Nurilla Narzullaev
MUHABBAT Men shahzoda edim, men shahzod edim, Jannatiy ma’vomda jannatiy nasim. Ko‘zim chamaniga kuzak yot edi, Panohsiz emasdim, mahjur emasdim. Shahzod edim oltin qasrida yotgan, Zanjirband aylading meni beayov. Muhabbat, xobimdan nogoh uyg‘otgan, Mening ko‘zlarimni ochgan, ey olov! Ne tong, farishtamni yashirmish falak, Shafaqda, bulutlar aro dil Sami: Alvon otash ichra ko‘ringan malak, Olovda o‘ynagan raqqosam qani?! Qani, ayt-da endi, qayda sevgilim? Qayda, tuproqlarga tashlab ketgan yor? Hijron og‘ochiga osildi dilim, Mening osilganim, ey vujudsiz dor, Muhabbat! Osmonlar dod soldi, ne sir?.. Yomg‘irlar yurtida asriy mardudman. Telbaman – bepanoh, gadoman – basr, Chaqmoqni sog‘inib yotgan vujudman. To borman chalajon, to borman xasta, Dardim tuprog‘ida ko‘rsat loshimni. Quyoshning nuridan bir qilich yasab, Oydin tunda uzib tashla boshimni. BOLALIK SOG’INCHI Ufqqa singib ketdi matlabim, Shomni tutdi chirildoq uni. Ko‘nglim ochilmadi sen kabi, Nomozshomgul, o‘tdimi kunim. Yitdimi gullamoq xayoli, Bo‘m-bo‘sh qoldi aftoda hujra, Qari-qartang shayton misoli, Jim yig‘ladim changalzor ichra. O, sarin yel, adashsang gohi, Daryoga qay yo‘ldan qaytasan? Moviy poklik, xaloskor sohil, She’rim, ko‘nglim qushi, qaydasan?! Daryo edi qachondir sodiq, Meni nilufardek asradi. Endi kelar to‘fon ovozi, Va guldirak – osmon nafrati... Tun bo‘yidan o‘tarman qanday?! Qalb ko‘rindi, uniqib zohir. Jannatdagi go‘zal ilonday, Yer bag‘irlab qolmishman oxir. Ko‘nglim kabi to‘kildi necha Maqtul chechak ko‘shkimda hayron. Ming yildirki, bir oydin kecha, Bir go‘zal tong armondir... Armon. *** Ko‘klamni sog‘indim. Yosh sizib dildan, Sog‘indim yomg‘irli, yam-yashil kunni. Oppoq qishlarida ruhim qafasband, Qanday yashiraman jarohatimni. Ey, ozod kabutar, ko‘ngil so‘ragin, Tutqunning qoshiga kel, ko‘klardan tush. Yaralangan bo‘lsa mening yuragim, Nima deb iltijo qilay senga, qush? Sog‘indim, ul ko‘klam – shaddod qiz qayda? Bunda ruhimga qor yog‘ar har kecha. Ko‘rdim-ku, yaxshilik kelmaydi oydan, Bir sendan qo‘ymasin meni, boychechak. Qorlarni sidirib izladim, ey jon, Sog‘indim men seni, oshno gulimni. Qoraygan osmonni oqartganda tong, Qaniydi bag‘ringga olsang dilimni. Shudgorzorlar ichra izg‘idim tunda, Olamga sig‘madim za’far oh bilan. Kapalak umrini bersaydi menga, Shu ko‘klam ketardim qizg‘aldoq bilan. SAN’AT Zamin tug‘yon uyqusida yotar behush, Dengiz – xayol. Ummon – orzu, olis sarob. Qatlgohning osmonida uchar Oqqush, Uchar bedod azob bulutlari aro. Derdilarki, Oqqush ulug‘laydi Haqni, Mangulikning shiddatini tuyib uchar. Bot-bot olovlarda kuygan kabi qaqnus, Ishq o‘tida qanotlari kuyib uchar... Derdilarki, jon savdosi tutmas uni, O’tdek so‘nmas, yo gul kabi so‘lmagaydir. Ko‘klar yorilgunga qadar bitmas kuni, Mahshargacha paymonasi to‘lmagaydir... Ammo bugun Oqqush yerda yotar, ne tong... Silkitmoqchi bo‘lar singan qanotlarin. Cho‘kayotgan ko‘zlariga cho‘kmish osmon, To‘shlari qon, to‘zg‘ib yotar bolu pari. Tog‘ yanglig‘ bir dard ostida yotar endi, Dard tog‘ bo‘lsa qalqardi ko‘z yoshi uzra. Qanotlari tun bag‘riga botar endi, Jonsarak oy aylanadi boshi uzra. Illo yaqin kelolmaydi qush yoniga, Unsiz nola chekar mudom, unsiz yonar. Kuyib, har tong qatlgohning osmonida, Oppoq kulga aylanadi go‘zal qamar. Bahru barda – qotil asr qo‘llarida Jon berar qush, unsizgina uzilar u. Nigohlari so‘nar somon yo‘llarida, Xayollari dengizlarga cho‘kar mangu. *** Ul oydin kechalardan qolgan mung ko‘zimdami, Ilg‘adingmi navbahorning bo‘ylarini sochimda. Jim to‘kilgan qizg‘aldoqning dog‘lari izimdami, Hijron otliq tig‘ning izi bormi bag‘ri chokimda. Qo‘llarimda g‘ijimlayman ro‘molini bir qizning, Men to‘ymagan nur u, tashna ko‘zlarimni tark etgan. Makru afsunlari oshkor bo‘ldi shabgun kunduzning, Oftob o‘sha, men kuyganda yuzlarini berkitgan... Hajri mosuvo ko‘nglimni bir daryo etdi ezgin, Dardi hijron tog‘laridan lolalar terdi menga. Bu tog‘larda musibatning sirtloniga yo‘q tizgin, Yara qalbga chang soldi boz, boz qayg‘u berdi menga. Xayol yetmas uzlatlarda bir ma’suma qiz ko‘rdim, Uni g‘uborsiz tonglarning yodi bilan ko‘mganman. Endi tanimga ham sarkash shamollardan xok so‘rdim, Yuragimni ayriliqning dodi bilan ko‘mganman. ...Ul oydin kechalardan qolgan mung ko‘zimdami, Ilg‘adingmi navbahorning bo‘ylarini sochimda. Jim to‘kilgan qizg‘aldoqning dog‘lari izimdami, Izi bormi qiz ko‘ksining mening bag‘ri chokimda. *** O, sohibim, ko‘tarmassan bosh, Bag‘ring nihon qotil chiroydan. Ko‘hna qasr toqida naqqosh, Qaramassan oqargan oyga. Endi bo‘m-bo‘sh quchoqlaringda, Idramagay sabuhiy dog‘lar. Fig‘on qilgan nigohlaringdan O’rtanmaydi kulto‘da tog‘lar. Bitdi umring – jon yuki – sarob, Sen o‘tganlar xaylidan ortib, Ajab fasli malomat aro, Sudramassan o‘zingni ortiq. Endi seni o‘rtamas qalam... O, hargiz aytilmas bu bardosh. Hargiz aytilmagay bu alam, Va hargiz sharh qilolmas ko‘z yosh. Faqat Haqning hijroni – o‘ti, Seni xasta etmishdi boshdan. Joningdanmi, chaqmoqday o‘tib, Mahkum etgan edi yashashga. ODAM I. Nedir mehr? Nedir sevgi? Nedir ko‘ngilga tavajjuh? Toki odam mudom yolg‘iz... Shamolga qul xazon yanglig‘, Sudraladi hovlilarda. ............................................... Kulbadan kulbaga yo‘l bor. II. O, nechun hujralar bo‘m-bo‘sh, Nechun bo‘m-bo‘shdir saroylar? Ul kimsasiz hujralardan Odamni izlaydi odam. Huvillagan saroylarda Kutib yashaydi odamni. Tong otadi, kun botadi, odam yolg‘iz. Odamni izlar Majnundek Tog‘-toshlardan tog‘-toshlarga O’tib, chorlaydi bearmon... Bu ne dard, ko‘ngli qontalash, Yo‘l tutadi yobonlarga... ............................................. Qayg‘udan qayg‘uga yo‘l bor. III. Kun kuydirgan biyobonda Bir qultum suv istamaydi, Istamaydi bir burda non. Odamni izlaydi odam... ... Qay tong, horg‘in biyobondan Ko‘z yoshiga cho‘kib ketgan Odamni topar odamlar... Bilmaslar, ne kechgan holi, Nechun qashqirlar tegmagan? Nechun yemagan quzg‘unlar? Uning ochiq ko‘zlarini Qumdan tozalab, ohista Yopib qo‘yadilar, keyin... Keyin boshlarida tutib, Olib ketadilar uni... .......................................... Fanodan baqoga yo‘l bor. IV Yolg‘izlikda ajin bosgan Peshonasi – tun daftari. Odam odamni topolmay, Unsiz ketar Olloh sari. ................................ Ulug‘ Olloh sari yo‘l bor. ................................ Ko‘ngildan ko‘ngilga yo‘l yo‘q. *** Nayson abri ko‘kka uyilar qat-qat, Tomchilab-tomchilab boshlanar yomg‘ir. Shu ko‘yi o‘t tushar menga beshafqat, Jonu jahonimda boshlanar yong‘in. Yo Rab!.. O’tu-suving ichra ko‘p qiyin, Sovrildim... o‘zimni tutarman qanday?! Neki bori bo‘lsa, kuyganu, keyin Toshqin olib ketgan eski qo‘rg‘onday Oqdim, zohirida shomu saharning, Botinida sinib oqadi sozim. Meni asrayolmas binafshalarning Qirdan kelayotgan go‘zal ovozi. Yo Rab! Bu toshqinda men bir jonsarak. Maysaday bo‘ylolmam kamalaklarga, Jim o‘ltirmasman gul yuziga qarab, To‘yib boqolmasman kapalaklarga. Beomon shiddatda omon qolmasman, Ma’nisiz hayotim yitadi mutloq, Bildim, yomg‘irchalik yashay olmasman, Bildim, bir mendan ko‘p yashar qizg‘aldoq. Faqat bilolmasman, oxir shom enib, Xokim uzra xaslar uchgay bebayot. Ne uchun bahordan ayirgay meni, Nechun halok etgay meni bu hayot?! KEMA Ko‘rmay qoldi shimol va na sharq bildi, Ul foje kechadan g‘arb ogoh emas. Shiddatli to‘lqinda yitdi, g‘arq bo‘ldi, Dengizning tubiga cho‘kdi bir kema. Hijron dengizida oh urib mungli, Oppoq yelkanlarga urgancha to‘shlar. Oppoq qanotlari qorayib tundek, Manguga kuzatdi uni oqqushlar. Kema qay zamonda topmishdi zavol? U qaysi dengizda yitdi, ey Xudo! Nilufargullarga suyanib behol, Ul nomsiz kemani eslayman mudom. Kun – dengiz, tun esa dengizning qa’ri, Vido kechasida yutdimmi qonlar. Orzum oqqushlari qoldi muztarib, Qalbim cho‘kib ketmish allaqachonlar. Sohilga chiqmoqqa yetmaydi holim, Tun qa’rida qolgan ozurda xasman. Dengiz tubidagi kema misoli, Bir umr Ollohga yetmasman. KULBA G’amzadadir ko‘ngil singari, Tun qo‘ynida qop-qora siyrat. Ichida sir – bu kulba g‘arib, Ichida sir – bu kulba tiyra. Asrlarki, mahluqot mudroq, Asrlarki, zanjiman hamon. Kechmishimni bo‘z kabi sudrab, Aylanaman kulbani nolon. Ko‘kda dunyo aylanib sarson, Oy o‘rtangan kabi besamar. Shu kulba girdida bemakon, Ruhim – yerda bulg‘angan qamar. To bu kulba mangu bebayot, Zillat va jaholat shohidi. Bunda yashar eng oliy jonzot, Oy nuriga qo‘shilgan hidi. Mudom yig‘lab yolvordim Haqqa, Ustimdan kulmasin Azozil. O, koinot sarvari haqqi. Meni bu kulbadan xalos qil. Ketay, faqat ketayin badar, Hur tongdan o‘zga tong ovutmas. Qaytmayin to qiyomat qadar, Meni bu kulbaga yovutma. Kulba tiyra dil azasidan, G’am keltirmish dil topgan o‘lim. Uning qonli derazasida, Titrar oliy jonzodning qo‘li. Tamug‘ sari eltguchi g‘ammi, Kulba g‘ami – so‘nggi yo‘q hasrat. Rabbim!.. Mendan asra odamni! Rabbim!.. Meni odamdan asra! KECH KUZ Ne ko‘ngil bu ko‘ngil, kuz kabi siniq, Ne kuz bu, ko‘ngilga o‘xshagan kuzdir. Umidim kuz suvi singari tiniq, Kuz suvi singari harakatsizdir. Na quyosh xush botar endi, na hilol, Na kuy xush keladi endi va na so‘z. Ko‘nglim cho‘kmish kuzak daryosi misol, Ozurda ko‘nglimning haramidir kuz. Ko‘zimday qizargan chinorlar bargi, Adirlar siyratim yanglig‘ za’faron. Tiyrak ko‘zli dunyo ko‘rmagan dardim – Ruhim ufq buluti singari alvon. Havoga osilgan mezonday o‘ksik, Xayolim pobasta, uchmas ko‘k sari. Jayronlar adashgan yobondir ko‘ksim, Qo‘lim – unutilgan so‘qmoqday g‘arib. Mening-da, tanimga qirovdan ehrom, Holsiz xazonlarim munojot qildi. Yolg‘iz yuragimni ayladim mehrob, Majnuntol singari ibodat qildim. Toat aro shabnam istamas labim, Qatra qo‘r istamam gavhardan – toshdan. Qishga qolayotgan qashqargul kabi, Yig‘lasam, ne ma’ni qari quyoshga? Tiyra bulut tutgan tunim behuddir, Bequtdir sovrilgan kuz – xonumonim. Gumbirlaydi osmon, yomg‘ir... O, xuddi Bir qat’la faryodim, ming qatra qonim. Malomat qilarlar qarg‘alar haydab, Qarg‘anar boshimda, erta kun-kech kun... Olamga ayonman, manzilim qayda? Biroq manzilimni bilmaydi hech kim. Qalbimday ochilgan qabrlar unsiz, Shovullar qoraytib osmon etagin. Daryo misol oqib borayotir kuz, Oqib borayapman kuz kabi... IZSIZ QATL Kim u shafqatsiz sayyod, ko‘nglimga qilich soldi, Qatl etdi sevgimni – soldi qora o‘limga. Boshimda charaqlagan osmon qorayib qoldi, Qo‘limda qoldi hilol – qoq ikkiga bo‘lingan. Ko‘rmay qoldim, bilmadim – kun edimi yo tunmi, Faqat ilg‘adim elas, hurlar tushdi falakdan. Ko‘kning baxtsiz yomg‘iri bilan yuvdi sevgimni, Kafan qildilar unga oqargan kamalakdan. Yig‘lamadim u lahza, chekmadim ohu faryod, Faqat g‘avg‘o ko‘tardi jinlar sadrga tushib. Yotar edim chalajon, yotar edim bemurod, Bilmas edim bu qatl qaysi dunyoning ishi. Tan bundoq qolarmish jon baqoga qilsa hijrat, Bilmasdim – shahid ko‘nglim butmi endi yo nobud? Hayhot, vido singari og‘ir ul shafaq uzra, Kemaday suzib ketdi guldan yasalgan tobut. Sezmas edi ona yer, osmonning yarasidan Zardob tomardi chak-chak – izsiz qatl izlari. Yotar edim bemurod, sayyodlar orasida, Boshim kesilgan edi, hayron edi ko‘zlarim. *** Asru asrlar zorin chekar ozurda dunyo, Ko‘hna dunyo qismati kechadi hur yoshimdan. Shom bu, quyosh qatlida bag‘rim qoni chimildiq, Jayhuncha nadomat bor har qatra ko‘z yoshimda. Ey, aziz, har zarrai xarobga uraymi bosh, Va yo ul cho‘ng tog‘larni urayinmi boshimga?! Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman. Sarg‘aygan tavonimda kuyar sayri kun dog‘i, G’amnok ustixonimda chatnaydi za’faron oy. Tegramda yotar nurdan yaralgan soz sinig‘i, Osiy kiprigim uzra titrar ustunsiz saroy. Gar ko‘kragimga yetsa, chaqmoq topar halokat, Nurab yotgan yelkamda yig‘lar yarador humoy. Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman. Ko‘yim ko‘kni kuydirgan, kuylanmagay bu ko‘yim, Itlar darbadar bunda, qushlar ayrilgan hushdan. Beor qichqiriqlarda, buzilgan raqslarda, Chechaklar tuprog‘iga botar nur ham, fahsh ham. Bazm bu – farishtalar la’natlab ketgan bazm, Men – shaytonlar masxara qilgan bazm ichra sham. Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman. Do‘zax faryodi har tong nafasi bilan kelar, Har yaproq tomiridan keladi xokning bo‘yi. Har xilqat to‘zon bo‘lib yitar rub’i maskunda. Juvonmarg qo‘lim qani, qayda sarg‘aygan ro‘yim. Davron yetti qat yerdan shafaq qadar otashin, Davron dabdabasida sarg‘ayib borar o‘yim. Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman. Odam zahmimga singib ketar yomg‘irlar, qorlar, Yetsa nomsiz uzlatga yetgaydir loshim mening. Yulduzlar yonar hanuz, daryolar oqar hamon, Charaqlaydi sohibi zarra – quyoshim mening. Illo falak nolasi jonimga tushar mudom, Bot-bot bosh tutarmanu, bag‘rimda boshim mening— Hamisha pushaymonman, hamisha pushaymonman. QIZ PARI (Lutfiy g‘azallarini o‘qib) So‘z istadim go‘zal so‘zlardan go‘zal, Har go‘zal so‘zdan-da, o‘zing sohira. Senga ko‘z tikkanlar eng avval sezar, Ki, sevib qolurlar oxiri. Vujudi ruhsan sen, sening yuzingda Bokira subhning havaslari bor. Ohu najot istab yurar ko‘zingdan, Sabo yanog‘ingda sezar: nadir bol. Sendan bo‘sa tilab uchar bolu par, Har sang nafasingdan istab yotar jon. Qumrilar ilkingga yukinmoq istar, Belingga o‘ranmoq istar oq ilon. Shaffof tovoningni o‘par sochlaring, Kipriklaring ishqi qoshingga tushgan. Tong emas, xor bo‘lsa ko‘zi yoshlaring, Shamsu hilollari kelmasa hushga. Sen – nur ichidagi bokira xayol, Libosing nurdir, nur esa-da, sitam. Kelmasmikin deydi egningga malol, Senga rahmi kelar kapalakning ham. Ozurdaman she’rim chamani aro, Kelsang bu vodiyga, Lutfiy bilan kel. Seni tutolmayman, ey nozik ado, Tong chog‘ida ko‘kka olib uchsa yel! *** ONAMGA Yurak – navolardan qolgan adoyim, Unsiz nidolardan qolgan adoyim. Ming bir adolardan qolgan adoyim, Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket. Endi oqqush bo‘lib uchgim kelmaydi, She’r istab, shafaqni quchgim kelmaydi. Ne kechmish, kechirgim, kechgim kelmaydi, Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket. Totsam lazzat, cheksam jabr topilgay, Har ne dard zug‘miga sabr topilgay. Qabr so‘ramayman, qabr topilgay, Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket. Dunyo odamlardir, dunyo o‘zimman, Istasam, yulduzlar chaqnar so‘zimda. Ul cheksiz osimon mening ko‘zimda, Yomg‘ir, yuragimni yerga olib ket. *** Deb: "Gar sevsang, yoqangni chok et..." Layli da’vo qilmagan hatto. Sen egil, gar yor sindirsa, ket! Qolsang, bu bir musibat, xato. Mayli, ketmas bo‘lsa ketmasin, Shu alamli sevgining dog‘i. Layli shavqi qilmasa nasib Unga, malol kelmoq ko‘p og‘ir. Hijron, visol... aslida qismat, Tadbir qilma vasli qasdida. Boshingnimi silar, jon istab Qolsang oyoqlari ostida. Bu achinish! Yo‘q, bu ishq emas! Agar sevsa, aylamagay xor. Ayrilmagay, o‘zdan ayirmas, Ayirmasa gar charxi davvor. Ko‘ngil, ko‘ngil, so‘ngan axtarsan, Yor haqqiga qoldimi xunim? Garchi endi mehr istarsan, Biroq sendan istarlar junun. To o‘rtasin sen chekkan firoq Yot yor qolib, olam xaylini. Sendan junun istarlar, biroq Hech biri eslatmas Laylini. Men – tahqirdan ozurda banda, Ayon mehr istaysan nechun. Eshiklarga qo‘ymading tanda, Yo kuymading bir malak uchun. Ko‘ngil, ko‘ngil, axtari baqo, Jim yig‘lading, bu dunyo eski. Sen hech kimga qilmading vafo, Axir, seni sevmadi hech kim. *** Yo‘qdir fano ummonida hech bir qayiqning panohi, Gar tog‘ bo‘lsam, boshdan-oyoq sovurgay yillar sipohi. Bir zum kelib-ketdi bahor, dog‘ida abad zor qildi, Bir zum kechdi layli-nahor, bir umr gunohkor qildi. Endi g‘aflat vodiysiga oy kabi botarman har tong, Bevaqt uzilganday jonim, bosh tutmay yotarman har tong. Qaydan kelar o‘qlar menga, nechun ingroqlarim unsiz, Nechun tinsiz?.. O, onajon, bu ne lashkar, yarog‘i yo‘q? Qochay deymanu na kundan, na tundan bir panoh derlar, Na Dashti Karbalo va na Sayhundan bir panoh derlar. Shafaq ichra gar jim yotay desam, shomga begonaman, Mo‘‘jizalar xayli aro nurga, tongga begonaman. Ming yil qaynatsa qo‘shilmas bul pok Jayhunga ko‘z yoshim, Ming yil porlab ham kulbamni yoritmas olam quyoshi. Asrab qolmoq istab o‘zni, ayladim ko‘ngilga hijrat, Ne xilqat bu?.. O, onajon, bu ne hujra, chirog‘i yo‘q? Xatolarning vayron bo‘lgan xonumoni edim azal, Bu dunyoning gunohkori, pushaymoni edim azal. Ko‘ngilbog‘da qaytib o‘smas, uchgaydir chechaklar ruhi, Yuzimga tupurgay zohid, oyog‘imdan osar so‘fi. Yomg‘ir istayurman mangu, nigohimdan abr qochar, Meni ta’qib qilar kirlik, kadar, qayg‘u – qabrgacha. Yo Rab, komron bo‘lmasmidim, kitob bo‘lsa agar taqdir, O’qib bo‘lsa?.. O, onajon, bu ne hayot, sabog‘i yo‘q? Ey kuz, ko‘nglimdek olamni butkul unutmoq istarman, Va yo olamda ko‘nglimdek butkul unut bog‘ istarman. O’zga har bog‘ki, bir olam -- tuproqqa yetguncha yolg‘on, Go‘zallik asragay derlar olamni, ay, buncha yolg‘on?! Rost bu – nafsim xayolidan bir zum bo‘lolmadim xalos, Toshdek mardud qoldim mudom, kapalakdek o‘ldim, xolos. Qay tong, sevgidan ayrilsam, yitarman derdim begumon, Ne hasrat bu?.. O, onajon, ne ayriliq, firog‘i yo‘q? Rabbim, Sening rayhoningdan umidimning bo‘yi kelar, Har o‘ydan ko‘ngilga ikki oqibatning o‘yi kelar. Vaqt yulduzin malagi oy – so‘lim, qayda qolgay oxir?! Somon yo‘liga tutashgan yo‘lim qayda qolgay oxir?! Mayli, bugun yashirgayman, dilni – g‘animni ko‘rmaslar, Erta... qabr devoriga bosh urganimni ko‘rmaslar. Qayda qolgay cho‘ng savdolar, o‘lim qayda qolgay oxir?! Ne savdo bu?.. O, onajon, bu ne umr, adog‘i yo‘q? KUZ Bir ko‘klam kelmadi bog‘imga, Quyoshning nurlari enmadi. Mening bul ozurda ruhimda, Xazonrez – hazin kuy tinmadi. O, zo‘rdir falakning qudrati, Ko‘rdim sovurguchi qo‘llarin. Telbavash shamollar sudradi, Sochimga yetmadi qo‘llarim. Kuyarman shaklsiz jabrdan, Xazonlar uliydi bag‘ri qon. Vo ajab, bebaqo umrda, Bir fasl uchratdim – jovidon. Baxt asli fojea, fasli kuz – Ko‘klamdir, u yo‘qsil, u g‘aniy. Siyratim shaklidir fasli kuz, Fasli kuz – ko‘nglimga mug‘anniy. *** ...Uxlaydi parivash, bul hurni izlab, Olis ma’volardan keladi hilol. Vasli umidida yonar yulduzlar, Ko‘klardan qoshiga qaytadi xayol. Uxlaydi parivash. Sokin bu oqshom, Zug‘mini qilichga evirgan qotil. Hech shak yo‘q, kurbonlik bo‘ladi shu tong, Qilichning damidan bo‘sa olgan dil. Ko‘kayim kesilgan, ozurda har dam, Bosgan izlariga yuz bosdim bedor. Yog‘du sharsharasi ostida shabnam, Uxlar kun bog‘idan chiqqan gulruxsor. Tong emas, bu kecha sovrilsa qamar, Tong emas, rashk qilib bag‘rimga botsa. Sehriga g‘izosan, ey jon, qo‘rqaman, Uxlaydi olovdan chiqqan raqqosa. Kul bo‘lar ekansan, ko‘ngil, qo‘y, yonma... Zulflariga yetmay sen o‘t ol, qo‘lim! Uxlar qiz, to xushim uchgay, uyg‘onmas, Qumrol sochlarida uxlaydi zulm. Qismatim ne bo‘lur? Aytmas maxliqo, Hargiz eshitmagay, kuygan so‘zim – tun. Bir bor, faqat bir bor o‘larman, ammo O’zim – o‘zim uchun. KAPALAK Moviy go‘zallikka ajal chang soldi, Uni ko‘p ko‘rdi gul bargida falak. Bechora, o‘zini tutolmay qoldi, Ohista-ohista bitdi kapalak. Tindi chamanzorda tovlangan o‘lan, Alvon gullar aza ochdilar behol. Kapalakni nafis vujudi bilan, Tosh yo‘lga supurib tashladi shamol. Bilsam, kapalakning jonini uzgan Gardunda behuda chekarman nola. Ki, odamga qandoq mehr ko‘rguzgay, Kapalakka shafqat qilmagan olam. O’YINCHI To‘yxonani cho‘g‘dek taning kuydirar, Bo‘z yigitlarningmi, buzilgan tinchi. Oh urarlar sarxush, sarxush qiyqirar: Bo‘sa, der, bir shirin bo‘sa, o‘yinchi! Sochilib necha oy, necha kun oshib, Hilolni tamanno qilarsan qizdek. Shavqingga belanar ichgan to‘yboshi, Raqs osmonida porloq yulduz, deb. O’yna, garchi raqs nima bilmaysan, Sarv qadding telbarar alam izmida. Xummora ko‘zlaring qizargan maydan, Sochlaring to‘zg‘igan... Siynangda sinadi kuyning jarangi, Qizil yonoqlaring shafqatsiz la’ma. Qabog‘ingda zangi malomat – rangin, Marjon u – bo‘yningga osilgan la’nat. Qizigan to‘yxona, alast ahli er, Seni-da, bag‘riga tortar bemalol. Azob to‘dasiga chang ufurar yer, Qon purkaydi sening yuzingga shamol. O’yna, garchi g‘am... ey, badbaxt iloha! Garchi yosumanning qismati senda. Tunday qoraysa ham mangulik ohi, Arosatning bo‘yi kelsa ham sendan. Sen hursan, kun sayin sarg‘aygan osiy... Yig‘ladim... qalamdan emas qiylu-qol. Million yil ilgari o‘lganman balki, Seni sevgandirman ehtimol. *** Bani mardumga choh olam, jilvakorsan, Iddaosi ko‘kni yorguchi dildorsan. Ne ko‘zgusan, Haq yodidan adashtirgan, Bir bag‘ritosh kerak senga yovuz yorsan. Xastai giryonman, menga bardosh kerak. Shamsga yotman bir noyob nuri tolam deb, Yotman dengizlarga qatrai jolam deb. Na o‘tda ayonman, na suvda, nedir so‘z? Men ham olam ichra olamman olamdek. Mening ham tiyra ko‘nglimga quyosh kerak. Kerakmas, nursiz shon bo‘lsa umrim mening, Bu ko‘yi jovidon bo‘lsa umrim mening. O’ngingda olamdek komron bo‘lsamu, Kishi bilmas xazon bo‘lsa umrim mening. Bu ayyom ichra na taxt va na toj kerak. Bir dard bordir, mudom senga malol kelar, Odam izidan odam – xastahol kelar. Xas qolmagay behudud gulxan ichinda, Sendan kelsa, oxir, o‘ti zavol kelar. Oqibat haq shamolidan farrosh kerak. Senkim, azal makri bedod charx bo‘lasan, O’qib bilsam, alamimga sharh bo‘lasan. Ko‘nglim to‘fonida suzar Nuh kemasi, Ko‘nglim kabi ko‘z yosh to‘ksam, g‘arq bo‘lasan. Seni butkul g‘arq etmakka ko‘z yosh kerak. *** Oy sayri... Na osmon sayri u, Na tun, na kahkashon sayri u. Oy sayri – umrlik qasdi jon, Umrlik zimiston sayri u. Meni kun-kunida o‘ldirma, Meni oy sayrida qurbon qil. Oydinda hilolday bir dildor, Tikmish oy nuridan go‘zal dor. O’shal dor hajrida yotibman, Shams tig‘i ostida yarador. Meni kun-kunida o‘ldirma, Meni oy sayrida qurbon qil. Bori dun g‘animga o‘xshaydi, Otash hamdamimga o‘xshaydi. Hilolni uch kunlik, dedim, u Ming yillik g‘amimga o‘xshaydi. Meni kun-kunida o‘ldirma, Meni oy sayrida qurbon qil. Dil yerda, dil ofat ustida, Dil yig‘lar qabohat ustida. Men osmon ostida yotibman, Peshonam jarohat ustida. Meni kun-kunida o‘ldirma, Meni oy sayrida qurbon qil. *** Fasli kuz, fasli kuz, benavo, behud, Ko‘zlarida zardob kilkib turgan jon. Qoyaga bag‘rini bosar qay burgut, Shafaqqa tikilar qay xasta jayron. Cho‘kadi tiniq suv tubiga vola, Cho‘kar mung, dunyoviy tug‘yonlarga yot. Shu tong yaralganday bebadal olam, O’zi shunday ma’yus yaralgan go‘yo. Ay kuz, fasli xazon, xassos, xastahol, Ay, jarlar labida istagan najot. Sen azobi yomg‘ir, fig‘oni shamol, O’zing yolg‘iz xazon, o‘zing munojot. Haqdan o‘zga iloh yo‘qdir bilguchi, Yo‘qsa hilol badr bo‘lmas – to‘lmagay. Sening zavolingni bita bilguchi Bir shoir o‘tmagan. Yo‘qdir. Kelmagay. Fasli kuz, fasli kuz, dil – xokisorim, Axir sevguchiman, axir, mubtalo. Ruhimga vatansan, she’r – jon nisorim, Hajringda bitarman... bitarman, xolos. Mening hayotimdan qolar uzun iz, Qalbingga yetmagan so‘qmoqday nigun. Sen menga yaqinsan, men sendan olis, Sendan tashqarida yashayman, nechun?!
| |
Просмотров: 1204 | |