Behzod Fazliddin
SUYUNCHI Osmonda yig‘lab keldim – Dardlarim maysa bo‘ldi. Yerda bitta bo‘lsa ham Baxtsiz kamaysa bo‘ldi. Garchi yig‘lab har kecha Tunlarimni qon qildim, Tongda guldan toshgacha Tabassum ehson qildim. Azoblaring – muhtaram, Men dardingga xaridor. Tovonimni o‘psa ham, Tikanlarning haqqi bor. Yuragimni uyg‘otgan G‘amlaringga ming shukur. Gardlarimni yo‘qotgan Dardlaringga tashakkur! Endi Senda parvoyim, Dunyoni yutib ketdim. Suyunchi ber, Xudoyim, O‘zimdan o‘tib ketdim. 2006 YASHASHGA JOY BORMI? Lahzaga tengma-teng o‘chib boraman, O‘zimdan, so‘zimdan cho‘chib boraman. Zavol bilmaydigan manzilni ko‘rsat, Tomirlarim bilan ko‘chib boraman. 2005 SO‘ROQ Dilni dilga yo‘llamay, Yo‘lni yo‘lga ulamay. Hech yo‘qsa, bir gullamay, So‘lib ketaveraymi? Tanda bor cho‘g‘im shu, deb, Bandalik chog‘im shu, deb, Mening bor-yo‘g‘im shu, deb, Nolib ketaveraymi? Ko‘klamlar nafasida, Gullash arafasida Toshlarning orasida Qolib ketaveraymi? Qanday kunga ko‘ndim-ay, Ich-ichimdan sindim-ay. Yoningizda indamay O‘lib ketaveraymi? Nega jimsiz?! 2004 UMRIM Bir lahzada osmon meniki, Bir lahzada yashab olaman. Bir lahzada bosar g‘am yuki, Bir lahzada... bo‘shab qolaman. 2005 YIGIRMA BIRINCHI BAHOR Daraxtlar qaytadan uyg‘onib bo‘ldi, Bu yildan qushlarning umidi katta. Bugun manov nihol to‘rt yoshga to‘ldi, Gullash yarashadi unga, albatta. Ko‘karish payida turibdi xaslar, Kurtaklar hayotga bo‘y cho‘zayotir. Toshlar bag‘rida ham bahoriy hislar, Barchasi mo‘‘jiza, mo‘‘jiza, axir... Qara, shundoqqina yoningda bahor, Osmon gullab bo‘ldi, gulladi Zamin. Hozir yuragingda qorga nima bor, Sen qachon gullaysan, Behzod Fazliddin?! 2004 *** Mening o‘lmaydigan og‘riqlarim ko‘p, Ketib bo‘lmaydigan dardlarim bisyor. Tilimning uchida chandiqlarim ko‘p, Muhabbat, ko‘nglimni gullatib yubor. Huda-behudaga ranjitmay tursa, Tinglab charchamayman ustoz Hayotni. Ko‘ksimni yulduzlar bo‘shatmay tursa, O‘ksitib ketmayman Adabiyotni. Ildizi shu qadar mustahkammikin Jonimda ko‘karib yotgan illatning? Qanday so‘zlar bilan ovutmoq mumkin Dardlari o‘zidan buyuk millatni?! Xudoyim, umrimni gullatib yubor... 2006 *** Men – hayot bog‘ida omonat yaproq, To‘kilib ketaman erta, indin yo. Bir kuni men senga qaytaman, Tuproq, Bir kuni men senga ketaman, Samo. Tangrim azal seni yaratmish suyuk, Qoshingda zarracha emasman, zotan, Shu qadar mangusan, shu qadar buyuk, Ming bitta umrimga arziysan, Vatan! Dunyo nima o‘zi – savdo bozori, Yashasam bo‘lardi do‘st qilib tanni. Xudo urmasmidi, yetib ozori, Hayotdan pastroqqa qo‘ysam Vatanni?! O‘tib qo‘ymasmidi Otam bahrimdan, To‘lib ketmasmidi do‘zax nolamga? Qonlar oqmasmidi bu tosh bag‘rimdan, Vatan qoldirmasam magar bolamga?! Yo‘q, bunday yashashga ko‘nolmaydi jon, Seni tanimaslik – Ruhimga isnod. Sen deb yashamasam, borligim yolg‘on, Sen bor, u dunyoyu bu dunyom obod. Mening zabonim – gul, qo‘llarim – sabo, Senga bo‘y taratmay so‘lmayman, Vatan. Hali ko‘p yashayman, avvali Xudo, Baxtingni ko‘rmasdan o‘lmayman, Vatan! 2002 MANZIL Buloqlardan toza ko‘zyoshman, Xalqdan chiqib xalqqa boraman. Men shunday bir o‘jar quyoshman, Sharqdan chiqib Sharqqa boraman. 2007 TUSHUNMOVCHILIK Bo‘ldi, yig‘lamayman, bo‘ldi – kulmayman, Yuragingni ortiq etmayman bezor. O‘zimdan boshqani xafa qilmayman, O‘zimdan boshqaga bermayman ozor. Kimlarning ko‘ngliga qarab kun ko‘rdim, Yalinib bormayman Baxtning yoniga. Kulib baxtsizlarga xalaqit berdim, Yig‘lab baxtlilarning tegdim joniga. 2006 QO‘NG‘IROQ Uyimni to‘ldirgan jimlikni buzib, Hayotni eslatib yangrar qo‘ng‘iroq. Olisdan bir go‘zal (ko‘zini suzib) Gapirar, adashib tushibdi biroq. O‘zim bilan yolg‘iz qolarman yana, Domiga tortadi xayollar – dengiz... Telefon!.. Junbushga keladi xona, Yana o‘sha "Boshqa joyga tushdingiz”. Nahot, hamma menday adashgan, yonar, Savollar tosh bo‘lib urilar boshga. Har safar almashib qolar raqamlar, So‘ragan begona, so‘ralgan boshqa... Hamon dovdirayman, Ruhimda to‘fon, Meni shu simlarga bog‘lab qo‘ygan Vaqt. Yuragim jiringlar – jonli telefon, Ehtimol, qo‘ng‘iroq qilayotgan Baxt... 2006 KELDIM Gullar rang almashib zerikmadilar, Dunyo tovlanishdan charchamadi hech. Irmoqlar ko‘ksimda birikmadilar, Kelib ko‘zlarimdan kishanlarni yech. Boru yo‘g‘im bilan o‘zimga xosman, Benazir ishqimdan hanuz ko‘nglim to‘q. Qancha yulduz to‘kdi poyimga osmon, Ko‘z uchida bo‘lsin, qaraganim yo‘q. Boshimni egmoqchi edi ranj-alam, Mudom borligingni bilib yashadim. Seni bilmasam ham, tanimasam ham, Yodingni mash’ala qilib yashadim. Baxt shundoq yonimdan ketdi burilib, Ishq haqqi, tilimni tishlab turibman. Shuncha yildan beri o‘lib-tirilib, Sen uchun o‘zimni asrab yuribman. Aslo topolmasin qayg‘u izingni, Kulaver, o‘rningga men siqilaman. Uyqularingda ham asra o‘zingni, Senga shamol tegsa, men yiqilaman. Oy yana beparvo ko‘chamdan o‘tar, Shoshib Vaqtdan oldin qoshingga yeldim. Ko‘zlaringni ochgin, pardani ko‘tar, Qara, tushlaringdan chiqib men keldim! 2007 JONIM O‘t ichida yashash osonmi, Jonim, Nechuksiz? Joningiz omonmi, Jonim? Ayirib qo‘yishdi yo‘llarimizni, Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim? Ko‘ngilning yurtidan ketib bo‘lmaydi. Sinovsiz manzilga yetib bo‘lmaydi. Axir, muhabbatning ko‘chalaridan Yurakka tosh solib o‘tib bo‘lmaydi. Yer, Samo biz bilan, qisinmaydilar, O‘tkinchi kuchlarga bo‘ysunmaydilar. Tushunib turibdi Xudoyim bizni, Nega bandalari tushunmaydilar?! Odamlar shunchalik yomonmi, Jonim?.. 2004 MENDAN YAXSHI YOMON YO‘Q Ko‘nglingizning ko‘shkini yopolmaysiz, baribir, Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir. Mingta bulbul nag‘masi bitta izhorimcha yo‘q, Dunyolarning rohati zarra ozorimcha yo‘q. Ko‘zingizga o‘t yoqar ko‘kka chizib rasmimni – Inilarim – yulduzlar eslatadi ismimni. Keyin qanday yashaysiz – havolar ham yoqmaydi, Ovoralar bo‘libsiz, mensiz Quyosh chiqmaydi. Izingizga gul otgan dunyolarning ko‘ngli kir, Mendan yaxshi yomonni topolmaysiz, baribir... 2006 SIZGA SAVOL Ko‘zingizda turgan dardmi, armonmi, Sevilish osonmi, sevish osonmi? Sizsiz yasholmayman, deb charchamaysiz, Jonim, hayotingiz shuncha arzonmi?! 2006 SEVGINI SEVGANNI... Allaqachon to‘zib ketardim, balki, Va yo g‘amlar meni etardi ado. Kimningdir ko‘nglini olgandirmanki, Yuragimni asrab kelyapti Xudo. O‘zi yaqin oldi meni O‘ziga, Kunda Quyosh bo‘lib yo‘qlab turibdi. Men aytgan toza bir So‘z evaziga Qilday hayotimni saqlab turibdi. Nimaga ko‘zimda yulduz kam – Ishq kam, Men noshud umrimni kimlarga berdim? Ko‘ksim nurga to‘lib bitta gul eksam, Orqasidan o‘nta nihol sindirdim... Baribir, ko‘nglimga kelaverdi U, Kechirilib ketdi har qanday xato. Axir, men sevishni o‘rganyapman-ku. Sevgini sevganni sevadi Xudo... 2006 *** Ko‘zingdagi sellaringni quritaman, G‘amlaringning tishi singay – qaritaman. Zarraman-u, taftim mingta quyoshga teng, Sham bo‘lsam ham yo‘llaringni yoritaman. Hayotingni xayolimga o‘rab turgin, Sovib qolsang, cho‘g‘larimdan so‘rab turgin. Faqat o‘zing o‘chishimga qo‘yma meni – Faqat o‘zing ko‘zlarimga qarab turgin. 2005 MENSIZLIK Yulduzlari ichikib qoldi, Mahzun endi Oysiz osmonim. Sensizlikka ko‘nikib bo‘ldim, Qanday ekan mensizlik, jonim?! Ana, ko‘zim ko‘zingdan o‘tdi, Qo‘y, yashirma titroqlaringni. Xato qilding, o‘zingdan o‘tdi, Tishlayapsan barmoqlaringni. Endi nurga begona yuzing, Quyoshingning ranglari qani? Sig‘mayapsan o‘zingga o‘zing, Hayotingning tonglari qani? Kechalaring o‘zingday g‘arib, Armonlaring osmondan katta. Yuragingga termilib turib, Yig‘layapsan birinchi marta. Uxlab qolgan kunlaring haqqi, Mening o‘rnim boshqa – bo‘lakman. Yig‘lab qolgan tunlaring haqqi, Men, baribir, senga kerakman! 2003 *** Qachon ko‘zlaringga sulton bo‘laman? Qaerda joningga tutashgan yo‘lak? Ko‘changni qidirib nima qilaman, Menga yuragingning manzili kerak! 2003 KO‘ZINGIZNI BERIB TURING Yolg‘izginam, farishtaga tenglikkinam, Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay. Ikkimizning dardimiz bir, munglikkinam, Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay. Men boshimni urmagan bir tosh qolmadi, Rostin aytsam, yuragimda dosh qolmadi. Qurib qolgan ko‘zlarimda yosh qolmadi, Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay. Uzun-uzun armonlarim chiqib ketsin, Zardoblarim ko‘zyosh bo‘lib oqib ketsin. Qalbimga bir qizg‘aldoqlar boqib ketsin, Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay. Men shabnamman, g‘uborlarga qo‘nolmayman, Yo gul bo‘lib tosh yurakda unolmayman. Ko‘nolmayman, bu dardlarga ko‘nolmayman, Ko‘zingizni berib turing, yig‘lab olay. Quzg‘unlarning qilig‘idan zorim keldi, Tog‘ qalbimga nafrat degan sorim keldi. O‘zim bo‘lib yig‘lolmayman, orim keldi, Keling, Sizning ko‘zingizda yig‘lab olay, Jon rishtasin joningizga bog‘lab olay... 2001 OTAMLASHUV Bu dunyo – g‘alvali uy, deysiz, Har jonda ming tashvish, o‘y, deysiz, O‘zimga sig‘mayman, siz har gal Ko‘p gapirmay, choydan quy, deysiz. Men ozib-yozib bir borgandim, Ozurda ko‘nglimni yorgandim, Yig‘lamay yig‘lashni o‘rgandim, Tishingni tishingga qo‘y, deysiz. Ko‘zimda dunyocha yosh bo‘lsa, Ko‘ksimda bir uyum tosh bo‘lsa, Nahotki, belbog‘im bo‘sh bo‘lsa? Har neni hikmatga yo‘y, deysiz. Kechalar baxtimni tush ko‘rib, Birgina boshimni qo‘sh ko‘rib, Katta bo‘lganimni xush ko‘rib, Qachon yana elga to‘y deysiz? 2007 ONAM YOZOLMAGAN SHE’R Sochlarimda oq gullar, Kel, ularni ter, bolam. Yo‘lingga mushtoq yo‘llar, Bolam bo‘lib ber, bolam. Ko‘ksimga oy berkitdim, Yulduzlarga choy tutdim. Otangdan ham ko‘p kutdim, Baxtim bo‘lib ber, bolam. Titragan sozingni qo‘y, Bo‘g‘iq ovozingni qo‘y. Qalam-qog‘ozingni qo‘y, O‘g‘lim bo‘lib ber, bolam. Yo‘l uchun tuqqanmidim, Gul uchun tuqqanmidim, Pul uchun tuqqanmidim, Borim bo‘lib ber, bolam. Qaldirg‘och singling behol, Qanotidan xatni ol. Ishing ko‘pdir, ehtimol, Kelmay qo‘yaver, bolam... 2006 ENG ACHCHIQ BAHONA Qorin tinch qo‘ymaydi – non topish kerak, Tashvishlar sudraydi meni har tomon. O‘zini esidan chiqardi Yurak, Yashashga vaqt qayda, Onajon?! 2004 AYBNOMA Behzod Fazliddinga aytib qo‘yinglar, Bu tun ham uxlamay chiqdi otasi. Uzun bo‘lib ketdi, tilin qiyinglar, Onasi ko‘ksida g‘amlar shodasi. Qishlar kelib bo‘ldi, u gap tuzguncha, Bir bor hovlisida qor kurab bersin. Birovga yoqay deb gullar uzguncha, Borib onasining dardini tersin. Keyin gullayversin, ko‘karsin, mayli, Otaning duosi boshlagay taxtga. Nega toleidan yo‘llari ayri, Onasiz ham borish mumkinmi Baxtga?! Ishiga ishq qo‘ygan qanday farzandki, Loaqal ko‘nglini ochib ketmaydi. Darvoqe, u kishim shunchalar bandki, O‘zidan boshqaga vaqti yetmaydi... 2007 SHOIR Hamma so‘zlar Seniki edi, Sochding, terib olaverdim jim. Bu oltinlar meniki endi, Men eng baxtli o‘g‘riman, Tangrim! 2006 OG‘RIQ Qancha kunlar qazo bo‘ldi, Jonimizga jazo bo‘ldi. Bizdan kimlar rizo bo‘ldi? Egamizga nima deymiz? Iymon azim daraxtdir xo‘b, Yaprog‘idan mevasi ko‘p, Shoxlarini sindirdik xo‘p, Egamizga nima deymiz? Kapalakka qo‘l bermadik, Chumoliga yo‘l bermadik, Dil olmadik, dil bermadik, Egamizga nima deymiz? Uyg‘ongimiz kelmas sira, Ko‘zimizni bosgan shira, Borgan sari ko‘ngil xira, Egamizga nima deymiz? Shayton buncha sohibjamol?! Qonimizda topar kamol, Hayotimiz – bitta savol: Egamizga nima deymiz? 2007 BIZ Ko‘hna xotiralar mahzun ko‘z ochdi, Hayot qozonida ko‘paydi kamlar. Quyosh chiqqaniga ming yildan oshdi, Nega uyg‘onmaydi odamlar?! Qadamlar nojo‘ya, qadamlar og‘ir, Giyohlar ko‘zida obi zam-zamlar. Yuzini yashirib yig‘lamoqda Yer, Nega ishonmaydi odamlar?! Qo‘llarida Cho‘g‘ni asragay qanday, Nahot, o‘chib borar asriy bu shamlar? Jannatga buyurtma berib qo‘yganday, Nega shoshilmaydi odamlar?! Shabnamlar alvido aytdilar sokin, Bir nurli visoldan titragan damlar. Bu tong oxirgisi bo‘lishi mumkin... Nega tushunmaydi odamlar?! 2008 O‘ZIGA Chaqirsang, hech qaerga chekinmasdan keldim-ku, Tog‘larning orqasiga bekinmasdan keldim-ku. Qarg‘alarning tiliga insof tilab yashadim, O‘zimdan boshqasiga teginmasdan keldim-ku. Endi holimni so‘ra. Qachongacha armonlar kulbasiga qo‘noqman, Men dunyoning ortidan chopayotgan cho‘loqman. Yillar aro so‘zlarim manziliga yetmaydi, Yuragimni tilimga ko‘chirgani no‘noqman. Endi ko‘nglimga qara. Sovib qolsam, jonimni qaysi o‘tlarga tutay, Nurlaringning bag‘rida kirlarimni yo‘qotay. Bo‘shab qolgan ko‘zlarim, o‘zim bedor bo‘lmasam, Ko‘ksimdagi qushchani qanday qilib uyg‘otay?! Endi holimni so‘ra. Men bu yerga Sen uchun egilgani kelganman, Lolalarning ko‘ziga tikilgani kelganman. Ishontirsang, hukmingni bajarmasdan ketmayman, Hammayoqni gullatib, to‘kilgani kelganman. Endi ko‘nglimga qara, Endi o‘zimga qara... 2005 *** Rizqim tosh bo‘lsa ham, halol et – qand qil, Meni mendan qutqar, O‘zingga band qil. Tubanda yuzimni yo‘qotayozdim, Meni yuragimdan boshlab baland qil. 2007 *** Yurolmayman, oyog‘imda loylarim ko‘p, Kuchukchalar tishlab olgan joylarim ko‘p. Osmonlarga da’vogarlar bisyor ekan, Chap ko‘ksimda chiqmay yotgan oylarim ko‘p. Yuragimni kemiradi ming bitta o‘y, Nahot, endi yalpizlarim sochmaydi bo‘y?! Men bandangning qo‘llariga ishonmayman, Tangrim, endi O‘zing meni turg‘izib qo‘y! 2003 katta–KICHIK Hayot gullariga eng mard xaridor, Bo‘lsa o‘zlariga suyuk yuklari. Toshlarni uyg‘otgan nurday xokisor, Kichkina qalblarning buyukliklari. Yuzlarin Quyoshga teskari burar, Bulut ko‘zlaridan ketmaydi nari. Mudom hayotingni egovlab turar Katta odamlarning maydaliklari. 2007 HAYOT SPEKTAKLI Kechagi yosh bola bugun kemshik chol – Birov tug‘ilganda birov o‘ladi. Yana o‘sha o‘zim xohlamagan rol... Dunyo tomoshabin bo‘lib kuladi. Odamlarga aytar boshqa gapim bor, Tugab boryapman-u, nega barcha jim? Meni ma’zur tuting, janob Rejissyor, Baxtlilar rolini o‘ynab charchadim... 2006 HASRAT Yaram o‘tib ketdi jon-jonlargacha, Hali ko‘p ingrayman azonlargacha. O‘ylab charchamayman qachonlargacha Armon gullariga ildizligimni? Ko‘zimga tumanlar kutadi kimlar, Izimga tikanlar otadi kimlar, So‘zimga kishanlar tutadi kimlar, Bilib osmoni yo‘q yulduzligimni. Mudom ko‘z ostidan chiqqan arilar, Umrimdan gunohlar yiqqan arilar, Birovning nishida chaqqan arilar Bilmasmi bulbulmas, qo‘ng‘izligimni? Yuragim – oyoqlar tiqilgan chashma, Hali bir tomchimga qilaman tashna, Yuzimga solishing shart emas, oshna, O‘zim ham bilaman yolg‘izligimni... 2002 JONDAN O‘TDI Toqqa chiqay, desak, toshlar qo‘ymasa, Ko‘zga yoqay, desak, qoshlar qo‘ymasa, Yashashga mana bu boshlar qo‘ymasa... Bizga ham atalgan dunyolar bormi?! 2006 OYGA TEGMANG Nima qilsam, Oyni boshqa yig‘latmaysiz. Nima qilsam, tinch qo‘yasiz osmonlarni? Nima qilsam, yulduzlarga tosh otmaysiz, Nima qilsam, o‘ldirmaysiz jayronlarni? Birga Haqning ayvoniga boradi, deb, Qaldirg‘ochlar qo‘llarimdan tutib olgan. Hech bo‘lmasa, panoh so‘rab beradi, deb, Oyog‘imga kiyikchalar yotib olgan... Yomonlarga pastlagim yo‘q, asli, lekin, Giyohlarning nomlaridan qo‘l so‘rayman. Hali kechmas, hali yana sevish mumkin, Men gullarning ko‘ngli uchun yo‘l so‘rayman. Nurga qayting – ro‘yolarni ketkazasiz, Yeru ko‘kning tinchi uchun boshlandi jang. Bu ketishda umringizni yutqazasiz, O‘zingizga shafqat qiling – Oyga tegmang. 2005 *** Yalinchoq emasman, kibrimmikan bu? O‘zimning o‘zimga jabrimmikan bu? Yashashim mumkin-ku jonimni siylab, Tosh tishlab yuribman, sabrimmikan bu?! 2003 «Sen qachon gullaysan»(2008) kitobidan. UZUN ORZU Birdan qanot o‘sib chiqsa yelkamdan, Uchsam. Hammasini unutsam. Ketsam. Asar ham qolmasa shum ko‘lankamdan, Armon yetolmagan manzilga yetsam. Quvib tutolmasa ortimdan la’in, Muhabbat o‘rtada bo‘lmasa dallol. Xuddi shu eng maqbul, to‘g‘ri yo‘ldayin – Uchishim hech kimga kelmasa malol. 2008 BOZOR Bugun ham pul emas, Nur izlab chiqdim, Nigohlarim toza – ko‘zimda kir yo‘q. Yana nazari och to‘pga yo‘liqdim, Odamman degan ko‘p, yuzida nur yo‘q. Qanday yurak ochay yuraksizlarga, Nahot, shularni deb to‘kmoqchiman ter? Yordam bergim kelar mahbus so‘zlarga, Gaplar osmondadir, poygaklarda She’r. Yashash hadisini bilmasman, balki, Insonlik ilmidan olurman ta’lim. Halollikdan saboq berarmi yoki O‘zi amal qilmas Hayotmuallim? Toshlarni chaynashga temir tishim bor, Cho‘kib ketmaslikka toparman qudrat. Menshunoslar bilan nima ishim bor, Bu yo‘ldan ko‘z yumib o‘tgum yo‘q faqat... 2008 ESKI HAQIQAT Dunyo eski, tashvishlar eski, Navqironday bu g‘amlar ko‘hna. Qarsak chalib topamiz taskin, Hayot o‘zi eski bir sahna. Gar pixini yorgan fuqaro O‘zlashtirmoq bo‘lar bugunni, Yecholmaslar ming yillar aro Sevgi degan eski tugunni. Kim birovni yig‘latib kular, Shu o‘yinlar menga qiziqmi? Yo o‘chirib berarmi ular Peshonamda turgan yozuqni? Faqat sira tinch qo‘ymas bir hol, O‘ylatadi dunyo ishlari: Nigohlari ma’yus majnuntol, Chinorlarning xo‘rsinishlari... 2008 O‘G‘IL Dada, dalangizga dard sochib keldim, Yana mashaqqatu zahmatlar Sizga. Belingiz og‘ridi, men qochib keldim, Qachon olib berdim rahmatlar Sizga? Aya, sog‘inchingiz sochi oqardi, Bormadim – ko‘payib ketdi to‘ylarim. Shu yoshimda faqat sevish yoqardi, Sizdan ko‘ra ko‘proq uni o‘yladim. Boshdan nima o‘tdi – bildirganim yo‘q, Kimdir to‘kaverdi nur izlarimga. O‘zimni-ku xafa qildirganim yo‘q, Ozor berib qo‘ydim azizlarimga. Maysalar, paryostiq bo‘ling, bosh qo‘ysa, Chinorlar, Otamning yonida yuring. Bolasini o‘ylab yuragi kuysa, Achchiqqina qilib choy damlab bering. Bu tashvishlar bilan bo‘lmaydi qarib, Meni kutish uchun kelgan olamga. Qo‘llari tolmasin chelak ko‘tarib, Bulutlar, suv tashib turing Onamga. Dada, dardingizga boshman, bilaman, Aya, tushlaringiz bir kun kelar o‘ng. Hali yuzingizni yorug‘ qilaman, Odamshoir bo‘lib borganimdan so‘ng. 2008 "UCHLIK”LARIM So‘qirning qo‘liga sham berma, dedim, Hayot kafgiriga dam berma, dedim, Mendan boshqasiga g‘am berma, dedim. *** Soyaday qadamim poylaydi Gunoh, Meni o‘zimdan ko‘p o‘ylaydi Gunoh, Nimaga yashashga qo‘ymaydi Gunoh?! *** Tovlanishni bas qil, zarga og‘mayman, She’r bilan ovutma, so‘zga sig‘mayman, Men yig‘lay olmaslar uchun yig‘layman. 2008 JAVOB Meni tushunmadi tushunganlarim, Ularni tingladim, o‘zimni tiydim. Ishonmay qiynadi ishonganlarim, Mitti ozorlarni kechirdim-qo‘ydim. Yot so‘zga berkitdim quloqlarimni, Haqgo‘y ko‘zlarimni atadim g‘anim. Shamoli o‘chirdi chiroqlarimni, Mendan kechib ketdi kechmaganlarim. Do‘stlar, do‘stlarimga ayting, shoshmasin, Arzonga uchmasin sotmoqchi bo‘lsa. Xiyonatida ham maydalashmasin, Kattaroq tosh otsin otmoqchi bo‘lsa! 2008 | |
Просмотров: 1908 | |