Botirjon Ergashev
GAR NOLISAK... Zulmat ichra o‘tar mening tunu-kunim Men ham sizday ko‘rgim kelar oy-quyoshni Lek Taqdirdan nolimasdan yashayman jim Faryod solib toshga urmam aziz boshni. Shukur deyman oyoq-qo‘lim salomatdir Gar nolisam, bu Xudoga malomatdir. Ming bor shukur ko‘kka yetar bo‘ylarimiz Har kun to‘yga ulanmoqda to‘ylarimiz Tirik jonni rizqin berar Qodir Xudo Elga tinchlik so‘rar duogo‘ylarimiz. Ne’matlarning eng yaxshisi halovatdir Gar nolisak bu Xudoga malomatdir. To‘rt yonimda topganim chin yoru-do‘stlar Bilinmaydi uncha-muncha kamu-ko‘stlar Farzandlarim kulgusini eshitsam bas Xotirjamman ko‘rmasa ham mayli ko‘zlar. Qalbing bilan ko‘rish ham bir karomatdir Gar nolisam bu Xudoga malomatdir. Kimga erta, kimgadir kech kelgay davron Kimlargadir bu kunlar ham bo‘lgan armon Sinovlarga sabr qilmoq qanday go‘zal – Shunda o‘zi qo‘llar bizni Buyuk Rahmon. Shukur qilmoq mo‘minlikdan alomatdir Gar nolisak bu Xudoga malomatdir. Taqdirim shu, ne qilsa bosh egadirman Noshukurga balki toshday tegadirman Ko‘zim ojiz bo‘lsa hamki, mehnat bilan – San’at ichra o‘z o‘rnimga egadirman. Ko‘rmay turib dunyo kezish – tarovatdir Gar nolisam bu Xudoga malomatdir. Rozi bo‘ling do‘stlar go‘zal hayot uchun Bu dunyoga yechim bo‘ling, bo‘lmang tugun Dunyo shunday oqshom ko‘rgan odamingni, Qaytib ko‘rmay qolishlik ham mumkin bugun. Tiriklikning o‘ziyam zo‘r mukofatdir Gar nolisak bu Xudoga malomatdir. O‘ZIM HAQIMDA... Zahmatlarda sha’nimni, Yillab yiqqan Odamman. Gapi rostdir g‘animning – Changdan chiqqan Odamman. Qo‘ymasa ham shum armon, Oxir topdim shuhrat-shon, Asli yuzi za’faron – Rangdan chiqqan Odamman. Tortmay hech kimning ta’bi, Joyim edi jar labi. Keraksiz buyum kabi – Zangdan chiqqan Odamman. Kecha edim yolg‘iz, toq, Bugun-chi har yon o‘rtoq, Men bir qismati cho‘loq – Langdan chiqqan Odamman. Baxt sabrimga berdi tan, Omadlar aytdi o‘lan, Tinmay yo‘qchilik bilan, Jangdan chiqqan Odamman. Mening kechgan umrim shu, Endi kenglik davrim bu, Botir bo‘lsam ham toru – Tangdan chiqqan Odamman. MENI SEVIB QOLSAYDING Sen bog‘dagi yelday sho‘x, Bir dam orom olsayding. Derlar orzuga ayb yo‘q, Meni sevib qolsayding. Yoy nishonga yetmasdan, Fursat mag‘lub etmasdan, Umrim o‘tib ketmasdan, Meni sevib qolsayding. Dunyo sinovli, shartli, Ham quvonchli, ham dardli, Orzuyim bo‘lmay gardli, Meni sevib qolsayding. Qadru-qimmatim bilib, Biroz nazarga ilib, Ko‘nglimga shafqat qilib, Meni sevib qolsayding. Keldi mehring fursati, Bo‘lay vasling ulfati, Botirligim hurmati, Meni sevib qolsayding. OTAMDIRSIZ Suyanganim, tog‘im derdi sizni onam Yashnab turgan bog‘im derdi sizni onam Bu dunyoda hatto aziz otamdan ham – Mening yaxshirog‘im derdi sizni onam. Siz men uchun beminnat bir olamdirsiz Onam shunday bino qo‘ygan otamdirsiz. Siz yonimda boyligimsiz, kimdan kamman Duoyingiz bilan elda mukarramman Xonadonim chirog‘isiz, shul sababdan – Ko‘cha-ko‘yda yurganimda xotirjamman. Goho shodon, goho dardli nolamdirsiz, Onam shunday bino qo‘ygan otamdirsiz. Ota desam yayragaydir zabonlarim, Siznikidir surgan davru-davronlarim, Sizni quchib bobom deya erkalasa – Quvonaman jonim qizim, o‘g‘lonlarim. Onam, onam, onam suygan odamdirsiz Onam shunday bino qo‘ygan otamdirsiz. KIM BO‘LDIM? O‘zingsan azaliy, abadiy borim, Taqdiring oldida faqat jim bo‘ldim. Marhamating cheksiz, Parvardigorim – Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Qancha qilganlarim bo‘lgach besamar – Hatto yaqinlarim hazar qildilar, Sen nazar qilganding, nazar qildilar Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Mehnatim ro‘yobga oshib turibdi, Do‘stlar, qirg‘og‘idan toshib turibdi, Nigohlar men tomon shoshib turibdi, Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldimj. Tunlar o‘tmishimga bo‘ylab qolaman Goh farzandlarimga so‘ylab qolaman Yo shirin tushmi deb o‘ylab qolaman Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Qudrating oldida taslimman, qulman, Himmating oldida bir hovuch kulman Sen qo‘llab turmasang bir chaqa pulman Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Adashtirib qo‘yma to‘g‘ri yo‘limdan Noming ushlab yursin ikki qo‘limdan Shukur, omad berding o‘ngu-so‘limdan Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Sen berding ilkimda tutgan borimni Endi dog‘lab qo‘ymay sha’nim, orimni Unutib qo‘ymayin poydevorimni Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Boshim osmondadir, mehrim shu yerga Nomardlik xos emas ismi-ki erga, Nafim tegib qoldi ming shukur elga Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Menga xurmat berding, ob qo‘ymasang bas Hadikda yuraman har zum, har nafas Bugun ko‘plar menga qilmoqda havas Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Boshimni egaman sening poyingda Bir umr turayin aytgan joyingda Mastman bugun shunday baxt saroyingda Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. Tangrim man-manlikni mendan uzoq qil Iymonni nafsimga har dam tuzoq qil Shu so‘zni bir umr menga so‘roq qil – Kecha kim edim-u, bugun kim bo‘ldim. KUNDAN, KUN YAXSHI Kunsayin chiroy ochar dil naqshi, Hayotni kuylab bo‘ldim men baxshi, Har yonga boqib, qilamiz shukur – Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi. Farzandlarimiz quvnoqdir, sho‘xdir, Orzulari ko‘p, armoni yo‘qdir, Kelajakdan ham ko‘nglimiz to‘qdir, Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi. Ota-onalar duo bilan band Duolar bilan boshimiz baland Baxt bor, omad bor, go‘yo asal-qand Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi. Dunyolar ko‘rdi – bo‘ylarimizni Ro‘yobga chiqqan – o‘ylarimizni Adog‘i yo‘qdir, to‘ylarimizni Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi. Hurlik narvonin har pog‘onasi – Nurli manzilning, bir koshonasi Hali bu baxtning, ilk nishonasi Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi. To‘rt fasli to‘kis, Xudo suygan joy Har on, suluvdek ochmoqda chiroy Kunduzin Quyosh, tunin bezar Oy, Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi. Bu yurtda tinchlik, eng oliy talab, Bunga elparvar Yurtboshi sabab! Boshlarin omon aylagin Yo Rab! Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi! Ey do‘stlar, bizga bo‘ylayveringlar! Shoirlar, rostin so‘ylayveringlar! Xofizlar, tinmay kuylayveringlar! Ko‘z tegmasin ko‘z, kundan kun yaxshi! TILAGIM SHUDIR Bolalarimning onasiga Kim uchundir bu dunyo rohat, kimga qayg‘udir, G‘am ko‘rmadim hech buni mayli, butun el bilsin. Shu hayotda sen bilan yashab, tilagim shudir – Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin. Sen-la o‘tgan har lahzamda xush – navodadirman, Men faqat baxtli inson yashar – dunyodadirman, Sochlaringni silab har kuni, duodadirman – Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin. Quvonaman senday dildorga, yor bo‘lganimdan, Yana seni gul hayotingda, bor bo‘lganimdan, Kuymam endi o‘z sevganimga, zor bo‘lganimdan, Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin. Taqdiridan kim rozi bo‘lsa – o‘sha men yorim, Kimni baxtdan pardozi bo‘lsa – o‘sha sen yorim, Ko‘zlaringga qarab aytaman, so‘nggi iqrorim – Seni menga tanishtirganlar, jannatga kirsin. YOLG‘IZ AYOLLAR Hech kim o‘z joniga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, ammo bilibmi, bilmaymi, o‘zlarini azoblar qa’riga otayotganlar ham talaygina. Ayol, bu mashaqqatlar chigilini yechuvchi, kerak bo‘lsa bu yo‘lda jondan kechuvchi, ulkan matonat egalardir. Biroq shunday muqaddas nomni xiralashtirayotgan, bir erni ko‘ngliga yo‘l topa olmay, qaynona-qaynotani kelinim ham qizim-ku deb bergan tanbehini xazm qila olmay, jondan aziz oilasidan ,turmushidan, shirin-shirin farzandlar oromidan kechib, o‘zini ko‘nglini ko‘chasida yurgan ayollar har qadamda uchrab turibdi. Ularning biriga aka, biriga uka, yana boshqasiga do‘st sifatida insof so‘rab aytaman... Ko‘zingizni oching, yaxshi kuningizni oldindan izlamang, uni ortda qoldirib ketyapsiz, tez Ortingizga...Oilangizga...Farzandlaringizga qayting. Unutmang yot, begona sherdan, yomon er afzal. Qalbimni cho‘qiydi, quzg‘un – savollar Nahotki sizda yo‘q, shirin xayollar Chaqinning umricha dunyoda, sizga – Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Oyday chiroyingiz dardlarga malham Lek unga quvonib yurmang sira ham Me’yoridan oshsa yoqmas shira ham Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Sizlar asli baxtning – poydevorisiz Butun bir millatning sha’ni, orisiz Nechun dilingizning – dilozorisiz Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Hamma ro‘zg‘orda ham kamu-ko‘st bo‘lar Shul dam dono ayol, shirin so‘z bo‘lar Shunda baxt sizlarga doim do‘st bo‘lar Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Erni er qilguvchi, mushfiq yor bo‘ling Biroz og‘ir bo‘ling, xokisor bo‘ling Umringiz o‘tmoqda tez xushyor bo‘ling Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Atrofga bir boqing naqd ko‘rinadi Turmushli ayolda ahd ko‘rinadi Yig‘lasa yoshida baxt ko‘rinadi Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? O‘zingiz bir yonda, yoringiz bir yon Aro yo‘lda qolgan farzandlar giryon Hatto yolg‘izlikni suymaydi chayon Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Yolg‘izlik birgina – Yaratganga xos Sizdan qizingizga baxt bo‘lsin meros Yolg‘izlikka ko‘nib qolmang iltimos. Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Hech yoqmadi demang yozgan bu bayting Turmush deb atalgan baxt tomon qayting Ko‘zlarimga qarab rostini ayting Yolg‘izlik yaxshimi, yolg‘iz ayollar!? Yolg‘izlik yaxshimas, aziz ayollar!! SINGLIM Bu jonimning bor dardiga malham o‘zing Onajonim so‘zlariga o‘xshar so‘zing Seni ko‘rsam qolmagaydir sog‘inchlarim Onajonim ko‘zlariga o‘xshar ko‘zing. Sening o‘rning bosolmaydi zinhor hech kim Onajonim o‘rnin bosib yurgan Singlim. Onam kabi to‘rimdasan, to‘ylarimda Sening mehring bordir baland bo‘ylarimda Yuragimga borligingni o‘zi taskin – Avj pardada bo‘lding ko‘ngil kuylarimda. Ruxsoringdan yorishgaydir zulmat ko‘nglim, Onajonim o‘rnin bosib yurgan Singlim. Har yo‘qotgan bir nedan, ming ibrat oldim Aka degan bir so‘zingni qadri oltin Baxtimga sen dard neligin bilmay yasha Ne bo‘lsam ham men bo‘layin sendan oldin. Chamanimda barcha guldan xushbo‘y gulim Onajonim o‘rnin bosib yurgan Singlim. BAXT Muhabbatim topmoqda yakun Quvonchimga berildi barham Diydam qotdi hayotdan bu kun – Ko‘zlarimga yosh bo‘lgin Shabnam. Tomirimda oqadi armon Tanamda qon qolmadi bu chog‘ So‘nggi damda ko‘taray isyon Menga qon bo‘l Lolaqizg‘aldoq. Ishqning tafti kuydirmadi hech Yor istamas bo‘lmoqqa sirdosh Kel, falakdan jilovingni yech Meni kuydir, yondirgin Quyosh. Sevgi mendan o‘girmoqda yuz Bo‘lsam hamki bu tuyg‘uga qul Bahorimga chang solgin ey Kuz Bundan ko‘ra so‘lganim ma’qul. Ey Shamollar bo‘lmangiz bahil So‘nggi bor bir orzuga yetay Chang-to‘zonlar ko‘taring og‘ir, Men tuproqqa qo‘shilib ketay. Gumbirla ey Momaqaldiroq Chaqmoq chaqing yirtilsin falak Elga ayon bo‘lsin bir jumboq – Menda ham bor yirtilgan yurak. Ey Yomg‘irlar yog‘ing tinmasdan Tuprog‘imni suvlarga chaying Vafosiz yor uchun ham qasddan Maysa bo‘lib unib chiqayin. Yor yo‘lini bursin men tomon Ko‘rib mayli bo‘layin karaxt Mayli qo‘ysin ko‘ksimga tovon Ezib o‘tsa shuyam menga Baxt! QIYNOQ Xayr Orzu, xayr Maqsadlar Xayr mayli ey ishqiy Tug‘yon Bizlar bo‘ldik tiik jasadlar Kel Loqaydlik, kelaqol Armon. Kelyapsanmi do‘stim Nadomat Xo‘rsiniqni haydab bo‘g‘zimga Yelkamga chiq egilsin qomat Kishan sol bu o‘tli so‘zimga. Afsuslarga butkul g‘arq qilgin Baxtni qo‘msab otlangan Dilni Hijronginam tig‘ing-la tilgin Sevdim degan bu shakkok Tilni. Azizim Tosh, yuribsan qayda Menga zarur bo‘lding bu palla Yuragimni ko‘ksimdan hayda Va o‘rnini o‘zing egalla! Ey qariya Bardosh, alvido! Paymonang ham to‘lganga o‘xshar Shuncha kutdik bo‘lmadi vafo Muhabbat ham o‘lganga o‘xshar. Bardoshginam o‘laver mayli Qasd ayladi Sevgi joningga Shu badkirdor Sevgim tufayli Ishonchim ham borar yoningga. Loqaydlik kel, ishingni boshla Kulgumga sanch ayamay bigiz So‘ng yuzimdan supurib tashla O‘rniga muz suratini chiz! Rahm-shafqat mendan keting tez G‘azab kelar, ko‘tarib to‘qmoq. Ko‘nglimning keng ko‘chasi shu kez Bo‘lmoqdadir xatarli so‘qmoq. Samimiylik yuzini dog‘lab Ey Sohtalik bosing g‘ubor-chang Ezgulikning qo‘llarin bog‘lab Oyog‘imning tagiga tashlang. Bevafoning jabri jonimga Tamg‘a bo‘lib qoldi bosilib Ayriliq kel mening yonimga Kel, bo‘ynimga qolgin osilib. Kelajak, sen o‘chir beshafqat Xotiramning qora xusnini O‘tmishdan iz qoldirma, faqat, O‘chirma bir Uning ismini. QIZIM SIZGA O‘XSHASIN Payg‘ambarimizning suyukli qizlari, xazrat Alining suyukli yorlari Fotima onamiz hamda qizalog‘im Zaynabga Tangrimga aytib tahsin, Yig‘lay ko‘nglim bo‘shasin. Dilimda bir iltijo – Qizim sizga o‘xshasin. Siz payg‘ambar bolasi, Jannatning gul-lolasi, Yuragimning tolasi – Qizim sizga o‘xshasin. So‘zi shirin qandlikda, Iymonga payvandlikda, Mehribon farzandlikda – Qizim sizga o‘xshasin. Havas qilganman rosa, Sizdan olsin andoza, Axir qoningiz toza – Qizim sizga o‘xshasin.
| |
Просмотров: 1669 | |