Abdulaziz Muborak
YOLG’IZIM Qoshingday qoraydi qaro tun, Yulduzdek uchdingmi, yulduzim. Necha ming aylandi bu gardun, Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim. Gavharim, gavharga chopdingmi, Bir dunyo bo‘lardim men o‘zim? Tengsizim, tengingni topdingmi, Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim. Suymadim boshqa bir sanamni, Yo qalbim ko‘r bo‘lgan, yo ko‘zim. Men yolg‘iz o‘g‘liydim onamning, Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim. Sen erka o‘g‘lingni erkala, Tizzamni quchoqlay men o‘zim. Ko‘ksimda yig‘laydi bir nola, Men hamon yolg‘izman, yolg‘izim. YURAGINGGA YAQINROQ BORSAM Yo‘l yurib, mo‘l yurib keldim olisdan, Ming yil axtarganim yonimda borsan. Yonimda borsanu battar yolg‘izman— Koshki yuragingga yaqinroq borsam. Qo‘l cho‘zsam, zulfingga yetar bemalol, Balki quchishimni kutyapsan, zorsan. Qo‘llarim halvirab tushar bemajol, Koshki yuragingga yaqinroq borsam. «Qo‘y yurak, siltanma, oshiqma bekor. Buncha shoshqaloqsan, bunchalar torsan?» Buncha bechoraman, bunchalar nochor - Koshki yuragingga yaqinroq borsam. Qaysi yo‘ldan boray, kimdan so‘ray, ayt? Qaysi toshga urib boshimni yorsam? So‘rab-ku Makkani toparman bir payt, Koshki yuragingga yaqinroq borsam. QADRDONDIR Ko‘z o‘ngimda xatolarning changi hamon, Bo‘ynimdagi gunohlarim yangi hamon, Ketmas sira hijronlarning rangi hamon, Yuzimdagi sorig‘larim qadrdondir. Men hech kimni axtarmadim do‘stdan boshqa, Izim to‘lib boraverdi ta’na, toshga. Ne savdolar tushmadi-ya sho‘rlik boshga, Boshimdagi yoriqlarim qadrdondir. Muhabbatni ermak bildim, yoronlarim, Qancha dilni vayron etdi yolg‘onlarim. Endi bo‘lsa iztirobu armonlarim, Ko‘ksimdagi og‘riqlarim qadrdondir. Ot aylanib qozig‘ini topar bu kun, Men o‘zimga keldim mana —ko‘rkam, durkun. Topgan obro‘, davlatlarim bari bir pul— Qirq yamoq chorig‘larim qadrdondir. 2001 y. QASDIM BOR SHOSHQALOQ DUGONANGIZDA Tor ko‘cha. Titroq qo‘l. Alangli ko‘zlar. (Ismim jimirlaydi ro‘molchangizda.) Eh, qayga shoshilar bu shaddod qizlar, Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda. Aqalli eng so‘nggi so‘zlarimni ham, Aytolmay qolganim qiladi alam. Holi qo‘ymadilar bir nafas, bir dam, Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda. Qo‘lingizdan tutdim, toldim xayolga Ular chidolmadi bunday iqbolga, Shikoyat qilishdi qo‘shni ayolga, Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda. Ketdingiz. Xo‘rsindim. Kuldilar rosa, Oshiq yuragimga o‘t bosa-bosa, Dardimni qildilar elga ovoza, Qasdim bor shoshqaloq dugonangizda. Bu qaysar bolaku qasdidan kechar, Gar ismi bitilsa peshonangizga. Shoshilgan qizlarning holi ne kechar, Bir eslatib qo‘ying dugonangizga. 1994 y. BOLALIK Bolalik. O‘rtog‘im kapalak, sabo. Quvalash o‘ynardik namozshomgacha. Yo‘limga chiroqlar yoqqancha samo, Meni chorlar edi tonggacha... Saharlar mast edim, asov o‘ylarim, Osmonu falakda qanot yoysalar. Jimgina o‘tlagan qo‘ylarim... Billur sirg‘a taqqan maysalar... Esimda zilol suv qo‘shiq aytganda, Ko‘zni yumgancha bosh chayqagan yalpiz. Ko‘cha supurgani chiqqanda, Hech ishi unmagan qo‘shni qiz. Rayhon to‘la hovli. Paxsa devorlar. Va qo‘shni tomonga bo‘ylagan daraxt. Bog‘ ichra taralgan alyorlar, Devorni buzamiz degan buyuk ahd. Keyin... Keyin birdan ko‘kka tutashdi yo‘lim, Qo‘shni tomonlarda bo‘ldi yor-yorlar. Esga tushsa hamon buzilar ko‘nglim, Hamon buzilmagan eski devorlar. 1998 y. SOG’INGAN BO’LSAM Hamon ovunmadi musofir ko‘nglim, Yillarday cho‘zilib ketdim yo‘llar ham. Yo‘l qarab onamday ichikkan singlim- Rayhonni sog‘indim, sog‘ingan bo‘lsam. Bir payt baliqday pok, beg‘ubor edim, Suvday tiniq edi, o, ko‘ngilginam. Men yolg‘iz quyoshga xaridor edim, Ummonni sog‘indim sog‘ingan bo‘lsam. Shamollarni quvgan burgut edim men, Chaqmoq tug‘ilardi nigohlarimdan. Yomg‘irdek pokiza, yurak bag‘ri keng, Osmonni sog‘indim sog‘ingan bo‘lsam, Bu zabun holimdan kimga arz etay, Kim ham tushunardi yig‘lasam, kulsam?! Bir insonni izlab yuribman, netay, Insonni sog‘indim, sog‘ingan bo‘lsam. 2000 y. SEVGIMNI TAN OLMASLIGING YOMON EDI Oyruxsorim, qalbim senga osmon edi. Oyyuzingda orzularim nihon edi. Ko‘rsam ko‘zim quvonardi, shodon edi, Aftoda bu holim senga ayon edi, Sevgimni tan olmasliging yomon edi. Izlaringni izlar edi ko‘chalarim, Hayoling-la kechar edi kechalarim, Oh, ismingni necha minglab hijjaladim, Ko‘nglim yig‘lar edi, rangim samon edi, Sevgimni tan olmasliging yomon edi. Shaffof nurlar o‘ynar edi. tirnog‘ingda, Qaroqlarim kuyar edi firog‘ingda. Seni menday kim sevardi qishlog‘ingda? Oshiqligim elu yurtda doston edi, Sevgimni tan olmasliging yomon edi. Kimdir g‘iybat qilar edi, kimdir hasrat, Kimlar havas qilar senga, kimlar hasad. Mag‘rurliging xushyoqardi menga faqat, Do‘stu dushman hammasi men tomon edi, Sevgimni tan olmasliging yomon edi. Sochlaridan tortardim sho‘x, sabolarning, Erkatoyi edim yeru samolarning. Rangi qayga ketdi endi dunyolarning, O‘, u kunlar qanday go‘zal zamon edi?! Sevgimni tan olmasliging yomon edi. 1997 y. SENGA Dilbar, dil bariga ko‘nikib qoldi... Sog‘inchning pinjida qaltirab dir-dir, Seni o‘ylamasdim sevmasdan oldin, Men seni o‘ylamay sevdim bari bir. Dilbar, sho‘r peshonam sahro tap-taqir, Qumga tilim bilan ismingni yozdim. O‘, seni o‘ylamoq naqadar og‘ir — Aqldan ozdim... Dilbar, dil dardlarning og‘ushida jim, Ertaklar to‘qiydi ertamni o‘ylab. Men ketgan tomondan yuz burdi singlim, Ajallar qaridi qaytishim poylab. Dilbar, qaysar yurak orqaga tortmas, Sendan ko‘ngil so‘ray olsam, qaniydi. Sening quvonchlaring o‘zingdan ortmas, Meni anduhlaring yaxshi taniydi, Dilbar anduhingdan aylanay, Dilbar... 1995 y. AGAR SEN SEVMASANG... Ketaman Bu yerdan bosh olib, Majnunni siylagan sahroga. Ketaman Ko‘zimga yosh olib, Yulduzlar vatani— samoga. Bo‘lmasa, Harsangga bog‘lanib, Cho‘kaman tubi yo‘q ummonga Yoki ko‘kkaptarga aylanib, Uchaman Ko‘hi Qof tomonga. Do‘st tutib tongdagi shabnamni, So‘ng singib ketaman tuproqqa Ketaman Yig‘latib onamni, «Borsa kelmas»dan ham yiroqqa. Ketaman Baribir ketaman, Shu mening eng so‘nggi qarorim. Suymasang suykalib netaman?! Alvido!!! Suyukli dildorim, Ke-ta-mannn!!! 1994 y. VATAN HAQIDA QO‘SHIQ (Xorijdagi o‘zbeklarga) Ko‘ksimda ko‘kargan ohim bor. Oh, desam ko‘k ko‘ksi tirnalar. Olisda ohimdan bexabar Bahorga aldangan turnalar. Borliq bir kamalak — aldamchi, Bo‘g‘ilmay bo‘ynidan olsamchi?! Osgani osmonda arg‘amchi — Bahorga aldangan turnalar. Turfa xil to‘ni bor osmonning, Zamin har lahzada turlanar... Sarbonsiz sargardon karvonmi, Bahorga aldangan turnalar? Tongda yel yig‘laydi shabnamni: «Ori yo‘q olifta olamni!» Yangidan yangilar yaramni, Bahorga aldangan turnalar. To‘rt fasl temirtan tayyora, Samoda sudralib sur chalar. Kuz kelsa bevatan, ovvora, Bahorga aldangan turnalar. Shahd etib taqdirni olmay tan, Ketolsam bu karvonsaroydan, Men boplab bahorni aldayman, Bahorga aldangan turnalar, Bahorga aldangan turnalar. 1995 y. TILAK Osmon tog‘ suvidek tiniq, beg‘ubor, Fusunkor kamalak sim-sim taraldi, O‘o‘o‘, Tangrim, hikmating bunchalar bisyor— O‘n sakkiz ming olam boshdan yaraldi. Olisdan yugurib keldi boychechak, Iziga solgancha momiqday yelni. Tushimmi, o‘ngimmi?! Qirq mingta malak Samolarga eltdi cho‘kkan ko‘ngilni. Osmonday kengayib ketdi-yu ko‘ksim, Ko‘nglim to‘lib toshdi ezgu tilakka: Qaldirg‘och, qadaming xayrli bo‘lsin, Dehqon hovuchidan yog‘sin baraka... Yomg‘ir, ko‘ngillarni yuvgin birma-bir, Qo‘hna g‘uborlarni arit butunlay, Biz ham odamlardek yashaylik, axir, So‘nggi nafasgacha o‘lgimiz kelmay... 1998 y. YOLG‘ONCHI KO‘ZLARGA TUSHMASIN KO‘ZIM Har tunda yulduzli samoga qarab, Xudodan so‘rayman sabr va to‘zim. Aldandim, yolg‘onchi dunyoda yashab Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim. «Men seni yurakdan sevaman», degan Go‘zallarda azal vafo yo‘q ekan... Ko‘nglimni olganu qaytib bermagan Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim. Titranar, alamdan ingrar yuragim, Ayriliq kuyini tinglar yuragim. Xudodan tilagan yolg‘iz tilagim Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim. Yo‘q ekan dunyoda sevgi, muhabbat, Sadoqat topilmas, ko‘pdir xiyonat. Mayli toq o‘tayin dunyodan, faqat Yolg‘onchi ko‘zlarga tushmasin ko‘zim. Yolg‘onchi qizlarga tushmasin... 1993 y. NIGOHI OG‘IR QIZ Mening ko‘nglim og‘ir, ko‘tarolmaysiz, Biroq ko‘nglimdanam gunohim og‘ir. Undan-da og‘irmi nigohlaringiz, Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?.. Oh, ko‘ngil daftarim titayapsizmi? Siz ham tushunmaysiz meni baribir. Mendek baxtingizni kutayapsizmi, Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?.. Men kimman, bir ko‘ngil quliman xolos, Dardini she’r qilgan shoirman, shoir. Nahotki siz menga qilasiz havas, Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?.. Qancha davralarda o‘qidim ash’or, Necha yuraklarni etdimu asir. Nigohingiz tutmoq bunchalar dushvor, Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir?.. Bir kuni uchrashmoq bordir qaytadan, Qachondir yo‘limiz bog‘laydi taqdir. Qolgan gaplarimni keyin aytaman, Nigohi og‘ir qiz, nigohi og‘ir... 1999 y. PISAND EMASMI? Gulni suyib, suykaladim, tikon bilan siyladi, Taqdirimga suyandim armon berib sinadi, Bedor o‘tgan necha tun meni bir o‘y qiynadi, Qalbingdagi muhabbat o‘tkinchi bir havasmi? Yo yigitning sevgisi qizga pisand emasmi? Ming noz ila nigohin tashlab o‘tar ayollar, Huzuringga yo‘llarim boshlar daydi xayollar, Siltanadi yurakka sig‘may ming-ming savollar, Sevgimizni yomonlar bilsa, yomon qo‘ymasmi? Yo yigitning sevgisi qizga pisand emasmi? Taqdiring darvozasi toshdan, bag‘ritoshligim, Ostonangda yosh to‘kib o‘tdi tillo yoshligim, Yetdi sevgim boshiga mo‘minu yuvvoshligim, Mohim, ko‘kni kuydirgan ohim senga yetmasmi? Yo yigitning sevgisi qizga pisand emasmi? 1993 y. HOJI OTA Bo‘g‘zimga tiqildi mushtumday yig‘i, Ayriliq to‘xtamay ezar diydamni. Bag‘rimni tiladi armonning tig‘i, Tuproqqa topshirdik hoji otamni. Yaxshilar yiqilsa, yig‘lar falaklar, Zulmat bosib ketar yorug‘ olamni. Namozga tizildi ming-ming malaklar Tuproqqa topshirdik hoji otamni. Tuproqdek xokisor, yelday muloyim, Qaytib ko‘ramanmi, shunday odamni? Qabri ham bag‘riday bo‘lsin iloyim, Tuproqqa topshirdik hoji otamni. Tushundim dunyoning xiylolariga, Bir hikmat titratib o‘tdi tanamni. Endi zor bo‘lamiz duolariga, Tuproqqa topshirdik hoji otamni. Garchi bu judolik og‘irdan og‘ir, Faqat aytib qo‘yay bitta daldamni, Sezyapman jannatga ketyapti oxir, Tuproqqa topshirdik hoji otamni. Yelkaga tashladi to‘nni tiriklar, Yig‘lay-yig‘lay oxir ko‘ndi tiriklar. Ko‘zingizni oching endi, tiriklar..! Tuproqqa topshirdik hoji otamni. 1999 y. XOTIRA Ko‘p qo‘llar boshimni siladi, Qancha qo‘l menga baxt tiladi. Sababin bir Xudo biladi, Onamning qo‘llari boshqacha. Ko‘p inson men uchun mehribon, Qanchasi xushfe’lu xushzabon, Ichimni tirnaydi bir armon, Onamning tillari boshqacha. Yo‘lidan adashgan karvonman, Qayoqqa ketyapman?! Hayronman. Onamga yetolmay sarsonman, Onamning yo‘llari boshqacha. Zor bo‘ldim onamning mehriga, Borida yetmadim qadriga. Gul ekay deymanu qabriga, Onamning gullari boshqacha. Ruhlari nur sochar yo‘limga, So‘ng Qur’on tutqazar qo‘limga «O‘g‘lim, bu xudoning qismati Yo‘q, la’nat o‘qima o‘limga»! Onamning dili ham boshqacha... 1994 y. YIGIT YIG‘ISI Mana oqshom cho‘kdi. Xazonli bog‘da Tillorang yaproqlar unsiz yig‘laydi. Sezdim— ming yillarcha mendan yiroqda Sevgisi xo‘rlangan bir qiz yig‘laydi. Yig‘laydi Gullar ham ovuta olmas, Ko‘z yoshi oldida daryolar tomchi Kimdan alamini olishin bilmas, Ki o‘zi bevafo, o‘zi aldamchi... Yig‘laydi Dunyoni unutib butkul, Unga sho‘x sabolar begona endi, Dunyoga aldanib kuygandir ko‘ngil, Devorga urilgan peshona endi. Yig‘laydi Goh behush, gohi hushida Baxtini taqdirdan qiladi ta’na. Sevgani opqochib ketar tushida... Cho‘chib uyg‘onadi, yig‘laydi yana. ... Yana oqshom cho‘kdi. Kuz cho‘kkan chorbog‘. Turibman xazonning holini so‘rab. Yuzimda xazonday tabassum, biroq Yig‘layman soydagi baliqqa o‘xshab... 1994 y. YOMG‘IRGINAM Yo‘llarimga nikohladim nigohimni, Bo‘ylay-bo‘ylay belga yetdi osmon toqi... Yomg‘irginam, manim tuman gunohimni, Saharlarga yuvmoq bo‘ldi shabnam gohi. Goh sukunat samosida chaqmoq bo‘ldim, Elas-elas eslab olis sho‘xligingni. Xazondanam xokisorroq — tuproq bo‘ldim, Yomg‘irginam, yo‘qlamading yo‘qsilingni... Olchoq dunyo ko‘zlarimga tortdi parda, Tuman to‘la ochunda man nima ko‘rdim?! Sochlarimga soya solgan saharlarda Shabnamlarga ovunganday yuraverdim, Yomg‘irginam!... 1996 y. ZARDA Mening bor bisotim shu g‘arib ko‘nglim, Hech kim topolmaydi ko‘nglimni, hech kim. Parvoyingiz falak, jilmayasiz siz jim, Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!... Ko‘zlarim tubida alamlar pinhon, Sitamlar jonimni o‘rtaydi yomon. Qarang, kulgularim - qalbaki, yolg‘on, Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!... Osmondan qaraysiz—ilmaysiz ko‘zga (Tushib qolganim yo‘q aslida sizga!) Hech kim tushunmaydi —Rabbimdan o‘zga, Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!... Taskin tilamayman hech qaysi kasdan, Ko‘nglingiz bexabar bir mungli sasdan. Qiynalib ketdim-ku, ovutolmasdan, Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!... Ko‘nglim ko‘ksimdami? Ko‘ksimni tilib, Qo‘limdan kelsa-yu otardim yulib... Onam qaerdalar, yupatsin kelib, Ko‘nglim yig‘layapti, axir, odamlar!... Ko‘nglim yig‘layapti, odamlar!... 1998 y. KECHIKISH Men seni sevaman deyolmagan qiz, Yuzingda uyatmi, ko‘zingda afsus? Meni eslaysanmi olisligingda? Qo‘msab yig‘laysanmi yolg‘izligingda? Men seni sevaman deyolmagan qiz, Olisda yolg‘izlik etmasmi ma’yus? Ma’yuslik ro‘yingni kuz etmaydimi? Kuz senga holimni eslatmaydimi? Men seni sevaman deyolmagan qiz, O‘, kimlar poyingda tiz cho‘kmadi, tiz. Haliyam g‘ururing osmondami ayt, Haliyam men senga yomonmanmi, ayt? Men seni sevaman deyolmagan qiz, Nahotki, olamda qoldirmading iz?! Ismingni eslasam... eslasam edi! Eng ko‘hna so‘zimni so‘zlasam edi: -Men seni sevaman! -Men seni sevaman, Men seni sevaman deyolmagan qiz, 1998 y. SINIQ SHE’R Tun. Nimta oy. Chilparchin ko‘ngil. (Oyyuzligim,elas-elas Oyyuzingni esladim.) Yarim tun. Cho‘kkan dil. Ushatilgan oy. (Balki onang sindirgan patir, Balki onam ilingan kulcha... Yutindim...) Oyoqlagan kecha. Oqsoq oy yotoqda. Ko‘ngil – darbadar. (Uyqusi o‘chgan dard yulduzdek uchar...) Tunlar... Oylar... Ko‘ngil, «ko‘n,Gul, ko‘n, Gul»lar... ...Qaybir tun... Oy—do‘ndiq... Yarimta ko‘nglimda yoding bus-butun... 1995 y. UMR Bir umr men mehr tilab yashadim, Qalbimga qabrini qazgan zot uchun, Sochimni o‘z-o‘zim silab yashadim, Ko‘nglim ko‘tarolmay ingradi ochun. Bir umr men sehr so‘rab yashadim, Nayrangini nayga yashirdi navo. Boshimga ming balo o‘rab yashadim, Menga vatan bo‘ldi dashti Karbalo. Bir umr qadrni kuylab yashadim, Poyimga paypaslab sho‘rlilar keldi. Sabrimning kosasin siylab yashadim, Boshimga qulliklar, xo‘rliklar keldi. Bir umr men qahr tanlab yashadim, Qahraton nigohlar qadriga yetmay, Qaro tun qo‘ynida yillab yashadim, Qiynadi qarosi qarog‘dan ketmay... Har sahar men umr tilab yashadim... 1994 y. MAYLIMI? Maylimi, mohchehra malagim, Bir lahza yodingda yashasam? Maylimi, aqalli allakim, Eng olis kishingga o‘xshasam? Maylimi, oydanam olisim, Zamindan ko‘shkingni ko‘zlasam? Maylimi, men—daydi bir nasim, Mehringni mozorin izlasam? Maylimi, tegrangda kun ko‘rib, Eng og‘ir kuningga yarasam? Mayliga, maylimni sindirib, Maylimi, maylingga qarasam? ...So‘rab ham o‘tirma sen bo‘lsang... KO‘NGLIM Kim ko‘nglim xaridori... Iqbol Mirzo Ko‘nglimni qo‘ynimdan izlagan gumroh, Qo‘y uni, sensiz ham sadpora, siyoh... Balki, toshdagi gul, qordagi giyoh— Ko‘nglim... Uni samolardan axtarar hilol, Izlab zaminni zir titratar shamol. Goho qo‘l somoqchi bo‘lar ehtimol, Singlim... Ayt, menga dag‘dag‘a qilmasin ajal, Jon kerakmi olsin, turmasdan, dangal... Uni topolmaydi onamdan avval Hech kim! 1994 y. YUPANCH Osmon quchog‘idan uchoqlar qaytdi, Yerdan ko‘kka hijrat qildi marmar muz. Hatto tun chorig‘in sudragan paytda O‘tindim: —Biz qachon qaytamiz?! Bisotim xayollar, hilolday tutqin. Nasibam—samoga sochilgan yulduz. Maysalar shabnamni quyoshga tutdi, Yutindim: —Biz o‘zi qaydamiz?! Gardunning gardani gunohga lim-lim, Paymonam to‘la g‘am, anduhim to‘kis... Dardisar dardlarim — tilsim, til—sim-sim, Xo‘rsindim: —Kimgayam aytamiz?! ...Bo‘hton—sig‘inganim sohir sanamga, Somonday sarg‘ayib qolganim—mish-mish. Yonganlarim - yolg‘on, ayting, onamga, Faqat... Meni yomon ko‘rib qoldi HUSH... 1995 y. HAZIN QO‘SHIQ Ko‘zlarimga cho‘kkan dard, Buncha mendan olissan? Jonimdan kechaman, shart, Qara, jonday yolg‘izman. Ko‘zlarimga cho‘kkan dard, Aylanmaysan tilimda. Ayt, sen nedan bashorat, Muhabbat yo o‘limdan?! Ko‘zlarimga cho‘kkan dard, Ko‘zimdan nur aritmay Arimaysan, sen nahot, Qarimaysan, qaritmay?! Ko‘zlarimga cho‘kkan dard, Tovonimga oqqin san. ...Onamning tongday begard Ko‘ngliga eng yaqinsan... Ko‘zlaringga cho‘kkan dard... 1995 y. SO‘FIYONA Men dunyoga aslida sevmoq uchun kelganman, Ishqsiz o‘tgan har lahza tushdir menga, Xudoyim. Sevilmasam, sevmasam, evoh, nechun kelganman, Jon kirsin bu yurakka, ishq ber menga, Xudoyim. Yaqinlarim yiroqdan tinmay meni yomonlar, Ko‘ngil tashna, to‘lg‘onar, tushunmaydi nodonlar, Ishqsiz holimni xarob ko‘rdim allaqachonlar, Rahm et, joni halakka, ishq ber menga, Xudoyim. Kapalakday beqo‘nim yillar o‘tdi nechalar, Yuragimda egib bosh qon yig‘laydi g‘unchalar. Yulduzlarni sog‘inib talpinar dil kechalar, Uchay so‘ngsiz falakka, ishq ber menga,Xudoyim. Ko‘nglimdagi kemtikni dunyo aslo to‘ldirmas, Farishtasiymo malak, xushro‘y zebo to‘ldirmas, Halovatim angladim, ishqqa bog‘liq chambarchas Yetkaz yolg‘iz tilakka — ishq ber menga, Xudoyim. 1994 y. BIR KUNI Tunlar titroq turib tomirlarimda, Tilagim tiladim, tilim tilinib. Ko‘zimni yummadim — kipriklarimda, Uzilgan umidim undi ilinib. Shudringlar shipshidi: -Sen o‘sha, tongning Qo‘ynida qo‘y boqqan bola... ...Esladim. Oh, bu kun bularning baridan tonib Men kimga shunchalar yoqmoq istadim?! Tog‘u tosh yig‘laydi dardimni aytsam, Tog‘ningda bag‘ri tosh emasdir menday. Bir kuni o‘zimga, uyimga qaytsam, Vodiyga adashib kelgan samumday... Bir kuni onammi quchog‘in ochgan? To‘n bichib sabrdan, ko‘nmagan g‘amga? Vo darig‘, ne qildim jabrdan boshqa, Karaxt vujudimni quchgan onamga?! Qaysarlik qon bilan kirgandir, ammo Mulzam nigohimni netay yashirib. O‘lsam armonim yo‘q, pushaymon aslo - Onamning ko‘zida ko‘z yoshday to‘lib, Bir kuni... 1994 y. TAVALLO Bir dard bor dilimda ohorli, O‘zingga aytaman, o‘zingga. Oh, dunyo bunchalar ozorli, O‘zingga qaytaman, o‘zingga... Shunday keng olamda yolg‘izman, Kundan kun o‘zdan-da olisman. Yolg‘iz sen riyodan xolissan, O‘zingga qaytaman, o‘zingga. Ismingni tilimdan qo‘ymasman, Kuylayman, kuylayman to‘ymasdan... Lutf ayla eng so‘nggi nafasda, O‘zingga qaytaman, o‘zingga... Gunohim olamga teng meni, Avf etgil karaming keng seni. Dunyolar topsin o‘z tengini, O‘zingga qaytaman, o‘zingga... 1996 y. O‘ZIMGA Ey,do‘st, unut g‘amingni, In’om bil har damingni. O‘lchab bos qadamingni, Guvohingni unutma! Ey, do‘st, qo‘rqma yomondan, Yo hiylagar shaytondan, Shart shuki, har zamonda Panohingni unutma! Ey, do‘st, andak ko‘kdan tush, Kelmagay Tangrimga xush. Savobingni qilmay pesh Gunohingni unutma! Ey, do‘st ber bir qultum may, Ko‘ngling yig‘laydi tinmay. Kimsam yo‘q deb xo‘rsinmay Hamrohingni unutma! Ey, do‘st, xushlaring qayda? Izg‘ivermay har joyda, Otangdan qolgan uyda Chirog‘ingni unutma!... Ey, do‘st, sezmaysan, esiz! Ortingda yo‘q bitta iz... Kim bo‘pti Abdulaziz, Ollohingni unutma!... 1996 y. ORZU Shunday yashash menga azaliy orzu, Quyunday qamragan xayolotimni: Sabotim sinashdan tolmasa suluv, Battarroq xo‘rlasa sadoqatimni... Do‘stlarim xiyonat aylasa tortiq, Minnat o‘qi bilan teshsa ko‘nglimni. Akam ham suyanchiq bo‘lmasa ortiq, Mehridan yuz burib ketsam singlimning... Yodimdan ketmasa otamning yodi, Aslo qarimasa qabri onamning. «Chaqmoqchalik bormi qolgan hayotim, Kamalakka tengmi umri tanamning?!» Shu o‘y yuragimga solgancha g‘ulu, Har bitta nafasda yo‘qlasa o‘lim. Yomg‘irday to‘kilsa gunohim duv-duv, Osmonday yig‘lasa ko‘kparast dilim, O, hu!!! Yashaganday bo‘lardim!... 1996 y. UYG‘ONISH G‘aflatlarga berib qadr tonglarini, Tinglamabman muazzinlar bonglarini. Yig‘lolmadim, ko‘zim shuncha zangladimi? Qanday yuvay osiy dilning changlarini?! (Ko‘zlarimni yulib otsam, shart, Kirlaridan og‘irlashar yer... Osmon, menga yig‘lashni o‘rgat, Osmon, menga ko‘z yoshingdan ber!...) Vo, darig‘o, ko‘zim qiymay ishratlardan, Kecholmabman shaytonnusxa ulfatlardan. Yuz o‘girib ulamoi ummatlardan Sazo bo‘ldim nurdan qochib zulmatlarda. (Mador ketdi, ingradim faqat, Vujudimni bosdi sovuq ter... Chaqmoq, menga yonishni o‘rgat, Chaqmoq, menga shiddatingdan ber!...) 1996 y. SOG‘INCH HAQIDA QO‘SHIQ Qor yoqqanda qo‘msagayman kuzlarimni, Xazon fasli bahorlarni sog‘inaman. Menga nima, kimlar o‘par izlarimni, Mendan bezor diydorlarni sog‘inaman. Kuyar edim suygan sari dildorimni, Suyar edim kuygan sari ozorini. Oh, dog‘daman bosolmasdan xumorini, Dil oromda, ozorlarni sog‘inaman. Dunyo — makkor, yolg‘on bari yallalari, Qaerlarda qoldi onam allalari?! Ne sinoat jondan bezgan pallalarim, Beshiknimas mozorlarni sog‘inaman? Tulkimijoz do‘stlarimning davrasida Cho‘chib xatto kapalakning sharpasidan; Ko‘nglim xavfda minnatlarning zarbasidan Arslonkelbat ag‘yorlarni sog‘inaman. Qancha manzil, qancha dilni tutdim maskan, Lek tark etdim qancha go‘zal, qancha ko‘rkam... Otam Odam qachonlardir ayro tushgan Behisht otlig‘ diyorlarni sog‘inaman. 1998 y. SIZNI SOG’INAMAN Guldan gap ketganda tuyib uforin, G‘unchani o‘ylayman xazon deganda. Ko‘klarda hayallab qolgan dildorim, Sizni sog‘inaman osmon deganda. Xatolar izlashga yaratib ko‘zni, Gina yiqqani dil bergan ekanda! Qushyurak yoronlar, ezilmaysizmi, O‘lgingiz kelmasmi vijdon deganda?! Hasratni bas qiling, qismatdoshlarim, Armon nima qilsin tirik yurganda. Nechchiga kirdiykin qabrtoshlari? Otamni eslayman armon deganda. Qaydanam aksirdim!.. Sog‘ bo‘l, deganlar Ortgan riyo toshi mangu yelkamda. Yaxshini madh etsam ko‘krak kerganlar, Meni ko‘rsating «kim yomon» deganda. Ahli mashoyih haq, bu dunyo bozor, Xudo ham sotilar aksar do‘konda, Ey, dil, dardlaringga kutma xaridor, Sirni tushunaver arzon deganda. Yo‘lovchim safaring xatarli, qaltis, Sanoqsiz sarbonlar yolg‘iz karvonda. Aqlingga ergashma, ko‘ngilga —hargiz. Sarbonim deb sig‘in iymon deganda! 1998 y. | |
Просмотров: 3660 | |