Abu Bakr Asoyev
DUNYO FALSAFASI Dunyoga men mehrim berdim, u mehrini ilinmadi. Uni deya qalb bo‘ldi chok, uning qalbi tilinmadi. Ne-ne zotlar keldi-ketdi, biroq qaytib kelinmadi. O‘tkinchi shu dunyoni deb yoqavayron bo‘lmayligey. Bol turib, zahru zahqumni tanlarmi kishi hech zamon? Yor qolib, har ag‘yorni yor anglarmi kishi hech zamon? Har lahza erur g‘animat, talpinaylik Haqqa tomon, Tokim Mezon atrofinda lolu hayron qolmayligey… * * * Olislarga ketdik, tashlab bolalikni, Keta turib bir qayrilib qaramadik. Ayro yo‘lda qoldi yig‘lab bir do‘stimiz, Biz undan hol so‘rashgayam yaramadik. Biyobonga mengzar edi yo‘llarimiz, Biz-da uni gullar bilan o‘ramadik. O‘ksib-o‘ksib yig‘lar edi do‘st hanuz, biz -- Bir dasta gul tutishga-da yaramadik. Tiriklikning daryosiga sho‘ng‘ib-sho‘ng‘ib, Shu daryoning oqimiga qaram edik. G‘am daryosi oqizganda do‘stimizni Biz unga qo‘l cho‘zishgayam yaramadik. Do‘st ko‘ngliga yupanch-taskin ber, ey, Alloh! Sendan ko‘pam og‘ir narsa so‘ramadik. Saodat ber, baxt ber unga, biz do‘st bo‘lib, Shu duodan boshqasiga yaramadik… * * * Yurmay turib mashaqqatning yo‘liga biz, Bir bor boqmay yo‘lning o‘ngu so‘liga biz. Iztiroblar soldik do‘stning ko‘ngliga biz… Ammo shunga haqlimidik – haqlimidik?! Bir yurakning ishonchini poymol qilib, Misli xanjar so‘zlar aytdik, qalbin tilib. Do‘st giryonu biz yuramiz o‘ynab-kulib… Ammo shunga haqlimidik – haqlimidik?! Oramizga Haqni solgan do‘st edig-a, Bizga hech vaqt tegmagaydir ko‘z, dedig-a?! Ketdik tashlab, do‘stni g‘amga aylab ega… Ammo shunga haqlimidik – haqlimidik?! Do‘st yuziga tabassummas, joyladik g‘am, Boshimizga dunyolarni to‘ntarsa – kam! Bizdan mehrin ayamasdi u shunda ham… Ammo shunga haqlimidik – haqlimidik?! She’rga o‘xshash jumlalarni tizdik yana, So‘z berdigu so‘zimizni buzdik yana. Uzr so‘rash rejasini tuzdik yana, Ammo shunga haqlimidik – haqlimidik?! * * * Biz u dunyo ahli edik, bunda sarson kezadirmiz, Goh aqlni pesha aylab, goh aqldan ozadirmiz. Lek haddimiz bilmay goho o‘zni sulton sezadirmiz. Asl holu qiyofaga hali bir kun qaytarmizey, Aybimizga istig‘forni unda qachon aytamizey?! Qadar otlig‘ dovul tursa, bo‘lib chil-chil, to‘zamiz-ku, Axir, bizlar kulol emas, bor-yo‘g‘i gil – ko‘zamizku! Kibru havo osmonida qulochni keng yozamiz-u… Ammo Haqning qudratini bir bor idrok etmadig-a, Aybimizga istig‘formi, yo tavbami, aytmadig-a?! Biz o‘zimiz tushar chohni o‘zgaga deb qazmadikmi, Bul shaytoniy xulqimizdan haligacha bezmadikmi?! Nafs atalmish ajdahoning boshin hanuz ezmadikmi?! Haqqa eltar so‘qmoqdan biz qachongina o‘tarkanmiz, Qachongina aybimizga istig‘forlar aytarkanmiz?! Osmonlardan tushsak edi, tuproq uzra kezsak edi, Nochor, haqir holimizni bilsak edi, sezsak edi. Haq yo‘linda jon kuydirib, shu yo‘lni deb to‘zsak edi… Shundagina odamiylik sarhadiga yetarmidik, Aybimizga sidqi dildan istig‘forlar aytarmidik?! * * * BIR KUNI HAQIQATGA DO‘NADIGAN TUSH HAQIDA SHE’R… Xayrli tong, Gulim! Ahvoling nechuk, Qanday qarshi olding musaffo tongni? Men esa... Men esa hech uxlolmadim, Dahshat tutgan edi yeru osmonni... Ahvol battar edi mahshar tongidan, Allohga yetmasdi nolalarimiz. Eng dahshatlisi esa bu judolikka Dosh bera olmasdi bolalarimiz. Ayniqsa, kenjatoy dilbandimizning Chekkan fig‘onidan titrardi Dunyo. Ammo men kafanga burkanib olib Ko‘zim yu muq holda derdim: – Alvido! OLISDA QOLGAN IZLAR Kelgin sening armonlaringni Yulduzlarga aytib chiqamiz. Bizga makon asli keng samo, Yur, samoga qaytib chiqamiz. Qog‘ozga oy suvratin solib Oysiz tunlar oy qilamiz, yur. Dunyolarning anduhin olib Quvonchlarga boy qilamiz, yur. Sirli-sirli suhbatlar qurib Ko‘ngil uyin aylagaymiz shod. Shirin-shirin xayollar surib Ilk onlarni aylagaymiz yod. Bolalikka qaytib, qumloqda Yasagaymiz loydan qo‘rg‘on, uy. Bir-birimiz chorlab mehmonga Navbat bilan qilamiz «uy to‘y». Arazlashib qolmaymiz sira Bizga havas qilsin boshqalar. Ahillikning ne ekanligin Bizga boqib bilsin boshqalar. Do‘stlik degan bir ma’sum tuyg‘u Muhabbatga eltsin bizlarni. Yur, boshqatdan bosib kelamiz Olislarda qolgan izlarni…
| |
Просмотров: 1009 | |