Xayrullo Hamidov (3)
IYSO IBN MARYAMGA! Siz aslida islomni Odamlarga ilingan, Onangiz pokligi ham Siz orqali bilingan, Bugun mo‘minning qalbi Siz uchun naqd tilingan, Asli ulardan ko‘ra, Siz bizlarga mahramsiz, Dajjolni yo‘qotuvchi Iyso ibni Maryamsiz. "Muhammad ummatiman" - Deb ovoza qilgan - siz. Eng oxirgi ummatni Saodatli bilgan - siz. Qiyomat nafasida Shu ummatda o‘lgan - siz, Asli - masihiylarning Qalbidagi alamsiz, Quyoshni uyg‘otuvchi Iyso ibn Maryamsiz. Qavm adashib ketdi "Xudoning o‘g‘li" deya, Parvardigor sha’niga So‘zlar aytmish nojo‘ya. Bugun bu - sinov uchun Eng qulay yo‘l, voqea. Asli siz ham Allohga Qul, banda va qaramsiz, Shirk yo‘llarni otuvchi Iyso ibn Maryamsiz. Xoch ko‘targan insonga Asli shubha qilaman. Chunki o‘zimni undan Sizga yaqin bilaman. Alloh Rosuli degan, Iymon ila o‘laman Garchi mening qalbimdan Otilgan dard, nolamsiz, Islomiy dard totuvchi Iyso ibn Maryamsiz. BENAMOZLIK Mo‘minlikka da’vo bo‘lmas benamozlik, Bir kunga ham ravo bo‘lmas benamozlik, Bu dunyo-ku besh mahaldek o‘tar - ketar, Lek qabrda xavo bo‘lmas benamozlik, Jazolarga davo bo‘lmas benamozlik. Qur’onda ham uning misli kelgan qavm bu, G’iybat-la o‘z do‘sti go‘shtin yegan qavm bu, Rosululloh "Bizdan emas" degan qavm bu, Peshonasin qoraytirmish - benamozlik, Qabrini ham toraytirmish - benamozlik! Bu gunohki, ko‘ngillarni mast qilguvchi, Inson degan sharafni-da past qilguvchi, Boshga balo kunni haqqi rost qilguvchi Gunohlarning kabirasi - benamozlik, Asli shirkning nabirasi - benamozlik! Joynamozlar sarpolarga joylanadi, Ayting, qo‘llar qachon Haqqa boylanadi, Nahot inson do‘zax sari shaylanadi?! Shayton tuhfa etgan tug‘yon - benamozlik, Yaratganga eng zo‘r isyon - benamozlik, Besh mahalga beparvodir "Alloh - bir!" deb, Og‘ir kunda tag‘in aytar "panoh ber!" deb, Shuni aytsa kerak-da, "haq, gunoh bir", deb Muhrlanmish qalbi mangu - benamozlik, Namozshomda go‘yo uyqu - benamozlik! Bobolari sajdadan bosh ko‘tarmagan, Yaratgandan o‘zga iloh axtarmagan, Ox bu farzand, nechun desang ko‘karmagan - Daryo qurib o‘rnida cho‘l - benamozlik! Do‘zax sari eng qulay yo‘l - benamozlik! Taxtdan tushib besh vaqt namoz qilgan el bu, Har kunini Allohdan deb bilgan el bu, Dini bois bu dunyoga kelgan el bu, Yelkasida uning bugun benamozlik, Hech yechilmas jirkanch tugun - benamozlik! Payg‘ambari kelib-da, bir o‘rnak olmas Bu millatning buguniga qilmang havas. Saroylari qulab, o‘rnin topsa abas Biling, asl sabab erur benamozlik, Haq sizlarga javob berur benamozlik! Buxoriylar, Termiziylar, Naqshbandlar Shu o‘lkadan chiqqan edi, jigarbandlar, Ularni-da odam qilgan labda hamdlar, Ular uchun eng katta or - benamozlik, Bugun bizni aylagan xor - benamozlik, Sinolari namoz o‘qib tabib bo‘lgan, Navoyisi sajda chog‘i habib bo‘lgan, Qodiriysi tergovda ham namoz qilgan, Bu millatga katta uyat - benamozlik, Tarix uchun katta g‘orat - benamozlik! ... Dunyo uchun nima qilsang qilavergin, O’zingni kim bilsang, shunday bilavergin, Ammo so‘nggi xitobimga quloq bergin: Jahannamga ziyoratdir - benamozlik, Insonlikka hiyonatdir - benamozlik! O’ZBEKNING IQRORI Dunyo meni tanir degan shubhada Yurdim, odamlardan umid-la faqat. Endi noilojman, o‘zimni o‘zim Tanishtirmoq bo‘ldim, bergin ijozat: "O’n to‘rt asr bo‘ldi mo‘minligimga Rosul kelgan kuni odam bo‘lgandim. Olovlarni sanam, suvni xudo deb O’sha davrgacha ruhsiz o‘lgandim. Tilovat neligin bilmagan qalbim Yovvoyi adirda unsiz yig‘lagan. Allohning nomisiz o‘rnidan turib Allohning nomisiz tunda uxlagan. Bugun tariximni sinchiklab o‘qib, To‘maris nomiga to‘xtalsang agar, Daftarchangga yozib qo‘y quyidagini: "Bu - bir tug‘ilmasdan oldingi xabar..." Chunki men tug‘ilgan onim dod solib, Dunyoga teran bir nigoh-la boqdim. Islom kelgan kunni tug‘ilgan kun deb O’sha kun ming yillik daryodek oqdim. O’rmonlarga oshno tariximni ham Bugun eslagim yo‘q negadir, do‘stim. Chunki men aslida Rosul kelgandan Keyin bir odamga o‘xshablar o‘sdim. Qonimda oqdi-ku islomning ruxi, Buxoriy bo‘lib u dunyoga chiqdi, Dunyo uxloq edi, faqat farzandim Rosul tashlab ketgan xadisni yig‘di. Unga ko‘makdosh ham chiqdi Termizdan, Termiziy nomi-la qozondi shuhrat. Samarqandiy ila Naqshband chiqqach, Islom sharaf ila topdi haqiqat. Tinmasdan chiqdilar olimlar qator, Sinoning qo‘llari shifoga tutash. Keyin bilsam mening qonim ham asli Otam Ato, Momo Havoga tutash. Ularning vatani - jannat ham menga Asli vatan ekan - bugun angladim. Rosul kelgan kunga qadar kunimni Tarix qatlaridan olib tashladim. Bugun Samarqandim, Buxoroimni Ikki ming yilga ham qilarlar qiyos. Shunda ko‘r dunyoga baqirgim kelar: "Bu yillar aslida menga emas mos. Dunyo belanchagi atama meni, Qora o‘tmishlarga tutmagin yaqin. Agar bilmoq bo‘lsang mening yoshimni Rosul kelgan kundan boshlab sanagin Men o‘sha kun asli odam bo‘lgandim!" YOVUZ KUN Dunyo bir seskandi, dunyo bir to‘zdi, Iymon har tomonga sochilgan kuni, Xilqat ummonida vajohat suzdi Ayollar avrati ochilgan kuni. Qahrdan tug‘ilgan bu yovuz dillar Faqat ma’siyatga cho‘zmishlar qo‘llar - Hamma gunohlarga ochildi yo‘llar Ayollar avrati ochilgan kuni. Allohga har qancha to‘kmasin ko‘z ashk, Erlarning qalbidan ko‘tarildi rashk. Kufr, shirk yo‘lida boshlandi kurash Ayollar avrati ochilgan kuni. Saltanatlar ketdi, quladi yurtlar, Bo‘y ko‘rsatdi ko‘ngli chirkin beburdlar Oldlar yig‘ladilar, chinqirdi ortlar Ayollar avrati ochilgan kuni. Qushlar parvozida halovat yo‘qoldi Baliqlar ovozsiz faryodlar soldi. Ko‘zimiz o‘ngida g‘urur toptaldi Ayollar avrati ochilgan kuni. Silkindi og‘riqdan go‘dak beshigi, Yopildi mehrning so‘nggi teshigi. Yopildi iymoning so‘nggi eshigi Ayollar avrati ochilgan kuni. Endi fisq yurmaydi, unda bor qanot... G’urabo faxshga berildi hayot. Ming yillik qonunga darz ketdi xayxot Ayollar avrati ochilgan kuni. Boshqa amallarni qilsang-da tinmay, Endi gunohlardan ketding og‘rinmay - Eng so‘nggi fitnaning oldi olinmay Ayollar avrati ochilgan kuni. Bu katta gunohning avvali qani? Bu jirkanch gumrohning avvali qani? Savollar javobsiz qolgan hamisha, Javob izlab hamma tolgan hamisha. Chunki bu savolning javobi yo‘qdir, Erkaklarning ko‘ngli gunoh-la to‘qdir. Islomga ilk daf’a otilgan o‘qdir - Ayollar avrati ochilgan kuni. BO’LMAGIN Islomga do‘st bo‘lding, kufrga dushman, Muqaddas yo‘lingga harif bo‘lmagin. Vujuding olovda erib ketsa ham Iymoning qatida zaif bo‘lmagin. Gunohlar urchigan kunduzgi kunlar, Shahvat faryodidan qoraymish tunlar, Do‘zaxga bo‘lmayin desang o‘tinlar Ko‘zi qonga to‘lgan shahif bo‘lmagin. Go‘zallar o‘tarlar ko‘zni o‘ynatib, Shaytoniy ohangda qalbing kuylatib, Sen shunda ularni g‘amgin o‘ylatib Latif shahvatlarga latif bo‘lmagin. Umringga o‘rnashsin eng oliy tuyg‘u, Faqat islom bo‘lsin sen uchun qayg‘u. Faqirlar poyida boshing sadqayu, Sultonlar nazdida sharif bo‘lmagin. Pokiza maslaging chekkanda faryod Topolmay qolasan tuzuk bir najot. Bir pulga chaqilmas yurtda e’tiqod Kufr ahli uchun nazif bo‘lmagin. Dunyo arzimaydi yiqqan zaringga, Yaxshisi shukr qil yo‘g‘-u boringga. Yordam so‘rab kelgan birodaringga Madina bo‘lgin-u, Toif bo‘lmagin. MAJNUNTOL ("O’zbekiston milliy bog‘i"dagi "oshiq-ma’shuqlar"ning gunohlarini berkitadigan majnuntol haqida bitilgan she’r) Yo‘limda uchragan majnuntol, Ko‘nglimda savolim bisyordir. Har qancha ko‘rinsin qadding dol, Botiniy manzarang viqordir. Poyingda "oshiqlar" bir-birin Visolin topadi bemahram, Avratdan ayrilgan sochlaring Ularning gunohin yopgan dam. Sevgiga yo‘g‘rilgan gunohlar Qilinar yetkazib maromga. Allohga osiylar, gumrohlar Poyingni to‘lg‘azdi haromga. Hali o‘n gulidan bir guli Ochilmay, "sevgi" deb turganlar Qaddingni uy bilib, poyingni Gunohga ma’qul joy ko‘rganlar. "Milliy bog‘ ko‘rki!" - bu ta’rifing, Bul shior aslida kazzobiy Hazrati Umarlar seni-da Kesishni sanardi ijobiy. Har kuni ko‘raman poyingda Alamli dunyoning hasrati - Maktabni bitirmay, poyingga Sevgi deb yo‘l olgan la’nati!!! Uning ham qaydadir akasi, G’ururli ukasi bor axir... Afsuski ana shu kaslar ham Poyingda bajargan nenidir... Bo‘lmasa ne deyin, xo‘sh, ayting, Yoshligim o‘tgan bul maskanda Nikohsiz tortinmay, uyalmay Kimnidir tortqilar gazanda. Kazzoblar madh qildi tinmayin So‘z ochib sevgi, muhabbatdan. Gunohlar qaddingni dol qilgan, Egilib qolgansan UYATdan! IQROR Foniyda o‘lim bor, aslo qolmaymiz, O’lim farishtasi kelar bir kecha... Oltin sochmaymizmi, ODAM bo‘lmaymiz, Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Extimol, farzandlar qolar bizlardan, Balkim dunyo o‘rnak olar bizlardan. Ammo vujudimiz tonar bizlardan Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Osmonlarda balki xayot qilarmiz, Quyoshning yonida o‘ynab kularmiz... Biroq biz hamisha tuban bo‘larmiz Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Dunyo dars olsa ham bizning onglardan, Turfa jilo bergan turfa ranglardan... Hech kim emasmiz biz erta tonglardan Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Ko‘z chaqnar, dunyodan ko‘ngil to‘q, qalb to‘q: "Saodat bormikan bundan ham ortiq?!" Asli bir bir chaqalik qiymatimiz yo‘q Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Fir’avnlar yashab o‘tgan makon bu, O’zni xudo sanab tutgan makon bu. Oqibat bo‘lakcha bo‘lmas, hamon bu Boshimiz sajdaga tegmagunicha! "Otamiz kimgadir, otamiz ham bor". Belgilab bermaydi bu yolg‘on shior. Chunki bir kun kelib mal’unmiz va xor Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Mayli zoxiriga qilsinlar xavas. Uning botinida ma’no bo‘lsa, bas. Keraksiz qovoqdan boshqa narsamas Boshimiz sajdaga tegmagunicha! Shu bilan insonlik bo‘ladi paydo, Shu bilan azizdir bu ko‘xna dunyo. O’zni majburlaylik, qo‘ymaylik aslo Boshimiz sajdaga tegmagunicha! TAKROR "Allohdan boshqa iloh Yo‘q!" degan ovoz bilan Qulog‘i ochilganda Chaqaloq kulgan ekan. Jannat hidi ufurib Kulgisi-la xonani To‘ldirganda, qalbiga Mehr tushgan onaning Asta sekin emaklab Joyiga o‘tirganda Uydagilar o‘rgatmish "Bismilloh"ni bekanda, Oyoqqa turib oxir Ko‘cha xatlagan kuni Bobosining ko‘zida Ko‘rsang edi orzuni... Bu orzular bir kuni Amalga oshmish yo Rab! Bola yo‘l olar edi Balog‘at yoshga qarab. Bunda ham bir go‘zal sir, Ajib bir sinoat bor. Vo darig‘, namozi ham Balog‘atiga tayyor! So‘ng hayotning darslari, Ko‘cha - ko‘yning dunyosi... Shakllana boshlaydi Iymoni-yu, hayosi. Fitnagar bu dunyoning Ishlarin qilar taxlil Qur’on voqealari Eng katta ibrat, tamsil. Oila qurar go‘zal, Islomiy muxit ila Ushbu go‘zal hayotga Farzand bo‘lar vasila. Uning tarbiyasi ham Ishonchli qo‘llardadir. Fitrat-u, sog‘lom hayot Islomiy yo‘llardadir..." ... Bul go‘zal voqeani Qancha qilmagin takror, U o‘z salobatini Yo‘qotmagaydir zinhor. "Nega?" degan savolga Javob izlab ko‘rgin bir... Asli yaxshi narsaning Takrori ham shirindir. UMMAT Bir tun uxlayolmay chekdim nadomat, O’zimga ham qildim tinmay malomat. Tarixida har ne ko‘rsam ko‘rdim, lek Umardan so‘ng birlashmadi bu ummat. Umar ketdi bu ummatga ishonmayin, Chunki iymon zaiflashmish kun sayin. Abu Zarlar hayqirganda tinmayin, "Ne dard bor?" deb sirlashmadi bu ummat. Kengliklardan oqib keldi gumrohlar, Asta sekin odat bo‘ldi gunohlar. Hatto Qur’on nuzuliga guvohlar Jangga chiqib, yarashmadi bu ummat. Qalblar so‘ndi, yuzlar bo‘lmish bediyda, Ko‘ngil o‘ldi ibodatlar paytida, Ali, Usmon bo‘g‘izlandi baytida Axli baytga qarashmadi bu ummat. Buxoriyning qonga to‘lmish yanog‘i, O’tdi sarson topilmayin hamrohi, Son jihatdan oshsa oshdi sanog‘i, Lek oz bo‘lsin kurashmadi bu ummat. Tilab qoldi imon qalbning sabrini, Vujud esa tark etdi qalb jabrini, Umar ibn Abdulaziz davrini Ko‘tarolmay, ergashmadi bu ummat. Olimlari kamaydi-yu, tanballar O’zlariga o‘rnatmishlar minbarlar. Sudralganda Ahmad ibn Hanballar, Otdan tushib, engashmadi bu ummat. "La ilaha illa Alloh" deb tillari, Dahriyona tug‘yon urar dillari, Bir kun bo‘lsin besaodat yillari Bir manzilda tutashmadi bu ummat. Nursiylarin ko‘ksida dog‘ ko‘rganda, Imomlarin dorga olib borganda, Qutblarin ko‘ziga nish urganda, Nishonidan adashmadi bu ummat. Biri arab, biri turk-u, biri fors, Millat degan tuyg‘u endi bo‘ldi "farz", Bir yonda dard, kasallikdan qolgan darz, O’z loyiga qorishmadi bu ummat. Xorlar bo‘ldi mal’un g‘arbning poyida, Chidayverdi eng alamli joyida, Hayotiga joriy bo‘lmish qoida Ila hech hisoblashmadi bu ummat. Qur’on endi mozorlarda o‘qilmish, Turli fasod rivoyatlar to‘qilmish, Endi to‘g‘ri yo‘llarda ham qoqilmish, Haq yo‘liga unashmadi bu ummat. ... Shul so‘zlarni o‘ylab o‘ylab uxladim, Faqatgina Allohimdan tiladim. Alam bilan ko‘zimda yosh, yig‘ladim - Umardan so‘ng birlashmadi bu ummat! NOUMID - SHAYTON! Olim edi, bir kun ul Iblis bo‘ldi, Niyati odamni qilmoq beimon. Ammo odamlarga berildi imkon, "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. Inson degan so‘zga qofiya - isyon, Va lekin oz bo‘lsin, ba’zida "imon". Birgina kalima oxirgi zamon... "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. Odamlar tinmasdan haddan oshdilar, Imondan chiqdilar, har yon qochdilar, Hattoki, osmonga toshlar otdilar, Va lekin... "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. Har kim turli tomon nigohin tikkan, Umidli ko‘zlarda "Alloh - bir" degan Kalima yangrasa kifoya ekan... "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. Ba’zan qalbimizga tushar tugyonlar, Ba’zan qarshi olsak og‘ir to‘fonlar, Haqni topib kelgan Abu Sufyonlar... "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. Ko‘pchilik bilmaydi iymon lazzatin Umidga ishonib yashamoq baxtin, Asli bu eng aziz, eng yaxshi sokin, "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. Eng so‘nggi manzilni tavba bilaylik, Allohdan so‘raylik, Unga yig‘laylik. So‘ngga lahzada ham umid qilaylik, "Noumid" degan nom shaytonga qoldi. SAHOBALAR Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali, Hamza, Muoviya, Abu Sufyon, ibn Umar... Qorong‘u yo‘l yoqasida nurli sho‘‘la - To Qiyomat bizga hujjat - sahobalar! Men sizlarni yaxshi ko‘rdim, yaxshi bildim. Hayotingiz hayotimga o‘rnak qildim. Rasululloh manhajiga qalbi salim, Yo‘llarimga nuri himmat sahobalar. Siz-la islom siyratini ushlab qoldi, Munofiqlar barmoqlarin tishlab qoldi. Siz ketdingiz - bu ummatdan nur yo‘qoldi, Siz-la birga ketgan izzat, sahobalar. G’orda qolgan birodarin uyg‘otmay deb, Abu Bakr ilon chaqsa, turdi chidab. Me’roj kuni Siddiq bo‘ldi aylab xitob: "Tasdiqlayman barin faqat", sahobalar. Ayol haq so‘z aytsa, uni to‘g‘ri bilib Umar o‘tdi adolatni shior qilib, Bir umrga bir libosin dorga ilib Qalbi birla ko‘rsatib xad, sahobalar. Farishtalar hayo qilgan Usmon o‘tdi, Tilovati payti boshdan qalqon o‘tdi. Shuning bilan saodatli zamon o‘tdi Shundan keyin ketdi nusrat, sahobalar. Xolid o‘tdi badanida tig‘ yemagan Joyi qolmay, biror jangda yengilmagan. Zohid Salmon ibodat-la tong bilmagan Ajratmagan jihod, toat, sahobalar. Abu Zarning ko‘zlarida yondi yolqin, "La ilaha illa Alloh"ni aytish uchun Rozi bo‘ldi bu dunyoning xor va chirkin Hayotiga ulkan jannat, sahobalar. Qo‘lda bayroq, Makkadagi chiroyli qalb, Rosulining vafotidan qo‘rqib, yo rab Vafot etgan yuztuban va yerga qarab Mus’ablardek ko‘ngli hijrat sahobalar. "Rasululloh tuyasiga taqlid qilgan Tuyam mening markabimdir, bilsang", degan Abdullohlar o‘tdi bosib ming bir tikan, Lek oyoqqa yetmay zahmat, sahobalar. Abu Sufyon, Hamzaga bosh egmoq zarur. Un-da sharaf, un-da faxr, un-da g‘urur. Olam sizga bosh egsa ham, qalbi mag‘rur Boqmadingiz biror soat, sahobalar. Poyingizda oltin oltin dunyo oqdi, Rumdan tortib Erongacha mamnun boqdi. Vale sizning poyingizda xo‘p uloqdi Bir qiymati yo‘q saltanat, sahobalar. Muhojirlik bo‘ldi nasib sizga og‘ir, Ansoriy deb nom olgan ham sizsiz, ahir. Qon-qoniga singib ketgan ming bir tomir Bir-biriga nur va rahmat, sahobalar. Bugun yo‘qsiz, sizsiz ummat g‘arib va xor. O’zidan kam jamoadan yetib ozor. Bugun uning yashash joyi keng bir bozor Yotar yeri shum Shaytanat, sahobalar. Yo‘limizni yoritguvchi hilollar yo‘q, Haromlar bor, tuzatguvchi halollar yo‘q. Endi bizni uyg‘otuvchi Bilollar yo‘q. Azonimiz bo‘ldi g‘aflat, sahobalar. Mo‘minlarning onalari o‘tdilar, bas. Bugungilar bu ummatga ona emas. Bu ummatga hech kim endi qilmas havas. Chunki o‘ldi haqqiy toat, sahobalar. Erlar erlik qilib, haqqin qilmay ado, Ayollarin ko‘yga qo‘ymish, bu ne savdo. Na’zu billah, da’yuslikni qilar da’vo, G’arb quliga do‘ngan xilqat, sahobalar. Fatvolar bor hadislarga ters yuruvchi, Imomlar bor tumorlarga dam uruvchi, Rasululloh la’natlagan tashiruvchi Shaxslar dinga qilar "xizmat", sahobalar. Islom uchun jahd desalar, hayratlar bor, Bunda ruh yo‘q, faqatgina suvratlar bor. Alamlar bor, sitamlar bor, hasratlar bor, Bordir gina, ham kudurat, sahobalar. Ilm uchun rag‘bat ham yo‘q, da’vat ham yo‘q, Maishat uchun to‘siq ham yo‘q, sarhad ham yo‘q. Payg‘ambarlar merosxo‘rin ko‘ngli-chi to‘q, Oz bo‘lsa ham yo‘qdir hayrat, sahobalar. Siz harom deb bilgan amal bugun halol Kabiralar qilinmoqda voh, bemalol. Ruhim yig‘lar badanimga berib savol: "Mo‘minliging shubha, g‘alat...", sahobalar. Yaxshiyamki, tun bor, uxlash baxti bordir. Tushda sizni ko‘rgan inson baxtiyordir. Bu keng dunyo ko‘pchilikka balkim tordir, Ammo siz-la ulkan sarhad, sahobalar. So‘z yakuni shuldir: "Sizlar islom ahli, Umar o‘tdi, o‘tdi Usmon, o‘tdi Ali. Uchrashurmiz bir kun insha Alloh hali Vatanimiz bo‘lmish - jannat, sahobalar!!! AMALSIZLIK ... Ba’zilar yoshlikni g‘animat bilib Ilm o‘rgandilar, kitob ko‘rdilar. Amalga kelganda beparvo bo‘lib Olgan ilmlarin chetga surdilar. Bundaylar oydin va to‘lishgan kunda Ko‘zni bog‘lab, tunni tutgan kabidir. Bu xuddiki yerni haydabon unga Urug‘ sepmay, meva kutgan kabidir. ... ... Niyatim - ko‘plarga ibratli bo‘lib, Tutmoqchi bo‘lgandim nurli bir hikmat. Bo‘la olmaganim ibrat hech kimga Extimol kimgadir eng katta ibrat. MASLAHAT "Iymoningdan voz kechib qaerga ham borolding, Alloh lafzin unutib, kimga ko‘ngling yorolding? Qop-qorong‘u kechalar, zim-zimiston tunlarda Qaysi "buyuk" ko‘rsatgan manzillarga yurolding? Dunyo hovlisi ichra hamma g‘ishtni taxlabon, Allohsiz qaysi ayvon, qay hujrangni qurolding? Hayot - bir o‘yin deding, Allohsiz uni o‘ynab Ko‘rganingda, na olding va na bir nard urolding?! Basirot dengizidan sami’at qirg‘og‘iga Chiqqaningda, Allohsiz rosti, neni ko‘rolding? Men aytaman nimani ko‘rganingni, birodar - Dard-tashvish, alam - sitam, kudurat - hasad, kadar. Shu bois ham dunyoda tashvishdan xoli bo‘lay, Faqatgina ko‘nglimning xotirjamligin bilay, Desang, Haqning yo‘lin tut, boshqasiga tupurgin. Uning roziligi deb shamol misol yugurgin. Insha alloh, faqat shu Yo‘l bordir, faqat shu Yo‘l. Bay’at berish shart bo‘lsa, faqat unga cho‘zgin qo‘l. Aks holda hasratda qolganlardan bo‘lursan. O’lib bo‘lmas dunyoda bus-butunlay o‘lursan." Erta tongda qalbimga shu maslahatni berdim. Keyin... bul savollarning javobin izlab ko‘rdim. Javob bunda xo‘p oddiy: "Takrorlab barchasini Duradgor asbobi-la ochib qalb darchasini "Yurak" degan idishga gil bilan qorib suvni Qalbga joyla "Ixlos" va "Xush’u" degan yozuvni. "Niyat" deb boshlanajak satrga "Taqvo" degan Jumlani qo‘shib qo‘ysang, undan zo‘ri yo‘q ekan. "Amal, amal va amal!" degan shior oldiga "Tavba"ni bir amallab tirkab qilsang qofiya, Aniqki, undan keyin keladigan so‘zlarning Ko‘pi qalbingga aytar rahmatlar bo‘lsin, deya. "La ilaha illa Alloh, Muhammadur Rasululloh, Faqat Allohdan madad, faqat Allohdan panoh", "Allohga hamd, Rosulga Salovat va salomlar!", "Iymon" xonadoniga yetaklar shul kalomlar. Xonadon sohibidan izn so‘rab kirganda, "Tavhid" suvin sipqorib qilmaslik kerak kanda. Tashrifdan so‘ng "Iymon"ga, "tavoze’" va "taslim"dan Nariga o‘tib ketish - farqi yo‘qdir o‘limdan. "G’ayblar" olamidan yozilsa biror bir so‘z, Har bir kalimasini tasdiqla, tan ol so‘zsiz. "Payg‘ambarlar", "Kitoblar", "Farishtalar", "qiyomat", Ularning qatoriga "taqdir" ham kirar albat. Shul so‘zlarga shubhasiz qaramoqliging abad Bul honadonda seni saqlab qolgay salomat. "Baxtli", "baxtsiz" hayotlar borasidagi yozuv Ko‘nglingning tub-tubida uyg‘otmasa bas, g‘uluv. Shundagina "jannat"ning yo‘llari yaqinlashar, Bundan boshqa biror Yo‘l topa olmagan bashar. Ammo unutmagingki, mazkurlarning barchasi "Ilm" degan urug‘siz ko‘karmagay shoxchasi!" Bas, shul so‘zlar kifoya qildi maning qalbimga, Endi kurash boshlasak bo‘laverar xalqumga! QABRDAN MAKTUB Qabrdan bir maktub oldik yoronlar, Unda qiziq so‘zlar bitmishlar butkul: "Bu dunyo biz uchun asli imtixon, Undan omon chiqmak erur xo‘p mushkul. Odamlar iymonsiz ne topsalar ham Biz yotgan dargohda qiymati yo‘qdir. Allohning yo‘lida tikkan bo‘lsa jon, Ko‘ngli ana o‘sha insonning to‘qdir. Farzandin tarbiya qila olmagan Otalar qabrda dod-voy solmishlar, Dunyoning eng totli ne’matin berib, Uning haqqiga zor yig‘lab qolmishlar. Duo ilinjida ko‘zlar za’faron, O’tgan-ketgan jonga halak yotibmiz, Hayoti dunyoda qiyomat yo‘q deb Haddan oshibmiz va g‘aflat qotibmiz. Tinmasdan g‘iybatga ruj’u qo‘yganda, Birov indamabdi, tinch bo‘lgin deya. Mish-mishlar ustuni to‘ldirilganda Shaytonlar tuslamish turli qofiya. Biz payqay olmadik Allohning iznin, O’lish farishtasi kelgach, bo‘ldi kech. Ozgina iymondan taxsil olgandik, Bugun o‘shal kunlar biz uchun sog‘inch. Yodimda, qur’ondan bir harf o‘qib, O’zimni baxtiyor bilgandim tengsiz. Qaniydi o‘shal kun aylansa tinmay, Aylansa, aylansa, aylansa so‘ngsiz. Qur’on o‘qib tinmay, yig‘layversam-u, Ko‘zimning yoshiga cho‘milsa dunyo. Umrimning alamli yillari kelib, Joy topolmay ketsa go‘yoki ro‘yo. Qaniydi, dunyoda faqat ibodat Va faqat toatga belim bog‘lasam, Islom deb boshimni kundaga qo‘yib, Iymon deb qalbimni o‘tda dog‘lasam. Qaniydi, qaniydi, qaniydi, do‘stlar, Ozgina bir fursat berilsa edi, Men shuning barchasin Alloh yo‘liga Sarflab yuborardim, bo‘lmayin keti..." Shunday maktubdan so‘ng o‘zgardi dersiz Bizning telba hayot, birdan, daf’atan?! Qattiq adashasiz, chunki maktubning Muhri kelgan paytda eskirgan ekan...
| |
Просмотров: 1972 | |