Kavsar Shodiyeva
VATAN NEDIR? Vatan nedir? Vatan ne demak? Men tinglagan Allami yoxud, Buvim aytgan Yoqimli ertak? Bilmam uning Qay birida bor? Qay birida Uning nafasi? Vatan balki Oppoq qushlarning Makon tutgan Ko‘ngil qafasi... Vatan nedir? Vatan ne demak? Buxoroning tinch Sahrosimi? Yo xofizning Mayin sadosi? Vatan mag‘rur Nigohlarini Qadagan tog‘lar Qoyasimi? Yo qo‘limga Ohista chiqqan Chumolining tor Uyasimi?.. Vatan nedir? Vatan ne demak? Ayting kasbu Korimmi Vatan? Jayron tuyoqlari Ostida, Qolgan xasu Xorimmi Vatan?.. Aytma go‘zal Tashbehlaringni, Vatan tashbeh Emasdir shoir. Sen o‘ylagan Bir siqim tuproq Yoki uvoq Emasdir Vatan. Vatan menga Begona emas. U – Chinorim, Minorim – vatan. Vatan meni Begona demas. U – mardonam, Durdonam – Vatan. Men anglagan Tuyg‘ular, hatto Ko‘ksimdagi Dardim – bir vatan. Unib chiqqan Yalpiz, rayhonning Bo‘yidagi Gardi ham – vatan. Vatan nedir? Vatan ne demak? U zaminning Sarhadlarimi? Yo‘q, yo‘q... Sarhad deya Chalg‘ima shoir, Sen vatanni Bilmog‘ing kerak. Vatan asli – Qizg‘aldoq ichra, O’ynab yurgan Betinim bola! Vatan menga Bag‘rini ochib, Kulib boqqan Mehribon Ona! ZAMIN Osmon olislarga Chorlagan sari Men zamin bag‘rida Qolaveraman. Tungi chiroqlardek Porlagan bari, Yulduz tasvirini Solaveraman. O’zing ayt menga sen, Qildimmi xato, Qarshingda oyni ham O’ylayveraman. Rashk etib nolima, Bilmaysan hatto O’zingdan seni men, Yo‘qlayveraman. Fusunkor ohanglar, Mayin navolar Ko‘ngil tilsimlarin Ochaveradi. Yuragim eng go‘zal Tuyg‘ularini, Shu zamin ustiga Sochaveradi... JAVOB BER, YURAK... Kechir, yuragimni aldayolmadim, Bedoru xastani aldamoq abas. O’tmish xayolimni haydayolmadim, Endi yolg‘izgina zohidlik havas. Hayot nedir, nedir haqiqat?.. Savollarga ko‘mar yuragim. O’zing ayt deb so‘rama faqat, Shudir sendan bitta tilagim... Bu dunyo nimadir, omonat nima?! Va’dami yoki bir va’dali iymon... Unda omonatga xiyonat nima?!. Xiyonat – va’dani unutmoq, inon... Hayot nedir, foniy dam nechun?.. Yana sendan so‘rayman takror. Sen qaydasan, endi sen uchun, Javob berar yuragim bemor... Kechirgin sensizin yashay olmadim, Kamalak dunyo ham qalbimga qafas. O’zganing dilini g‘ashlay olmadim, Xayolimda isming, kezar har nafas. Hayot nedir, nedir haqiqat? Javob berasanmi yuragim? Indamasang sen ham beshafqat, Yurak bo‘lasan-ku keragim... ISSIQ NON… Ko‘chadan horib men uyga qaytaman, Dimog‘imga urar issiq non hidi. Shu onda tark etib butun horg‘inlik, Tanimni yayratar yashash umidi. O’zbegim ayoli, non yopuvdingmi, Non yopgan qo‘lingdan o‘rgilay o‘zim. Onamsan, opamsan, Momo Havosan, Izn ber, poyingda etayin ta’zim. O’zbegim ayoli, mehmoning bormi, Darvozang bekitmay qo‘yibsan ochiq. Tabarruk ne’matdek mehring ham taftli, Bag‘ri kenglik senga Ollohdan tortiq. Gar qoqsam darvozang bir suv bahona, Aslida dil tortar suhbating qo‘msab. Bilaman, tashrifim senga yoqadi, Yangi oy ko‘rgandek ketasan yashnab. Andisha, hayodan yaralgan xilqat, Doim farzandida fikru xayoli. Olam beshigini tebrata olgan, O’zbek ayolisan, o‘zbek ayoli. Mushfiqqinam, Bugun non yopuvdingmi... KELADI Yurdim qamishzorning keng saroyida, Nayiston ichra bir navo keladi. Tengi yo‘q, har biri o‘z chiroyida, "Alif”dek qomati raso keladi. Bir majlis emishki, dilga yoqar xush, Alar suhbatidan ziyo keladi. Xushbaxtxona ichra kel ey, zohid tush. Har xonadan bo‘yi Xudo keladi... Qamish aro edi topganim bir soz, Chaldimu, shoshilib sabo keladi. Topganini yig‘ib yana, deydi: "Oz..” "Mim” kabi egilib gado keladi. RAVO KO‘RDINGMI? Menga tun chehrangni ravo ko‘rdingmi? Qahringni men uchun jazo ko‘rdingmi? Rashk deya atalgan chohga yiqilib, So‘zimni, ishimni xato ko‘rdingmi? Ayt, menga yana sen nelarni ko‘rding? Qaddi dol hilolni raso ko‘rdingmi? Ne uchun egningda o‘zga bir libos, Sen eski jomani qaro ko‘rdingmi? KECHIKKAN JUR’AT Samoga boqmadim, shunchaki bu kech, Orazing izladim tun oymomodan. Oydan ham topolmay, nigohing bu kech, Bu kecha yalindim nurli samodan. Topib ber malagim siymosini, ko‘k, U aytdi: "Malaging ko‘rinmadi hech”. Men usiz zaminda turolmadim, ko‘k, Ko‘k dedi: "adashding, uni yo‘qlab kech”. Bir oz xira tortgan yulduzga qarab, So‘rayman, qaydadir aytgin yulduzim, Javob berar menga hassasin qadab, Men qaridim endi, o‘tmaydi ko‘zim. Bulutlar tinmadi, ko‘zga yosh olib, Yoshlanib-yoshlanib o‘tdi bir oqshom. Barchaning qalbiga sirli ishq solib, Bilsamki, ketibdi u, o‘tgan oqshom. IZLAMANG MENI Qaylarda qolding deb izlamang meni, Intizor ko‘zingiz irmog‘idaman. Yo‘q, yo‘q, meni deb dovondan oshgan, Chashmi iztirobning qirg‘og‘idaman. Vafodan yaralgan bevafoginam, Men endi firoqning ishq to‘ridaman. Ketyapman, sizdan yo‘q hech qanday ginam, Chunki men pokiza qalb to‘ridaman. Siz meni izlamang, ko‘kdagi oydan, Men oydan uzoqqa uchib ketganman. Faqat sizdan qochib bevafoginam, Quyoshning bag‘riga ko‘chib o‘tganman. Kelmangiz yonimga ko‘ngil so‘rgani Men sizga dilimni berib ketganman, Sizdan yashirib bu yuragingizni, O’zim bilan olib, ko‘kka yetganman. Qaylarda qolding deb izlamang meni, Men ma’yus chehrangiz nigohidaman, Yo‘q, yo‘q, meni izlab samoga boqqan, Har tola kiprikning dargohidaman. ONA (Dunyodagi barcha onalarga bag‘ishlanadi) Qildim bayon vasfing Uzundan – uzoq, Ona, so‘z topmadim Senga loyiqroq. Quyosh bor dunyoda Charog‘on biroq, Men uchun quyoshdan Mehring ulug‘roq. Dunyo tushungaydir O’zicha bizni, Bildik o‘zimizcha Biz ham dunyoni. Bugun o‘zgalarga Bo‘lib beqadr, Men bildim, onajon, Yaxshiroq seni. Podshoh ham, gado ham Kimgadir farzand. Barchaga teng bergan Mehrini ona. Qabul et, poyingda Aylayin ta’zim, Bir doston tug‘ildi Bugun sha’ningga. O’qidim, nozikta’b Shoirlaring ham, Vasfingni yoymakka Ojiz qalami. Ne sabab bunday, ey Aytgin, buyuk zot, Balki qalbing to‘la Hayajon, titroq... Bilmadim, taqdirim Ne yo‘lga boshlar. Hali yashirin bu Kelajak siri. Shoira bo‘lolsam Faqat sizga deb, Men qasr quraman Birinchi bo‘lib. Tojmahal qurildi Sevgiga atab. Men deyman, bo‘lg‘usi Onaga atab. Ey, dunyo jamiiyki Qizlarni asra, Chunki, u avvalo Bo‘lg‘usi ona... Ha, qizlar biladi Ona qadrini, Qachondir ular ham Ona bo‘lganda. Ona iztirobin Tushunar balki, Ular ham bolam deb Qayg‘urganida. Men diyor izladim Dunyoni kezib, Va qo‘nim istadim Kulba axtarib, Qush bo‘lib uchdimu Bag‘ringdan uzoq, Men makon topmadim Qalbingdan yiroq... BOG‘ ARO Muhabbat bog‘iga Kirgan ilk kunim. Eng ezgu orzular, Ezgu niyatlar, O’tli nigohlaru Nihon yonishlar... Ta’rif etolmayman Til tekkizolmayman, Bu – o‘tmishimning Yorqin kunlari... Hijronning domiga Ilingan kunim, Behisob qayg‘ular Ilk iztiroblar, Mungli nigohlaru Undan nolishlar... Ta’rif etolmayman, Til tekkizolmayman, Bu ham o‘tmishimning Yorqin bir kuni... Endi men hammasin Unutgan kunim, Qayg‘udan yiroqda Osuda tunim. Faqat u qiynaydi, Qaynoq sog‘inchim, Va’dasin unutgan Yolg‘onchi gulim... Ta’rif etolmayman, Til tekkizolmayman. Bu gulshan aro men Qola olmayman. AYOL ASLI Ayol kimdir? Ayol – ojiza. So‘zlarida turmagan – ayol. Ayol kimdir? Ayol – pokiza. G’animga yuz burmagan – ayol. Ayol edi, Mavlaviyning Onasi, Ayol edi, bu dunyoning Oynasi. Ayol edi, jur’atsiz dil Xonasi, Bu olamni ushlab turgan Muhabbatning Soyasi... Ayol kimdir? Ayol – ojiza... G’iybatlardan chiqmagan – ayol, Ayol kimdir? Ayol – mo‘‘jiza. Dunyolarga sig‘magan – ayol. Ayol kimdir? Yig‘latgan – ayol. Ko‘ksidagi yagona ishqni Foniy hisga Tig‘latgan – ayol. Ayol kimdir? Yig‘latgan – ayol, Ham yig‘latgan, yig‘lagan – ayol. Ayol kimdir? Kuldirgan – ayol. Ham kuldirgan, kulgan ham – ayol. Ayol kimdir, aytay do‘stlarim: Asli – ayol, joni – ayolmas. Ayol kimdir, bu dunyoda: Asli – erkak, joni – muannas... BERAHM ERTAK Ko‘nglim sezgandi, Bir kun sen menga Ketishing haqida So‘ylaysan ertak. Men-chi ertaklaring Ustidan kulib, Aytaman bu cho‘pchak Menga ne kerak?.. Mana, sen aytgan Zamon ham keldi. Navbatin kutmoqda Berahm ertak. Rahm et, bir zum Qolay yoningda, Sen-chi, unamading. Hozir... Ketishing kerak... NE’MAT ORZUSI Ko‘chalar, daraxtlar, Chang. G’ubor bosgan. Bir on ezilib, Qor yog‘sa edi... Osmonni xiralik, Tumonat bosgan, Yomg‘ir-da suzilib Bir yog‘sa edi... Balki soyabonim Uyda qoldirib, Boshyalang dalaga Chiqardim, balki... Temur xiyobonin Ortda qoldirib, Toshkentni aylanib Chiqardim, balki... Chiroqlar, chiroqlar... Yashil chiroqlar... Yo‘l bering, yo‘llarda Yurayin yayov. Chiroqlar, chiroqlar Katta so‘roqlar: "Bu katta yo‘llarda” "Nechun siz yayov?” Ko‘chalar, daraxtlar Chang bosgan, xiyol Bir dam tizilib Qor yog‘sa edi... Shoirni karaxtlar Tun bosgan xayol, Yomg‘ir ham suzilib Bir yog‘sa edi... * * * "Men” bo‘lsa, dunyoga havas bo‘larkan. Ruhiyat qushiga qafas bo‘larkan, Allohning eng go‘zal mo‘‘jizasidan Bandaga berilgan nafas bo‘larkan. Dindoshim, birodar, uloqtir "Men”ni, Pokiza ko‘ngilga joylagil "Sen”ni. Musharraf bo‘lgaysan, topmoqqa balki, Hayotning sayqali o‘shal "Hech kim”ni. YORNING QULIMAN Dunyo meni Anglamoq uchun, O’ttiz yil kerakdir. Balki ellik yil... O’shal kun inson deb Tan olmoq uchun, Sarflamoq kerakdir Umrni balki. Sen kimsan demading: Yorning quliman, Gunohkor bandaman, Devonasifat. Xaroba edimu, Yerga to‘kildim. Kezaman dunyoni Xarobasifat. Ko‘zlardan oqqani Tomchi yosh emas, Dengiz qa’ridagi Durdan nishona. Olgan malomatim Asli tosh emas, Bog‘ida ko‘ringan Hurdan nishona... Ayting bu dunyoni Qurgan kim edi? Kim edi, kim uchun Bunyod ayladi?!. Jim edi, koinot, Asli jim edi... Jimlikda insonni U yod ayladi. TOPGANIM Hayolardan qochib-qochib, Borib oxir, xato topdim. Xatolarning yuzin ochib, Borib yo‘ldan aso topdim. Yiqildimu, dedim: "Alloh” Gunohimga jazo topdim. Shukr debon, so‘rdim panoh, Bu dardimga davo topdim. Bahouddin izlaridan, Yurib-yurib, duo topdim. Duolarning so‘zlaridan, Hurmatidan hayo topdim. Hayo olib bordim unga, Qaytishimda ziyo topdim. Xamir qildi qorib unga, Jafolardan vafo topdim. Sen, ey, Kavsar topmading hech, Nafs balosidan o‘zgani Ko‘ngil aytar: "O’zingdan kech!” Qo‘y, Rizosidan o‘zgani. IYMON BILAN YARATGAN To‘lin oy, seni Rabbim tanho etib yaratgan, Senga ko‘z tegmasin, deb dog‘lar surtib yaratgan. Yulduzlarni atrofga chaman qilib yaratgan, Seni ul chamanda misli sanam qilib yaratgan. Bizni Alloh dunyoda halol bo‘l, deb yaratgan, Xoksor-la qaddi dol, hilol bo‘l, deb yaratgan. Biz-chi, halol bo‘ldikmi yechib hayo pardasin? Vaholanki, U bizni inson qilib yaratgan. Nafs yo‘liga og‘dikmi, ichib hayot bodasin? Demadikmi, U bizni nodon etib yaratgan? Odamzotga bu borliq mo‘‘jizadir shubhasiz, Ko‘rmadikmi, erkagu ayol qilib yaratgan?! Oyga ham qo‘yib qadam, topganimiz ne bo‘ldi? Bari jumboq biz uchun, xayol qilib yaratgan. Yetti olam asrori senga Undan xabardur, Eshit, inson, borliqdan yolg‘iz Alloh Akbardur! Kel ey odam, birlashib, ibodatga bog‘la bel, Alloh bizni musulmon banda qilib yaratgan. Turku Ajam, Mag‘ribdan kelar yig‘lab odamzot, Zero, ko‘ngil uyini iymon bilan yaratgan. Mohim, seni U ko‘kda tanho qilib yaratgan, Nur yuzingni biz uchun hayo qilib yaratgan. Qalqon bo‘lsin eng go‘zal axloqimiz tunu kun, Zero, Alloh barchani ibo bilan yaratgan! NOLAI DIL Zebogo‘y erursan, zebolik senga yarashgay, Nain zebolik, balki dilrabolik yarashgay. Uzlat istagay ko‘ngil bugun yoding ila, Besabrlik menga, Senga ibolik yarashgay. Loba ko‘rguzdimu deding: "berurman, tila” Sultonlik Senga, menga gadolik yarashgay. Xo‘bliq ayla manga, berib ishqdin nasiba, Ki majnun esam, ishqda savdolik yarashgay. Uzmam umidimni diydor diyoridin men, Ki, qalbim dardiga bedavolik yarashgay. Misli mohtob bilmangiz, chehrai zardimni, Ki, dili xunman menga shaydolik yarashgay. Olamorolikmu ishing, mendek g‘aribga, Erib bitgay jon Senga jafolik yarashgay. Rohim erursen Rohimli zot o‘zing, yo Rab, Kavsaringga vasl, Senga tanholik yarashgay. KELDIM Shohmenu egnimda xirqa, men seni ko‘rgali keldim. Yo‘q bisotimda miri ham, bazmi jom qurgali keldim. Nurnisor deb ta’rifing yetkazdilar jahon ahliga, Ko‘nglima ishq tig‘in sanchding, boisin so‘rgali keldim. Demagil sen ey, lolaruh, kelsam magar tufayl nechun? Qaro sochlaring to‘zg‘imish, alarni o‘rgali keldim. Shoh erur, ishqda gadodur deb aytsa nodon kishilar, Menki, andin tafoxurda, sanga bosh urgali keldim. Ne uchunkim kelursan boz deb jonima qilma jafo, Dilim mehrin vafosidin ishq qasrin qurgali keldim. Hajru firoqing dardini mendin raf’i et sumanso, Vasling bihishtida bo‘lib, men muqim turgali keldim. XATO AYLAMANG Xayol ichra suzganim ko‘rib siz parvo aylamang, Ka’badek ko‘ngil uyin shubhadin rasvo aylamang. Shayxi San’on uchun buncha, siz tavallo aylamang, Tarsoliqdin judo aylab, ani porso aylamang. Majnuni Qaysni ko‘rib, ani mudovo aylamang, Vasldin ayru firoqni oshiqqa ravo aylamang. Qayu moh ko‘kda yuzin siza tajallo aylasa, Samarqandu Buxoroni anga hibo aylamang. BORMIKAN Bu jahonda Seningdek sharm aylaguvchi bormikan, Tun zulmatda o‘zini sham aylaguvchi bormikan. Bu dunyoda yemoqlik bor birov haqqin xotirjam, Lek vijdonan boshini xam aylaguvchi bormikan. Xayr etsak-da Hotam kabi yuz kun bechoralarga, Halol bir non ila karam aylaguvchi bormikan. Bu olamda nafs yo‘lidan yurib yiqqanlari samm, Savoblardan gunohni kam aylaguvchi bormikan. Magar hisob vaqti hamma Mashhargohda bo‘lsa jam’, Qo‘rqib gunohdin ko‘zni nam aylaguvchi bormikan. Ochmagay ko‘ngilni Kavsar, o‘zgadin ko‘rmish sitam, Anga Sendek o‘zni mahram aylaguvchi bormikan. TO‘RTLIKLAR Ortiq menga oshyon kerakmas. Mol-dunyoga hamyon kerakmas, Elting meni, do‘stlar oldiga, Faqat menga nodon kerakmas. * * * So‘z gavhari ma’no dedilar. So‘ng ularni so‘zga sotdilar. Tikanlarga o‘rab ayovsiz, Yaxshilarga qarab otdilar. * * * Tun kirdi ashkimni yashirmak uchun, Hatto rahm etdi bu omonat dunyo. Sen-chi, sen qadringni oshirmak uchun, Ketdingmi tashlabon, ey guli ro‘yo. * * * Sen ey, inson, ko‘zni avayla, Yaxshilarni ko‘rmog‘ing uchun. Tikanlardan so‘zni avayla, Qasri savob qurmog‘ing uchun. * * * Hayot o‘yin misli, inson – ovunchoq. Yashamoq – sham erur, qo‘yibsan yoqib, Faqat emas bunda lison – o‘yinchoq, So‘zlaring daryoga ketmaydi oqib. * * * Shu latofat, shu chiroy, bitta xol ila, Hofiz Sheroziyni lol etgan malak. Jonimning rishtasin bo‘yningga bog‘la, Bugun men Hofizu telbaman, halak. * * * Bobur sog‘inchida qolgan she’riyat, Usmon xayolini olgan she’riyat Bu kun meni yana asira aylab, Jonimga o‘tli ishq solgan she’riyat. * * * Bir nigoh tashlab meni tohir etding, Avval gung aylabon, so‘ng mohir etding. Vasfing uchun topmasimdan bayt senga, Lahza firoqing ila shoir etding.
| |
Просмотров: 1453 | |