Muxtasar (1975-yili tug'ilgan)
Qushlar kuylaganda ruhi shonimni, Maysaday salovot aytgan onimni, Atirgul qafasin yorgan jonimni, Hadya qilay desam ko‘ngildoshim yo‘q. Quyosh tegrasidan chiqib ketarga, Dilsizlar hukmidan olis safarga, Meni men istagan yo‘limga, zorga Eltib boradigan cho‘ng bardoshim yo‘q. Uch bor taqillab o‘tdim oynani, Eshik, ayvonlarin ko‘ring dunyoning. Qayga shoshilmoqda shuncha sarsoni Manzildan boxabar gulu toshi yo‘q. O‘lan aytganida mezon barglari, Meni yo‘qlarmikan qo‘hna dardlarim. O, mening borlig‘im – dil ko‘katlari, Sizlar bo‘lmasangiz yozu qishim yo‘q. Ertami yo kechmi bir kun anglarim, Meni chorlagaydir mangu tonglarim. Kechiring,ey jigar – qadrdonlarim, Afsus, vafo qilar ko‘zu qoshim yo‘q, Hadya qilay desam ko‘ngildoshim yo‘q. SHOIRGA Har dam bir maromda tebranib olam chiziqlari ruhimdan o‘tar. Nogoh o‘chib qoldi bir ziyo ,yohu, Endi oftob o‘tar, boshimdan o‘tar... Ketdingiz, so‘z mulkin inja gullarin Misralarga tizib shodon ketdingiz. "Ona xalqim, jonim Turkiston!” deya Yonib kuylab, kuyib nolon ketdingiz. Dil kuyar, Tutaydi o‘kinch,alamlar. So‘z dorin ostida ko‘rinmas hech kim. Qani, qayerdadir mardona g‘amlar, Va dadil so‘ramas: "Rauf Parfi kim?” "Falakka sanchilib qolgan so‘zim bor”, Degan jasoratni ko‘rdingiz qachon? "Oh, shoir qismati , Bir So‘zni izlar” Bir So‘zning ishqida jon berar shodon... Yo‘lin to‘sganlarga qo‘lini berdi, Dilsiz "do‘stlari”ga dilini berdi, Kechirdi pand bergan barcha yomonni, Biroq, kechirmadi elga yolg‘onni! Mangulik safari haq edi unga, Hamon nolalari bag‘rimni o‘rtar. Nogohon bir yulduz porladi tunda, Qachon oftob o‘tar, jonimdan o‘tar... * * * Ko‘ngli parishonim, yana keldingmi? Xalq qo‘shig‘idan Men nega yig‘larman sochlarim yoyib, Olis yo‘llara termulib, sarg‘ayib, Qaysi oshiq o‘tgan diydora to‘yib, Ko‘ngli parishonim, yana keldingmi? Sen nega kulgaysan kuygan jonima, Sarvigullar soya solgan holima, Bormadim-ku, o‘zing kelding yonima, Ishqi yo‘q zabonim, yana keldingmi... Qo‘qon yo‘llarinda Toshkan toshlari, Meni qaysi yo‘llariga boshladi, Bir bor suyib jahannamga tashladi, Bo‘g‘zima bu jonim, yana keldingmi... Men bir qushman, olis-olis ketarman, Ketsam joning so‘rmay olib ketarman. Ishqing otashida yonib bitarman, Qasdima olg‘onim, yana keldingmi... Emdi kelmog‘ing na, ketmog‘ing nadir, Men seni bilmasman bitmog‘ing nadir, O‘zda yo‘q g‘avg‘oni sotmog‘ing nadir, To‘lsa-da paymonim, yana keldingmi, Ko‘ngli parishonim, yana keldingmi... * * * Men uzoq yashadim... Shu bugun bildim, Ming bir xil g‘avg‘oni oshaganimni. Rahmatli otamning choponi yanglig‘, Hokisor do‘stlarday sokin jilmayib, Hayot kiftiga qo‘l tashlaganimni. Men uzoq yashadim.. Qadamim sanab, Qay kun g‘animim ham adashib ketgan. Ko‘zlarimda qotgan achchiq yoshlarim, «Otasining qizi» degan bobomning, Nafasidan erib shalola bitgan. Men uzoq yashadim, Nega kam bildim, Onam yopgan nonning tafti, qadrini. Bugun toshlarim bor ko‘ksimda og‘ir, Har burda nonimga qo‘shib yeyapman, Do‘stlarim tutqazgan dashnomlarini. Men uzoq yashadim, Uzoqni ko‘zlab. Tobora umrimni yondirdi shafaq. Toliqish nimadir, yengilmoq nima Buni qaysar ko‘nglim bilmadi faqat. …Hamon yashayapman beshafqat! SIZGA... Sizmi... qoshim qaroligidan oydinlarni sog‘inib kutgan. Ikki ko‘zim oralig‘ida ziyo istab zor bo‘lib o‘tgan. Sizmi... ko‘zim gavhari kabi sirlarimning shaydosi – gado. Sochlarimday tovonimgacha etolmagan bir umr ado. Sizmi... burnim chimdilab o‘tgan shabbodaga malollar qilgan. Ikki labim yaprog‘idagi novvotmi deb xayollar qilgan. Sizmi... "Arosat” deb atalgan bekatlardan ketolmaydigan. Izlarimdan uch kunda kelgan chumolini tutolmaydigan. Tirnoqlarim gul bargi misol Titroqlardan to‘kilmaydirlar. Siz-she’r deysiz, bular shubhalar Shubhani ham o‘qigaymilar...
| |
Просмотров: 1165 | |