Xayrullo Hamidov
QUSUR Biz go‘zal so‘zlardan she’r, g‘azal yig‘ib, Oqibat orttirgan og‘ir hastalik. Haqqa tavakkal deb inidan chiqqan Nahot bo‘lolmasmiz jajji qushchalik? Ko‘cha-ko‘yda tinmay nasihat aytib Donolar hikmatin tutib mo‘‘tabar, Eng og‘ir damlarda do‘stimiz yoki Onamiz holidan olmaymiz xabar. Otamiz keksaygan holida hamki Dalada yurganda ko‘tarib ketmon, Yonib ketay deydi bizning so‘zlardan Ajib ma’ruzamiz tinglagan inson. Bolamiz yurganda tentirab, sang‘ib O’zgalar farzandin koyigan mahal, Nahot bir insofli aytmas: "Ey do‘stim, Tarbiyangiz uydan boshlangiz avval!" Biz o‘zi g‘alatmiz: o‘zgalar dardi, O’zgalar tashvishi tuyular dahshat. Aslida har bir jon o‘zin o‘ylasa, Gullagan bo‘lardi bugun jamiyat. Agar avvalambor o‘zimizdagi Qusurlarni ko‘ra olsak, yoronlar, Yomonlar ortidan asli biz emas, Ergashib kelardi bizga yomonlar! QUTQARURMISIZ?! Bu kunga chidam yo‘q, yo‘q erur sabr, Tushimda qiynoq bor, o‘ngimda jabr. Yaqinlashmoqdadir tobora qabr, Meni bu fursatdan qutqarurmisiz?! Talay odamlarga yo‘liqdim, ular Katta va’dalar-la do‘stlarim bo‘lar, So‘ng tinmay pinxona g‘iybatim qilar, Meni bu kulfatdan qutqarurmisiz? Ahlimga boqaman, nigohi yomon Qalbidan sizilib chiqqanda gumon... Ahdlasha olmasak, bu qanday zamon, Meni bu ofatdan qutqarurmisiz? Jujuqlarim yig‘lar istabon saboq, Men ular oldiga qo‘ygum qo‘g‘irchoq... Shaytonning aytgani g‘olibdir bu chog‘, Meni bu da’vatdan qutqarurmisiz? Oxirat qayg‘usi yo‘qolib qolsa, Go‘zal sanamchalar ko‘nglimni olsa, Dunyoning ishlari ajabga solsa, Meni bu hayratdan qutqarurmisiz? Eng so‘nggi ishonchim qaygadir tashib, Iymon qochib ketsa tog‘lardan oshib, Uning ortidan zor ketsam ergashib, Meni bu g‘ayratdan qutqarurmisiz?! Hayot davomiga yetmasa ko‘zim, Tig‘dek botmasa gar aytilgan so‘zim Boshqara olmasam o‘zimni o‘zim Meni bu hasratdan qutqarurmisiz? ... Bu kunga chidam yo‘q, yo‘q erur sabr, Tushimda qiynoq bor, o‘ngimda jabr. Yaqinlashmoqdadir tobora qabr, Meni bu fursatdan qutqarurmisiz?! O’LIMNING VASFI Shoxlar o‘z taxtidan tushganin ko‘rdik, Harobaga do‘nmish bog‘lar ham so‘lim. Oxiri barchamiz xulosa qildik: "Eng katta mav’iza aslida o‘lim!" U ustun bo‘larkan, yengilmas ekan, Istagan paytida buyurar tashrif. Faqat o‘lib ketgan insonlargina Unga aytolurlar xolis bir ta’rif. Bu ta’rif shundayki, unda yo‘q aldov, U birovga kelmas ikki bukilib. O’lim dunyodagi eng noqulay yov, U urush ochmagay vaqt e’lon qilib. Qur’onda ta’rifi kelganidek, u Faqat oldimizdan qarshi chiqarkan. Dunyoning yuz karra chempionin ham Oddiy bir zarb bilan yerga yiqarkan. O’limni o‘ldirib bo‘lmas yoronlar, U bizga tegishli bo‘lmagan olam. Indamay bosh egmish sohibqironlar, Biz bilmas tezlikda o‘lim kelgan dam. O’lim kelganida qolmay bittamiz, Hammasi yo‘q bo‘ldi g‘animatlarning. O’lim sharbatini totmog‘ligimiz Haqiqatrog‘idir haqiqatlarning. O’lim bir kularkan, bir yig‘lar ekan, Mo‘min huzurida ko‘zida kulgu. Baqirtirib jonni sug‘urganida Kofir yuzlaridan sapchiydi qayg‘u... Odam Ato tushgan davrdan buyon O’lim savdosiga izn berilgan. Qanday mavqelarda yashamasinlar, Barchasi qabrga bir-bir terilgan. Alloh elchilari o‘ldilar, shuning O’zi yetarli bir hikmatdir bizga. Kuniga qabrga kirayotganlar Eng katta ma’ruza, ibratdir bizga. Agar biz o‘limdan ibrat ololsak, Boshqa bir da’vatning bo‘lmas keragi. O’limdan nasihat olmaganidan To‘xtasa yaxshidir inson yuragi... QIYOMAT Qiyomat yaqinlab qolgani ayon, Ayollar erlarning libosin kiymish, Avrat-u, xayoning ko‘chasin toptab Xatto mayin bo‘lib so‘zlamay qo‘ymish. Rasululloh bir kun qo‘rqib so‘zlagan Kunlar boshimizda turibdi qarang. Atrofning yalong‘och turgan holiga Ko‘taramiz xatto boshimiz arang. Tuyaning o‘rkachin tasvirlab go‘yo Jannatning hididan voz kechgan ayol Nahot umri bo‘yi vaqt topib bir tun O’ziga bir bora bermagan savol: "Xoy, men kim o‘zi, jinsim ne erur, Yarasharmi menga shu yovuz xilqat? Ayollik libosin bir chetga otib Asl go‘zallikdan ayrildim faqat, Bolamning nigohi menga yovqarash, Erimning ko‘nglida yo‘qolgan xohish. Men qancha urinmay, aslimdan shuncha Uzoqlashib ketdim, tingandek tovush... Ovozim erkakcha, yurishim g‘alat, Shimning o‘rtasida yig‘laydi hayo. Ajabo, shunchalar xorlik bo‘lurmi, Tubanlik bo‘lurmi, do‘stlar, ajabo???" Ayolning ko‘nglida insofi bo‘lsa, Ushbu savollarni berardi bir tun, Hech qursa o‘zidan qochib boryotgan O’g‘illari uchun, qizlari uchun... Afsus, ushbu holga faqat ayolmas, Balki erlarning ham ayblari mavjud. Rashk o‘tin o‘chirgach zino-yu faxsh-la, Dayuslik kasbiga ko‘rar taraddud. Nardadan boshini ko‘tara olmay, Ayollarga turmush yuklagan qopin Odamdan yaxshilik ko‘rmoqchilarga Ayturmiz olimlar qilgan xitobin: "Ular o‘zlarini erkak desalar, Dunyoda eng katta bo‘lurlar kazzob, Chunki nikoh kuni bergan ahdiga Qilmishlar hiyonat, berolmay javob. Ularda mag‘rurlik asli yo‘q xislat, Ularni iymon ham aylamish xalos. Ularning egnidan joy olgan ko‘ylak Faqatgina tashqi ko‘rinish, xolos. Hayxot, bu dunyoning ishi ters bo‘ldi, Yaxshilar ko‘ngildan yig‘lab o‘tmishlar Ayolin ko‘chaga qo‘yganlar bugun Ertaga bolaga ko‘krak tutmishlar, Hali bu ketishda vazifalar ham O’zgararmi ayol, er nasli uchun, Go‘yoki quyoshning tunda chiqishi, Oyning otishi-la ochiladi kun... Yo‘q, do‘stlar, iymon bor, ishonch bor ekan, Bunga yo‘l qo‘yilmas hech qachon, hech vaqt. Har kim o‘z fitrati, o‘z tabiati Amriga binoan yashamoqlik - baxt". Hadisdan oddiy bir xulosam shulki, Ko‘r qilar bu ko‘zni qamashtirganlar Aslida qiyomat kunin tezlatar Ana o‘shanday jins almashtirganlar. ENG KATTA MUSIBAT... Bu dunyoda iymon bilan nurga cho‘mgan bir ummat bor, Ul ummatning yo‘li kengdir, Barchasida ming rahmat bor, Hayotida hotirjamlik, O’limida ming hikmat bor, Rozi bo‘lar taqdiriga Tutar ikki enlik xat bor: Rasululloh vafot etdi, yana qanday musibat bor?! Kimdir o‘lar, kimdir nafas olmoq ekan, anglab yetdik. O’zni mangu da’vo qila, Go‘ristonni manzil etdik. Oling, mana, dunyongizni, Habibulloh birla ketdik, Endi bizga na go‘zallik, Va na sokin halovat bor, Rasululloh vafot etdi, yana qanday musibat bor?! Holatingiz ko‘rdik, mahzun, Asliyatga tezroq qayting, Ajal o‘qi aniq erur, Unga boqmang, kulib "Hay" deng, Dunyo ostin-ustin bo‘lib ketmaydimi, endi ayting, Yelkamizdan qolib ketgan O’lim tutar omonat bor, Rasululloh vafot etdi, yana qanday musibat bor?! Otangiz ham, onangiz ham, Bir kun sizni tashlab ketmish, Yuraklarni tilka-pora Aylabon, zor g‘ashlab ketmish, Ko‘zlaringiz balki namlab, So‘nggigacha yoshlab ketmish, Ajal kelsa, siz qochguvchi Qandayin bir imorat bor: Rasululloh vafot etdi, yana qanday musibat bor?! Chakki tomgay, endi aslo yamab bo‘lmas bu uy tomin, Oinasi parchalanmish, O’rnatmoq na singan romin Qiyomatga qarab yo‘lin Tutib bo‘lgach soqov zamin, Ayting, to‘sib qolar qay kuch, Va qandayin tumonat bor, Rasululloh vafot etdi, yana qanday musibat bor?! Barchamizning qalbimizda Dunyoga bir muhabbat bor, Muhabbatdan hosil bo‘lgan Razillik bor, qabohat bor, Oxirlamish so‘zim mening, Xitobimda nadomat bor, Ayo, ummat, bu dunyoga Nechun qattiq sadoqat bor, Zamin og‘ir nafas olar, Unda qanday halovat bor, Rasululloh vafot etdi, yana qanday musibat bor?! ILM Kimdir ilm o‘xshar dedi shul quyoshga, G’arbdan chiqib Sharqqa botar qara, Quyosh. Ilm sharqdan bo‘y taratib qochdi g‘arbga, Ul ilmni ortga qaytar, ey vatandosh! Ilm ketdi mo‘minlarni zor yig‘latib, Ma’no qolmay, mavridi yo‘q xitoblarda. Farzlar qolib sunnatlarni taxlil etib, Abo Muslim jangi qoldi kitoblarda! Namozlarning rakatlari xususida Tortishuvlar paydo bo‘ldi necha-necha. Oxir borib madrasada o‘qiguvchi Ko‘rgan ilmi bo‘ldi o‘sha "ming bir kecha". Fasod to‘la to‘qilgan ne rivoyatlar Odamlarning e’tiqodin harob etmish. Ilmsiz xalq eshoni-yu, piri uchun Nazr qilib, shirk yo‘llarni tutib ketmish. Taraqqiyot, dunyo qolib, telbalarcha Darvesh holin o‘zlariga qilib kasb-kor. Mana shuni odamlarga islom debon Ko‘rsatganlar oramizda to hanuz bor. Tog‘-u toshlar bizning hayot, deganlarning Avlodlari qanday qilib ustun bo‘lsin?! Haqqiy islom bayrog‘ini qo‘lda tutgan G’arbliklarga omad kulmay, kimga kulsin?! Taraqqiyot deganini dorga osgan Olomonning kuni bir kun kelib bitmish, Axir, qara, o‘n yettinchi asr uzra Esgan shamol qaysi yurtni tashlab ketmish, O’zdan chiqar sadaqalar unut bo‘lib, Xo‘p berilgan o‘zga tutgan ikromlarga Yonidagi mushrik qolib, mo‘minlarning Mustahabi muhim bo‘lmish imomlarga. Na dunyoviy ishlarida bor ijobat, Na Allohdan nusrat kelar bu ummatga. Chunki uning asl holi faqatgina Ilm bilan yetar haqqiy kamolotga. G’arb dinidan yuz o‘girdi, rivojlandi, Chunki uning dini asli edi botil. Bugun sharqning holatiga eng aybdor O’z dinini tushunmagan omi johil. Mo‘min dini haqdir, Alloh kalomi haq, Usiz sharqning ahvoli xor, tuban erur. Taraqqiyot osmoniga bizni faqat Bizni tashlab ketgan ilm eltib berur. Shuning uchun farzandlarga ilm berib, Olimlarni chiqaraylik o‘lkamizdan. Shundagina insha Alloh katta yukni Tashlagaymiz gunoh bosgan yelkamizdan. DERLAR Har nimani ayladim orzu, Lekin menga hamroh bir tuyg‘u, Yoshligimdan tinglaganim shu: Oltin olma, duo ol, derlar, Oltin qo‘ldan ketar-u, ammo Har kun senga hamrohdir duo Foydaliroq istasang savdo - Oltin olma, duo ol, derlar, Bir kun kelar Qiyomat qoim, Qutqaradi meni duoyim. Tajribadan o‘tganlar doim: Oltin olma, duo ol, derlar, Qo‘l ochganda bobom duoga: Iltijo aylaydi samoga: "Tatir senga ikki dunyoga Oltin olma, duo ol", derlar, Bilki, dunyo bizga qafasdir, "O’tda kuymas" degani asli Oltin uchun ta’rif emasdir Oltin olma, duo ol, derlar, Bil, ey bolam, qilma so‘ng attang, Ahvoling bir kun bo‘ladi tang Arsh ostida turmoq istasang, Oltin olma, duo ol, derlar, KECHIR! Quyosh g‘arbga ketdi sho‘ng‘ib, Uxlolmadim, kechir rabbim! Siltadilar: "yig‘lagin", deb Yig‘lolmadim, kechir rabbim! Ko‘kka nolon nido qildim, Chok-chok bo‘lgan ko‘ksim tildim, O’zimni gunohkor bildim, Yig‘lolmadim, lekin Rabbim! Kimning ishi tushsa gar, bas, Yordamim tutdim har nafas, Yaxshilikdan boshim chiqmas, Yig‘lolmadim, lekin Rabbim! Ko‘zimda nur, yovuz kulgu, Qalbimda ishq to‘la tuyg‘u, Har kun boshim mehrobda-yu, Yig‘lolmadim, kechir Rabbim! Ishim mening sahovatdir, Bilmaganim - halovatdir, Bu qandayin musibatdir: Yig‘lolmadim, kechir Rabbim! Yomg‘irpo‘shdan topib panoh, Yomg‘irda ham qildim gunoh. Hush’u menga yot bo‘ldi, oh... Yig‘lolmadim, kechir Rabbim! Ko‘kka porlab chiqqach oftob, Senga nolon qildim xitob... Bir qatra yosh bo‘ldi kamyob, Yig‘lolmadim, kechir Rabbim! Istadim-u, qalbimda g‘am, Dod-voy soldi tog‘-u, tosh ham, Vale aylab ko‘zimni nam, Yig‘lolmadim, kechir Rabbim! Rabbim, sokin uxlat meni, Bag‘rim o‘yib tig‘lat meni Ne qilsang ham yig‘lat meni... MUNOJOT 1 Garov berib jonimni qattiq kuydim, Oxir chirkin dunyolardan ham to‘ydim, Ko‘z yoshima arzimas ekan dunyo... Parvardigor, sajdangdaman, bosh qo‘ydim, Rohatlanib Saning uchun yosh quydim... Odamlarin ko‘rdim insof qilmagan, Saning uyinga bir marta kelmagan, Hech bo‘lmasa Haq kalimang bilmagan... Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim, Rohatlanib Saning uchun yosh quydim... Bu shundayin huzur erur, xush xuzur, Hech kimsaga bu yo‘llarda yo‘q uzr, Qalbim bugun hotirjamlik istayur, Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim, Rohatlanib Saning uchun yosh quydim... Qochdim so‘ngi ko‘rinmas zulmatlardan Bezdim riyo aralash himmatlardan, Yuzim ochib qaro-qum chimmatlardan Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim, Rohatlanib Saning uchun yosh quydim... Ko‘zim ko‘rmas minglab boqar qoroko‘z, Atrofimda jaranglar ming jilo so‘z, Taxtdan tushdim, yuztubanlik menga do‘st, Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim, Rohatlanib Saning uchun yosh quydim... Baytingdaman, demak qalbi obodman, Boshqa yo‘lda aniqki xor, barbodman. Senga qulman, demak haqqiy Ozodman, Parvardigor, sajdang uchun bosh qo‘ydim, Rohatlanib Saning uchun yosh quydim... 2... Allohim, O’zingga bosh eggan banda Boshqalar nazdida eng kuchli odam. Allohim, islom-la ulg‘aygan tanda Kibru-u riyo bo‘lmas zarra bo‘lsa ham. Allohim, Sen uchun boshin egmagan Har kim qarshisida yotganin ko‘rdik. Allohim, lahzalik rohatni debon Oqibat alamlar totganin ko‘rdik Allohim, Qur’onga bo‘ysungan inson Aziz-u mukarram yashadi, o‘ldi. Allohim, eng so‘nggi nafas bermish on Tug‘ilgan sof fitrat unga yor bo‘ldi. Allohim, kaloming bilmagan banda Oddiy sinovlarda yo‘lidan qaytmish. Allohim, unga ham o‘lim kelganda Otasin, bolasin ismini aytmish... Allohim, iloh yo‘q Sendan bo‘lak, deb O’tganning hayoti bo‘lmish mazmunli. Allohim, eng so‘nggi go‘zal tilak deb, Umrini o‘tkazmish g‘amli, mahzunli. Allohim, Seni bir, demayin o‘tgan O’ziga ilohlar yaratib olmish. Allohim, tog‘lar ham uchib yurgan on Ul bandang do‘zaxda abadiy qolmish. Allohim, bu ikki bandang hikmati Butun bir dunyoga o‘xshaydi bugun. Allohim, Senga qo‘l cho‘zilgan payti So‘rayman: hidoyat ber bizlar uchun. 3... Allohim, sen Xoliqimsan, toqdirsan, Eng pokiza masdaringda ko‘ngil to‘q. Sendan o‘zga iloh yo‘qdir, ma’bud yo‘q Sen barcha aybu nuqsondan pokdirsan, Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. Har qandayin kunim sendan, roziman, Bosh sajdada rixlat qilmoq - tilagim, Yo‘lingda qon bo‘yalsaydi ko‘ylagim, Eng chiroyli o‘lim sendan, roziman. Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. Bergan ilming menga sharaf, menga shon, Amalimni shunga loyiq ko‘rsang, bas. Rahmating-la olmoqdaman ham nafas, Oxirimni ayla Rabbim, nurafshon. Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. Gunohim ko‘p, garchi kamdir savobim, O’ng tomondan amal daftarim keltir, Tavhid ahli qatorida tiriltir, Aks holda ertan chiqar harobim Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. Hech yo‘lim yo‘q Sensiz, erkin, mustaqil, Qullik istab sajdadaman, ey Alloh. Buyuk arshing soyasida ber panoh, Payg‘ambaring shafoatin nasib qil, Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. Sirot uzra o‘tay omon, osuda, Yiqilmayin qoq manzilga yetganda, Rasululloh ila ichay deganda To‘siq qo‘yma Havzi Kavsar oldida Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. Qayta turar soatimni oson qil, G’arib - miskin holatimni bilasan, Eng muqaddas niyatimni bilasan: Parvardigor, huzuringga mehmon qil Azal, oxir barchasidan Oliyim, To‘g‘ri yo‘lda bergin mening tole’im. 4... Allohim, bu dunyoni saodatga boshlagin, Hech tuganmas azobni halovatga boshlagin, Erta tongda O’zingga yig‘lab munojot aylay: Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Chingizdan qutulsak-da, ammo nedir yetmaydi... Osmon ko‘rinay dedi, qora bulut ketmaydi: Ahli solih bizlarni o‘ziga do‘st etmaydi?! Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Faqat mozorlar uchun joriy qildik Qur’onni, Qulatdik uzoq yo‘ldan kelgan diniy karvonni. Turli mahzun yo‘llarda boy bermasdan iymonni Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Yurtda kezmish dahriylar izlab ming-ming hamxona, Tog‘utlar ila qurib kufrga liq koshona. Endi Buxoriysi-yu, Navoiysi afsona... Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Bir paytlar bu millat titratgan edi Sharqni, Ko‘fasi-yu, Shomidan tortib Bog‘dod va Balxni... Bugun sendan O’zgaga topshirib bo‘lmas xalqni, Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! O’zing ko‘r, Rabbim, bugun namozlardan yiroqmiz Dunyo qarshisida-chi, qulmiz, mute’, titroqmiz. Qodiriy aytganidek, birlashmagan tarqoqmiz, Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Kimdir Haqqa undasa, tinmay kulguvchi ham biz, Undan albat o‘zimiz ongli bilguvchi ham biz. So‘ng tinmasdan mo‘minlik da’vo qilguvchi ham biz Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Zanjirlar ovozidan seskanmagan xilqati Aro yo‘lda yig‘lagay ozgina sof fitrati... Buxoriy-yu, Termiziy, Zamaxshariy hurmati Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! Har qanday yovni ko‘rdik, bizni toptar kim qoldi?! Toptay-toptay ne millat oxir kuchdan ham toldi. Endi boshqa najot yo‘q, bugun hamma tan oldi: Xudo, to‘zg‘in elimni hidoyatga boshlagin! Ko‘zlarini O’zingning yo‘llaringda yoshlagin! 5... Gunohkor bandaning umidi Sendan, So‘nggi lahzada ham tavba qilgaydir. Dunyoning bor-butin musulmon banda Sening toatingga haqir bilgaydir. Odamlar o‘tdilar isyonkorona, Farosat sarhadin toptab va yanchib. Iymonning tubida hayxot pinxona Bir nur toatingga chiqdi-ku sapchib. Shirklar ummoniga g‘arq bu zamonda Muqaddam qo‘yildi Sening bir So‘zing. Fir’avnlar yashab o‘tgan makonda Bizni toatingga bog‘lading O’zing. Taqdiring xayrli bo‘ldi bizlarga, Jonni sadqa qilmoq soati keldi. Aqli bor insonlar har qanday paytda Sening kalomingni oliy deb bildi. Mayxonadan chiqar bemor qabila Chayqala-chayqala to‘kilar hayot... Sajdada jon bermoq orzusi ila Joynamoz yozmoqda yoshi ulug‘ zot. Mast-u, alast dunyo, mehri boylangan Zormanda xilqatning ichida tetik Gullarning hididan boshi aylangan Bolakay yo‘lingga tushganin ko‘rdik. Hayo ko‘chasidan uchganda parda Erlar halovati, ori yo‘qolgan. Avratlar ochilgan telba diyorda Ayolning xurligi hijobda qolgan! Ma’siyat, gunohlar shu qadar zo‘rki Alar bilan ko‘ksim o‘yiblar tildim. Jonim chiqar chog‘da behad shukrki, Tavba eshigingga emaklab keldim. Allohim, O’zingga qilgum munojot Yig‘lablar boshimni qo‘yib sajdaga. Men kimki, butun bir samo - koinot Zor-u muhtoj yotar Sening mujdangga?! Allohim, Rahmonim, ey Mehribonim, Tavakkul sengadir, qo‘lingda jonim... ISLOM Iskandarlar o‘tdilar Ustunmiz deb dunyoga, Dorolarning toj-taxti Sig‘may qolmish sarpoga. Oqibat-chi, hech kimsa Yuz tutolmay riyoga, Baralla jar solmishlar Tugayotganda hayot: Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot! Chingizlarning yalong‘och Qilichlari ostida Ne-ne yaloq shoirlar Aytib o‘tmish qasida, Insof bo‘lsa qaniydi Hech qursa bittasida, O’layotgan chog‘ida Yozardi haq bir bayot: "Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot!" Ne-ne tuzumni ko‘rdik, Parokandasi chiqqan, Eng aqlli zotlarin Zulmat qa’riga tiqqan, Zolimlar ham oxiri Bu zulmdan toliqqan Ahvolida dunyoga Hayqirganmish: "Oh nahot Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot?!" Ha, shundan boshqa yo‘lni Axtarganlar nodondir, Ularning buguni bor, Ertasi pushaymondir, Ular uchun mahsharda Manzil o‘zga tomondir, O’ng tomondan kelgani Nodonlarga erur yot, Chunki inson uchun yo‘q islomdan boshqa najot!" Basriyni dor ostiga Olib kelgan ummat bu, Hanbalni sudray-sudray Holdan tolgan ummat bu, So‘nggi lahzada aniq Haqni bilgan ummat bu: Tugadi jami ozor, Bundan katta yo‘q sabot: "Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot!" G’arb dunyoga hukmron Uxlaganda mo‘minlar, Dunyo tinmay zavqlandi Yig‘laganda mo‘minlar, Ozgina din deb qalbin Tig‘laganda mo‘minlar Bir shior dunyo uzra Tinmay qoqqandi qanot: "Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot!" Kim qanday yo‘l o‘ylasin, Barchasi botil bo‘lgay, Insoniyat umriga Aniqki qotil bo‘lgay, Islom ketsa zamindan Zulm muqobil bo‘lgay, Yer ustini egallar Bid’atlar-u xurofot, Chunki inson uchun yo‘q Islomdan boshqa najot!!! Aqlin pesh qilib chiqqan Daholar ham kazzobdir, Ular tutgan botil yo‘l Ko‘z o‘ynatgan sarobdir, Bu g‘o‘r maslakka taqlid Qilgan odam harobdir, Garchi uning oldida Mingdan ziyodroq sirot, Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot!" Alloh kalomi tinsa, Demak, hayot bitgaydir, Dunyoni olib keling, Undan fayz ham ketgaydir, Bir manzilga ming yo‘lmas, Bir to‘g‘ri yo‘l eltgaydir Xulosam shu, azizlar, O’zni aylamang barbod, Inson uchun yo‘q erur islomdan boshqa najot! AYO DO’STLAR... Ayo do‘stlar, xo‘p shoshilmang osiylar davrasiga, Bir kun kelib har bir ishin javobi bor dunyoning. Ayo do‘stlar, yeling tezroq yaxshilar xalqasiga Ul maskanda har bir onga savobi bor dunyoning. Ayo do‘stlar, ayollarning makri bo‘larmish yomon, Alardin uzoq bo‘lganning qalbi bo‘larmish omon. Nomahramlar ichra bo‘lgan har ish bo‘larmish, Avratin yopib qo‘yingki, hijobi bor dunyoning. Ayo do‘stlar, kibr birlan riyolik durust ishmas, Kibr qilgan kishi birla Alloh aslo kelishmas. Qalb ichinda yig‘lanmagan duo haqqiy nolishmas, Xolis bo‘lmas - qiyomatda azobi bor dunyoning. Ayo do‘stlar, yetimlarga sahiy bo‘lgan mo‘mindir, Uning qalbi iymon ila to‘liqdir, limmo-limdir. Bu dunyoga kelgan har bir bosh topgani - o‘limdir, Mag‘rurlanmang, yiqilguvsi turobi bor dunyoning. Ayo do‘stlar, bu taqdirga isyon qilmang hech qachon, Undagi bor yozuv-chizuv bitilgan qay bir zamon. Mukofotga loyiq bo‘lib boqing so‘ng manzil tomon, O’n besh kunga oy chiqar, so‘ng oftobi bor dunyoning. Ayo do‘stlar, bir kun kelib hamma topgaydir vafot, Bevafo yor uchun qayg‘u chekmakdin na bor najot?! Yaxshisi, iymonimizni chorlasin boqiy hayot, Muddat o‘tib imoratin harobi bor dunyoning. RAMAZON KUNLARI Allohning rahmatin, nusratin kuting Barcha ko‘z uyquga cho‘mgan tunlarda. Asriy zanjirlarni yelkadan oting Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda! Bizki, ko‘ngillarni ayladik vayron, Bugun o‘zimizga o‘zimiz hayron. Endi qo‘limizda muqaddas Qur’on Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda! Bizga dars o‘qitmang falsafalardan, Dunyo bezib bo‘lgan vasvasalardan. Holimiz telbaviy talvasalardan Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda! Iymon yo‘lindadir ko‘zimiz nuri, Allohning so‘ziga qalbimiz to‘ri! Portladi dunyoning sohta g‘ururi Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda! Allohga shukrki, Uni bir bildik, Baytullohga iymon to‘la qalb keldik. Zino-yu, faxshni zanjirband qildik Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda! Allohim, qo‘limiz Sengadir ochiq: Garchi ramazondan ko‘nglimizdir to‘q, Tuzalib olmasak boshqa fursat yo‘q Shaytonlar zanjirband bo‘lgan kunlarda!
| |
Просмотров: 1641 | |