Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Вторник, 03.12.2024

Zohidjon Xolov (2)
Qiz uyiga sovchilar kelar,
Qizingizning bo‘yi yetdi, der.
Ona xursand, quvonchga to‘lar,
Atrofida aylanadi Yer...

Qiz uyiga sovchilar kelar,
Kelaverar takror va takror.
Ota xursand, ko‘ksini kerar,
Qiz cho‘k tushib yig‘laydi zor-zor...

G‘olib qaytar sovchilar izga,
Boshlanadi qudalik fasli.
To‘planishar yangalar... qizga
O‘tiladi kelinlik darsi.
    
Ko‘rpa tikar momolar — odat,
Tashvish bo‘lar sarpolaru sep...
So‘rashmaydi qiz ko‘nglin faqat,
So‘ramaydi "Sevasanmi?”, deb.

Qiz poyiga yozilar gilam,
U so‘z aytmas, yig‘laydi betin.
Ertaga to‘y — ertaga bayram:
Kimdir kuyov, qiz esa kelin!

Men esa... Men esa... Hech kim!

4.11.2005

    
BIZLARNI HAM SOG‘INARMIKAN? 

Ey yolg‘iz qarovsiz, tashlandiq daraxt,
Ko‘pdan seni qushlar yo‘qlamay qo‘ymish.
Mendan-ku arazlab yashayapti baxt, 
Quchog‘iga bosib hijronlar to‘ymish.
Nima deb o‘ylaysan, so‘yla daraxtjon,
Kapalak qanotin etib soyabon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Yillarni qoldirib o‘z bekatida ,
Umr otliq ulov yelib boradir.
Ishqdan yuzin burgan ishq elatida
Ishqsizlik ruhimni tilib boradir.
Hislarin yashirib, aytolmay hamon,
Mushtoqligin tutib botinda pinhon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Har bahor ko‘zingni kuydirib gullar,
Navqiron daraxtlar, nihollar o‘ktam...
Meni-ku har safar tahqirlar, kular
Armonli sevgimni eslatib ko‘klam...
Atrofda uyg‘onar tabiat shodon,
Sen — tugagan faryod, men — unut isyon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Kuzakni kim aytar fasli hijron deb,
Yo‘q, so‘zlari yolg‘on, do‘stim, aslida
Bilsang, bog‘lar uzra sepib bunda zeb
Barglar o‘z soyasin yetar vasliga!
Yetolmay, soyasin axtarib sarson,
Ko‘ksiga to‘kilib bir ko‘ngil hazon,
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

Hech kim sog‘inmasa, sog‘inmasin kel,
Men seni, sen meni sog‘inib yasha...
Toki borligimiz bilib qo‘ysin el,
Men qayta uyg‘onay, sen gullab-yashna!
Lek... baribir o‘rtar dilni shu chiston —
Mayliga yanglishib ming yilda bir on
Kimdir bizlarni ham sog‘inarmikan?

9.11.2009


SAKKIZINCHI NOTA

Men qo‘shiq kuylayman,
Bilmaydi birov,
Tinglasa xo‘rsinib tuyg‘ular tinglar.
Yurak zindonida depsinar asov,
Yorug‘ kun ko‘rolmay mung‘aygan munglar...

Men qo‘shiq kuylayman,
Ux tortar quyosh,
Tilka-pora qilar ko‘ksimni tug‘yon.
Chidab turolmayman, qandoq beray dosh,
Bo‘g‘zimda olovdek lovullar fig‘on?..

Men qo‘shiq kuylayman,
O‘tar beparvo
Qaddini g‘am bukkan sarxush so‘roqlar.
Qora libos kiyar Oy ham benavo,
Jovdirar sham’ yoqib minglab nigohlar...

Men qo‘shiq kuylayman,
Shitirlaydi kuz,
Xazonrezg xayollar shuurimda jo.
Mendek buyuk sasni, ajabo, hanuz
Nechun ko‘tarolmas boshiga dunyo?!

Men qo‘shiq kuylayman,
Titrar avj parda,
Sabolar bir lahza to‘xtar muallaq.
Diqqinafas bo‘lib qiladi zarda,
Va portlar yosh to‘kib takror-takror barq...

Men qo‘shiq kuylayman,
Kengliklarga sha’n,
Hech kim turtkilamas, berolmas halal.
Nogoh nigoh tashlab atrofga teran,
Shu damda anglayman bir sirni tugal.

Men qo‘shiq kuylayman,
Unda aks etar,
Barcha qayg‘ularim, quvonchim bari.
Dilga makon qurgan sanchiqlar ketar,
Yuksalib boraman mangulik sari!

Bildimki, men kabi oshiqlar bisyor,
O‘rtar ularni ham hijron bodasi.
Bas, har bir yurakning o‘z qo‘shig‘i bor,
Bor ekan har qalbning shaxsiy notasi!

16.01.2010


TO‘RTLIKLAR

Shafqatsiz jang borar mudom o‘rmonda,
Qulay fursat kutar soyalar sadri... 
Kuni qashqirlarga qolgan makonda,
Pista po‘choq bo‘lar sherlarning qadri.

* * * 
Miq etmay til tishlab turar ustozi,
Xiyonat bo‘lsa ham shogirdin gardi. 
Boltaga sop bergan avvalo o‘zi,
Shu bois ildizning ichida dardi.

* * *
Bu dunyoda do‘stdan dushman ko‘p. 
Bu dunyoda do‘stdan dushman ko‘p?
B-u-u, dunyoda do‘stdan dushman ko‘p,
Bu dunyo-da, do‘stdan dushman ko‘p. 

2009

* * * 
Senga uylanmadim, lek qilmam hasrat,
Chin dildan sevoldim, shudir asli baxt!
Sen farishta eding, men — osiy banda,
Qay banda malakka uylanibdi, ayt?!

2010

* * *
Meni o‘z holimga qo‘y, ey koinot,
O‘zim yashab ko‘ray, kel, bir kun bir bor.
Yiqilsam, kimdandir kutmayin najot,
Quvonsam, kimdandir bo‘lmay qarzdor.


XAYOL

Yomg‘ir bo‘lsam, 
Tomchilasam yuzlaring silab,
Ayt dilbarim, qocharmiding mendan yiroqqa?
Zohir bo‘lsam piyolangda bir bo‘sa tilab,
Yetolmayin sovurmidim otash dudoqqa?

Xayol bo‘lsam
Kechalari oydin, farovon,
Sog‘intirib paymonamni toshirarmiding?
Shamol bo‘lsam, zulflaringni o‘ynasam har tong
Ro‘mol o‘rab sochlaringni yashirarmiding?

Bir gul bo‘lsam,
Quchog‘ingda atirgul bo‘lsam,
Tovoningda toptarmiding kirsa tikonim?
Bir qul bo‘lsam eshigingda qorovul bo‘lsam,
Seni goh-goh ko‘rmoqlikka bormi imkonim?

Sezgi bo‘lsam,
Singib ketsam bori tanangga,
Parvo qilmay qoshlaringni uchirarmiding?
Sevgi bo‘lsam, yuragingda yoqsam alanga,
Qishdek sovuq qahring sochib o‘chirarmiding?

Tilak bo‘lsam,
Diling o‘rtab qiynaguvchi cho‘g‘,
Meni bir bor oshig‘ingga o‘xshatarmiding...
Yurak bo‘lsam... ko‘ksingdagi urib turgan sho‘x
Chiday olmay... ovozimni to‘xtatarmiding!

Yomg‘ir bo‘lsam...

25.12.2009


TUG‘ILGAN YURT

Tug‘ilgan yurt — bog‘u guliston,
Taqroni ham aziz shu elning.
Goh bulutli, gohi nurafshon
Osmoni ham aziz shu elning.

Shoshu Keshu Buxoro — bir yon,
Bir yon —  Farg‘onayu Namangon,
Samarqandu Xiva, Andijon,
Surxoni ham aziz shu elning.

Yigitlari Alpomishkelbat,
Vujudiga sig‘maydi g‘ayrat...
Qizlaridek farishta hilqat
Rayhoni ham aziz shu elning.

Mehrin bersa gullar jonsiz tosh,
Tuproq bilan tutingan sirdosh,
Ming yillarki, dehqonga darddosh
Ketmoni ham aziz shu elning.

Mehmon kutib yopilmas eshik,
Der, odamdan qolar yaxshilik...
Qaldirg‘ochga qo‘nalg‘a, beshik
Ayvoni ham aziz shu elning.

Tongda xo‘plab bir piyola choy,
Ter to‘karlar to chiqquncha oy...
Zog‘chalarga talangan bug‘doy,
Somoni ham aziz shu elning.

Bolam, deydi tashvishga botib,
Yelkasiga zahmatlar ortib...
Xalq deb yongan sultondan tortib,
Cho‘poni ham aziz shu elning.

Tushlarida manzilga yetgan,
Orzulari qaddin dol etgan...
Shoh Boburga ergashib ketgan,
Armoni ham aziz shu elning.

Yurtsevarlik — ulug‘ fazilat,
Yurt sevganga bilinmas illat, 
Bolarisi, tulkiyu kalxat,
Iloni ham aziz shu elning.

Qalbi olov, ko‘ksi mag‘rur, tek,
O‘ziga — xon, u — o‘ziga bek!
Yurt ishqida g‘am chekkan mendek,
O‘g‘loni ham aziz shu elning.

9.12.2009


E’TIBOR

Oyni orzu qilib, yetay degan chog‘,
Qoqilsang tirgaging bo‘lmasa yomon.
Xizr uchrab qolsa yo‘lingda nogoh,
Aytarga tilaging bo‘lmasa yomon.

Har bir hamalasiga chap bermoq mushkul,
Der, tiriklik — kurash, kurash beomon.
Oyog‘ingdan chalar qo‘yningdagi ul
Xoindan daraging bo‘lmasa yomon!

Olam tor ko‘rinar kengaysa kulfat,
Ko‘nglingni zang misol yemirar armon...
Shunda hayot bilan bog‘lovchi hilqat —
Pariro‘y malaging bo‘lmasa yomon.

Ishq — Haq shafqatidan taralgan uchqun,
Har qayu dilni-da etmagay oshyon.
Lek yodingga tushib necha ming Majnun,
Sevishga yuraging bo‘lmasa yomon.

Qalb — ilhaq, e’tibor istar ziyoda,
Oniy mehrdan ham baxt topar inson...
Shunoq keng dunyoda, 
Gavjum dunyoda
Hech kimga... keraging bo‘lmasa yomon!

8.03.2010 


HADYA

Bir bo‘sa taftidan lovullar olam,
Uyalib tilingdan qochar gaplaring.
Atirgul bargiga tomgandek shabnam,
Tuyqus titrab ketar billur lablaring.

So‘ng to‘lib yig‘larsan sababsiz, bevaj,
Turarman qarshingda misli gunohkor.
Shunda avjlanar-u, qalbingdagi mavj,
Ko‘zlaring! Sevgingni etadi oshkor!

Qo‘l ushlashib asta aylanarmiz bog‘,
Kapalak o‘ynashar sochingga qo‘nib...
Men esa... falakda ucharman bu chog‘,
Shaffof xayollarning bag‘riga do‘nib!

Bir bo‘sa taftidan tirik kamina,
Jismimga qaytadan oqib kirmish jon.
Balki anglamassan g‘addor Zaminda,
Shu hadyang tufayli qolganim omon.

17.03.2010


SEN UCHUN...

Sen uchun tug‘ildim, desam-da biroq,
Yolg‘on! So‘zlarimga inonma tugal.
Axir Haqdan o‘zga bo‘lganmi ogoh,
Taqdir manglayimga bitilgan mahal?!

Sen uchun yashayman, deyishim ham lof,
Bilganingdan qolma jilmayib qo‘yib.
Umr goh ijobat, gohida sarob,
So‘ng yurma aldanib, ko‘ksingni o‘yib...

Sen uchun gar kulsam va yoki kuysam, —
Desam xushyor tutib o‘zni nogahon.
Yolg‘on! Ishonmagil, jonim, bunga ham
Axir egizak-ku visol va hijron?!

Sen uchun jon bergum, deyman telbavor,
Yana puch ertakdan bo‘larsan zada...
Ha, rostini aytsam, senga ey dildor,
Ishqdan bo‘lak boylik qilolmam va’da!

Sen uchun baxsh etay shunday bir ma’vo,
Qolsin oshiqlarning mangu yodida.
Hayotim, bor-yo‘g‘im... o‘zim ham hatto
Hech narsa bo‘lsin, oh, uning oldida!

31.03.2010    


VISOL

Xayr, deysan istamay ma’yus,
Oqshom cho‘kib borar izingdan...
Kipriklaring qayrilma hanuz,
Hanuz otash sachrar ko‘zingdan!

... So‘ng tun ichra ketarsan singib,
Men qolarman termulib yakkash.
Tizginsiz o‘y otiga minib,
Tuyg‘ularim tentirar sarkash.

Garchi bo‘lak chora yo‘q, illo
Xayrlashgim kelmas sen bilan...
Netay, visol ko‘shkining hatto
Ostonasi boshimdan baland!

Kechiksang gar onang ham dilxun,
Otang tushmas g‘azab taxtidan.
Sen-la yana ko‘rishmoq uchun,
Xayrlashish kerak vaqtida.

Sen ketarsan — kelar sog‘inch, zor,
Osmonda Oy suzadi befarq...
Men Quyoshni kutarman bedor
Salom! — degan so‘zingga ilhaq,

Salom! — degan o‘zingga... ilhaq.

3.04.2010


OSMON QIZ

Oshiqsa bo‘z jilg‘a ummonlar sari,
Yashil ro‘mol silkib kuzatar yalpiz...
...Mening xayolimda hamon bir pari —
Yer kabi xokisor ko‘ngli osmon qiz.

Tunlar tushimga ham kiradi yo‘qlab,
Ohista jilmayar, so‘z aytmas biroq.
Ko‘nglimda o‘t yoqib, ko‘ksimni cho‘g‘lab,
Tong chog‘i qalbimga berkinar ul moh.

Ishq atrin ufurar mayin shabboda,
Qizarar dilimda qirmiz lolazor...
Sarmast o‘ltirarman ichgandek boda,
Ruhimni tebratar totli xushozor.

Qo‘l cho‘zsam yetgudek bir qadam tog‘lar,
Falak ham boshimda go‘yo parvona.
Olma iforiga cho‘milgan bog‘lar,
O‘shal qiz haqida so‘ylar afsona.

Shunchalar munisa, farishta, zebo,
Usiz hayotimda mazmun yo‘q zinhor.
Men uni... sevaman! Sevaman, ammo
Qani, sevishimni etolsam izhor?!

4.03.2010


SEVAMAN

Ko’rganda tilim lol, boshim xam,
Ko’nglimni yorolmay sevaman.
Oramiz bor-yo’g’i bir qadam
Yoningga borolmay sevaman
Sevaman, sevaman, sevaman!

Ul sirni ishonmam sirdoshga,
O‘t qo’yar har qanday bardoshga,
Tik boqib bo’lurmi quyoshga —
Ko’zingga qarolmay sevaman, 
Sevaman, sevaman, sevaman!

Ayt, kimni qalqitmas bu husn,
Kipriging qayrilma, soching tun...
Bir lahza qayg’urib o’zim-chun,
Xayol ham surolmay sevaman,
Sevaman, sevaman, sevaman!

Oqshom oy nuglanar yuzingdan,
Raqiblar bahramand so’zingdan,
Qolmayin ergashib izingdan,
Soyangdek yurolmay sevaman,
Sevaman, sevaman, sevaman!

Sen durkun malaksan, navnihol,
Poyingda men g’arib, qul-qarol.
Sen bilan bir umr ehtimol
Baxt qasrin qurolmay sevaman,
Baribir, baribir sevaman!

22.04.08


DIYDOR 

Hozircha jim! 
Bilmasin birov,
Visol yaqin, yaqindir diydor.
Bu sitamlar shunchaki sinov,
Hali baxtli bo’lmog’imiz bor.

Begonadek tashlayver nigoh,
Sevgingni ham etmay tur izhor.
Faqat shuni unutma nogoh,
Bir kun Oydek to’lmog’imiz bor. 

Hamon umid sochib turar nur,
Qish ortidan kelmish, deb bahor.
Faryod bilan o’tmaydi umr,
Yig’lab-yig’lab, kulmog’imiz bor.

Kel, g’amlarni ortga tashlaymiz,
Axir yaqin ko’rishmoq diydor.
Bizlar uzoq baxtli yashaymiz,
Mingga kirib o’lmog’imiz bor!

17.04.08


MEHR
 
Buyuk qayg’u kabi yurakni ezar,
Siyrati insoniy darddan judolar,
Goh yo’lingdan chiqib g’ashingga tegar,
Sohta avliyolar, sohta xudolar.

Baxt va g’am bo’lmagan hargiz barobar,
Chin oshiq qismati — abadiy sitam.
Hajru vasl ilkida bo’lib sarosar 
Ko’zidan qon oqar muhabbatning ham.

Nahotki hammasi shunchaki bir tush,
Daryolar, dengizlar, ummonlar — ro’yo?!
Odamlar — ozurda, odamlar — xomush,
Boshi berk ko’chadan ketmoqda dunyo...

Qaydadir insonlar bo’lmoqda nobud,
Qaydadir o’smoqda nihollar durkun... 
Hali hamon bir kam, notugal, beburd,
Hamon "besh kunlik”dan oshmagan ochun!

Alahsirab borar gunohkor vujud,
Jirkanch uyqu bilan yumilran ko’zi.
Oxirat... oqibat... hammasi unut,
Chimdim mehrra zor mehrning o’zi?!

Ona Yer-ku — bo’m-bo’sh, ravjum keng samo,
Ehtimol tugagan tiriklik hayhot!
Shunchaki sharpasi yuribdi ammo,
Allaqachon o’lib bo’lgan odamzot!

17.12.07 


SIYLOV

Hatto oyog’ingga cho’kmoq bo’lib tiz,
Hajringda har lahza kuyganim g’alat.
Qurib ketganmidi, axir, boshqa qiz,
Tanlab-tanlab seni suyganim g’alat.

Bor mehrimni sochib o’ynoqi yelga,
Yalpizlarga tutib yashardim yelka.
Dunyo teskarimi va yo men telba
Tanlab-tanlab seni suyganim g’alat?!

Bu kun ko’tarolmay qayg’ularimni,
Qo’msayman baxtiyor kulgularimni,
Uvol qildim guldek orzularimni,
Tanlab-tanlab seni suyganim g’alat.

Qanday yigit edim: sho’h, norg’ul, asov,
Ko’ksimni kuydurdi bir nigoh aldov,
Shumikan umrimga atalgan siylov,
Tanlab-tanlab seni suyganim g’alat?!

Til tegkazsam yonar lovullab so’zim,
Kul bo’lgum gar Tangrim bermasa to’zim,
Hayronman, tushunmay o’zimni-o’zim,
Tanlab-tanlab seni suyganim g’alat?!

15.05.08


FUTBOL VA SEVGI

Muhabbat o’tiga tashlaguvchi hur,
Hech bir qiz tortmagach e’tiborimni.
Bo’lak mo’jizadan topay deb huzur
Futbolga topshirdim ixtiyorimni.

Zarbalar yog’dirdim, yog’dirdim betin,
Milyon bor zabt etdim darvozalarni.
Mutlaqo o’zimga ayladim maftun,
Diloro, Dilrabo, Dilnozalarni...

Men masrur g’alaba qozongan mahal,
Poyimga sochildi guli nargislar.
Futbol sabab meni sevishdi avval,
So’ng men sabab sevdi futbolni qizlar.

Ammo eplolmadim bedard yurakni,
Toshdek hissiz yashash tegdi jonimga.
Qo’l siltadim, ko’rgach zebo malakni,
Futboldan orttirgan shuhrat-shonimga.

Maydon, to’p, olqishlar... endi afsona,
Bugun qalbni qiynar o’zga o’y-xayol.
Meni shoir qildi, qildi devona
Bir qiz yuragiga urilmagan gol!

26.03.08


QUYOSH BOTMAY

Yuragimning bir chetida, o‘h,
Hamon yoniq umidbaxsh uchqun.
Hali quyosh botganicha yo‘q,
Hammasiga ulgurish mumkin.

Fikru yodim band etgan bir his,
Derlar, vaslning bahosi baland.
Biroq meni sevardi... u qiz,
Qandoq yashar begona bilan?! 

Karnay-surnay chalinar shitob, 
Sho‘x yallalar chiqar avjiga.
O‘zim bilan o‘zim ushbu tob,
G‘arq bo‘laman dardlar mavjiga...

Yo Rab! Qayda adashdim, bilmam,
Kunlarimni qoraga bo‘yar?!
Orzular puch, tuyg‘ular mubham,
Hatolarim ko‘zimni o‘yar...

Aybim nedur?! Yo Parvardigor,
Qiz ko‘nglini bilmaganimmi?
Shuncha kuyib ishqida, bir bor — 
Sevgi izhor qilmaganimmi?!

... Har nafasda sitamlar turtib,
Yuragimda so‘ndi so‘nggi cho‘g‘...
Hali quyosh botmasdan turib,
Ulgurganlar ichida men yo‘q!

25.09.2008


KUZGI MANZARA

Yaproqlar sarg‘arib uchar havoga,
Ohista ingraydi mung, hazin navo.
Horg‘in suyangancha chetan asoga,
Nelar haqda xayol suryapsan, bobo?!

Uzoqlashib borar tobora quyosh,
Turnalar jim, unsiz ortiga qaytar...
Bobo, ne sababdan diydang jiqqa yosh,
Tushdimi yodingga bolalik paytlar?!

O, qancha talpinma ko‘klamlar sari,
Endi olovlanmas ko‘ksingdagi cho‘g‘...
Yer-la og‘a-ini tutingan bari,
Sen chillak o‘ynagan do‘stlar bugun yo‘q.

Bu kun sen mo‘ysafid, 
Munkillagan chol,
Lek qalbing to‘rida yashar ko‘hna his!
Hamon yuragingni ezar ehtimol,
Seni sevib,
Yotga tegib ketgan qiz?!

Shamol yulqib otgan har bitta yaproq
Armonga aylangan orzularingmi?
Tutar vujudimni bir o‘ksik titroq,
Seni asrab turgan qayg‘ularingmi?

Kutarsan,
Sog‘inib har tun kunduzni,
O‘limga tik boqib yashamoq og‘ir...
Balki ko‘rayapsan so‘nggi bor kuzni,
So‘ngbor manglayingda o‘rmalar yomg‘ir...

Nasib etarmikan
Qishni mahv aylab,
Sho‘x kuyin tinglamoq bahoriy sozning?
Va ko‘zingga surtmoq gulin avaylab,
Nabirangga atab ekkan gilosning?

Yaproqlar 
                sarg‘arib  
                                uchar 
                                           havoga...

24.10.2008


BO‘SA

Jim tinglab turasan,
So‘ylayman toshib,
So‘zsiz jilmayasan taratib chiroy.
O‘ylayman, sharbati haddidan oshib,
Lablari yopishib qolgan hoynahoy?!
 
Na iloj, parchalab bu sokin holni,
Nozik qo‘llaringdan asta ushlayman.
Lutfingga qulf solgan ortiqcha bolni,
Kel gul, labim bilan olib tashlayman.


IBRAT

Nogahon boshiga ish tushgan paytda,
Aqli komil inson bir hikmat bildi.
Nyuton dunyoni kashf etdi qayta,
Nyutonni esa olma qashf qildi.

Biz-chi?!
Tashvish tushsa, zahrimiz to‘kib,
Xayolga ham kelmas izlamoq ma’ni.
O‘tgan bo‘lar edik bir umr so‘kib,
Peshonamiz g‘urra qilgan olmani...


QANOAT

Garchand o‘zni mudom ko‘kda tuyasan,
Sendek men ham Yerni bosib turibman.
Sen har lahza yangi libos kiyasan,
Men hamon eskirgan to‘nda yuribman.

Na ta’ma, na ilinj, na gina-kadar,
Bir umr iymondan qalbga yo‘l soldim.
Sen ming bor yangi to‘n kiygan bo‘lsang gar,
Men ruhimni ming bor yangilab oldim!

27.10.2008


* * *
Yoshlik to‘yib totmoqlik payti,
Sevgi degan jonbaxsh zahardan.
Ona, yana shumshayib qaytdi,
Shuhratparast o‘g‘ling shahardan.

Mahzun ko‘zi qayg‘uga to‘ldi,
Ko‘ksi bo‘m-bo‘sh, ship-shiydon dala...
U bir qizga bag‘ishlab bo‘ldi,
Bor ishqiyu umrin bir yo‘la.

Garchi ishq — bu ilohiy fatvo,
Lek sen munis, dilkash, durdona.
O‘sha qiz ham, o‘g‘ling ham hatto
Kiprigingga arzimas, ona.

Mayli novvot qo‘shma choyingga,
Bir piyola mehringdan ichir?!
Taskin istab keldi poyingga,
Shu safar ham o‘g‘lingni kechir.

Uzilganmi darddan diltori,
Kuyib bitdi ko‘ngli pinhona.
Nega uni toshlar qatori,
Qalbsiz qilib tug‘mading, ona?!

18.11.2008


SABABINI SO‘RAMANG

Yelkamga qulagandek 
Tuyulmoqda dard tog‘i,
Yuragimni timdalar 
Sitamlarning tirnog‘i,
Ayo do‘stim, «Nechun?» 
Deb so‘ramoqchisiz chog‘i,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Ishq dengizin hijroniy 
Qirg‘oqlari ko‘p, derlar,
Ko‘z yoshiyu firog‘i, 
Titroqlari ko‘p, derlar,
Rohatidan azobu 
Qiynoqlari ko‘p, derlar,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Daxr elida shafqat yo‘q: 
G‘amni g‘amga ulaydi,
Sof sevgimni sochqilab 
Saroblarga pullaydi,
Yor tushimga kirgan tun 
Tomirlarim gullaydi,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Necha yilki, xastamen 
Yetisholmay bir qizga,
Go‘yo qanoti yo‘q qush 
Talpingandek yulduzga!
Zulmatlarni opichlab 
Ketayapman kunduzga,
Sababini so‘ramang,
Sababini bilmayman.

Parilarga ergashib 
Samo uzra uchgum bor,
Oy yuzidan bir o‘pib 
Hovurimdan tushgum bor!
So‘ng qovushib yer bilan 
Ildizlarni quchgum bor,
Sababini so‘ramang, 
Sababini bilasiz...
Sababini bilasiz...

30.04.08
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (28.12.2013)
Просмотров: 1339 | Рейтинг: 3.0/1