Приветствую Вас, Гость! Регистрация RSS

Турецкие Стихи

Вторник, 03.12.2024

Lobar Azizxo‘jayeva
AYTILMAGAN SO‘Z

Termulasiz…
Kulasiz, mahzun,
Ko‘zlarimdan uzolmaysiz, ko‘z…
Jimlik…
Sukut. Uzundan-uzun…
Bo‘g‘zimizni kuydirar bir so‘z…
Kuydiradi, kul qilar ohir,
Olov bo‘lib yonadi, jonlar,
Sevgi bo‘lmay, nima bu ahir?!
Muhabbatdan o‘t olgan onlar…
Aytolmayman…
Gupirlar yurak,
Sirlashadi nigohlar, ko‘zlar….
Oqshom do‘nar…
"Ketishim kerak”…
Aytilmasdan qoladi so‘zlar…
So‘ng ketamiz. Ayrilamiz jim.
Tunlar bedor, yumilmaydi ko‘z…
Azob berib qiynar tonggacha,
O‘sha, uchta aytilmagan so‘z…
(2010)


G‘URUR

Ayriliq onlari shunchalar og‘ir,
Unutmoq bunchalar bo‘lmasa dushvor?
Poyimiz o‘padi, sevgi-qon bag‘ir,
Biz ishqni yig‘latib ketayapmiz yor…

Shuncha oson ekan, sevmoq-sevilmoq,
Buncha azob ekan ayriliq dardi?
O, ishqning ko‘ziga qarolmagan chog‘,
Ko‘zni achishtirar hijronning gardi…

Mag‘rurmiz…
G‘ururlar osmondan baland,
Tuyg‘ular sochilib ketar har yona..
Muhabbat nomini yanchib o‘tib so‘ng,
Bir zumda bo‘lamiz bizlar, begona…

Ketamiz. Ergashar bizga armonlar.
Sog‘inchlar izimiz o‘pib yig‘lar zor,
Bizni kuzatgancha yig‘lar osmonlar,
Biz…
Ishqni yig‘latib ketayapmiz yor…
(2010)


MENDAN VOZ KECHMANG…

Ushbu she’r hali tug‘ilib ulgurmagan 
bolasidan voz kechmoqchi bo‘layotgan 
ayollarga bag‘ishlanadi.

Nechun buncha yuragingiz bezovta, ona?
So‘zlaringiz buncha achchiq, serzarda, ona?
Nahot men deb, hayotingiz ozorda, ona?!
Mendan voz kechmang…
Kechmang, onajon!
Mendan kechmang, boshingizga bolish bo‘lay man,
Tunlar sizga ovunch bo‘lib, kunday to‘lay man,
Izn bering, keng dunyoni bir bor ko‘ray man,
Mendan voz kechmang,
Kechmang onajon!
Hali yog‘ib ulgurmagan laylakqorman-ku?
Gar tug‘ilsam, sizga suyanch nomus, orman-ku!
Gunoh qilib ulgurmagan gunohkorman-mu?!
Mendan voz kechmang…
Kechmang, onajon!
 Men-ku qo‘rqib yig‘layapman, siz sezmaysiz-mu?
Yuragingiz silab tursam his etmaysiz-mu?
Meni Alloh berdi, ayting, voz kechmaysiz-mu?!
Mendan voz kechmang,
Kechmang onajon!
Nahot diydor nasib etmas baxti qoraman,
Sizdan bunyod bo‘lgan parcha jigarporaman,
Qo‘lingizdan tutib, Hajga olib boraman…
Mendan voz kechmang!
Kechmang onajon…
Ko‘zlaringiz ko‘rgim kelar, ona qanchalar…
Bag‘ringizda kulgim kelar, ona qanchalar.
Nahot meni yulib olsa, temir panjalar?!
Mendan voz kechmang…
Kechmang onajon…
(2010)


* * *

Uni sevmagandim. 
Umuman… Xullas-
U bir havas edi, shunchaki havas…
Uning yodi bilan otar edi tong,
Uni o‘ylab kunlar botar edi, bas…
Uni sevmagandim. 
Sevmagandim, yo‘q!
Muhabbat ne o‘zi? bilmasdim, asli
Yurakka tegkandi shunchaki bir o‘q,
Dardimga davo deb bilardim vaslin…
Ko‘zidan tomardi ko‘ksimga munglar
Ko‘nglimda alamlar seli oqardi…
Uning ayvonida otganda tonglar
Mening tonglarimdan tunlar boqardi…
Uyat parda edi. 
Hayo- podishoh.
G‘urur ko‘zlarimning artardi yoshin.
Men jim termulardim… 
Ko‘rmas edi, voh,
Shunday o‘tib ketdi o‘n sakkiz yoshim…
Shunday o‘tdik ishqsiz. 
Kul ostida cho‘g‘.
Kunda ikki-uch bor boqar edi, bas.
Uni sevmaganman. 
Sevmaganman yo‘q!
U menga shunchaki yoqar edi, bas!
Shunchaki, yig‘latib ketdi yillar ham.
Armon alla aytdi, qayg‘uga o‘rab.
Bir so‘zda aytolmay o‘tdi dillar ham,
Shunchaki… 
To‘yida yig‘ladim o‘krab. 
Yig‘ladim, yig‘ladi qaro bulutlar.
Yugurdim. 
G‘ururim to‘sdi yo‘limni.
Ko‘rmoqchi edim, bir… 
Ohirgi marta.
Hayo ushlab qoldi, mahkam qo‘limni…
Yurak-tosh. 
Muhabbat? 
Kul ostida cho‘g.
Yonib ulgurmayin o‘chirganman, bas.
Uni sevmaganman, sevmaganman yo‘q!
U bir havas edi… 
Shunchaki havas!
(2010)


* * *

Laylakqor shivirlar bir sirni,
Kipriging uchiga ilashib…
Men yanib qo‘yaman taqdirni,
Armonning poyiga chirmashib…
Laylakqor,
Laylakqor, laylakqor!
Suyganim o‘zingdek beg‘ubor…
Yoniga borolmam, borolmam….
U endi o‘zgaga bo‘lar yor…
Oramiz to‘rt qadam, besh qadam-
Yetmoqqa yetmaydi ko‘zlarim,
O‘rtaga tog‘ bo‘ldi bir odam,
Laylakqor, o‘zing ayt so‘zlarim!
Chap ko‘ksim muzlaydi qirovdan,
Libosing qordayin beg‘ubor..
Baxt tilab borgin-u, sochidan,
Men uchun o‘pib qayt, laylakqor…
Ko‘nglimda alamlar jimirlar.
Armonlar raqs tushar quvlashib,
Quloq sol- 
Laylakqor shivirlar-
Kipriging uchiga ilashib…
(2011)


ZAYNAB NOLASI

Itarmangiz ko‘ksimdan, ko‘ksi ilma-teshikdir!
Men kechganman o‘zimdan, qalbim bo‘m-bo‘sh beshikdir!
Men kim- baxtga zor bo‘lgan, chekkan ozor  - Zaynabman,
Bek uyida hor bo‘lgan, qalbi mozor Zaynabman!

Marg‘ilonning yo‘liga ko‘zim tushsa dil yig‘lar,
Bo‘sh chimildiq to‘rida, ishqqa mahkum qul yig‘lar…
Yig‘lama-ey, ko‘nglim-a, bekning bag‘ri tor ekan,
Manglayiga bitilgan sendan o‘zga yor ekan!

Men dardimni so‘ylasam, toshlar erib ketdilar,
Yor yo‘liga ko‘z tikib, yoshlar qurib ketdilar…
Yig‘lamayman, yig‘lasam, bu Xudoga nolishdir,
Dardimni bilgan Alloh, tunda hamroh bolishdir…

Kelmagin-ey, jon Kumush, begim so‘zim olmaydi,
Men kundoshga chidarman, qalbim chiday olmaydi…
Zaynabni ham bir eslang, ishq sharobin ichgan on,
Men bolishni qucharman, bek Kumushni quchgan on…

Men kim- bitta ojiz qul, avval boshda Xudodir,
Kumushni ham o‘ldirgan, menmas, rashki balodir!
Begim, sizga yor bo‘lib, bir bor bag‘rim to‘lmagan,
Sizni qanday suyganim – Qodiriy ham bilmagan!

Haydamangiz, ketaman. Marg‘ilonga qayting siz.
Meni qarg‘aganlarga – mendan salom ayting siz!
Zaynab endi telba deng, ishq ko‘yida devona,
Baxt ko‘rmagan kulba deng. Yurak-bag‘ri vayrona…

Itarmangiz ko‘ksimdan, ko‘ksi ilma-teshikdir!
Men kechganman o‘zimdan, qalbim bo‘m-bo‘sh beshikdir!
Men kim- baxtga zor bo‘lgan, topgan ozor  - Zaynabman,
Na kelin, na yor bo‘lgan, qalbi mozor Zaynabman…
(2010)


* * *

Ko‘zlaringning sog‘inchi,
Shivirlaydi ko‘ksimda.
Hijronimning ovunchin-
O‘g‘irlaydi bir zumda…
Dil bermoq- bu telbalik,
Sevilmoqlik- baxt ekan.
Sevilmadik, sevmadik…
Tosh bo‘lmoqlik- dard ekan…
Ko‘ngil nima- parcha muz.
Muzda ishqqa nima bor?
Bahor bilmas yurakni-
Ayblamagin endi yor…
Ko‘zyosh bo‘lib tomamiz,
Alamlarga cho‘mamiz,
Kavlab qo‘yib yurakni-
Muhabbatni ko‘mamiz…
Qabrtoshi-ko‘zyoshdan,
Panjaradir-armonlar.
Muhabbatga janoza.
O‘qir endi hijronlar…
(2011)


VIDO

Yuraqol, yuragim, yuraqol…
Qo‘limdan tut endi. 
Ketamiz.
Yig‘lama, hijronga ko‘naqol.
Biz baxtga yetamiz, yetamiz…
Yuraqol, yuragim
Yuraqol!
Ortingga qayrilma, qarama!
Yiqilma, egilma, turaqol,
Qo‘y, uni qarg‘ama, qarg‘ama…
Qarg‘ama, uning ham yuragi-
Yosh to‘kar, g‘ururin ortida.
Yiqilib ketguday tirgagi-
Bizdayin ko‘ngli ham yorti-da…
Bildirmas.
Sezdirmas.
Kuladi-
Yuziga chizadi baxtdan iz
Bilaman. Biladi. Biladi!
Men baxtsiz.
U baxtsiz.
Ishq baxtsiz…
Yuraqol yuragim, yuraqol!
Poyiga bosh urib yig‘lama!
Istasang…
Istasang, qolaqol.
Lek uni…
Meningdek, tig‘lama…
Hastasan.
Yarimsan.
Bechora!
Unga ham bormikan keraging?!
Ketaman. Yorim-a, nachora-
O‘zingga qoldirib YuRAGING…
Shu bo‘lsa, shu bo‘lsa, ishq degan-
Muhabbat chin DILga zor ekan!
Oshiqlar ko‘p ekan Sevgijon,
Qalblari…
Qalblari tor ekan!

Yuraqol, Muhabbat, yuraqol!
Biz endi bu yerdan-
Ketamiz…
(2011)


YIGIT TILIDAN SHE’RLAR:

Mu?abbatjon

Yoshlik davrim bahorida topgan go‘zal,
Yurak sevib bo‘ldi shoir bitdi g‘azal,
Ulg‘aygach ming tashvish dilni aylar makon,
Olislarda qolib ketgan muxabbatjon…

Ro‘zg‘or, uy-joy, bola-chaqa tinim yo‘q xech,
Faqat yodga tushsa qalbni o‘rtar xamon,
Ox, dastingdan uyquda xam qo‘nim yo‘q xech,
Olislarda qolib ketgan muxabbatjon…

Yonginamda uxlar tunda begona yor,
Nimasidir o‘xshab ketar senga xar on
U meni deb baht topmagan devona yor,
Olislarda qolib ketgan muxabbatjon..

Sochga oqlar tushsa xamki qalb yosh netay?
Goh-gohida esga tushib ezar chunon…
Sho‘rlik boshim olib aytgin qayga ketay?
Olislarda qolib ketgan muhabbatjon?

Bolalarim qo‘llarimga osilishar,
Rafiqam-chi tayyor xatto bermoqqa jon
Ko‘zim unda, hayolimga esa tushar,
Yuragimni uzib ketgan muxabbatjon…
(2005)


YURAK SENSIZ…

Yo‘l yuraman, qadamlarim izmimdamas,
Jonim bor-u, jismimdamas, jismimdamas,
Sening ising rayhondamas, yasmindamas,
Dil iforing qo‘msab,  gullar hidlab to‘ydi,
Yurak sensiz urmay qo‘ydi, urmay qo‘ydi…

Boqqa borsam, majnuntollar mung‘aydilar,
Har oh ursam, armonlarim ulg‘aydilar,
Xo‘rsinganim  ko‘rib onam sarg‘aydilar,
Kimdir meni ko‘rib, tentak, go‘lga yo‘ydi,
Yurak sensiz urmay qo‘ydi, urmay qo‘ydi…

Najot istab ko‘kka boqdim, yulduz yig‘lar,
Dardlarimni toshga aytdim, so‘ngsiz yiqlar,
Bir yostiqqa bosh qo‘yganim, unsiz yig‘lar…
Ko‘zyoshlarim ichga oqib, ko‘ksim o‘ydi,
Yurak sensiz urmay qo‘ydi, urmay qo‘ydi…

Ishq degani, yondirguchi olov ekan,
Jism-u joning chorlaguchi yalov ekan,
Ilk muhabbat… Boshga bitgan balo ekan,
Quloqlarim tanbehlarni ilmay qo‘ydi,
Yurak sensiz urmay qo‘ydi, urmay qo‘ydi…

Tor ko‘changga yo‘lim tushsa yurolmayman,
Kelin bo‘lgan koshonangga qarolmayman,
Ismim qo‘ygan bolang boshin silolmayman,
Ishq ta’mini totmay ko‘ngil ishqdan to‘ydi…
Yurak sensiz…
Urmay qo‘ydi…
Urmay qo‘ydi!
(2009)


ANHOR  BO‘YIDA

Anhorning bo‘yida ko‘rdimu nogoh
Parini ko‘rganday chog‘lanib qoldim
Bir zumda yuragim yondi-ku ey voh
Qaroko‘z o‘zingga bog‘lanib qoldim

Ana go‘zallig-u mana tarovat
Muhabbat o‘tida dog‘lanib qoldim
Oftob nigohingga qilolmay toqat
Qaroko‘z o‘zingga bog‘lanib qoldim
        
Nayza kipriklaring o‘qlarga tutdi
Qirmizi lablaring bo‘saga mahtal
Oh, ko‘ngil dunyoni butkul unutdi,
Faqat bir bolakay berdiku halal…

U keldi xayolim tarqalib ketdi-
Dil visol ko‘yida cho‘mgandi o‘yga,
Bolakay ,,farishtam "qo‘lidan tutdi
"Yuring oyijonim ketamiz uyga!"
(2007)
Категория: SMS SHERLAR, SEVGI HAQIDA SHERLAR (29.12.2013)
Просмотров: 1465 | Рейтинг: 0.0/0