Nargiza Asad
Uyulib yotadi stolda qog‘oz Boshing ko‘tarolmaysan ishdan. Xonang issiq... sovqotdim bir oz, Jonim, xabaring bormi qishdan... Qiyalatib eshiging nasim, Ostonangdan bo‘ylasa so‘ng bor. Anglamading... sog‘inish kasbim Qara, axir, ketyapti bahor!... Uvushdimi nedandir tanang, Qarog‘imda qolsa tilaklar. Ko‘rmaganga yo‘ygach ishxonang, Olib ketdi, meni laylaklar... Xazonbog‘dan kelsa gar ovoz Izla, endi tuyg‘ularimni Yillar bo‘yi titkilab qog‘oz, Topolmaysan, kulgularimni... MANZARA Dardga yo‘rgaklab baxtni, Bu fursatni qancha kutdi. Titratib yeru samoni, Yukli ko‘kni to‘lg‘oq tutdi. Karaxtlanib qoldi zamin, Lahzalarga larza indi. Chopib doya guldiraklar Do‘l-yomg‘irlar horib, tindi. Xushxabarni ilib ketdi, Shamol erkka berib jismin. Olam boqib, qizaloqning Ko‘klamoy deb qo‘ydi ismin. * * * Buncha go‘zal, buncha dilrabo Bahor seni suyganligi rost. Atrofingda aylanar sabo, Uning ishqi shamollarga xos. So‘z topolmay dashtlar bir og‘iz, Bu husningdan turadi karaxt. Oydalada qo‘rqmayin yolg‘iz, Ayt, qandayin gullading daraxt. * * * Vatan. Sening har bir burjing Yuragimning sarhadlaridir. * * * Quyoshning tikilib qolganini ko‘rib, duv qizardi olchaning yuzi. * * * Tun bo‘yi... yomg‘ir Derazam oldidan ketmadi, Yig‘layverdi ismingni aytib.
| |
Просмотров: 1272 | |