Iroda Umarova
VATAN TASNIFI 1.O‘zbekistonjon Koinotda porlar sanoqsiz yulduz, Ularning ichida eng yorqin – Yer bor. Shu Yer yuragida men uchun aziz, Qosh-ko‘zlari qora, ko‘ngli oq el bor. U elning poyida gulbadan zamin. Boshida oftobdan erigan osmon. Quchog‘ida tog‘u adirlar rangin, Bu ma’voning nomi – O‘zbekistonjon! Bu – mening diyorim, Jannat bog‘ida Malaklar duolab turgan diyorim. Buyuk ajdodlari o‘tgan bag‘rida Erka avlodlari yurgan diyorim. Yalovi hilpirar dunyo tomida, Dastasidan tutmish minglab shahidlar. Uni ko‘rgan ko‘zlar – o‘sha onida Suyuk istiqlolga mangu shohidlar. O‘zbegim, O‘Ziga BEK birodarim, Mehmondo‘stim, tantim, biroz chapanim. Mushti tosh, ko‘ngli bo‘sh, so‘zi gavharim, Mehri – yozda yaktak, qishda choponim. Qara, bizning Vatan yana kimda bor, Tog‘larin ko‘ksidan buloqlar tomgan? Erta kelib, kechda ketuvchi bahor, Kuzi egningdagi atlasday yongan?.. So‘ylasam so‘zimdan taraladi kuy, O‘ylasam o‘yimga tor kelar jahon. Qalbim daftariga chizilgan gulro‘y Bo‘yingdan aylanay, O‘zbekistonjon!.. 2.Yaxshi ko‘raman… Men daydi shoirman, uysiz bedana, Qayda mehr ko‘rsam – uya quraman. Yo‘llarim boshida qolgan ostona – Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman… O‘zbek diyorining sarhadida ja’m – Men kezmagan voha qolmadi hech ham, Bir-biridan go‘zal, faravon, ko‘rkam… Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman… Xalqi biroz shaddod, biroz satangim, Do‘ppisi quyoshdan, egni chamanim. Vatanning mag‘zida turgan Vatanim – Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman… Bir yoni yashil cho‘l, bir yoni tog‘zor, Soylari to‘lqinlar yasar serviqor, Bog‘u dalalarin sevadi bahor, Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman… Gar yo‘q unda olam tanigan hasham, Yashar ota-onam, do‘st, jigargo‘sham, Forish tomonlarda qolgan Garasham, Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman… Yoronim, bu mehr ne savdo, ne sir? Qonim tomganini etmang sababgir, O‘lsam, o‘zga joyda unsam, baribir, Jizzaxni boshqacha yaxshi ko‘raman… 3.Suluv yurt Olloh qurib qo‘ygan cho‘ng qal’am, Tog‘ to‘sgan to‘rt yonlaring sening. Etagingga sochadi shabnam Muzdaygina tonglaring sening. Ko‘zga sig‘mas adirlaringdan Ayozda ham ketmas ko‘k ohor. Zaminosti tomirlaringdan Shifo bo‘lib oqar Jondahor. Shams kuyib shivagan nurni Shabodalar quchadi jo‘shib. Chorbog‘laring – kapalakzorlar, Mevalardan turar to‘lishib… Har kelganda qish ulashib tin Tomga qadar qorga yo‘rgaklar… Keyin… yashil ko‘ylakchalarin Yechib, pushti kiyar kurtaklar… Keyin… yangi tushgan kelinday Qizaradi olma-olchalar… Keyin…bir kun kutilmaganda Xazonlardan ko‘pchir ko‘chalar… To‘rt fasli ham birday suluv yurt, Tabiatu Haq suygan go‘sham. Buloqlarin ko‘zi suv-suv yurt, Otam, Onam, jonim Garasham!.. Sendan olgan boyliklarim mo‘l: Ko‘ngil, ilhom, g‘urur va hayrat… Evazini qoplarmikan shul – Shoir qizing bergan muhabbat?! 2010 yil, avgust QURIMAS BOG‘ Siz – ko‘zimni asrab yurgan nur, Siz – boshimni tik tutgan surur. Siz – quyoshga qarab ketgan yo‘l, Boru yo‘g‘im shu yo‘lda erur. Berib tog‘lardan ham baland shon, Qilmadingiz birovdan kamlar. Umringizni yedi, dadajon, Yuragimni tishlagan g‘amlar. Tashvishimda pinhon nuraysiz, Lek suyansam tog‘day tiraysiz. Xasta bo‘lib kelmay qolsangiz Tushlarimda holim so‘raysiz… Aytarlarki: qosh-ko‘zimda – Siz, Istarayi yulduzimda – Siz. Yaxshiligim Sizdan, dadajon, Orim, faxrim va SO‘Zimda – Siz. Daraxtsiz, Sizdan bir shoxman, Duongizdan suv ichar sha’nim. Izingizdan ko‘kargan bog‘man, Qurimoqqa haqqim yo‘q manim! Izingizdan ko‘kargan bog‘man, Qurimoqqa haqqim yo‘q manim!.. 2009 yil, sentyabr SIZ MENING... Sog‘indingiz, Lekin ko‘rsatmadim ro‘y, Onajon, siz mening sabrgulimsiz... Mehringiz to‘kilgan maktublar xushbo‘y, Onajon, siz mening atirgulimsiz... Keldingiz, Ketdingiz diydorga qonmay, Yuragim ergashdi izlaringizdan. Yolg‘on taskinlarga qo‘ydim ishonmay, Toshbag‘ir chiqdimmi qizlaringizdan? Kutdingiz... Bormadim bayramlarda ham, Va bayramlar kutdim mahzun, ko‘ngilsiz. Siz uchun o‘zimdan arazlaganman, Onajon, siz mening qadrgulimsiz... Sog‘indim... Ko‘zimga qadaldi yo‘llar, Og‘riqlar osildi tomirlarimga. Rangi kamalakda ham yo‘q tuyg‘ular Darz soldi muzlagan sabrlarimga. Yig‘ladim... Ismimdan yuzim o‘girib – Gunohim qoshida cho‘kkaladim tiz. Bag‘ringizga botay bir shabnam bo‘lib, Onajon, siz mening atirgulimsiz... 2007 yil, mart ONA TILIM Ona tilim – yurak qatimdan Mehr bo‘lib sochilgan jarang. Qulog‘imga go‘dak paytimdan Alla bo‘lib singigan ohang. Ona tilim – necha asrlar Kurashida yenggan polvonim. Necha ajdod, necha nasllar Suyib o‘tgan turkiy zabonim. Ona tilim – do‘ppi kiygan So‘z, Doim yangi yo‘lcha-atlasi. Bir satriga tashlasangiz ko‘z, Tovlanadi ming-ming qirrasi. Ona tilim – asalchoy ta’mli, Bulbultalqin, muhabbatsheva. Lablarimga ko‘chirgum doim Talaffuzin men seva-seva. Ona tilim – yurak qatimdan Mehr bo‘lib sochilgan jarang. Qulog‘imga go‘dak paytimdan Alla bo‘lib singigan ohang… 2010 yil, oktyabr QUYOSH IZLAGAN NUR Azizam ayollar, Jonim ayollar, Axtardim sizdagi nafosat sirin. Nechun sochingizga oshiq shamollar, Quyosh izlagan nur sizda yashirin? Nozik qo‘llaringiz birida dunyo, Birida g‘irchillab tebranar beshik. Poyingizda Arklar bo‘lsa ham paydo, O‘zingizning kulba tuyuladi ko‘shk. Ro‘zg‘orning g‘orida o‘tkazasiz kun, Gohida chidolmay qolasiz nolib. Baribir, bo‘shasa sal olaxurjun, Yugurasiz yana yelkaga olib. Vaqtingiz o‘g‘irlab turfa tashvishlar, Goho ko‘zguga ham boqmaysiz to‘yib. Bu ham bir g‘alvaga bahona ishlar – Eringiz boqadi qovog‘in uyib… Shunda turmush mushti toshga evirgan Yuragingiz yorib o‘sgan ko‘nglingiz – Og‘rinar to‘liqib mungli shivirga, Solsam deysiz ota uyga yo‘lingiz. Lek u yerda sizga kimning ko‘zi och, U yerga mehmonsiz, kesgan etaksiz. Bundadir ayollik baxtingizga toj, O‘g‘il-qizlaringiz, yorga keraksiz! Birgina chorangiz: arazni kanda Qilmaslik, Besh-o‘n kun yurmoq xafahol. Shunda ham kirlarin yuvib panada, Ko‘zini chalg‘itib bosasiz dazmol... Qay ayol xohlamas tilloyu durni, Kiygisi kelmaydi yaltiroq ko‘ylak? Lekin uchratsangiz Hazrat Xizrni, Tilingizga kelar shaksiz shul tilak: «Odamlarga tursin iymon yarashib, Dunyoning bag‘ridan o‘chir yarimni. Xo‘jam bilan yuray qo‘sha qarishib, Kamolin ko‘rayin bolalarimning...» Shu qadar injiqsiz, Shu qadar fido, Qalbingizda jami tuyg‘u mujassam. Ajab fe’lingizdan go‘zallik paydo, Onam, opam, singlim, do‘stim, Azizam... 2011 yil, mart MUALLIMLARIM Hayot – maktab, lahzalar – saboq, Yurak – daftar, tafakkur – kitob, Hislar – qalam, yaxshimi-notob Har insonim – muallimlarim. Shul maktabga qo‘ygan poydevor, O‘n yilimda butun umri bor, Odamiylik quruvchi me’mor, Nurafshonim muallimlarim. Ke-e-eng hayotga tashladim qadam, Mana, bo‘ldim kattakon Odam, Duogo‘yim, ma’naviy onam, Otajonim muallimlarim. Sog‘inib goh boraman shosha, Men o‘zgardim, siz o‘sha-o‘sha – Yozuvtaxta... sershovqin go‘sha... Qadrdonim muallimlarim. Siz o‘rgatgan harflar bilan, She’rlar yozdim ta’riflar bilan, Sizniki bu lutflar bilan Sharaf-shonim, muallimlarim! 2009 yil, sentyabr * * * Kirib qorning shivir-shivir so‘ziga, Dil o‘zni yo‘qotib qo‘ygan edi, do‘st. Hadeb qarayverib qishning ko‘ziga, Ko‘zlarim sovqotib qo‘ygan edi, do‘st. Unutib oq, lekin sovuq tunlarni, Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni. Tushimda bodomlar gullagan oqshom Zaminni uyg‘otdi yashil xo‘rsiniq. Osmon kamalakdan yasadi ishkom, Yomg‘ir gul labidan tomganday tiniq. Hovuchlab samodan oqqan sellarni, Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni. Hayot qofiyasi – hayrat degani, Ko‘klamning kaftiga to‘kkay lutflar. Toshqin jilg‘alarga rashkmi bergani Jarlikning labidan o‘par nilufar. Boychechak isiga yuvib qo‘llarni, Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni. Ismin unutganim muattar ranglar Bugun qarog‘imni keldi daraklab. Yig‘latib ketibdi quvg‘indi g‘amlar – Dilni ardoqladim baxtga yo‘rgaklab. Kulgichga tomizib sho‘x kulgularni, Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni. Qoshimday qorayib kelayapti tun, Chaqinlar qo‘l cho‘zgan oyni ko‘r – siniq… Tog‘lardan boshini ko‘targanda kun, Bizni uyg‘otadi atlas xo‘rsiniq. Quyosh kokiliga ulab yo‘llarni, Do‘st, ko‘zga surtaylik navro‘zgullarni… 2006 yil, mart ENG OLIY BAXT Eh, ko‘zlarim oqi-i-ib yolvordim, Oling, deya, panohingizga. Rad etdingiz... Harchand sevsam ham, Afu yo‘q bu gunohingizga! Nega sodda, bolafe’l ko‘nglim G‘am uzadi orzular ekib?! Nega baxtlar atalgan kunim Bevaqt kelar yoki kechikib?! Kulib turib ichaman og‘u, Yashiraman qalbim zaxligin. Anglab yetdim, eng oliy baxt bu – O‘z vaqtida kelgan baxtligin!!! 2009 yil, noyabr * * * Sochlarimning sharsharasida Kaftingizni o‘tdingiz chayqab. Ko‘zlarimning oq-qorasida Mehr rangin oldingiz payqab. Tomchilarning harir sepiga Kipriklarim dor tortdilar, dor. Kulguchimning siniq labida Labingizning shifolari bor. Termulaman – nigohlarim ho‘l, Nahot... birga bo‘lolmaymiz biz?.. Chiroy darddan ochar bo‘lsa gul, Men dunyoda eng chiroyli qiz! Har tun osmon xonaqohida Yulduzchalar tushadi sadr. Siz – ko‘nglimning shundoq ustidan Uchib o‘tgan laylatulqadr. So‘nggi tomchi vaslingiz bo‘lsin, To‘lar ekan umrimning jomi. Sevgingiz bu – surai "Yosin”, Sevgingiz bu – Haqning in’omi. Bu qutlug‘ ishq qolmagay yerda, Arsh mulkida topishamiz biz. Chiroy baxtdan bo‘lsa agarda, Men dunyoda eng chiroyli qiz! 2007 yil, iyun MEN QIZG‘ONSAM… Me’yoridan o‘tsam tuting ma’zur, jonim, Men qizg‘onsam nodon bo‘lib qizg‘onaman. Guldekkina ko‘nglingizdan uzr, jonim, Men qizg‘onsam tikon bo‘lib qizg‘onaman. Holim bordir siz o‘zgaga bir boqqulik, Arazim-da dunyolarga o‘t yoqqulik. Alamlarni tilga qamab, lab tishlasam – Tishlarimning orasidan qon oqqulik, Men qizg‘onsam yomon bo‘lib qizg‘onaman. Oydin tushga do‘nganim bor uyqungizda, Binafshalar terganim bor kulgungizda. Dil darchasin sizga ochib qo‘ydim qanday, Qanday paydo bo‘ldim yurak mulkingizda? Men qizg‘onsam hayron bo‘lib qizg‘onaman. Hijronlar-ey, jonim aro jon saqlaydi, Yo‘limizni ikki yonga taroqlaydi. Siz og‘rinmang, shu kuydirgi rashkimni ham Bir kun kelib sog‘inchingiz so‘roqlaydi… Men qizg‘onsam armon bo‘lib qizg‘onaman. Guldekkina ko‘nglingizdan uzr, jonim, Men qizg‘onsam tikon bo‘lib qizg‘onaman… 2006 yil, mart HIKMAT Odamlarni sevdim eng avval, Yaxshimi – yo‘q, sevaverdim men. O‘zimni ham suyib qo‘ydim sal, Hikmatlarga shahar berdim men – Ayondirki: ne bo‘lsa og‘ir, Oxirida kelgusi rohat. O‘zgalarni sevish azobdir, O‘zimizni sevmoq farog‘at! 2010 yil, dekabr QARZ Ota-ona orttirsa yemas, Farzandiga tutar barini. Farzand esa o‘zidan ortmas, U ham o‘ylar bolalarini. Bu – zanjirga aylangan mehr, Undan olib buni siylashlik. Qonun ekan farzandlik qarzi Va bu qarzni hech uzolmaslik. 2010 yil, dekabr U SHOIR EMAS! Nazmidan kelmasa gulning mazasi, Yonmasa, kul sochib tursa har nafas. She’rim deb ko‘rsatgan mingta misrasi Bir arzon matohdir, U shoir emas! She’rlar aytsinki u, ruhni elitsin, She’rlar aytsinki u, muzni ilitsin, Ohangi bulutni paxtaday titsin, Yo‘qsa u gumrohdir, U shoir emas! Qarang, sodda shumtol qushga dil yozar, Gul hidlab kapalak aqlidan ozar, Tuyg‘u ko‘zi bilan solmasa nazar – Shunchaki guvohdir, U shoir emas! Ko‘ngliga o‘zgalar dardin yuqtirib, Yurmasa hammaga baxtni uqtirib, Qo‘yadi So‘z qadrin faqat cho‘ktirib, U aqli gustohdir, U shoir emas! Rab bermasa, suyak surmasa nazm, Chiranib umrini o‘tkazsa abas. Qo‘liga qalammas, aso tutqazing, U oddiy maddohdir, U shoir emas! 2006 yil, aprel * * * Yashayman kimningdir poyini o‘pmay, Manfaatga sotsang – qadr bir tanga. Men shoir bo‘lgani kelganim yo‘q-ay, Shoir bo‘lib keldim azim Toshkanga. Nimadan qo‘rqaman, duolar qilib Kuzatib qolganda yalpiz, jayronlar. Olis tog‘larda ham KO‘NGIL borligin Bildirib qo‘yishga keldim, yoronlar! 2010 yil, avgust ALLA 1. Garashani keng bag‘riga bosar oqshom, Oy nurida ko‘chalarni kezar oqshom. Kipriklari qila qolsin achom-achom, Ko‘zlarini yuma qolsin, alla, bolam... Oromlarga cho‘ma qolsin, alla, jonim... Mudroqlarni ko‘zdan artib yeng uchida, Bedorligim kezib yursin tun ichida. O‘zim kuylay, o‘zim yig‘lay, men uchun-da Shirin-shirin uxlab bersin, alla, bolam, Shirin tushlar ko‘rib bersin, alla, jonim... Orzularim solib berdi to‘shagini, Umidlarim tebratadi beshigini. Bu dunyoning eng yoqimli qo‘shig‘ini Iymoniga doya qilay, alla, bolam... Kamoliga qoya qilay, alla, jonim... Derazadan quyosh, qushlar qarashgaydir, Farishtalar manglayini silashgaydir. Shunday paytda charchab qolsa yarashmaydir, Tuni bilan hordiq yig‘sin, alla, bolam... Tongga kulib peshvoz chiqsin, alla jonim... 2. Baxtga aytmas sir qolmadi Xudo seni bergandan so‘ng. Yuragimda kir qolmadi Mehring oqib kirgandan so‘ng. Alla-alla, injig‘im-ey, Burunchasi puchug‘im-ey. Rangi – ro‘yi menga tortgan, Kulcha qizim, mag‘iz qizim. Tublarida olov yotgan Qarashlari xuddi o‘zim. Alla-alla, yoshligim-ey, Pilik-pilik qoshligim-ey. Bu ko‘z emas, charosgina, Bu lab emas, gilosgina. Manglayining do‘nggisida Baxt gullabdi qiyg‘osgina. Alla-alla, dilbarim-ey, Dard ko‘rmagin, gulparim-ey. Qo‘limdan ish olodirsan, Jonga huzur solodirsan. Eshik poylar bolakaylar, Qanday shirin balodirsan? Alla-alla, asalim-ey, Mittigina go‘zalim-ey. Biqinimga botadirsan Paloxmonning toshi bo‘lib. Qay hovliga tomadirsan Ko‘zlarimning yoshi bo‘lib? Alla-alla, shaytonim-ey, O‘z bag‘rimga mehmonim-ey. Sochi u-uzun qiz bo‘lasan, Kokili qamchin-qamchinim. Yaxshilikka do‘st bo‘lasan, To‘marisim, Oybarchinim. Alla-alla, aqllim-ey, Xudo bergan tantig‘im-ey... 3. Uxlab yotar qo‘zilar, Yaylovlarni tush ko‘rib. Bolajonim izillar, Jon-jonimga nish urib. Chirqillagan polapon Burgutimga alla-yo. Mushtdaygina pahlavon Yigitimga alla-yo. Yig‘lama, eli suygan Zot bo‘lasan, toychog‘im. Tuyog‘i toshni o‘ygan Ot bo‘lasan, toychog‘im. Beshigiga sig‘magan To‘linimga alla-yo. Kishnab-kishnab yig‘lagan Qulunimga alla-yo. O‘bbo‘-o‘bbo‘, tolengni Porloq qilsin Xudoyim. Doim vijdon, aqlingni Uyg‘oq qilsin Xudoyim. G‘amlarimni ag‘natar Polvonimga alla-yo. Yulduzlarim chaqnatar O‘g‘lonimga alla-yo. 4. Tun qishloq yo‘liga qo‘yganda qadam, Oy bulutga o‘rar shul’alarini. Tamshanib eslaydi murg‘ak xotiram Onamning shirali allalarini. Bu qanday qo‘shiqdir – bastalanmas kuy, Bu qanday qo‘shiqdir – o‘ynab bo‘lmaydi? Har so‘zni tilingga yuragingdan quy, Shunchaki ermakka kuylab bo‘lmaydi. Mendan shoir chiqdi nuqtadon, otin, Tinglab oddiy ayol qo‘shiqlarini. Mening bolalarim kim bo‘lar, ayting, She’r aytib tebratsam beshiklarini?.. 5. G‘am qo‘shmayman allalarimga, Yo‘l bermayman nolalarimga, Xudo bersa, bolalarimga Baxtga to‘lib alla aytaman... Tinglaganlar bedor qolmaydi, Yig‘lamayman, tunlar yonmaydi, Yuzlariga yoshim tommaydi, Kulib-kulib alla aytaman... Uyqu topmay nigohlarimdan, Huzur olib charchoqlarimdan, Beshik uzra qarog‘larimdan Nur to‘kilib alla aytaman... Oy suzilar mastona taxlit, Yulduzchalar so‘nmaydi vaqtli, Dunyodagi baxtlidan baxtli Ona bo‘lib alla aytaman... 2009 yil, sentyabr SURAT Sevolmayman ko‘ksimga mushtlab, Qilolmayman hech mehrimni pesh. Anglolmadim shuncha payt yashab – Qanday bo‘lar Vatanni sevish?! Anglolmayman… Solinar kishan, Bormas xushomadga zabonim – Kuyib turganida bir to‘zgan Chumolining uyiga jonim. O‘zgalar baxt axtarsa ko‘kdan, Men termuldim cho‘mib sukutga – Kindik qonim to‘kilgan uydan Tomirlarim taralgan yurtga. Shukronasi yetishmagan kim: O‘zga yurtda mo‘l, desa, iqbol – Otam haqda o‘ylayman men jim, Onam haqda suraman xayol… Va ko‘zimda nurlanar g‘urur, Peshonamda baxt labin izi. Dunyo uzra gurkirab turur Nonning isi, O‘zbekning isi. Ko‘p bo‘lsa-da xato bo‘yog‘i, Sindirolmas qalam qudratin. Mendan shoir chiqadi chog‘i, She’r-la chizdim Vatan suratin! 2010 yil, iyul
| |
Просмотров: 1990 | |