Ismatulla Mamanov
Yeru osmon, suv, havoni bergan O‘zing, Olam uzra kuy, navoni bergan O‘zing, Qudrating-la yaralgan bir ojiz bandangman, Dard bergansan, davoni ham bergan O‘zing. * * * Demang, dunyo g‘urbatlardan iborat, Fisqu fujur, g‘iybatlardan iborat. O‘zligini anglab yetgan insonga Dunyo dilkash suhbatlardan iborat. * * * Yolg‘izlik faqat Yaratganga yarashar, Hayotda hamrohing, do‘sting bilan yur. Hamrohning kimligi ko‘p muhim, bilsang — O‘zingdan bir sifat ustun bilan yur... * * * Rizqimiz ochilgan har joy oralab, Uni terayapmiz goh qo‘l yaralab. Qaysimiz halol yo harom yeganmiz, Xudoim Mahsharda olar saralab. * * * Ta’magirdan savob ishlar kutmagin, Hayosizning ko‘chasidan o‘tmagin. Fanoda shaytonning shotirlari ko‘p, Bunda yo‘liqqanning dastin tutmagin. * * * Aybing bo‘lsa ranging o‘chib yashaysan, Qo‘rquv, tahlikani quchib yashaysan. Baloi badlarga giriftor bo‘lib, Tavahhumga tushib, cho‘chib yashaysan. * * * Xotin yomon bo‘lsa, mehmoning ketar, Farzand yomon bo‘lsa, darmoning ketar. Hech qurisa biriga insof so‘ragin, Ikkisi yomon bo‘lsa, iymoning ketar. * * * To‘rt tomon nohaqlik degandan ko‘ra, O‘zing to‘g‘rimisan, qalbingdan so‘ra. Nafs g‘olib joylarda qachon haq bo‘lgan, Iymoning but bo‘lsa, haq shu-da, jo‘ra. * * * Vaj qidirib yurish shartmas uzoqdan, Adolatning dasti ketdi shilinib. Kechda nokas Sherga qo‘ygan tuzoqqa Tongda sodda Quyon qoldi ilinib.
| |
Просмотров: 1739 | |