdi yuragi daryo, Bir s z berdi: Alhamdulilloh, Xudo barhaq, Vatan bittadir! Tug‘rosin o‘p, baland tut tug‘in, Besh vaqt beshta barmoqday yig‘in, Allohdan so‘ng millatga sig‘in, Xudo barhaq, Vatan bittadir! ARZIMADIK O’sib-o‘sib qayga yetdik, o‘ksima, dil, Ikki edik qars qimadik - arz qimadik. So‘z sanchilar so‘nib qolgan ko‘ksima, dil, Bizlar uning so‘rog‘ina arzimadik. Erk bo‘lmadi ekib-ekib ekkanimiz, Bir bo‘lmadi bukib-bukib bukkanimiz, El bo‘lmadi poyida tiz cho‘kkanimiz, Ammo uning bayrog‘ina arzimadik. Ko‘kni ko‘zlab, ko‘kdan kechib, ko‘p bo‘lmadik, Ko‘kardigu ko‘paydigu to‘p bo‘lmadik, Ko‘k izmiga xo‘p dedigu xo‘b bo‘lmadik, Bizlar uning oyog‘ina arzimadik. Kunni tepib, ko‘chalarda vaqtni chaqdik, Olis-olis xayolni deb naqdni chaqdik, Onamizning ko‘zlarini yo‘lga taqdik, Bizlar uning qarog‘ina arzimadik. Uzoqdamiz, sayoqmizmi, sayyohmizmi, Tuzoqdamiz, saydmizmi yo sayyodmizmi, Samarqandning sog‘inchidan ozodmizmi, Bizlar uning tuprog‘ina arzimadik. Yel yelpinar kapalakning kaftlarida, Ishq ufirar bulbullarning gaplaridan, Ter titraydi atirgulning lablarida, Bizlar uning titrog‘ina arzimadik. Tun suyini qoshlarina surar sanam, Xayolimda xayol surib turar sanam, Sochlarini barmog‘i-la o‘rar sanam, Bizlar uning tarog‘ina arzimadik. Ota yurtdan otda ketib, piyodamiz, Birida oq, birda qora dunyodamiz, Do‘stlarimiz duosi-la ziyodamiz, Lek ularning tirnog‘ina arzimadik. DO’STLARIM G’.N.O. LARGA Yig‘layman deganga yosh berar Tangri, Qornim och deganga osh berar Tangri, O..! Bizga hech narsa, hech kim kerakmas, Bizday osiyga ham dosh berar Tangri. D stlarim, qayg‘uni ko‘z suzib ichdik, La’natlab so‘z ochdik nahsu g‘arlardan. Xoin jimlikni har ro‘z buzib ichdik, Hushyor tortib qaytdik pivobarlardan. So‘nggi chaqalarni sanadik obdon, Bir boshga tatimas maoshni so‘kdik. Achchiq tamakining qoldiqlarini Tosh sanam kuldonning kaftiga to‘kdik. Ba’zan she’r qidik cho‘chitib tunni, Sergey Yesenindan, Anjey Bursadan. Qashqa qildik ba’zan baxtning burnini, Omadni alqadik, yuzin bursa ham. Kim suyib, kim suymay, kim kuymay suydi, Ammo muhabbatni toptamadik hech. Shahilar sog‘indi, hulkarlar kuydi, Dililar noz qildi, gullar kuldi kech. Bekor tushdik she’rning aravasiga, Yolg‘on yozib q ysak - qo‘llar qaqshaydi. Qishloqda, otamiz yonida qolib, Ketmon chopganimiz ming bad yaxshiydi. Axir bu dunyoning shoirlari ko‘p, Ko‘pu ko‘plarining ko‘kda xayoli. Shoirlik shuhratmi?! Axir shoir-ku O’zbekning bolasi, eru ayoli. ...Otaman deganga tosh berar Tangri, Qalqon b lganga bardosh berar Tangri. Do‘stlarim, Vatanga tikaman degan - Shoirlari bo‘lsa, bosh berar Tangri! QISHLOQ Qishloq deganlari mana shu, jo‘ra, Bizning tor ko‘ngilga kenglik qiladi. Shaharda o‘zingdan o‘zga begona, Bunda el bir yoqa-englik qiladi. Orziqib ketar dil osudalikdan, Simobday tiniq tong junjitar etni. Ko‘zingni ochmasdan ochilar ko‘ngling, Quyoshqiz nurcho‘p-la qitiqlar betni. Issiq og‘ush bormi, o‘zing ayt, axir, Gulpaxta solingan ko‘rpadan ko‘ra. Hidsiz xayollar yo‘q, o‘ylar yo‘q taxir, Qishloq deganlari mana shu, jo‘ra. Senu menga xshash shoirvachchalar, Shahar havosiga to‘lgach dimog‘i, Tashbehlar axtarib qishloqqa kelar, Qishloq tashbehlarsiz yalang‘och chog‘i. Qishloq deganlari mana shu, jo‘ra Odamlari so‘zlar dilda borini. Qorani oq demas bizlarga o‘xshab, So‘ng bizlarga o‘xshab yurmas og‘rinib. Bunda halovat kam, ko‘proqdir tashvish, Bunda to‘rt faslning nomi bittadir. Bunda orzular ham, armonlar ham ish, Bunda kun botgandan so‘ng ish bitadir. Qayga, deb so‘rasang dalaga derlar, Qaydan, deb so‘rasang derlar daladan. Ularning bori - yer, ori - yer, jo‘ra, Rizq terar ayollar, erlar daladan. Shukur qaynab tursa qora qozoni, Qora noniga ham shukur qiladi. Mehmon kelib qolsa, borini berib, "Uzr, yo‘qchilik" deb siniq kuladi. Hech kimdan hech narsa tilamas qishloq, Odamlar ne kutsa, kutar Xudodan. Ammo senu mendek shoirlar k proq Yorug‘lik kutishar madhu sanodan. SUVRAT Musavvir do‘stim Obidga Menga baxtning suvratini chizib ber, Osib qo‘yay eng to‘riga xonamning. Menga baxtning suvratini chizib ber, O’xshasin u suvratiga onamning. Menga haqning suvratini chizib ber, To‘rtta mucham to‘rt burchakda qaqshasin. Menga haqning suvratini chizib ber, U otamning suvratiga o‘xshasin. Chizib bergin suvratini gunohning, Mixlab qo‘yay uni ikki ko‘zimga. G’azabidan qo‘rqamanu Allohning, Lek u suvrat o‘xshay qolsin o‘zimga. DO’STIM NODIRGA To‘g‘ri, hissizlikdan bezganimiz rost, To‘g‘ri, ishqsizlikdan o‘yga botganmiz. So‘zlarga ayamay xiyonat qildik - Sotganmiz. Yugurik kunlarga yetmay dog‘damiz, Asirmiz asrning yolg‘onlariga. Q limiz yetmaydi, garchi tog‘damiz - Osmonlarga. Qara, benishondek, beshondek oqar Qirg‘oqsiz, to‘lqinsiz silliq irmoqlar. Ko‘ngil ilinj bilan ko‘kkami boqar - Daryo so‘roqlar. Goh kechmoq bo‘lamiz bu dahri dundan, Goh kechmoq bo‘lamiz o‘zdan-da ba’zan. O’rgimchak to‘ridan kechmaydi biroq - Tan. Xazonlar shitirlar, ingranar og‘ir, Qovjirab sarg‘aygan gullar poyasi. Bahor b lib chorlar, chorlayveradi Olis tabassumning soyasi. Ilinj iplarida chigal, eshilgan Kulgu suvratlari solingan ko‘zga. Zarra xshamaymiz, ko‘zgu qiyshaygan - O’zga. To‘g‘ri, dardsizlikdir dardimiz, do‘stim, Bu ne hol - o‘zingga o‘zing sig‘masang? Ko‘zlarda ko‘nikkan, ko‘zikkan, ammo - Yig‘lasang. Yuraging ko‘zingdan oqib chiqsayu Kaftingda aylansa bir shaffof ko‘lga. U ko‘lni hech kimga bermasang, hatto - NILUFAR gulga. *** Dushanba. Hali tong turmagan uyqudan. Esnab-esnab kelar avtobus. Besh-t rtta og‘rinish, O’n, o‘n besh tashvish, Va yana qandaydir ish. Minnat qilgan kabi siltanib, Avtobus jo‘naydi shaharga. Seshanba, Chorshanba, Payshanba, Juma - o‘qish, ish. Shanba. Quyosh botmoq uchun botmonlab bosar, Avtobus qaraydi soatga. Besh-to‘rtta sog‘inish, O’n, o‘n besh tashvish, Va yana qandaydir ish. Cho‘ntagi qappaygan hammolday Avtobus jo‘naydi qishloqqa... Dimog‘lanar shaharlik so‘mka, Yakshanba cho‘milar hammomda. Hilpiraydi dordagi ko‘ylak, Shahar hidi yuvilgan obdon. Yakshanbada yagona tilak - Palov hidi anqigan qozon. Shimni qayrar qilichdek dazmol, Yarqiraydi tufli - yog‘langan. Shaylanadi bo‘yinboq - a’mol, Shaharning bo‘yniga boylangan... Buraladi soat qulog‘i - Turmoq kerak tongdan ertaroq. ZILZILA O’ylarim titraydi, xayolim titrar, Hayotim titraydi, yuragim zaha. Ongu shuurimga bir q rquv kirar - "Iza zulzilatil arzu zilzalahaa". Jonim, shirin jonim, sabilsan buncha, Bir boshga bir o‘lim - unutdingmi yo? Sening qimmating yo‘q asli chivincha, Pista po‘chog‘idek omonat dunyo. Kaptar galasidek potirlar ulus - Go‘daklar ko‘zida mudhish bir savol. Tunning yuzlarida mubham lik tus, Olomonga boqar kelgandek malol. Cho‘k tushar xudoni unutgan kaslar, Ko‘zlar kosasida miltillaydi suv. Shuncha razolatni ko‘tarib turgan Yer bir titrab qo‘ysa, shunchalar qo‘rquv. QANIYDI BILSANGIZ... Qaerdasiz hozir, bilmam, shu tobda Farishtalar qo‘rir oromingizni. Shirin qimtingandir labingiz xobda, Bir xurrak buzganda maromingizni. Qaerdasiz hozir, bilmam, shu asno Mening o‘ylarimdek olissiz juda. O, bilsangiz edi, qanday bema’no Bizning hayotimiz, o‘tar behuda. Qaniydi bilsangiz, bilmaysiz, afsus, Sog‘inchning behijob - ochiqligini. Bilmaysiz, lab solib ko‘rmadingiz siz, Ishq mayin quyqasi achchiqligini. Boyqushdek b g‘ilib poezdlar tar, Uyqu bekatida chiroqlar uyg‘oq. Ko‘ksimda soch hidin izlar - rtar, Bo‘linib ketadi ikkiga uy qoq. Bilaman, so‘zlarim telba-teskari, Bilmaysiz osmonga qarab turganim. Ilinj - yonib tugayotgan sigaret, Tutunga ko‘milib tirik yurganim Qaniydi bilsangiz, bilmaysiz, afsus... *** Deraza raxini chertadi yomg‘ir, Tunni tilim-tilim etar chiroqlar. Qarshimda o‘tirar bir xayol - og‘ir, Kimnidir sog‘inib, kimni so‘roqlab. Yomg‘ir shivalaydi, shivirlar sekin, Nedir yo‘qotgandek yuragim dilgir. Ko‘zimni yumaman, xonada neki Bor - raqsga tushar, aylanar gir-gir. Piyola labida lab izi qolgan, Ko‘zgu yuzlarida kuladi kulgich. Og‘ir kursi og‘ir xayolga tolgan, Titroq yelkalarin silaydi ilgich. Deraza raxini chertadi yomg‘ir, Ko‘nglimda tizginsiz tuyg‘u yeladi. Olisga termulib ko‘zlarim og‘rir, Xonamdan atirgul isi keladi. *** Kutdim, kirib kelding kutilmaganda, Qumrol sochlaringga taqib bahorni. Yulqindi xotiram (tutilmagandek), Unutdim ayozni, qirovni, qorni. Men qishni sevardim, qorbola edim, Chilla yo‘rgagida chillam chiqqandi. Bahorda ham qishga zor bola edim, Axir onam meni qishda tuqqandi. Muhabbat neligin bilmasdim - tayin, Ko‘ksimda bir parcha muzni asrardim. Va yana, va yana o‘zim bilmayin, Qandaydir ilohiy so‘zni asrardim. Xos edim, sen esa bexosdan kelding, Boshim aylantirdi soching ifori. Lablarimga bosdim (qiqirlab kulding) Yuzingda ochilgan g‘uncha - bahorni. Ismimni unutdim, unutdim tamom, Mening mavjudligim do‘ndi ro‘yoga. Jadiy lavhlaridan o‘chdi bitta nom, Hutu hamal bo‘lib keldim dunyoga. *** Shahar ko‘chasiday charog‘ondir dil, Yonimda bahorday iforli bir gul. Salom, bolaligim, salom, yangi yil, Men seni hammadan ko‘proq sevaman! Men eng so‘zamolman, demam biror so‘z, Jilmayadi lablar, pirpiraydi ko‘z, Men bilan yomg‘irda o‘pishgan qorqiz, Men seni hammadan ko‘proq sevaman! Bezangan - boshdan to oyoqqacha zar, (Faqat yarasharmish unga bayramlar), Yangi yil oqshomi cho‘milgan shahar, Men seni hammadan ko‘proq sevaman! Uchyapman, unutdir tashlamoq qadam, Hech narsam ko‘p, ammo hamma narsam kam, O, menga bexosdan turtingan odam, Men seni hammadan ko‘proq sevaman! Yomg‘irda tizginsiz olovday o‘sdim, Ko‘nglimni bo‘sh qo‘ydim, aqlimni to‘sdim, Shamollab qolma deb kuyingan do‘stim, Men seni hammadan ko‘proq sevaman! *** Siz mendan hech narsa qilmaysiz talab, Men sizdan hech narsa so‘ray olmayman. Siz ketma, demaysiz, men esa... yo Rab, Qolgim kelsa hamki, qolmayman. Zotan siz sevgiga, ishqqa tashnasiz, Zotan men mehrga muhtojman, zorman. Bilmam kimga do‘stsiz, kimga oshnasiz, Bilmam kimga yorman, kimga darkorman. Kun ora ko‘raman, salom berasiz, Hatto jilmayasiz - qilasiz karam. Men sizni sog‘ina boshlagan kundan Buyon siznikiman, sizgaman qaram. Bir shu’la ko‘raman ko‘zlaringizda, "Kim yoqqan olov bu!?" - xatarli so‘roq. Begona ism yo‘q so‘zlaringizda, Mening ismimni ham aytmaysiz biroq. *** Quyosh quvdi so‘nggi qoraygan qorni, Yellar keltirdilar unut iforni. Lek ko‘nglim ilimas, gullamas ko‘nglim, Men nima qilaman sensiz bahorni! Bog‘da binafshalar taratadi bo‘y, Qushlar chug‘urida ilohiy bir kuy, Ammo yuragimda muzday sovuq o‘y, Men nima qilaman sensiz bahorni! Osmon oy pishirar yulduzga qorib, Kurtaklar qiqirlar novdani yorib, Aytgin, kimga boray, kimga yolvorib, Men nima qilaman sensiz bahorni! Bir oqshomda bo‘yga yetar bodomlar, Oppoq bo‘lib to‘yga yetar bodomlar, Ming oshiqni sarxush etar bodomlar, Men nima qilaman sensiz bahorni! Ariq lablarida uyg‘onar yalpiz, Boychechak qitiqlar shaffof saharni. Nega indamaysan, gapirgin, hoy qiz, Men nima qilaman sensiz bahorni! GULRUH (turkum) 1 Shamollarday shovullab quchdim Shamolbog‘ning shoxchalarini. Bog‘lab qo‘ydi bog‘lar ko‘zimning Kipriklari - bog‘chalarini. Shappatladi barglar yuzimga, Daraxtlar xo‘p qilishdi g‘iybat. Qushlar in qo‘yishdi izimga, Oyog‘imni qitiqladi pat. Xasxayolning xayoli nuqul Yonargulning yanoqlarida. Ammo seni izlab topdim, Gul, Visolbog‘ning adoqlaridan. Lek jur’at yo‘q seni uzmoqqa, Toqat tasbeh o‘girar "Qayt, qayt!" Shamolbog‘ni shamol buzmoqda, Ey Gul, ruhim bo‘lasanmi, ayt!? 2 Ay, ko‘nglimning ko‘karmas rangi, Ay, jonimning jonsiz jarangi, Boshim yorar ishqsizlik sangi, Sevdirmasang o‘ldirgin, Tangri! Yurak - bolish, toshdek botadir, Qishki bog‘dek bo‘shab yotadir, Bo‘shliqlarda borlik - xatodir, Sevdirmasang o‘ldirgin, Tangri! Xayollar xazondek xokisor, Baxt bir qo‘rg‘on - atrofi devor. Ul qo‘rg‘onga faqat bir yo‘l bor - Sevdirmasang o‘ldirgin, Tangri! Qishki bog‘lar uh tortadir, uh, Ishqsiz bog‘da bahor-da makruh, Ruhsiz vujud tilar bir gulruh, Sevdirmasang o‘ldirgin, Tangri! 3 Yuragimga yaqin bir gul bor, Gulligini bilmaydi u gul. Yaqinligin sezmas, yurakning Qulligini bilmaydi u gul. Ko‘ngilzorda ko‘karar bir dard, Yaproqlarin tili tishlangan. G’unchalari - so‘lg‘in, rangi - zard, Tomirlarin taqdir mushtlagan. Gulligini bilmaydi u gul, Vaqtning esa oqarar sochi. Ko‘karmas ko‘ksimga sanchilgan - Suvsizlikdan ishqning og‘ochi. Bir maysadek yashaydi u gul, Bandlariga bog‘lab hayoni. Yuragimga yaqin, biroq ul Bir maysadek anglar dunyoni. | |
Просмотров: 1287 | |