Sohiba Hayitboyeva
SIZGA BAHORLARNI SOVG‘A QILAMAN Sizga bahorlarni sovg‘a qilaman Ikki dunyolarga tatirlik, totlik Qayta yashnagaysiz men-la, bilaman, Mazmunga to‘ldirar umringiz shodlik Sizga nahorlarni sovg‘a qilaman Sehrli tunlari tongga ulangan Hayotni ko‘rasiz ko‘z ochib sahar, Betakror, fusunkor, nurga belangan Sizga dunyolarni qilaman tortiq, Yerda yashab ko‘kning zavqin tuyasiz Qalbingiz eritar jannatiy xordiq, O‘zga dunyolarga ketmay qo‘yasiz Sizga xayollarni hadya etaman, Shirin orom bilan topar nihoya Laxzada eng yorug‘ baxtga eltaman, Qo‘lingiz tutsangiz menga, kifoya Sizga ummonlarni tuhfa qilaman, Xotirjam to‘lqinli, mayin oqimli Tubsiz saltanatda hamroh bo‘laman, Ko‘rasiz, men bilan suzish yoqimli… Sizga osmonlarni sovg‘a qilaman, Xech narsa teng kelmas asli soflikka, Eng yaqin manzil-da eltuvchi nurga Yo‘g‘rilib yashaymiz, jonim, poklikka Sizga bahorlarni hadya qilaman Tabiati mening atvorimga mos Qaytadan yashaymiz, jonim, bilaman, Baxtdan boshimizni aylanishi rost. Sizga yomg‘irlarni baxshida etgum Har tomchi uyg‘otar yangi hislarni Qalbingizga singib so‘nggiga yetgum, Yuvdirgum mengacha qolgan izlarni Sizga ko‘zlarimni ataganim bor, O‘tli nigohimda erib oqasiz, Shirin so‘zlarimni etaman izhor, Quvonchim, siz menga juda yoqasiz… Orzuim, xayolim, hamma o‘yimni, Sizga borlig‘imni etaman tortiq, Labda tabassumim, qaddi-bo‘yimni, Sizga ilinganim bundan ham ortiq… Jonim poyingizga tashlagayman, yor, Siz ikki dunyolik ahdim bo‘lasiz. Shuncha hadya tayyor, bitta savol bor, Sovg‘ani olgani kachon kelasiz? 10.08.2011 * * * Men sizni shunchaki sevmayman, Tanim ayrilsa ham ruh tortaverar Garchi sizga ochiq bir so‘z demayman, Kundan kunga dilda cho‘g‘ ortaverar Har kun gumonlarda ming bor o‘laman, Ammo ishq dilimda, ko‘ngil o‘lmaydi Izlagandan aslo naf yo‘q, bilaman: Sizdan yaxshisini topib bo‘lmaydi Dillarni bog‘lagan taqdirning o‘zi, Sizdan kechib axir borardim qayon Anglolsak, bu tushlar - Allohning so‘zi Bizni birgaligimiz tushimdan ayon. Kaftimni ko‘k tomon cho‘zar bir tilak, Qani, xijronlarga bera olsam chap Men uchun dunyosiz, qadringiz bo‘lak Siz-la yashamoqni o‘zi katta gap. Salga olislasa yonar bu bag‘ir, Bilmayman, bunchalar bog‘lanib qoldim?! Qismatimni o‘ylab tan oldim axir, Rostdan ham siz uchun zanjirman oltin... Men sizni shunchaki sevmayman, Tanim ayrilsa ham ruh tortaverar Garchi sizga ochiq bir so‘z demayman, Kundan kunga dilda cho‘g‘ ortaverar... 04.03.12 y. MEN XUDODAN SIZNI SO‘RADIM Yoningizda tinchdir yuragim, Havotirlar topar nihoya. Agar bo‘lsa sizga keragim, Hijronlardan qiling himoya. Har hayoldan buzilar tinchim, Rashkdan bo‘lar angorim has rang Jonim, sizdan bitta o‘tinchim: Gumonlardan siz meni asrang. Oshiq qalbim daryoi-dengiz, Musaffo dil tortmasin xira. Agar chindan bo‘lsa mehringiz, Shubhalarga yo‘l bermang sira. Siz-la ko‘nglim topar xalovat, Bag‘ringizda uxlay xotirjam. Bir umrlik rohat farog‘at, Orom bilan yashaylik, erkam. Yoningizda xotirjam qalbim, Yashash zavqin ko‘raylik baham. Agar bo‘lsa zarracha qadrim, Hijronlarga bergaysiz barham. Umr o‘tsin osuda-sokin, Yuraklar tinch, qalblarimiz jim. Siz ham olib tashvishlardan tin Baxtimizni qo‘riqlang, jonim. Keldim, sizni tanlab muqarrar Bog‘lanyapman kun o‘tgan sari. Bir kun shu ishq kunimga yarar, O‘zingizdan ketkazmang nari. Ayriliqdan bezdi yuragim, Bilmoq uchun dilga qo‘l soldi. Men Xudodan sizni so‘radim, Endi faqat gap sizda qoldi... 15.01.03 y. ISTASANG... Men shunday sevaman, vujudim ko‘prik, Asli qalb siylangan mehrdan bekam. Bu ishq bir o‘zimga qilyapti ko‘plik, Istasang, kel, birga ko‘raylik baham. Men shunday sevaman, hayolim qanot Aylanib ketadi charxim samoga Dunyoga bog‘lanish ruhim uchun yot, Istasang, men bilan kel uch, samoda. Men shunday sevaman, hislarim olov, Kuygancha turibman tutib kaftimda Mehrdir ko‘nglimni yoqquvchi qalov, Istasang, kel isin, ishqim taftida. Men shunday sevaman, andisham soqov, Dilimdan nariga o‘tmas izhorim. Sukutim ostida hadsiz so‘zim bor, Istasang, jimlikdan bahra ol, yorim. Men shunday sevaman, ongim tarozi, Hamisha tosh bosar qalbim pallasi. Arosat holingdan dilim norozi, Istasang, qo‘y, ko‘ngling o‘zi tanlasin! Men shunday sevaman, ishqim hidoyat, Qalbimni to‘ldirar ilohiy navo. Har kimga nasibmas, bunday inoyat, Istasang, senga ham ko‘rardim ravo. Men shunday sevaman, iymonim buloq, Qayga oqishini bilar aslida. Yo‘ldaman, manzilim ozgina yiroq... Istasang, hamroh bo‘l, Uning vasliga! BU ISHQ MENI QO‘YMAYDI OMON... Qalandarman... xajringda yonib Es-hushimdan ayrildim tamom! Borayapman o‘zimdan tonib, Bu ishq meni ko‘ymaydi omon! Kemiradi yoshimni yillar, Ruxim xasta, vujudim bejon. Umr buncha sekin simillar, Visolingga yetaman kachon?! Chorlayverar meni betinim, Seni desam ko‘nglim o‘sadi. Dunyolardan kechaman desam, Yo‘llarimni gunoh to‘sadi. Men – O‘zingga tegishli ijod, Yuragimga ishqing ko‘chirgin, Mexring bilan etgansan bunyod, Xatolarim bo‘lsa, kechirgin. Muhabbatim fakat Senga hos, Tomirimda ishq oqar jushib. Fe’lim uchun qilma e’tiroz, Yaratgansan loyimga qo‘shib: Suv – ko‘nglimdan okkan tomchilar, Xavo – ko‘kka talpinar ruhdir Tuproq – yerga bog‘langan tanim , Olov – qalbim yoqguvchi cho‘g‘dir Kecham sabok, ertam tavakkal, Bugun Xaqqa intilgan baxtman. Tanim fakat dilning masjidi, Men vujudga o‘ralgan qalbman. Seni topsam o‘zimdan kechib Visolingga yetganim – qadr. Ko‘nglimdagi tilimga ko‘chib Ruhing dilni so‘zlatar dadil: Samandarman! Hajringda yonib Ayriliqqa qolmadi toqat. Ketayapman dunyodan tonib, Men oshiqman O‘zingga faqat! 02.09.02 ASLIDA BITTA-KU BIZNING JONIMIZ... Umrning yarmi tush, yarmi hayratdir, Shukrimizni Borar Yerga aytamiz. Yaralgan joyimiz asli jannatdir, Keling, shu vatanga birga qaytamiz! Ko‘ngilda yomon o‘y bo‘lmaydi asli Hayoldagi yomon fikrlar – shayton. Kim ko‘rgan insonu farishta vaslin Keling, odamzotni qilaylik hayron. Qaytadan yozilar a’molimiz ham, Vaqt yetdi qalblarni tavof qilishga Sof o‘tsin ikkala dunyoimiz ham, Keling, visolni ham savob qilishga. Mehrdir tomirda jo‘shgan qonimiz, O‘zidan olamiz bu ruhning kuchin Aslida bitta-ku bizning jonimiz... Keling, shu xikmatni uqmoqlik uchun. Bulutlar aylanib qoldi tegramda Bir nafas tin olay, yozilsin tugun Birga baxtli edik bog‘i Eramda, Keling, men otlandim shu yo‘lga bugun. Bekinib sevishni jinim suymaydi, Tuyg‘ularim ochiq-oshkora har dam Chekinib yashashga dilim qo‘ymaydi, Keling, tashlash uchun oldinga qadam Bu kunlar uzun tush: qiziq, sehrli Uyg‘ongach ta’birin birga yechamiz. Qalblarimiz hamon ishqli, mehrli Keling, bu ro‘yodan birga kechamiz... * * * Meni uyg‘otsaydi azon tovushi Xuddi uydagiday, eshitsam elas... Har tongda ortadi ko‘ngil yonishi: Bu yerlar baribir meniki emas! Ko‘zimni ochyapman har sahar qo‘msab, Vatanni ko‘raman sal ko‘zim yumsam Olislab ketganim sevmaganimmas, Qoldim deganimas, taqdirga ko‘nsam. Dilimni uyg‘otsa azon tovushi, Mudrab qolayotgan iymonga qo‘shib Har bir xo‘jayramga singib qovushib, Haq deya yashasa to‘lg‘onib, jo‘shib. Vujudim ichini nurday yoritsa, Haydasa qay burchda ne xazin bo‘lsa G‘uborlarni yuvsa, g‘amdan aritsa, Qalbim tanim uchun muazzin bo‘lsa! So‘zimni uyg‘otsa azon tovushi, Ishqimni bildirar arzir so‘z aytsam. Satrimda porlasa yurak yonishi Qaniydi, vaqtida O‘ziga qaytsam! Musofir - bir buyuk tovushga gado, Salga uziladi so‘zin tarangi... Ichda takrorlasam berib aks sado, Ruhimni uyg‘otsa, yana jarangi. Tobora hajrida o‘rtar dilimni Ming yillar ilgari aytilgan azon Rabbim, O‘zing tomon solgin yo‘limni, Yo‘qsa, ikki dunyom hazondir, hazon... * * * Aytib qo‘ydim suyganimning otini, Aytib qo‘ydim ag‘yorimdan oldinrok Bu dunyoda hammasi ham o‘tkinchi, Balki o‘tgum ul yorimdan oldinrok, Ayt, vido! Xijron – bizning peshonamiz yozug‘i, G‘animlardan kun yo‘q bizga der dilim Xaqqim yo‘q xech uchrashmoqqa fanoda, Qiyomatda ko‘rishamiz, sevgilim Alvido! * * * HIJRONNING RANGI Muhabbatning asli rangi olovrang, Qalbim o‘chog‘iga bo‘ldi qalov rang, O‘zi tomon chorlar dilni yalov rang, Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa? Sabr rangi ko‘k, baxt rangi pushti, Saodatning rangi sariqqa ko‘chdi, Tuyg‘ular rang bo‘lib ko‘ngilga tushdi: Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa? Umid rangi yashil, orzular - moviy, Qalbimda ishq yashar rangi samoviy, Umrlar kutishga mahkum, davomiy Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa? Tuyg‘ularim alvon, qayg‘ular kulrang Iztirob binafsha, ko‘z yoshim gul rang, Hajrni visolga bo‘yarmi ul rang, Ayting, xijronning-chi, rangi qanaqa? Hislarim kamalak, baxtim zangori, Qip-qizil rangdadir ko‘nglimning zori Ko‘rinadi xatto rashkning angori, Ayting, xijronning-chi, rangi qanaqa? Sog‘inchim jigari, niyatim oppoq, O‘ylarim yashindek yorqinu chaqnoq Tariqdek sochilgan fikrlar tarqoq: Ayting, hijronning-chi, rangi qanaqa? Vasl cho‘g‘, intiqlik rangi mohtobday, Ishtiyoqning rangi qizigan tobday Ko‘ngilni isitar diydor oftobday, Topdim, hijronning rangi shaffofday! HADICHAGA TORTDIM SHEKILLI... Atay keyin yasaganmikan, Hisob qilib saralash vaqtin O‘zi bizga atagan ekan Ayol bo‘lib yaralish baxtin Qadimdami, hamma zamonda Ayol malak, hilqat aslida O‘xshaganman asli momomga Axir qonim Havvo naslida Endi avray olmaydi ilon, Ruhim nafsni ham bandi etgan. Vatanidan ajralish bilan, Dunyo kezish momomdan o‘tgan Ayol bo‘lib yashash zavqliroq, Bizda imkon hammavaqt bo‘lgan Hammamizdan Xavvo baxtliroq: Yaralganda yori naqd bo‘lgan Shu on ko‘nglim qildi e’tiroz: Balki omad chopish boshqacha. Yorni orzu o‘ylaringga mos O‘zi tanlab topish boshqacha! Havvo birdan nasib Odamga Tushida ko‘rmagan, niyat etmagan Mendek sevib yonib, otamga Yagonam deb she’rlar bitmagan... Har gal insni yasaganda Qo‘l, Qilar ekan yana mukammal Ishq - O‘ziga eltuvchi bir Yo‘l, Mehr - farzga qilmoqlik amal. Muhabbatga umrimni berdim, Halovatim bir Odam oldi Havvo bu men, men Havvo derdim Endi esa o‘y bosib qoldi: Kimga shirin hayollarmizu Bizning sevgan Atomiz boshqa Farishtaday ayollarmizu Qilgan gunoh xatomiz boshqa. Yaralgandim Havvoga o‘xshab, Ishqda undan ortdim shekilli. Muhammadga ergashib yashab, Hadichaga tortdim shekilli... HAVVOGA XAVASIM KELADI Bu ishq yondiradi meni kun sayin Axiyr ayroliqda o‘lmog‘im tayin Har kun yuzlaringiz silagan mayin Saboga havasim keladi Oyog‘imni yerga bog‘lagan – gumon, Xijronlarda o‘tdi bu umrim tamom. Qo‘lingiz cho‘zasiz menmas, ko‘k tomon Samoga havasim keladi Qalbimni uzatdim kuyimga qo‘shib Dardi tinglanmagan devona-oshiq Ko‘nglingiz ovutgan o‘sha bir qo‘shiq, Navoga havasim keladi Havasda yashashni o‘zi ham bir baxt, Niyatimga qarab O‘zi berar naqd Sizga shunday zarur bo‘lsam hamma vakt: Havoga xavasim keladi Tinchimni buzadi, xar turli xayol, Ko‘rinmay ketsangiz olislab xiyol Rashkda qovrilmagan yagona ayol – Havvoga xavasim keladi… * * * Dunyolardan kechdim, deb aytsam, U O‘zingdan rahmat tiladi. Yo Rab, kimman, so‘zimdan qaytsam?! Bir mard meni ta’qib qiladi. Mehr - Haqdan, havas - Atodan, Bu o‘y hislarimni nurga beladi Tangrim, meni asra xatodan, Bir shart meni ta’qib qiladi. Havvoga xukmingdan saqlagin Egam, Yuki mahshargacha tamg‘a iladi. Hali javobgarman momom uchun ham, Bir gard meni ta’qib qiladi... Yozib yozilmaydi, o‘chib o‘chmaydi, Izn ber, hal qilar so‘zing bo‘ladi. U shonga uchmaydi, Senga uchraydi, Bir fard meni ta’qib qiladi. Hammasidan kech, deydi fikr, Qalbim borar Yo‘lni biladi. Bu qismat-chun O‘zingga shukr: Bir dard meni ta’qib qiladi... MUSOFIRLIKDA… Umr yo‘li uzun, manzili olis, Shukrki, safarda emasmiz yolg‘iz Qo‘limizdan tutib, ishonib xolis, Ovunib yuribmiz musofirlikda O‘rganib ham qoldik asli firoqqa Ko‘ngil tutmay qo‘ydi bizni so‘roqqa Topgan baxtimizni yaqin-yiroqqa Ilinib yuribmiz musofirlikda Diydoring quvnatar dilim har safar, Yaxshiyam, yo‘limda bo‘lding hamsafar Salga ko‘rinmasak izlab shom-sahar Bo‘linib yuribmiz musofirlikda Asli hayot boshqa, xayollar boshqa Muhabbatga tashna, mehrga tashna, Bir yurt ilinjida ko‘z to‘lib yoshga Sog‘inib yuribmiz musofirlikda Bizlarga yor bo‘lar ilohimiz deb, Yeru ko‘kni tutar bu ohimiz deb Ishqimiz eng go‘zal gunohimiz deb, Sig‘inib yuribmiz musofirlikda… 21.09.
| |
Просмотров: 1363 | |