Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 21.11.2024

Bektemir Pirnafasov
Zargar zar, men esa jamlayman havo, 
Ko‘tarib yuraman mudom ko‘nglimni. 
Hayot xayrlashar chog‘da ham hatto –
Qo‘yib yuborgisi kelmas qo‘limni.

* * *

Birin-ketin,
Hamma begonalashib boraveradi.
Umr o‘taverdi barchasining
Ustidan kulgancha
Ko‘zda yosh bilan.
Yo‘l chetida
Bir toshni ustiga o‘tirib olib 
Yo‘ldan o‘tayotgan umrni kuzatar odam. 
Boshini chayqaydi, kuladi, yig‘lar 
Qarab begonalar bosib ketgan dunyoga.
ota-ona ketdi olis safarga. 
Aka, uka - bari qoddi mung‘ayib, 
Umr bosib o‘taverdi barini.
Ko‘nglini o‘ynadi, olmaday, gulday 
Havasini o‘g‘irladi barining 
Har birini o‘zga-o‘zga manzillarga 
Olib ketaverdi.
Orziqsa, ko‘nglini chalg‘itdi kami, 
Sog‘insa tashvishlar bo‘ynini egdi. 
Bir chetda
Bir to‘yib yig‘lashga hatto 
Bermadi bir lahza hech kim,
hech qachon!
Bolalarni bosib o‘tdi umr. 
Ko‘ngillari turfa, 
Orzulari ayro 
Garchi tomir ham bir,
qon ham bir.
Hamma begonalar 
Borgan sari 
Ko‘proq qarar o‘kinib 
Quyoshga, quyoshga, quyoshga...

* * *

Devorda o‘sgan gullar
Bolaligim hovlisining paxsalarida 
Yoriqlardan o‘sib o‘tar edi 
qo‘shni qizning xayoli bo‘lib...

hech unutib bo‘lmas voqealar kabi 
qayta-qayta kelaverar yodimga 
devorda o‘sgan gullar...

Men ularni juda ko‘p holatlarga 
o‘xshatardim o‘sha damlarda
Bir orzumning bo‘yi bo‘lib ko‘rinsa,
Bir armonlarimning isyoniga o‘xshab ketardi ular...

O’sha damlarda men
Hech qachon, hech narsaga yon bermayman deb o‘ylardim,
Taqdirim mening izmimda bo‘ladi deb o‘ylardim,
Agar nimadir yo‘limda to‘siq bo‘lib chiqsa
Devorda o‘sgan gullar kabi -
Uni teshib o‘taman deb o‘ylardim o‘sha damlarda...

hech unutib bo‘lmas voqealar kabi 
qayta-qayta kelaverar yodimga 
devorda o‘sgan gullar...

* * *

Ketayapman xiyobon bo‘ylab 
Nigohimda parishon yellar. 
Tongta qadar visolni o‘ylab 
Atrofimda qizargan gullar.

Nafasimdan titragan maysa 
Chehrasida toblanar gulob. 
Shivirlar to‘kilar g‘amgin: - 
Sog‘inchlar - men ko‘nikkan azob...

Olislarga chirmashar nigoh, 
Xayolimda dunyodan gina –
Bu dunyodan maysalar kabi 
O’tib ketsam, indamaygina...

Nigohimda ezilgan so‘qmoq 
Olislarga tutashib ketgan. 
Kimsasizlik hokim xiyobon 
Barcha tovushlarni unutgan.

Qo‘zg‘aladi qadamdan cho‘chib 
Atrofimda za’faron sharpa.
Besarishta kezinar ko‘ngil 
Go‘yo endi oxirgi marta...

Arguvonlar chaqirar shamol, 
Teraklar yo‘l ko‘rsatar oyga. 
Ovozini yashirib jimlik 
Yuzlarini yuvadi soyda.

Mag‘rur xazonlarni telba yel 
Suvga cho‘kkan tunga botirar. 
Derazadan kuzatar meni 
Sochlari oqargan xotira...

* * *

Sochlarimning kora rangi tugadi, 
Kaftimda qolmadi kelajak izi. 
Manglayimga qismat yoziqlari ustidan 
Umrim tortib chiqdi chuqur-chuqur chiziq.

So‘qir kabi boqib qo‘yaman atrofga, 
Hidlari unutilgan gullar so‘ladi. 
Ko‘ngilni yuvolmay aylanar fasllar, 
Umidlar to‘lgokda bugilib o‘ladi.

Olislarga qochib ketgan xotira,
Xayol boshini urar dunyoning to‘rt tomoniga,
O’z qoniga belanib yotar qafasda.

Xech qanday ayriliq iztirobga solmas meni, 
Faqat ko‘zlarimning ochiqligi qiynaydi 
Aldanib ketishga kelgan hayotda...
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (28.12.2013)
Просмотров: 1053 | Рейтинг: 0.0/0