Jo‘rabek Ramazonov
QIYOMAT Dunyo ko‘rmas emish boshqa payg‘ambar Muhammaddan toki mahsharga qadar. Ungacha poklanib bo‘lishi shart yer, Yozilib bo‘lishi kerak hamma she’r. Qiyomat kunida erkagu ayol Qip-yalang‘och yurar emish bemalol. Tangrining qoshida tiz cho‘kib u choq, Har bir gunohiga berarmish so‘roq. Hozir-chi, erkakka urar erkak do‘q, Ayolning egnida yarim libos yo‘q. Aslini shunchaki surishtirsang gar, Payg‘ambar nomiga mingta da’vogar. Menimcha, qiyomat boshlanar shu dam – Qachonki odamga sig‘insa odam! * * * Garchi ko‘p dunyoda ellar, elatlar, Ba’zisin xalqidan qonuni bisyor. Ammoki har nima bo‘lsa, millatlar Ozod yashamoqni aylar ixtiyor. Erk axir tomirdan unguvchi daraxt, Yaprog‘in yo‘llarga gulday to‘shasa… Bu qanday el – agar kunduzi karaxt, Tunlari xavotir bilan yashasa! Bu qanday el, agar haqgo‘ylar asir, Daholar avaylab yursa jonini. Yeyishga bir burda noni yo‘q shoir Maqtasa shohining dasturxonini! Bu qanday el, agar unutib shonni, Tonglariga o‘zi berolmasa zeb. Millatning yagona qahramonini Tanishtirsa xalqqa dushmaning shu deb Dehqoni ko‘rnamak, cho‘poni o‘g‘ri, Qizi beandisha, o‘g‘li toshbag‘ir… Telba buyruqlarning ayovsiz cho‘g‘i Asl farzandlarni kuydirsa bir-bir… Ha, tarix dillarga cho‘kar tosh bo‘lib, Unutib bo‘lmaydi lahza-yu onin. Yurtim, sen misoli bir quyosh bo‘lib, Yashnatib yuraver dunyo ayvonin! X O‘ R O Z Tong chog‘i xo‘rozni turtadi tovuq: "Turing endi, xalqni uyg‘otish kerak!” Xo‘roz-chi, to‘ng‘illab qo‘yadi sovuq: "Hali erta axir, jim yotish kerak!” Ikkinchi bor tovuq turtganidan so‘ng Erinib ochadi xo‘roz ko‘zini. Allaqachon ortda qolib ketgan tong, Suron egallagan zamin yuzini. Shunda so‘ka boshlar tovuqni xo‘roz: "Nega uyg‘otmading sen befarosat? Hamma yoqda bizga begona ovoz, Endi qichqirishga qolmabdi hojat!” Bu na latifa-yu, na bir rivoyat, Shunday ekan, ma’no izlamang bundan. Lekin… boshlanishi mumkin qiyomat Odamlar xo‘rozga ishongan kundan. U R U SH Qo‘shnimiz bor edi – bardamgina chol, Faqat bir qulog‘in miltiq cho‘qigan. Qiziqib, urushdan beramiz savol, Deydi: "O‘lmaganman tanklar o‘qidan. Qo‘ltiqtayoqqa ham suyanganim yo‘q, Huv ana, miltig‘im ayvon qoshida. Hozir ham shu Vatan uchun jang qilmoq Lozim bo‘lsa, borgum safning boshida!” To‘g‘ri, men urushni ko‘rgan emasman, Xiyla eshitganman choldan harqalay. Ammo olovlangan yuragim bilan Hayot maydoniga kiribman bilmay. Ko‘rdim – kurashlarga yaramaydi bir, Lekin ko‘kragini kergani kergan. Angladim: bundaylar ortidan kimdir Telefon go‘shagin ko‘tarib turgan. Ba’zida mendan yuz burganda omad, Shunchaki dard bilan cho‘kkanda ko‘ksim, Ayamasdan sochar turli malomat Qandaydir "…vich”larga ishongan do‘stim. Ko‘rdim – falonchining erka bolasi Imtihon mahali surganmish "tanka”. Pistonchi mansabning zinalaridan Suyanib chiqqanmish qo‘ltiqtayoqqa. Maydonga qurolsiz, o‘qsiz kirganman, Faqat yuragimni bo‘yadim oqqa. Tanklarning zarbidan hanuz omonman, Suyanganim ham yo‘q qo‘ltiqtayoqqa! N U Q T A Xohi jiddiy, xohi yo Shunchaki hazil bo‘lar, Tugaguncha bitta gap, Ming jonim savil bo‘lar. Falonchiga xush yoqar – Buyruq beradi ko‘proq; Chidayman-da boshimda Tursa ham uzun tayoq. Pistonchi kimlarnidir Qilar tinmayin so‘roq. Bunday mahal ustimda Gerdayar o‘tkir o‘roq. Ba’zilar pardoz uchun Gohi "dum” ham qo‘yishdi. Gapin ichga yutganlar Meni uchga bo‘lishdi. AYOL HAQIDA Siz nega ayolni beozor deysiz, Nimaga o‘yingiz bo‘lmaydi teran? Shoirlar yolg‘onin istisno qilsak, Kim unga qaysi vaqt jonini bergan? Tasavvur qilaylik: izg‘irinli kun, O‘tib ketayotir yo‘ldan bir juvon. Axir, shu ayolning po‘stini uchun Ehtimol qirq quyon bo‘lgandir qurbon! Biz kabilar nuqul yolg‘onni yozib, Qoshida o‘zini poyandoz tutar. Lekin ayollarga yoqa bo‘lay deb Orzu qilmagandir bironta suvsar. Ayol ham o‘zini xokisor bilib, Kimnidir suyadi, kimdan kuyadi. Dahshatli timsohning terisin shilib, Oyog‘iga etik qilib kiyadi! Siz yana ayolni beozor deysiz… O N A Qaysidir qavmda urushdan keyin Onalar kelarkan jang maydoniga. O‘g‘lining jasadin topib, so‘ng sekin Yaqinlashar ekan uning yoniga. Agarda dilbandi old tomonidan Yaralangan bo‘lsa, tortarkan uvvos. Joy berib ajdodlar qabristonidan, Aza tutisharkan onalarga xos. Agar orqasidan o‘q yeganda u, "Urushdan qochgan” deb qo‘yarkan tashxis. Hech kim yig‘lamaskan, chekmaskan qayg‘u, Ona ham murdadan o‘girarkan yuz. Bu ko‘hna dunyodan qolgan bir qissa, Aslini bilmayman – yolg‘onmi yo chin. Ammoki, hayotda shundayin yasha, O‘lsang, hech bo‘lmasa onang yig‘lasin. B U L B U L Bu bulbulga kelmas havasim, Ko‘r qilmishi ko‘ksim tiladi – Qancha go‘zal bo‘lmasin sasi, Ozodlikda nola qiladi. D O G‘ Yuzingda dog‘ing bor, deb Oyga ta’na qilamiz. O‘ylayman ich-etim yeb: Qani yerda dog‘siz yuz? Q O‘ R Q O Q Baliqning qiltig‘idan qo‘rqadi, Havoning shiltig‘idan qo‘rqadi, Boshlig‘ining xonasidan qo‘rqadi, Xotinining onasidan qo‘rqadi. * * * Bir sahar ukamni uyg‘otmoq bo‘lib, Turtkilay boshladim tutib kiftini. U esa negadir birdan seskanib, So‘ng siltab yubordi mitti kaftini. Xullasi, o‘sha tong qonadi burun Uyg‘onsin deganda jajji bir go‘dak. Qonamasmi xalqni uyg‘otmoq uchun Minglab burunlaru milyonlab yurak…
| |
Просмотров: 1486 | |