Shuhrat Shokir
«O‘RIK GULLARI» TURKUMI Durdonaga bag‘ishlayman Endi to‘kilmasman, zavol bilmasman Yashillik axtarib yurmasman bekor. Tunlarni sipqorib, tongda o‘lmasman Ostonamga yo‘qlab kelibsan takror. Kelgindi bahorlar poyida mulzam Tiz cho‘kib turmasman baxtim so‘roqlab. O‘rik gullariday to‘zg‘imasman ham Tiyiqsiz shamollar kelganda yo‘qlab. Endi baxt yetti yot begona emas, U bizning kulbadan ketolmas hatlab. Axir bu gal munis bahor senimas, Sen munis bahorni kelding yetaklab. * * * Umidlar uzildi, Ko‘ngil buzildi, Bilmaysan mening ham ahvolim yomon. Seni ranjitganim zo‘r gunoh bo‘ldi, Bir qoshiq qonimdan kechgil, singiljon. Niyatlar oq edi, Men qaro qildim, Bir butun ko‘ngilni ne balo qildim? Hech kim yo‘qlamagan g‘arib boshimni Ming bitta baloga mubtalo qildim. Men kimman, Men bitta darbadar xolos, O‘rik gullariga qarayman ma’yus. Seni telbalarday sog‘inganim rost Yupun orzulardan kecholmay hanuz Kechir, deyolmadim Qo‘lingdan tutib, Bilmaysan, mening ham tosh ko‘nglim yarim. Ertaga yig‘layman ko‘zimga surtib Bahorning norasta shabbodalarin. Endi mening umrim Bir tugal armon, Yupun kuz oralab kechar yo‘llarim Bir kun meni ado qilar, singiljon Tushlarimga kirgan o‘rik gullari. * * * Kuz ham ketayotir Qaygadir shoshib, Uning sho‘rishiga quloq solmadik. Loaqal xazonday vido aytishib, Bir qadar erkinroq yig‘layolmadik. Men ilg‘ay olmadim, Yo‘llarim tuman, Meni sog‘inganlar qanday so‘ldilar. Kun kecha boshimda qiyg‘os gullagan O‘riklar xazonin to‘kib bo‘ldilar. Qayga eltar meni Tuman yo‘llarim, Bu sho‘r g‘avg‘olardan to‘ygan bandaman. Yigirma yil kechdi, dil hanuz yarim, Umrimni behuda sovurgandayman. Sensiz bu bog‘larda qoldim telbaday, Hech kimsa men uchun qayg‘urmas tayin. Mayli, xazon terib Yig‘lasam yig‘lay, Xazonlarni quchib o‘lsam o‘layin. * * * Men tirildim, Endi faryodim taqir O‘riklar umidvor gullayotgan payt. Endi o‘lmoq qiyin, Yashamoq og‘ir, Sen jonimga ora kirasanmi, ayt. Sargardon shamollar qichqirgan tuni, Bechora jonimni hovuchlayman jim. Darbadar umrimda men yolg‘iz seni O‘rik gullaridan ortiqroq suydim. Yashayman, tegramda bir sur olomon, Bitta ham daryodil yo‘qdir, o‘ylasam. Daryoday bosh olib ketarman sarson, Bu xarob maskanda itday o‘lmasam. Ketarman, Yo‘limdan chiqar qahraton. Jonimga ko‘z tikar sovuq bir tahqir. Yozg‘irib alvido aytganim yolg‘on, Men seni sevaman, sevaman axir. Ishq hanuz to‘kmagan ko‘z yoshing sening, Men hanuz ichmagan zahrolud qasam. Sen baxtli emassan, baxtsizim mening, Men baxt qo‘shig‘ini o‘ksib tinglasam. * * * Men ketay, Sen ketgil yo‘llarni buzib, Bizga kun tug‘magan tunlardan nari. Biz ketar yo‘llarda parishon to‘zib, Behol to‘kiladi o‘rik gullari. Men ketay, Sen ketgil panoh axtarib, Uchragan har jondan jon haqin so‘rab. To‘rvasin yo‘qotgan gadoday g‘arib Boshi berk ko‘chalar turar dovdirab. Men ketay, Sen ketgil beqaror, sarmast, Yo‘llar bamisoli so‘nayotgan sham. Bir biridan ayro ikki mayparast Ichganimiz ishqmas, ming yillik qasam. Men ketay, Sen ketgil, parishon to‘zib, Tuproqqa qorishar o‘rik gullari. Ketamiz men sendan, sen mendan bezib, Bizni kutmayotgan manzillar sari. * * * Seni o‘zim uchun Asray olmadim Dunyoning o‘ziday qadimiy g‘ussam. Senga aytar bo‘lak so‘zim qolmadi, Xafa bo‘lmaysanmi unutgil desam? Endi seni o‘zi asrasin Xudo, Tashla, Yer ko‘tarsin dardlaringni ham, Sen mening kaftimdan to‘kilgan duo, Ijobat bo‘lmagan tilovatimsan. Men esa tekinga sotilgan sirman, Bu noraso umrim bir chaqaga teng. Sensiz ko‘chalarda bir musofirman, Sensiz ertaklarda jolugarman men. Bilmaysan, Men hanuz g‘urbat chekarman Yolg‘onlar bo‘g‘zida qotgan firibgar. Lablaring ta’mini olib ketarman Qaqragan labimda qiyomat qadar. Bo‘lganicha bo‘ldi, Yetmaydi sabrim Qilgan gunohimni yuvmoqlikka ham. Munglig‘ munojotim, bedavo dardim, Baxtli bo‘lasanmi seni unutsam?.. * * * Osiymiz, gumrohmiz Bir xudo guvoh, Sen ketding, men kechdim baridan atay. Bir kun boshimizdan to‘kilgay gunoh Kech kuzning toliqqan xazonlariday. Yig‘lama farishtam, Boshimiz omon, Duolar ijobat bo‘lar bir kuni. Mayli unga qadar bo‘zraysin osmon, Oftob unutgandir oftobligini. Bilmadim, Qaydadir hatto bizga ham Bir kuni tong chog‘i baxt burgay yuzin. Faqat unga qadar topolsak chidam, Faqat unga qadar tilolsak to‘zim. Bahorga eng avval kim yetar gumon, Kim esa qismatga ko‘nikkay badar. Ko‘zlaridan o‘pgil tavof qil chunon, Baxtga mendan oldin yetolsang agar. * * * Mening bisotimda To‘lmagan ko‘ngil, Bir chaqaga qimmat tuyg‘ularim bor. Turgan bitganim shu, duoyi bad qil, Qo‘lingdan kelmasa, Xudoga yolbor. Xudoga yolborgin, Xudo bo‘lgay yor, Ko‘zlaring kulmasa, toleing kulsin. Mening kechib bo‘lmas gunohim bisyor, Sen kechirgin, Xudo mag‘firat qilsin. Bahorni sog‘inib Yashadim dildan, Surdim baxt haqida bir shirin o‘ylar... Umidimni uzdim, desam ortimdan Yovqarash qildilar karomatgo‘ylar. Umidimni uzdim, Ketarman zimdan, Meni suyganlardan kecharman atay. Boshi ochiq qolgan daraxtlar bilan So‘zlasha boshlayman tug‘ishganimday. Hali bir bokira Kunlarim kelgay, Afsonalar aytar o‘rikzorlar ham. Shoir bo‘lolmasa bir daraxt bo‘lgay Daraxtlarni quchib yig‘lagan odam. Mening bisotimda To‘lmagan ko‘ngil, Hech kim tushunmagan tuyg‘ularim bor. Turgan bitganim shu, duoyi bad qil, Qo‘lingdan kelmasa, Xudoga yolbor. * * * Ertaga ertagi bitadi ishqning, Tug‘yonlar to‘g‘onin buzar ertaga. Qaqragan bo‘g‘zimdan sizmagan bo‘zlar Ko‘zlarim qatidan sizar ertaga. Ertaga yaproqlar titrar tilaksiz, Tomirlarim yorar mashrabiy qonim. Bu tor yo‘llarimga sig‘may tentirar Ko‘ksimga sig‘magan bir hovuch jonim. Ertaga munojot ingrar menimday, Sukunat ko‘ksini tirnab telbahol. Mosuvo ishq haqda to‘qib bir alyor Mohtob samolarga keltirar malol. Dunyolar dunyoga sig‘mas ertaga, Tunning qarog‘ida diydirar shabnam. Ertaga ertagi bitadi ishqning, Ertaga ertagim bitar mening ham. * * * Bu kecha tilandim, baridan kechib, Ma’yus ko‘zlaringga ko‘milsam bir zum. Ko‘z yoshing sipqorib sarxush o‘lardim, Og‘ushimga singib yig‘lasam yum yum. Muslima, ko‘zlaring qaro tilsimdir, Necha asr yig‘lay poyingda mulzam. "Do‘stmiz", degan shivir ko‘nglimga sig‘mas, Do‘stparast emasman bilsang juda ham. Yarim tun. Xonamda kezar zamharir, Sukunat tovshidan topmadim orom. Soniyalar tig‘i gunohkor qulday Umrim lahzalarin aylar qatli om. Men esa... men esa baridan kechib,, Ma’yus ko‘zlaringga ko‘milsam bir zum. Ko‘z yoshing sipqorib sarxush o‘lardim, Og‘ushimga singib yig‘lasang yum yum. * * * Sen ketma, Sen ketsang dunyoning yarmi qahraton, Yarimisi Cho‘li Iroqdir. Sen ketma, Azizam, mendan ham yomon Dunyo senga dilintiqroqdir. Sen ketma, Sen ketsang har nafasimdan Taralur ming bitta darvish suroni. Sening ketishingga ko‘nikmasimdan Bahor ham yig‘moqda ko‘chu ko‘ronin. Sen ketma, Bizni deb bir chaqaga teng Dunyoda gunohlar gullasa nima. Baxt qushim, beozor musicham mening, Dil toshim, ko‘z yoshim singlim Nasima. Sen ketma, Sen ketsang fasllar ketar almashib, Yaproqlar to‘kilar kuni bitmasdan. Kuz ham ko‘r gadoday ketadi shoshib Bog‘larga qahraton yetib yetmasdan. Sen ketma, Sen ketsang, ketarman giryon, Izlaringni ko‘mib bitmaguncha qor. Mayli, bu bog‘larda kulsin qahraton, Mayli, bu bog‘larga qaytmasin bahor. * * * Yarim tun qalqiydi mung‘aygan ko‘ngil, Ruhimda ko‘z ochar sarbador junun. Shoshilma sukunat so‘ylagan g‘amgin Ming birinchi ertak bitmasdan burun. Nasima, boq tunning ko‘ksini yorib, Mohtob ikkimizga ko‘z solar zimdan. Men kechsam kularmi kimningdir baxti Ming birinchi kecha topgan baxtimdan. Gizlaydi sarosar tomirda xunim, Qatog‘on qilinar qalbimdan surur. Xotir kulbasidan ketmas bu tunlar Tepamda Isrofil chalmaguncha sur Mayliga, ishq haqqi kecharman ishqdan, Ruhim tirnasada sarbador junun. Faqat ket ko‘ksimda tug‘ilgan faryod Nochor ko‘zlarimga ko‘chmasdan burun. Nasima... * * * Namxush sochlaringa dafn ayla meni, Rixlat mayin ichsam ko‘zing yoshiday. Tashna lablarimga bos qo‘llaringni Poyingga tiz cho‘ksam jon taloshida. Subhidam ko‘z ochsa saharxez sabo, Tun qaro chodrasin sudrasa holsiz. Sening nafasingdan topardim to‘zim, Qoshimda yaproqday titrayotgan qiz. Sarpoychan dunyoda to so‘nggi nafas Yozg‘irdim, tonglarga boqdim umidvor. Tepamda arg‘imchoq misol tebranar Umidim osilib o‘layotgan dor. Namxush sochlaringga dafn ayla meni, Rixlat mayin yutsam ko‘zlarim yumib. Subhidam ko‘z ochsa saharxez sabo, Muattar hidlarga yotay ko‘milib. Namxush sochlaringga dafn ayla meni... DO‘STIM OZODGA Qulamasdik og‘ochday giryon, Xiyonat qurtlari o‘lsaydi. Do‘st degan tuproqday mehribon Tog‘larday ustuvor bo‘lsaydi. Zalolatdan bo‘lmasdik zada, Qalblarga diyonat to‘lsaydi. Shaytoni lainmas, o‘rtada Faqatgina Xudo bo‘lsaydi. Iddao Nafratlanib boqmang, Garchi osiyman, Yomonlik tilamang, Xudo barhaqdir. Boshingizga balo bo‘ldimi deyman Mening manglayimga bitilgan taqdir. Har nechuk men sizdan Ko‘proq o‘kindim, Erkinroq so‘zladim sizdan bir qadar. "Kimsan?" deganlarga "Shoirman, dedim, "Men Shuhratman", dedim, mag‘rur darbadar. O‘tinch Bo‘g‘zimda shamolning yozg‘irig‘iday Bir nido uyg‘onar, otashin nido. Ovozimni bo‘g‘mang bir bor qichqiray, Mening yo‘qsil qalbim bo‘lmasin ado. Qo‘rqmang, sokin osmon ketmaydi titrab, Yulduzlar to‘kilib ketmaydi noxos. Yirtilsa qaqragan bo‘g‘zim yirtilar, Yirtilsa sukunat yirtilar xolos... Orzu «Muslim daraxtlar» turkumi Shamollar chinqirar yurakni ezib, Nochor vahmlardan to‘ladir qalbing. Suronlar ichinda boryapsan to‘zib, To‘zyotgan muazzam tuproqlar kabi. Qul eding, qul bo‘lding, Hanuzam qulsan, Nokaslar qo‘liga qararsan mulzam. Qarg‘ishlaring qolib ketdi muallaq, Ijobat bo‘lmadi duolaring ham. Shamolday bir umr kezding darbadar, Ko‘rgan- kechirganing Xudodan ko‘rib. Janozang o‘qiydi muslim daraxtlar Jon bersang sajdaga boshingni qo‘yib. Iqror Ko‘zlarim ko‘rmidi, Haqni ko‘rmadim, Gunohlar yoqamdan tutgunga qadar. Endi tinglayurman darddan to‘lg‘anib Munojot aytganin muslim daraxtlar. Toqatlar to‘zg‘igan Beorom kunlar, Bedor o‘tgan tunlar zahmatin tuydim. So‘ldilar qanchalar nafarmon gullar, Nafarmon orzular gulday to‘kildi. Ruhimda takbirlar suroni tindi, Nur so‘ndi qalbimning qat qabatida. Halovat axtarib tunlar kezindim Harom og‘ushlarning saltanatida. Sudradim qashqirlar g‘ajib tashlagan O‘laksa misoli manfur jismni. Qasam ichdim, ming bor buzdim qaytadan Anglab yetgunimcha muslimligimni. Angladim nokaslar toptagan dunyo, Bu g‘addor dunyoda bir nur borligin. Tazarru ayladim, kechirgin, Xudo, Kuyib ketmoqdadir butun borlig‘im. Tazarru ayladim ko‘zlarim giryon, Fitratimda bordir Haqning siyrati. Ruhimda takbirlar solgaylar suron Jismimga tuproqlar to‘kilgan payti... Ko‘zlarim ko‘rmidi Haqni ko‘rmadim, Gunohlar yoqamdan tutgunga qadar. Endi tinglayurman darddan to‘lg‘anib Munojot aytganin muslim daraxtlar. Buzulg‘on o‘lkaga Daraxtlar tilovat Qilar to‘lg‘onib, Oyatlar o‘qiydi tuproqlar barhaq. Tosh qotib uxlaydi baridan tonib Xudoning qahriga uchragan bu xalq. Gunohlar ko‘z yorar zulmat taftidan, Sharorat bo‘y cho‘zar osmonga qadar. Qolib ko‘r kaslarning kasofatiga, Tunlar harom bo‘lar kunlar besamar. Bunda xiyonatlar Topgaydir rivoj, Bunda muzaffardir shayton lashkari. Xotinlari kezar yarim yalang‘och, Da’yusga aylanib borar erlari. Qonida jo‘sh urar shahvoniy junun, Nomahram yuzlarga boqar hirslanib, Hatto oy- yuzlari to‘lmasdan burun, Ismatidan judo gulro‘y qizlari. Alplarin ko‘r qilar Fisqu fujurlar, Ayshu ishratlarga tikar jonini. Mudraydi shuuri, vijdoni o‘lar, Aroqqa alishgay xonumonini. Zalolat tegrangda qilarkan xanda, Bir zum bosh ustingdan arimas xatar. Tuproqlar to‘lg‘onar bu xor maskanda, Zor qaqshab yig‘laydi muslim daraxtlar. Tavba Tug‘ilgan edim men Yorug‘ yuz bilan, Muslimlik bor edi fitratim aro. Ming yildir tazarru qilmadim dildan, Ming yildir yashadim Ishqdan mosuvo. Gunohlar gulladi boshimda manim, Mustahiq bo‘ldimmi qahringga, yo Rab, Harom og‘ushlarda bulg‘andi tanim, Ko‘r bo‘ldim kasofat kaslarga qarab. Kimlarni suydimu, Qildim iltijo, Kimlarning yuziga boqdim surlanib, Toqatlarim to‘zib bo‘lganda ado, Chalajon loshimni bazo‘r sudradim. O‘ldi Ishq, Yuraklar urhosi tindi, Ko‘ksimda nafarmon gullar so‘ldimi, G‘ayurlar ichinda G‘ayurlik qildim, Nokaslar ichinda nokas bo‘ldimmi?.. Bilmadim, Zalolat, zulmatlar aro Qalbimni tark etdi iymon nurlari. Bir so‘z izlayurman men motamsaro, To‘rvasin yo‘qotgan ko‘r gado kabi. Gumrohlik anqigan tunlar qa’rida Bir najot axtarib o‘rtanar qalbim. Taborak surasin oyatlariday Tabarruk bir so‘zni topmadim, Tangrim. Endi ko‘z o‘ngimda Qartayar kunlar, O‘layotgan gadoday yuraklar yupun. Endi qaytarmikan ul yorug‘ nurlar Ko‘zimga tuproqlar to‘lmasdan burun... Shukroni ne’mat Yaxshiyam xalq bordir, Bir daydi O‘qqa uchrab yiqilsang agar. Go‘shtingni qashqirlar yemaydi, Ko‘zingni cho‘qimas qarg‘alar. Jannatdan quvilgan Odamday O‘z uyingga sig‘massan biroq Yaxshiyamki, bordir shu damda Jasadingni sig‘dirgan tuproq. Umidsizlik Xo‘rliklar bitmadi, bu purg‘am Tuproqqa badduo tekkanday. Chidar endi qirq biriga ham Qirqiga bardoshi yetganlar. Erkni orzu qilmas og‘uday Qashshoqlikni sipqorgan erlar. Qullar chiqar o‘z tuprog‘ida Qorni nonga to‘ymagan eldan. Munojot Tangrim, afu etgil, Alamzadaman, Bir xunuk g‘am yetdi dilning tubiga. Barchaga tik boqib o‘sgan bandaman Nokaslar yurtida, Xorlar yurtida. Ruhimni bodlarga chulg‘ab yashadim, Daraxtlar dardini ilg‘asin bir dam. Boshimdan ziyoda bo‘lsa ham dardim, Harom og‘ushlarga bo‘lmadim mahram. Ba’zan gunoh qildim, Quloq solmadim Ko‘ksimda titragan dil faryodiga. Tavba qilsam faqat o‘zingga qildim, Yolvorsam, yolvordim sening poyingda. Bukun erta tongdan Hasratga to‘lib, Chorladim yetti yot halovatlarni. Kimga tashlay axir boshimdan olib, Boshimga yog‘ilgan malomatlarni?.. Tangrim, afu etgil Alamzadaman, Hech kimga ishonmay dil faryodini, Barchaga tik boqib o‘sgan bandaman Faqat senga aytib munojotimni. * * * O‘zim bilan o‘zim Qoldim daf’atan, Meni tushunganlar yo‘qoldi izsiz. Evoh, aftodahol turgan daraxtlar, Hech qachon siz meni anglayolmaysiz. O‘zi nima gunoh qildim, Erta kech Bir butun ko‘ngilni qilgandim orzu. Xudodan o‘zgaga sig‘inmadim hech, Hech kimga yomonlik sog‘inmadimku. Ko‘ksimni titratgan bir dardchil sado Bo‘g‘zimni kuydirdi, mardona turdim. Bir sohibi ko‘ngil bo‘lsaydi, hatto Etagida ming yil namoz o‘qirdim. Tobora tubanlab Bormoqda qadrim, Nechun yasholmadim bir zum xotirjam. Men uni hammadan ko‘proq sevardim, Uni deb o‘ksinib yig‘lolmasam ham. Bir ko‘ngil qolmadi Borsam daraklab, Ko‘ksimga boshini qo‘yguvchi so‘zsiz. Evoh, aftodahol turgan daraxtlar, Hech qachon siz meni anglayolmaysiz. * * * Tirildim Tuproqning qat qabatida Ildizlar to‘lg‘onib ko‘z yorar kunlar. Kechdim bir umrlik halovatimdan Qalbim chulg‘aganda muazzam nurlar. Tirildim, Yuragim ulg‘ayar, yo Rab, Titroqqa to‘ldirar jonu jismimni. Bedor kechayotgan tunlarga qarab, Eslayman darbadar, ko‘r kechmishimni. Bu ko‘zlar bunchalar g‘amgindir,evoh, Osoyish topmasman Endi tuproqday. Suydim bu ko‘zlarni Xudoyim guvoh Ildizlar to‘lg‘onib ko‘z yorar chog‘da. Endi yurak yutib, icharman qasam, Takrorlab muazzam daraxtlar ismin. Qiyomatga qadar umid uzmasman, Umid uzilguncha jonim uzilsin. Boqarsan, Ko‘zlaring giryon bu darddan, Lablaring shivirin tinglayurman jim. Sen yig‘lama, Shahvat, sharoratlardan Zada bo‘lgan manim qalbim yig‘lasin. Bu nurlar pokdomon, Bu nurlar alvon, Yiroqdir g‘ayurlar, Yot nigohlardan. Qonimda gizlamas endi qahraton, Xalosman urholar ohu vohlardan. Endi o‘lmay turib Ketmasman yiroq, Mayli halovatsiz kechsa ham tunlar. Qiyomatga qadar porlasin biroq Qalbimni yoritgan muazzam nurlar... * * * Har nafas musulmon millatim dedim. Shavkat Rahmon. Qiyomatni kutar tuproqlar unsiz, Ishqdan ayro tushgan yuraklar o‘lgan. Birgina begunoh bordir shubhasiz, Birgina Qudrat bor pok Yazdon degan. Qurtu qumursqalar urchigan kunda Iymon gavharlari xomtalosh bo‘lgan. Gumrohlar avliyo bo‘lgan zaminda Birgina Hikmat bor Al Qur’on degan. Xudodan bexabar bechoralar bor, Millat deb bir- birin go‘shtini yegan. Kezi kelsa ayting u nokaslarga Birgina Millat bor Musulmon degan. OPAM NAFISAGA Umidimni yetaklab keldim, Ostonada turibmiz birga. A.Qutbiddin Mening borim Sening ko‘zlaringga teng, Bugun borayapman baridan hatlab. Quvon, eshigingni qoqib borsam men, Tiriklikni nodon do‘stday yetaklab. Quvongin, sen mening dardimni tuyma, Mayli, Dorilomon kezar ko‘zlarimda mung. Mushtiparim mening holimga kuyma, Qadrimga yig‘lama, azizam mening. Qadrimga yig‘lamay qo‘yganman, Hamon Ko‘z yoshim qadrlab she’rlar to‘qiyman Endi gunohimni yuvgali har tong Etagingda namoz o‘qiyman. O‘z baxtimni so‘rayman shunda, Bermasman hech taqdirimga tan. Men bilaman, eng og‘ir kunda Birov kechirmasa, sen kechirgaysan. Karomat qilgaysan Mening baxtimdan. Mening toleimdan so‘ylaysan ertak. Men ham ishonaman quvonib zimdan, Har holda baxtga yor bo‘lolsam kerak. Mening baxtim Sening ko‘zlaringga teng, Bukun borayapman baridan hatlab. Quvon, eshigingni qoqib borsam men Tiriklikni itday yetaklab... * * * Qayga ham ketardim, Va sensiz kimning Oshiyon etardim ko‘ngil to‘rini. Seni izlab, sendayin muzlab, Men o‘tkazdim sarson umrimning, Sargardon umrimning salkam yarmini. Men hamon izlayman ikki qatra nur, Zulmatlar oralab sen nega jimsan?.. Sen menga oy kabi qadrdon axir, Sen mening tuproqday mehribonimsan. Bu kecha to‘kilar eng so‘nggi xazon, Halovatsiz tunlar dastidan nolib. Mudragan bog‘larni o‘rar qahraton Kiftidan to‘zg‘igan choponin olib. Bu kecha ming yillik toqatlar bekor, Iblisday qoraygan osmonlar g‘anim. Bu kecha darbadar umrimda ilk bor Qo‘rqaman zulmatda yolg‘iz qolgani. Qayga ham ketardim, Mudragan bog‘da Meni chorlayotgan qaynoq nafasdan. Men kelaman bizga tanish so‘qmoqdan, Men kelaman hatto bahor kelmasdan.
| |
Просмотров: 1986 | |