Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Четверг, 21.11.2024

Zohidjon Xolov
DEBOCHA

Ehtimol ertakdir tanlagan rohim,
Ehtimol yolg‘onning toshdandir joni.
Bir lahza bo‘lsa ham tiriklik chog‘im
Pok ko‘rmoq istayman ko‘hna dunyoni.

Mehr ko‘zlaridan yosh oqar mung-mung,
Bitta tomchisini bir muddat illo
To‘xtatish kelmasa ojiz qo‘limning
Qalam ushlashga ham haqqi yo‘q aslo.

Adolat — g‘amgusor, dardlari uzun,
Gumonlar kuydirar jonu jismimni.
Bir bor kuldirmasam haqiqat yuzin 
Tilga olish — uyat mening ismimni.

Ko‘ngilga taslimdir shuuriy tilsim,
Yoshlik vujudimda gullagan mahal...
Bosh ko‘tarib yursam, boshim kesilsin,
Ishqdan o‘zim uchun qo‘ymasam haykal.

Muhabbat — iztirob, ranj, qayg‘u, zafar,
Osmondan tushgan ul saodat — g‘irrom.
Hijronlar o‘tida tobla, ey dilbar,
Zahmatsiz kelgan baxt — men uchun harom.

7.03.2006


YOLG‘ONCHI SHABBODA

Aytishlaricha, Napaleon Bonapartni 
yaqinlari "Janob, turing, sizni 
buyuk ishlar kutyapti!”, deya uyg‘otishar ekan.


Ayt-chi, nima ko‘rdik dunyoga kelib,
Kuzlarni yetaklab yillar o‘tmoqda.
Tong chog‘i shivirlar shabboda yelib:
— Turing! Sizni buyuk ishlar kutmoqda!

Bir xil holat bo‘lgay mehmoning har kun,
Bir xillik sindirib sinar bardoshing.
Hech narsa o‘zgarmas, yasharsan beun,
Faqat umring nurar, o‘zgarar yoshing.

Buyuklik axtarib kezarsan sarson,
Nahotki aldagan qurg‘ur shabboda?!
Asli olam ichra bir nuqta inson,
Qanchalik yuksalsa — shunchalik sodda...

Na metin qonun bor, na chin aqida,
Lahzalar qarshingda chopar bepisand.
Har kun so‘zlashasan odam haqida,
Odam deb atalgan sukunat bilan...

Qalbing to‘la oppoq orzular — lim-lim,
Yelkalab yurarsan lek tashvishlarni.
Men kimman?
Sen kimsan?
Biz kim? Biz — hech kim!
Buyuk qo‘llar qilar buyuk ishlarni!

Dod solmoq istarsan to‘rt tomon giryon,
Oh bilan qalqitib bo‘lmas fanoni.
Shunda koinotda tuzib keng maydon,
Koptok qilib tepging kelar dunyoni.

Lol bo‘lmasin darddan ko‘ksi kuyuklar,
Shabboda yanglishdi uyg‘otib bizni.
G‘aflat bosib uxlab yotmas buyuklar,
Uxlasa ham ochib uxlarlar ko‘zni...

Ayt, nelar ko‘rmadik dunyoga kelib,
Kuzlarga qorishib yillar o‘tmoqda.
Tun chog‘i shivirlar shabboda yelib:
— Uxlang! Sizni buyuk tushlar kutmoqda!

27.08.09


SUNBULA

Sumbulayu, sunbula
Netay, ko‘ksim yonmoqda.
Sevib turib bevafo
Sevgisidan tonmoqda?!

Sumbulayu, sumbula 
Kel, poyingga bosh uray.
Jajji yaproqlaringga,
Yuragimni yashiray.

Sumbulayu, sumbula,
Dodimga yetar bormi?
Men bilan jannatlarga 
Bosh olib ketar bormi?

Sumbulayu, sumbula,
Yorsiz umrim tamom-ku?!
Ketsam do‘zah, arosat —
Jannatlar ham harom-ku?!

Sumbulayu, sumbula,
Hijron mening yo‘limdir.
Ishqli o‘lim — hayotu,
Ishqsiz hayot o‘limdir!

2008


SO’Z

Ruhim samolarga bo‘ylagan,
So‘z — savobim,
So‘z — totli oshim.
Faqat haqiqatni kuylagan
Tilim ko‘kka ko‘tarar boshim.

Sovrilmasmi havoga ochun,
Topilmasa yolg‘onga malham?
Haqiqatning visoli uchun
Barcha shoir qurbon bo‘lsa kam!

To‘g‘rilikka berilmay mansab,
Siylamasa rostgo‘yni zamon.
Quloq bilan ko‘raru, ajab
Tili bilan yugurar yolg‘on.

Yuzlashmoq-chun oliy baxt bilan,
Kamlik qilar birgina tilak,
Kamlik qilar shunchaki istak —

E’tiqodni muhrlab dilga 
Farishtalar shakliga kirgan
Shaytonlarni fosh qilmoq kerak!

Ruhim ona-Yerga bo‘ylagan,
So‘z — gunohim,
So‘z — chaynar toshim.
Faqat haqiqatni kuylagan
Tilim ko‘kka ko‘tarar boshim...

19.10.2005


BORLIGINGCHA SEVAMAN

Ey ona-Zaminning mash’ali, qalbi,
Ey xasta ko‘nglimda ko‘kargan chaman.
Do‘stini pullagan ta’magir kabi,
Seni unvon uchun sevmayman, Vatan.

Havoiy so‘zlarga yo‘q menda havas,
Va zarra kamsitish xoinlik, zotan.
Tokay olarkanman bag‘ringda nafas,
Seni borligingcha sevaman, Vatan.

Nafs sirtmog‘ida depsinar olam,
Xalqlar yuksalmoqda zo‘r shiddat bilan.
Sen hasadga yo‘qsan va havasga ham,
O‘sha yo‘qligingcha sevaman, Vatan.

Mehrim talosh bo‘lar aytsam oshkora, 
Aytmasam dilimni tilkalar tikan.
Osmoniy hislarga qilmay nazora,
Anglaganim kabi sevaman, Vatan.

Garchi ona kabi noming muqaddas,
Garchi farzandingman, ey aziz Maskan.
Seni onam emas, otam deb emas,
O‘zbekistonim, deb sevaman, Vatan.

5.01.2006


YOMG‘IR

Aldanganmi, zor yig‘lar osmon,
Kiprigimda tomchilar og‘ir...
Darddan zada, qayg‘uga oshyon —
Yuragimga sanchilar yomg‘ir,
Sanchilar yomg‘ir...

Bo‘g‘zim ichra yonar qo‘rg‘oshin,
Zil ko‘ksimda tuyg‘ular og‘rir.
O‘h, o‘z qo‘lim mushtlagan boshim,
Bilmam nega siypalar yomg‘ir,
Siypalar yomg‘ir...

Tor dunyoning to‘rt tomonida,
Xiyonatlar yoygan keng tomir.
Nopoklarning kir tovonida
Asrolmayman yanchilar yomg‘ir,
Yanchilar yomg‘ir...

Umr — bir qur telbalik darsi,
Vujud — avval, ruh esa oxir.
Nomardlarning kasofat kasrin,
Yog‘ar yuvib farishta yomg‘ir,
Farishta yomg‘ir...

Sen samoviy hur, inja hilqat,
Har qatrangda Haq vasli zohir.
Kel, tomchingda o‘ldir-u faqat,
Tomchilarga ko‘m meni yomg‘ir,
Ko‘m meni yomg‘ir...

2005


* * *
Men tug‘ilmaganman!
Bu makru firib,
Tug‘ilsam yashagan bo‘lardim axir.
Eh shunchaki mening shaklimga kirib,
Yashayotgan menmas, zo‘ravon taqdir...

Men hech kim!
Odamga o‘xshayman faqat,
O ruh, kechir meni bo‘lolmam erkin.
Qo‘y yig‘lama, yurak, shu ekan qismat —
Taqdirning abadiy hukmida erkim...

Men tug‘ilmaganman!
Shu bo‘lsa ochun,
Orzularim ermak, tuyg‘ular abas.
Yo Rab, so‘rog‘im bor. Javob ber. Nechun
Manim manim mandan iborat emas?!

O‘h taqdir,
Qiyofang bunchalar turfa,
Qulman. Netay kuch yo‘q seni yengishli...
Yutuqlar, shubhasiz, sen eltgan tuhfa,
Xatolarning bari menga tegishli.

Lahza ham tinchlik yo‘q fano mulkida,
Har dam cho‘ng havotir ko‘nglimni g‘ashlar.
Ha! Men o‘yinchoqman taqdir ilkida,
Yoqmay qolgan kunim burdalab tashlar.

2006 


YETMISH YIL...

Yetmish yil... 
Qo‘lingdan tushmadi kishan,
Yetmish yil...
Qarg‘ading qattol temirni.
U — senga qo‘riqchi,
Sen — unga dushman!
Seni u, uni zang kemirdi...

Yetmish yil...
Oyoqlar tepkilab o‘tdi,
Yetmish yil...
Tupuklar sachradi yuzga...
Seni har kun, har tun o‘limlar kutdi,
Umring bahorida yo‘liqding kuzga...

Yetmish yil...
Diydorin qizg‘andi osmon, 
Yetmish yil...
Istading bir qatim ziyo.
Seni qul etdilar, qolgani yolg‘on,
Ozodlik tush edi,
Ozodlik ro‘yo!

Yetmish yil...
Tik turib uxlading bedor,
Teskari uchburchak edi yotog‘ing.
Yetmish yil...
Betonga tiralib nochor,
Ildiz otib ketdi yerga oyog‘ing!

Yetmish yil tugadi!
Kishan yechildi!
Hur sabolar esdi to‘rt tomoningdan...
...Ayrilgandek qaqshab yig‘laging keldi
Yetmish yillik yolg‘iz qadrdoningdan.

Hadiksirab qolding hurlik otidan,
O‘h, bu ne ko‘rgulik? 
Qanday haqorat?
Qo‘llaring... cho‘zilib qoldi ortidan,
Sen... kishanga mehr qo‘yganding!
Dahshat!!!

15.09.2006


LILIJON 
(Xalq ohangida)

Oh Lilijon, Lilijon,
Yuragim qon, dilim qon.
Mening bor-yo‘g‘im — alam,
Butun vujudim — isyon.

Oh Lilijon, Lilijon
Bir bor yonmay, kuydim-a.
Guldek nozik qalb bilan
Toshyurakni suydim-a.

Oh Lilijon, Lilijon
Men qayda, sen qaydasan?!
Yillar qaytdi ortiga,
Ayt, sen qachon qaytasan?

Oh Lilijon, Lilijon,
Sen samosan, men-chi yer.
Quyoshingda muzlatding,
Isinay qoringdan ber.

Oh Lilijon, Lilijon,
Sevgim topmas nihoya.
Meni baxtli qilish-chun,
Bitta bo‘sang — kifoya!


KO‘NGIL ARSHI

Ko‘ksim dengizida o‘sgan, nilufar,
Harir farishtasan, ohanrabosan.
Ne-ne oshiq to‘kmish poying uza zar,
Sen tamom befarqu 
                           ham beparvosan.

Suvdagi aksingga bo‘lib mahliyo,
Go‘yo unutgansan borliqni butkul.
Ammo quyoshmanzar taratib ziyo,
Dunyoni o‘zingga chorlaysan nuqul.

Seni istab kelar olis ellardan,
Devonalar vasling shaydosi bo‘lib.
Husning boj undirar asov yillardan,
Umringning serg‘alva savdosi bo‘lib.

Suzib ketayapmiz minglab oshiqlar,
Muhabbat nahrida oqimga qarshi...
Ruh tanni sipqorib senga oshiqar,
Sen — so‘nggi manzilsan, 
                          ko‘ngilning arshi! 

Yillar shafqat bilmas,
                            umr — sarosar,
Ko‘yingda majnunlar telbarib so‘ldi.
Men-ku, senga yetib borguncha, dilbar
Ko‘zlaringga cho‘kib ketmasam bo‘ldi.

25.12.2008


SHE’RIY TORTIQ

Shubhasiz, dunyoda sen — bir, yagona,
Sen bor: kunlarimni baxt tark etmaydi.
Bu kun-ku bayraming, eh naylay, ona,
Eng qimmat sovg‘aga pulim yetmaydi.

Qachon tabrikladim seni so‘nggi bor,
Mana, eslolmayin ortar xunobim.
Har ko‘klamda tinglab yangi bir ash’or,
Mendan gul olmagan qiz yo‘q, hisobi.

Sendan bo‘lak do‘st yo‘q — borlari yuzsiz,
O‘zingdan o‘zgaga yo‘qdir keragim...
Yurarman shaharda beparvo, hissiz,
Yostig‘ing tagida qolgan yuragim!

Yotlarga soatlab so‘zlarman o‘ychan, 
Bilmam sen-la qachon qurganim suhbat...
Birdek qarshilaysan borsam va deysan:
"Tinch yursang, men uchun shu katta tuhfa!”

Xabardor bo‘ldimmi tunlar to‘lg‘onsang,
So‘ng marta ayt, qachon so‘radim ko‘ngling?
Nahot sovg‘a bilan qadring o‘lchansa,
Shunchalar pastkashmi shonparast o‘g‘ling?!

Savobmas gunohim ko‘paygan zahot,
Yuz burib oladi farishtalar ham...
Ammo sen sodiqsan bir umr, hayhot — 
Ona, onaginam, onam-a, onam!

Bugun to‘lar dunyo madhu yallaga,
Bugun onalarni qutlaydi borliq.
Bu she’rni almashmam bir qop tillaga,
Lek senga chin dildan qilaman tortiq.

Ona! 
Onaginam!
Onam-a! 
Onam!

07.03.09


RINDONA

Sevdim, ammo sevilmadim biror qizga,
O‘polmadim labidagi handasidan.
Bir sirim bor, quloq tuting aytay sizga,
Xudo meni qizg’onadi bandasidan.

Quvonchimga tushov solar gunohlarim,
Oh-vohlarim gunohimga guvohlarim...
Bilib qo’ysin o’shal tannoz gulmohlarim,
Xudo meni qizg’onadi bandasidan.

Tushlarida g’ulu solgum dilchasiga,
Bir kun ismim jon kiritib tilchasiga,
Qizlar ko’nglin yopar qo’shib kulchasiga,
Xudo meni qizg’onadi bandasidan.

Qizg’ongandan qo’ymas meni zahmatga ham,
Ishonmaydi ba’zan baxtu omadga ham,
U dunyoda... balki bermas jannatga ham,
Xudo meni qizg’onadi bandasidan.

Bandasi kim? 
U uch kunlik o’tar mehmon,
Bandasiga mehrim to’kib, topdim hijron.
Endi qalbda ikki olam shohi Rahmon —
Xudoni men qizg’onaman bandasidan!

09.04.09


MUZQAYMOQ

Dunyo — bir omonat, notinch boshpana,
Qonli changallarda talashdir hamon...
Shundoq dunyo bilan ishi yo‘q, mana
Miriqib muzqaymoq yalar bolajon!

Yorug‘ kun ko‘rmagan quvg‘in ezgulik,
Bola kaftlarida topgandek panoh...
Nahot kattalardan tortmaydi hadik,
Mas’um kichkintoydan qo‘rqqan 
                                   shum gunoh?!

Kattalar... hirsibad nafsiga bandi,
Hushin o‘g‘rilagan shaytoniy sheva...
Otasi... dunyo deb jangga kirgandi,
Onasi... dunyo deb qolmoqda beva!

Bolasi... muzqaymoq yalar hotirjam,
Poklik isi tutgan mitti jismini...
Muzqaymoq ko‘rsatsa talpinar ildam,
O‘zin-ku tanimas, bilmas ismini!

Jajji barmoqlari ohista silab,
Quchog‘iga bosar o‘yinchog‘ini...
Avaylab yalaydi tilchasi bilan,
Burni tavof etgan muzqaymog‘ini...

Go‘dak nigohidan javob izlayur,
Ko‘nglimga sanchilgan fig‘onu dodlar...
Borliqqa egalik qilmoq istayur
Shu mishqi bolacha fikri yo‘q zotlar!

Yuzingizni burmang nuru ziyodan,
Oqlang ruhingizni ipak toladay...
Sizga ibrat bo‘lsin shundoq dunyodan
Muzqaymog‘in afzal bilgan bolakay!

26.05.2009


KUYDURDI

Meni turfa ishq rangining 
qarolari kuydurdi,
Qaro tuhfa etgan ko‘zlar 
shahlolari kuydurdi.

Qirqta kiprik, qirqta kokil, 
qirqta jon bir qizda jo,
O‘h, yigitlik ichra bari 
tanholari kuydurdi.

O‘zim saylab, o‘zim suyib, 
andin istab bir vafo,
Ay, na qilay, har lahza ming 
jafolari kuydurdi.

Armon aro ado bo‘lgan 
tiyra, nigun ko‘ksimni,
Orzularning so‘ngsiz samum 
sahrolari kuydurdi.

Ey Zohidjon, tovbalarga
asir tushgan umringni,
"Sevmayman!” deb gulning qilgan 
xatolari kuydurdi.

2005


AYO DO‘STIM

Ko‘hna tuyg‘u savdosidan so‘ylar ishqiy masal lablar.
O‘z so‘zidan uyalib so‘ng qizargaylar yal-yal lablar.

Ayo do‘stim, ul sanamning ko‘zu qoshu belidan ham,
Go‘zalroqdir bir tabassum hadya etsa o‘shal lablar.

O‘pib, tishlab, so‘rib novvot kabi holin bilar bo‘lsang,
Sening-chun lazzati jonon asaldan-da asal lablar.

Dema, yorni ibodin bexabar bir nozanin, tarso
Ikki nuqta hayo shakli, ikki misra g‘azal lablar.

Saf chekib ul sadaflar tek turar gulyuz kulib qo‘ysa,
Qosh chimirsa ganji durin aylar jamlab qamal lablar.

Bu lablarda nazokat bor, nafosat bor, harorat bor,
Tutib nogoh olov bo‘sa, o‘ldirgay beajal lablar.

Qatldan g‘unchadek titrab bosar oshiq labin asta,
Va baxsh etgay qaytadan jon, ki taqdiri azal lablar.

Ul Zohidjon ovvoradur necha yilki yor hajrida,
Base, roz aytmasa bu gal qilar umrini hal lablar.


ILTIJO

Menga yor bergin, Xudo 
Husni to’lin oy bo’lsin,
Iboyu hayosida 
Jannatiy chiroy bo’lsin.

Farishtadek qomatin
Iffatiga yashirsa,
Ishqdan limmo-lim ko’ksim
O‘shal gulga poy bo’lsin.

Rayhon iforin sochib
Orombaxsh nozlari-la
Bo’lsa zebu zar emas,
Aqlu hushga boy bo’lsin.

Turib sobit vafoda,
Sadoqatda benazir.
Yuragida bir umr
Faqat menga joy bo’lsin.

Baxtdan qurgan yo’limiz
Juftimning, ayo Rabbim,   
Quyoshga soya solgan
Sochi misol soy bo’lsin.

Kun kelib, o’tib zamon 
Farzandalar davrasida
Mehrin qo’shib tutgani
Bir piyola choy bo’lsin.

16.04.09


YOR-YOR

Dalli dardda devonaman,
Devonaman, yor-yor.
Boru burdga begonaman,
Begonaman, yor-yor.

Yo’lim to’sma, ey notavon,
Ey sen g’ofil ahli zuhd.
Men toshlarning fig’onidan
Hayronaman, yor-yor.

Falakdandur bu navolar,
Bu faryodu nidolar.
Zikr aylab ismin giryon
Aylonaman, yor-yor.

Ko’zim ochsam turfa gumroh
Sajda aylar nafsiga.
Vujud ichra ruhi kuygan
Vayronaman, yor-yor.

Dahri dunning zardasidan
Zarbasidan qon dil,
Foniy aro hajr o’qiga
Nishonaman, yor-yor.

Na birovdan mehr ko’rdim,
Na vafoyu sadoqat.
Endi kimga ishonaman,
Ishonaman, yor-yor.

O‘n sakkiz ming olamga Haq
O‘shal Kotibi qudrat
Oshiq deya qismat bitgan
Peshonaman, yor-yor.


*  *  *
Bu ne qahr, bu qanday g‘azab,
Vujudimni etdi karaxtlar.
Qor ostida qoldi, vo ajab,
Erta gullab qo‘ygan daraxtlar.

Tish qayradi Qorabotir — qor,
Lab kulgi-la uchrashgan payti.
Qarg‘alarga jon kirdi takror,
Qaldirg‘ochlar ortiga qaytdi...

Yer ko‘ksiga sanchildi bexos,
Ko‘kdan yoqqan minglab nayzalar.
Oq zulmatdan o‘randi libos,
Bosh ko‘tarib chiqqan maysalar.

Kapalakni sovuq muzlatdi,
Gul poyida qotdi cho‘kib tiz...
Kapalakni sovuq muzlatdi,
Meni esa... 
                muzlatdi bir qiz.

Sevdim! 
Izlab nigohidan erk,
Afsus, poymol bo‘ldi tilagim.
Erta gullab qo‘ygan daraxtdek,
Qor ostida qoldi yuragim...

25.08.09


* * *
Biz agar mehmon bo‘lsak, kim erur mezbon bunda?
Biz agar mezbon bo‘lsak, kim erur mehmon bunda?

Yetti qavat samodan nigoh tashlab Muallim,
Toliblarin birma-bir qilar imtihon bunda.

Kimnidir aylab gado sinar, etar xoru zor,
Kimnidir sulton saylab, ulashar davron bunda.

Gohi do‘st, gohi ag‘yor pand berar yo‘lda mudom,
Kulfat, g‘amu saodat hanuz yonma-yon bunda.

Bevafo yordek kulib jon olar makkor fano,
Osiylar sho‘xu xandon, oqillar giryon bunda.

Dardi ishqdan mosuvo ruhidan lollar emas,
Ko‘pdurur o‘z jamolu husniga hayron bunda.

Aslu nasling tuproq der, tuproq der ibtidong ham,
Umr o‘tib, shu tuproq intiho oshyon bunda.

Saf-saf bo‘lib kelarlar, saf-saf bo‘lib ketarlar,
Yo Rabbano, bormi ayt, Hazrati inson bunda?

Har nafasda bir jumboq, lek javob yo‘q mukammal,
Qay toshga boshin ursin, bilmas Zohidjon bunda...

2.09.09
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (28.12.2013)
Просмотров: 1368 | Рейтинг: 1.5/2