Ozoda Bekmurodova
Siz uchun faqat men yashnab yuraman, Faqat men yashayman g‘amingizni yeb. Faqat men sevaman hammadan ortiq, Faqat men so‘rayman "jonim” qani deb? Faqat men qilaman bariga toqat, Ko‘nglingizni aziz tutarman o‘zim. Faqat men qolarman, Siz bilan faqat! Qorlar yog‘averar, bosilmas izim, *** Men sog‘ingan onda, Sen ham sog‘insang. Duolar qilsayding diydorim so‘rab, Qadamlaring nogoh ostonam o‘pib Kelsa... Yo‘llaringga o‘ltirsam qarab, Bo‘g‘zimga yutgancha ko‘z yoshlarimni To‘kilsam bag‘ringga oy nafasiday. Orzular taftiga yurakni tutib, Eritsak qismatning tosh qafasini, Kelsa... Qadamlaring ostonam o‘pib. *** Qo‘llarimni ushlamang, o‘pmang, Ko‘nglingizni bermang ko‘nglimga. Ko‘zingizni ko‘zimga quymang, Gulingizni bermang gulimga. Titroqlarim — tuyg‘ularimning borar-kelar manzili o‘zim. Men o‘ziga-o‘zi asrandi Hur saqlagan nazzora tuzim. Ba’zan og‘ir botadi menga Ashklarimni ayashlaringiz. Chorasizlik kaftida turib, Umidimni suyashlaringiz. O, kelmangiz qoshimga boshqa, Shafqatingiz bag‘rimni ezar. Peshonamni ursamda toshga, Kerak emas bundayin bozor. Qo‘lingizni bermang qo‘limga, Gullarimni yuling, so‘ldiring. Hurlar kabi ozod ketayin, Meni shunday baxtga to‘ldiring. *** Nimadir Yodimdan chiqqanday, Nimanidir unutgandayman. Siz dunyoda sobit turibsiz, Bu dunyoda men foniydayman Ortimda Nimadir qolganday. Tortadi umidvor nigohim. Meni bugun saro-sar etdi Muhabbatning qadim segohi. Siz dunyoda g‘olib turibsiz, Men borliqni unutgandayman, Tushlarimda ko‘rgan jahonni Hayotimda Hech kutgandayman. O‘ZIMGA MAKTUB Cheksizlik borliqni o‘pgan yerlardan Yuksak tog‘lar ruhi yotgan yerlardan, Otam duosiday ulug‘ qirlardan Maysalar shiviri o‘tgan yerlardan. Ko‘klar yelkalarin tutgan yerlardan Quyosh zardan naqsh bitgan yerlardan, Onamning bag‘riday mushfiq, mushtipar Yulduzlar shu’lasin to‘kkan yerlardan. Fasllar hur kelib ketgan yerlardan Oftobli, otashli, oyli nurlardan, Yo‘l tortib kelgandim tongday umidvor. Yashil olamlardan — Keng adirlardan. *** Shamollar qo‘shig‘in kelgandim tashlab, U ma’yus yo‘llardan kuylab o‘tgandim. Umrimning zangori fasllarida Bu ulkan shahardan osmon kutgandim. Bag‘rimga sig‘masdi moviy hislarim, Qo‘limda orzular g‘unchasi ezgu. Yuragimni tug‘day tikmoq istardim, Meni chorlagandi qandayin Cho‘qqi.
| |
Просмотров: 1111 | |