Oydinniso Yo‘ldosheva
Bu kechmish kechmoqda mening ichimda. Bir o‘zim bebaxtman, bir men baxtiyor. Meni tushun desam, Aslo tushunma. Kel desam, kelma, yor. Tuman – harir ridom, bolishim – suho. Shafaq izlaringga ko‘zlarim xumor. Mayliga bil buni, mayliga bilma, Sen faqat, kelma, yor. Bir g‘ulu... bir qo‘rquv... titroqlarini ko‘tarolmas dilim, ko‘targan bir bor. Yo‘qotmaslik uchun topmayin seni, Kel desam, kelma, yor. * * * Keldi ertak! Keldi ertak! Sibizg‘angni chal shabboda, Nog‘orangni ham chal tak-tak, Ko‘kdan yog‘ilmoqda boda: Chak-chak-chak. Bu borliq mast. Yo‘qlik ham mast. Gandiraklab yurar yo‘llar, Bir-biriga borar ular. Chirmovuqday chirmashmoqda Chip yopishib birlashmoqda O‘ngu so‘llar, Yo‘llar, izlar... Qanday ayrilamiz bizlar? Qanday ayrilamiz bizlar?! * * * Meni kuyla, olam, men bir qo‘shiqman – Har satridan yuz yurak ungan. Chalgin meni, men bir musiqa – Tomirlarga jon bo‘lib ingan. Yasha meni, olam, yasha, hayotman – juvonmarglar ko‘zida qotgan. Sipqor to‘yguningcha men bir nafasman – oshiqlarning jonini yoqqan. Olam, hayqir meni, men hayqiriqman – Haqparastlar ko‘zida balqqan. Yig‘la meni, shaffof ko‘zyoshman – Mag‘rurlarning bo‘g‘ziga oqqan. Manglaylarga bitilgan sirli taqdirdirman, ko‘n menga, olam. Meni tingla, men bir odamman, Haliyam dunyoga kelmagan Odam... SOYA Biz yashagan umr sening umringdir, Hali yashalmagan umr meniki. Biz yuz burgan yo‘llar sening yo‘lingdir, Izlab topilmagan yo‘ldir meniki. Seniki pushaymon hamda tantana. Shuningdek, tabassum va yig‘i sasi. Sening g‘ussang erur, sening quvonching, Chekkan, tuyganimiz hamma-hammasi. Bari berganimiz sening dilingdir. Hali sarflanmagan ko‘ngil meniki. Biz yashagan umr sening umringdir. Yashab ulgurmagan umr meniki. * * * Bir so‘z top. Mayli, qalqimasin zaminu osmon, Oyoqqa turmasin xalq. Toshyurak ko‘ziga tepchimasin yosh, Bir so‘z top haq! Haq so‘z top Va shivirlab aytgin. Yo‘q, aytmagin, bo‘g‘zingda qotsin. Bo‘g‘zingga sig‘masa, sig‘masa, Mayli, mayli ichingda yotsin. Faqat top, Haq so‘z top! * * * Sening boshing toshdan, odamzod, Sen chidaysan, qo‘rqmay qarayver. Qara, osmon qanday lojuvard, Tong qanchalar musaffo! Qara, ichib qo‘ysin ko‘zlaring, Qanday go‘zal raqs tushar sabo! Qo‘rqma, qara, etar bardoshing. Axir, toshdan-ku sening boshing. Faqat... ko‘ngling nedan, bilmayman... * * * Chiqib ketayapman o‘zimdan, mana. Hamma eshiklarni berkitib qo‘ydim. Ayniqsa, mahkamroq qulfladim ko‘ngilni. Kalitini topshirdim senga, Ochmagin uni! Aytarli hech nima yo‘q unda. Na Majnun sahrosi, na Tohir daryosi. Bir chetida jimgina yashaydi Sevib-sevilmagan ayolning umidli dunyosi. Qo‘y, bu yo‘lga yuzingni burma... * * * Men keldim! Uzib oyog‘imga chirmashgan yo‘lni, O‘z-o‘zimga yo‘lday to‘shalib. Xazonday ilinib, maysaday ko‘klab, Tog‘larday yuksalib, ushalib... Dunyo bo‘lib keldim, dunyodan kechib, So‘zga aylanganman yutib so‘zimni. Nima bo‘lsam bo‘ldim, men keldim, axir, Topib ber o‘zingni! Topib ber o‘zingni! * * * Buloq o‘z dardida qaynayotgandi, Binoyiday sayrab turuvdi qushlar. Ularni tinchgina tinglayotgandim, Siz deb g‘oyib bo‘ldi tovushlar. Nega gapirmaysiz? Achchiqlanmaysiz? Kuling! Ajablanib qarang kamida. Indamay tinchimni buzyapsiz axir, Shovqin ko‘taryapsiz imi-jimida. * * * O‘shal tong har bir sas musiqa edi, Raqs edi har bir harakat. Xo‘roz qichqirmadi, qo‘shiq kuyladi, Jo‘r bo‘lishdi yomg‘irlar, yo‘llar. To‘planishib rosa o‘ynadi Shamollar, xazonlar, gullar... Ko‘krak qafasidan mo‘ralab turib Chapak chalib yubordi yurak. Va hammani og‘ziga qaratib, Boshladi biz haqda murodbaxsh ertak: "O‘shal tun har bir sas musiqa edi, Raqs edi har bir harakat...” * * * Men – erkin qush, sen – cheksiz osmon, Qanot qoqsam, har taraf Sensan! Ayt, Jonimiz qolgaymi omon, Keng bag‘ringda bir yayrab uchsam? Yomg‘ir, do‘llar, bo‘ronlar asov, qizg‘anib ish tindirmaydimi? Meni senga eltuvchi manov qanotlarim sindirmaydimi? Yo qalbingni qizdirgan quyosh Men o‘rtansam, kuyib ketmasmi? Tanga sig‘may chirpirak uchsam, Jonginangga ziyon yetmasmi? Qanot qoqsam, har taraf Sensan! Yerga qo‘nsam, qolgaymiz omon. Lek uchmayin qanday yashayman? Axir qushman, Sen esa osmon... * * * Yuragimni yulqib olib, O‘yna, shamol, o‘yna, shamol! Chertib ko‘rgin, otib ko‘rgin, Uyg‘ot! Uyg‘otib yubor! Ko‘ksim uzra pufla, shamol. Pufla, yonsin uchquni. Tortqilagin, yulqilagin, Tarqab ketsin tuguni. Ketma, shamol, jonim shamol. Tutib bergin bugunni. Bas qilayin axir endi o‘ttiz yillik tushimni.
| |
Просмотров: 1250 | |